2.7.3. Tashqi va ichki “yashil” moliyalashtirish oqimlarini ko‘paytirish Ustuvor yo‘nalishlar: a) “yashil” iqtisodiy infratuzilmaga katta miqdordagi davlat kapitalini yo‘naltirish — davlat kapital mablag‘larini bosqichma-bosqich “yashil” iqtisodiyot infratuzilmasiga yo‘naltirish, shuningdek, infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojlarni va moliyalashtirishdagi bo‘shliqlarni aniqlash;
b) “jigarrang” iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar va subsidiyalardan voz kechish — qazilma yoqilg‘i energiyasini bevosita va bilvosita qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat subsidiyalaridan voz kechish;
v) soliq yukini korxonalar va uy xo‘jaliklaridan atrof-muhitning ifloslanishiga va resurslarning ortiqcha sarflanishiga olib keladigan faoliyatga o‘tkazish:
yoqilg‘i solig‘i hamda ekologik toza yoqilg‘i va resurslardan foydalanishni qo‘llab-quvvatlash kabi stimullarni yaratish maqsadida soliq tizimini takomillashtirish;
“yashil” texnologiyalarga va infratuzilmaga investitsiya kiritish orqali “yashil” ish o‘rinlarini yaratishni rag‘batlantirish;
g) atrof-muhit ifloslanishi uchun belgilangan to‘lovlar tizimini xususiy sektor uchun qulayroq qilish nuqta nazaridan qayta ko‘rib chiqish va shu bilan birga “yashil” texnologiyalarni joriy etish uchun ko‘proq rag‘batlantirish choralarini belgilash:
ifloslanishni kamaytiruvchi texnologiyalarga investitsiyalarni kiritishni yanada rag‘batlantirish maqsadida ifloslanish uchun belgilangan yig‘im stavkasini oshirish va ifloslantiruvchi moddalar ro‘yxatini kengaytirish orqali atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun yig‘im tizimini takomillashtirish;
“ifloslantiruvchi — to‘laydi” mexanizmini takomillashtirish orqali “yashil” texnologiyalarga investitsiyalarni rag‘batlantirish;
d) soliqlar va davlat xarajatlarining “yashil” iqtisodiyotga muvofiqligi va ta’siri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni baholash va oshkor qilish uchun “yashil” budjet metodologiyasini joriy etish — “yashil” ustuvor yo‘nalishlarga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatadigan soliqlar va davlat xarajatlari ulushini baholash uchun “yashil” budjet metodologiyasini joriy etish;
e) barqaror rivojlanish mezonlari asosida xaridlar bo‘yicha qarorlarni asoslash uchun “yashil” davlat xaridlarini joriy etish — mahalliy “yashil” tovarlar bozorini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishda barqaror standartlarni ilgari surish va davlat xaridlarining iqtisodiy samaradorligini oshirish maqsadida tender va shartnomalarda ekologik mezonlardan foydalanishga ruxsat beradigan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning ta’sirini kuchaytirish;
j) “Yashil” obligatsiyalar orqali “yashil” infratuzilmaga xususiy kapitalni jalb qilish — “yashil” moliyalashtirishni yanada kengroq targ‘ib qilish uchun rag‘batlantirish va arxitektura yaratish orqali xususiy sektorni “yashil” korxonalarga investitsiya kiritishga yo‘naltirish;
z) davlat korxonalarini “yashil” iqtisodiyot yetakchilariga aylantirish uchun davlat balansidan foydalanish — “yashil” investitsiyalar hamda barqaror standartlar va sertifikatlash bo‘yicha rejalashtirish, qabul qilish yoki hisobot berishni rag‘batlantirish maqsadida davlat korxonalari ustidan davlat nazorati amaliyotini takomillashtirish.
3-bob. Amalga oshirish mexanizmi. Idoralararo hamda xalqaro moliya institutlari va rivojlantirish bo‘yicha tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish
3.1. Dastur Harakatlar rejasi hamda milliy va tarmoq rivojlanish strategiyalarida belgilangan tadbirlar asosida amalga oshiriladi.
