O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (4-sonli BHMS) “Tovar-moddiy zaxiralar” 1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Standart moliyaviy instrumentlar hisobini yuritishga nisbatan tadbiq etilmaydi.
2. Quyidagilar tovar-moddiy zaxiralar hisobining asosiy qoidalari hisoblanadi:
tan olish paytini aniqlash, tasniflash, balans qiymatini baholash;
tovar-moddiy zaxiralar tannarxiga kiritiladigan xarajatlarni aniqlash, kelgusida xarajatlarni, shu jumladan tovar-moddiy zaxiralar qiymatini xarajat sifatida tan olish;
tovar-moddiy zaxiralar qiymatini realizatsiya qilishning sof qiymatiga qadar kamaytirish (baholash);
tovar-moddiy zaxiralarning chiqib ketishidan moliyaviy natijalarni aniqlash hamda moliyaviy hisobotda ular bo‘yicha axborotni yoritib berish tartibi.
3. Mazkur Standartda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
tovar-moddiy zaxiralar — faoliyat yuritish jarayonida keyinchalik sotish maqsadida saqlab turiladigan va ishlab chiqarish jarayonida bo‘lgan, shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish jarayonida yoxud ma’muriy va ijtimoiy-madaniy vazifalarni amalga oshirish uchun foydalaniladigan moddiy aktivlar;
realizatsiya qilishning sof qiymati — tovar-moddiy zaxiralarni maqsadiga ko‘ra ishlatiladigan holatga keltirish va realizatsiya qilish bo‘yicha baholangan xarajatlar chegirilgan holda joriy qiymati;
bevosita xarajatlar — alohida turdagi tovar-moddiy zaxiralarni ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish va ishlar bajarish) jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan hamda ularning birligi tannarxiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritiladigan ishlab chiqarish xarajatlari;
bilvosita xarajatlar — bir necha turdagi tovar-moddiy zaxiralarni ishlab chiqarish (xizmatlar ko‘rsatish va ishlar bajarish) jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish xarajatlari bo‘lib, ularni muayyan tovar-moddiy zaxiralar birliklari tannarxiga bevosita kiritib bo‘lmaydi, buning oqibatida ular xarajatlar obyektlari va ularning birliklari tannarxi o‘rtasida hisob-kitob yo‘li bilan taqsimlanadi;