2.Bilishning bosqichlari. Hissiy va mantiqiy bilish Tashqi olamning inson miyasida in’ikos qilinishi murakkab dialektik jarayondir. Bilish jarayonida narsani, hodisani to’la va mukammal aks ettirish uchun ma’lum bir yo’l bosib o’tiladi.
Bilish tafakkurning o’rganayotgan predmetga yaqinlashuvidan, fikrning bilmaslikdan bilishga qarab, to’la va mukammal bo’lmagan bilimdan to’la va mukammal bilimga qarab harakat qilishidan iborat cheksiz jarayonni tashkil etadi. Bilish eskirib qolgan nazariyani yangi nazariyalar bilan almashtirib, eski nazariyalarni yanada aniqlab, olg’a qarab boradi hamda voqelikning tobora yangidan-yangi tomonlarini ochadi.
Bilish jarayonida amaliyot muhim rol o’ynaydi. Amaliyot ko’pqirrali va sermazmun tushuncha bo’lib o’z ichiga inson faoliyatining barcha shakllarini qamrab oladi. Amaliyotning asosini mehnat, moddiy ishlab chiqarish tashkil etadi. Bundan tashqari, siyosiy kurash, milliy ozodlik harakati, milliy tajriba ham amaliyotga kiradi.
Amaliyot insonning o’ziga xos faoliyati bo’lib, faqat ulargagina tegishlidir. Amaliyot insonlarning, tarixan yuzaga kelishi jarayonida shakllanib, barcha jamiyatlar taraqqiyoti yo’lida rivojlanadi va mukammallashadi. Amaliyot tarixiy taraqqiyot sub’ekti hisoblangan insonning, uning uchun ob’ekt hisoblangan moddiy olam bilan bog’lanishidir. Bunday aloqadorlik jarayonida sub’ekt faol rol o’ynaydi.
Amaliy ta’sir faqat ob’ektni emas, balki sub’ektning o’zini ham o’zgartiradi. Amaliyot sub’ekti alohida insonlar, ijtimoiy guruhlar, sinflar, butun jamiyat ham bo’lishi mumkin. Qachonki, bunday sub’ekt sifatida inson bo’lar ekan, amaliyot alohida faoliyat tusini oladi va u bilan bog’langan bo’ladi. CHunonchi, har bir inson shu jamiyat a’zosi bo’lar ekan, o’zining harakatlari bilan alohida jamoat a’zosi bo’lib maydonga keladi. Shuning uchun ham alohida odamning faoliyati ijtimoiy amaliyotning bir bo’lagi bo’lib hisoblanadi.
Amaliyot hamma vaqt ijtimoiy faoliyat bo’lgan va bundan keyin ham shunday bo’lib qoladi. Amaliyotning bilish jarayonidagi roli quyidagilarda namoyon bo’ladi: birinchidan, amaliyot bilishning boshlang’ich nuqtasi va asosidir. Eng avvalo shuni e’tiborga olish kerakki, bilishning o’zi amaliyot asosida va ayniqsa moddiy ishlab chiqarish ta’siri ostida vujudga kelgan. Bundan tashqari, amaliyot bilish oldiga ma’lum vazifalarni qo’yadi va ana shu vazifalarni hal qilish uchun yordam beradi, jumladan u ilmiy bilishni asbob-uskunalar bilan qurollantiradi; ikkinchidan amaliyot bilishning maqsadi hamdir. Inson bilish natijalaridan o’zining amaliy faoliyatida foydalanish uchun ham atrof-tevarakdagi dunyoni bilib boradi, taraqqiyot qonunlarini ochadi; uchinchidan, amaliyot haqiqatning mezonidir. Inson bilimlarining ob’ektiv olamga mos kelishi yoki kelmasligi amaliyot jarayonida tekshiriladi. Amaliyot jarayon bo’lib, bunda munozarali masalalar, nazariy muammolar hal qilinadi. Tabiat va jamiyat qonunlari to’g’risidagi bilimlar ham amaliyot jarayonida tekshiriladi.