3.2. “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hamda boshqa chet ellik donorlarning kredit va grantlari hamda iqlim bilan bog‘liq boshqa resurslar, shuningdek, xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi mumkin.
3.3. Dasturni amalga oshirishga barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor, shuningdek, aholi jalb qilinadi.
Bunda, O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishi va “yashil” o‘sishni ta’minlash doirasidagi manfaatdor tomonlarning o‘zaro munosabatlarini muvofiqlashtirish quyidagicha amalga oshiriladi:
Idoralararo kengash — Strategiya, Dastur va Harakatlar rejasining samarali amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha vazirlik va idoralarning ishini samarali tashkil etishni ta’minlaydi;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi — O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va rivojlantirish bo‘yicha vakolatli organ va Idoralararo kengashning ishchi organi hisoblanib, ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi — Dastur va Harakatlar rejasida belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishini doimiy baholab borish, texnik va moliyaviy ko‘mak jalb etish, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish manbalarini shakllantirishga yordamlashadi;
Texnik kotibiyat — Donorlarning muvofiqlashtirish guruhi faoliyatini tashkil qiladi, Strategiya, Dastur va Harakatlar rejasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda uni Idoralararo kengash bilan o‘zaro muvofiqlashtirishga ko‘maklashadi;
Idoralararo ishchi guruhlar — vazirlik va idoralar hamda xorijiy ekspertlardan tashkil topgan bo‘lib, Strategiya, Dastur va Harakatlar rejasida belgilangan choralarning tarmoqlar va hududlar kesimida amalga oshirilishini tashkil etadi.
4-bob. Monitoring va baholash (M&E). Kutilayotgan natijalar
4.1. Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning sifatli bajarilishini muvofiqlashtirish, monitoring qilish va baholash ishlari quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxonalar — har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga Harakatlar rejasi hamda tarmoqlar kesimidagi resurs tejash dasturlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda Maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish holati to‘g‘risida hisobot taqdim etadi;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini idoralararo muvofiqlashtiradi, har chorakda hisobot choragidan keyingi oyning 15-sanasiga qadar umumlashgan tahliliy ma’lumotlarni Idoralararo kengashga kiritadi;
Idoralararo kengash har chorak yakuni bilan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ma’lumot kiritadi.
4.2. Amalga oshirilgan ishlar samaradorligi va natijadorligi Dasturga ilovada keltirilgan 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar asosida baholanadi.
Monitoring va baholash Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan Idoralararo ishchi guruhi vositasida amalga oshiriladi.
Monitoring va baholash ishlarini amalga oshirish uchun tarmoqlar, hududlar va har bir ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha kutilayotgan natijalar va maqsadli ko‘rsatkichlar matritsasi ishlab chiqiladi. Mazkur matritsa va ko‘rsatkichlar asosida tizimli monitoring va baholash ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
4.3. 2019 — 2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi va Dasturni amalga oshirish natijasida 2030-yilgacha mamlakatda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash bo‘yicha quyidagilarga erishish kutiladi:
issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010-yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish;
sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish;
yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan energiya sarfi hajmini, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga 30 foizga kamaytirish;
iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvdan foydalanish samaradorligini sezilarli darajada oshirish, 1 million gektargacha maydonda suv tejovchi sug‘orish texnologiyasini joriy etish;
yiliga 200 million ko‘chat ekish va ko‘chatlarning umumiy sonini 1 milliarddan oshirish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizdan ortiqroqqa kengaytirish;
respublika o‘rmon fondi zaxiralari ko‘rsatkichini 90 million kub metrdan ortiqroqqa yetkazish;
hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizdan oshirish.
2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash dasturiga
ILOVA
2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash bo‘yicha
MAQSADLI KO‘RSATKIChLAR