shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlar — xodimning ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarini aks ettiruvchi arxiv hujjatlari.
4-modda. Arxiv hujjatlariga bo‘lgan mulk shakllari
Arxiv hujjatlari xususiy hamda ommaviy mulk shakllarida bo‘lishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining 16-bobi (“Xususiy mulk”), 17-bobi (“Ommaviy mulk”) va O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida turgan arxiv hujjatlari, shuningdek ular tomonidan davlat arxivlari, muzeylari va axborot-kutubxona muassasalariga topshirilgan arxiv hujjatlari davlat mulki hisoblanadi hamda mazkur hujjatlar davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, oldi-sotdi yoki mulk huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa bitimlar obyekti bo‘lishi mumkin emas.
(4-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni 4-moddasi 2-bandi.
Davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari davlat tasarrufidan chiqarilgan va xususiylashtirilgan taqdirda ularning arxiv hujjatlari, shu jumladan shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlar davlat mulki bo‘lib qoladi va belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida”gi nizomni 13-bandi.
Nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlari, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari ularning xususiy mulkidir.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining 16-bobi (“Xususiy mulk”) va O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi qonuni.
Vafot etgan fuqarolarning Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibiga kiritilgan shaxsiy arxiv hujjatlari, vasiyatnoma yoki qonun bo‘yicha merosxo‘rlar bo‘lmaganda, shuningdek arxiv hujjatlarining mulkdorini aniqlash imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, davlat mulkiga o‘tadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining V bo‘limi (“Vorislik huquqi”).
5-modda. Qayta tashkil etilayotgan va tugatilayotgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlari
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qayta tashkil etilayotganda ularning arxiv hujjatlari tegishli davlat arxivlari bilan kelishilgan holda mazkur korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqiy vorislariga topshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining 49 va 50-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tugatilayotganda ularning arxiv hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli davlat yoki nodavlat arxivlariga topshirilishi kerak.
(5-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53-moddasi.
2-bob. Arxiv ishi sohasidagi davlat boshqaruvi
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
arxiv ishini rivojlantirish va arxivlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir davlat dasturlarini tasdiqlaydi;
arxiv ishi va ish yuritishning holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
Milliy arxiv fondi to‘g‘risidagi va Milliy arxiv fondining davlat katalogi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida”gi nizom.
arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritish hamda uning tarkibidan chiqarish tartibini belgilaydi;
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini doimiy (muddatsiz) saqlashni amalga oshiradigan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning ro‘yxatini tasdiqlaydi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida”gi nizomga ilova (O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlovchi vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlari ro‘yxati).
arxiv hujjatlarining maxfiylik toifalarini, shuningdek davlat siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan arxiv hujjatlarini kirib ko‘rishga doir cheklovlarni belgilaydi;
arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibini belgilaydi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
arxivlarning asosiy ish turlari bo‘yicha vaqt va ishlab chiqarish namunaviy normalarini belgilaydi;
arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmat ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida” (yangi tahriri)gi Qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari
(7-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi (bundan buyon matnda “O‘zarxiv” agentligi deb yuritiladi):
(7-moddaning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
arxiv ishini rivojlantirish va arxivlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir davlat dasturlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
arxiv ishi va ish yuritishning holati ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritadi;
arxiv hujjatlarini belgilangan tartibda Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritadi hamda uning tarkibidan chiqaradi;
hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasini o‘tkazish tartibini belgilaydi;
arxiv hujjatlarini alohida qimmatli hujjatlar va noyob hujjatlar sirasiga kiritish tartibini, shuningdek sug‘urta nusxalarni tayyorlash va saqlash tartibini belgilaydi;
arxiv hujjatlarini kirib ko‘rish tartibi va shartlarini belgilaydi;
davlat mulki bo‘lgan arxiv hujjatlarini yoki ularning o‘rnini bosuvchi ko‘chirma nusxalarini, shuningdek Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini yoki ularning o‘rnini bosuvchi ko‘chirma nusxalarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqishga ruxsat beradi;
Oldingi tahrirga qarang.
(7-modda birinchi qismining o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 8-yanvardagi O‘RQ-512-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 03/19/512/2435-son)
arxiv hujjatlari davlat arxivlariga topshirilishi lozim bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ro‘yxatini tuzish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zarxiv” agentligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-fevraldagi 72-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi to‘g‘risida nizom”.
8-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining arxiv ishi sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan, tegishli hududda joylashgan davlat arxivlari va idoraviy arxivlarda turgan arxiv hujjatlarining saqlanishi uchun lozim darajadagi shart-sharoitlarni ta’minlaydi;
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan, tegishli hududda joylashgan arxivlar va idoraviy arxivlarda turgan arxiv hujjatlarining holati ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
tegishli hududdagi davlat arxivlarini moliyalashtirish miqdorini o‘z vakolatlari doirasida belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonuni.
3-bob. Milliy arxiv fondi
9-modda. Milliy arxiv fondining tarkibi
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari O‘zbekiston xalqi madaniy merosining ajralmas qismidir.
Milliy arxiv fondi Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismidan va davlatga tegishli bo‘lmagan qismidan iboratdir.
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarining fuqarolik muomalasiga ushbu Qonunda belgilangan cheklovlarga rioya etilgan holdagina yo‘l qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida”gi nizom.
10-modda. Arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritish
Arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari mulkdoriga mazkur hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma belgilangan tartibda beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi”.
11-modda. Arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibidan chiqarish
Arxiv hujjatlarini Milliy arxiv fondi tarkibidan chiqarish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
12-modda. Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritish
Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritish “O‘zarxiv” agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining Davlat katalogi to‘g‘risida nizomning IV bo‘limi (“O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondining Davlat katalogini yuritish tartibi”).
13-modda. Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibi
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga, kimning egaligida turganligidan qat’i nazar, doimiy (muddatsiz) saqlanishi lozim bo‘lgan, davlat mulki bo‘lgan arxiv hujjatlari kiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida”gi nizomning 2 bandi.
14-modda. Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibi
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibiga doimiy (muddatsiz) saqlanishi lozim bo‘lgan, nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyati natijasida yaratilgan arxiv hujjatlari, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari kiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida”gi nizomning 19 bandi.
15-modda. Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarining fuqarolik muomalasi xususiyatlari
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini tasarrufdan chiqarish mumkin emas. Mazkur hujjatlar yo‘qolgan yoki yemirilgan hollarda ular Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibidan chiqariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari “O‘zarxiv” agentligi oldindan yozma shaklda xabardor qilingan holda tasarrufdan chiqarilishi yoki universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tishi mumkin.
(15-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 8-yanvardagi O‘RQ-512-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.01.2019-y., 03/19/512/2435-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrda 482-sonli tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida”gi nizom va “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish” Tartibi.
4-bob. Arxivlarni tashkil etish
16-modda. Arxivlarni tashkil etish shartlari
Arxivlarni tashkil etish uchun arxiv hujjatlarini saqlash va ulardan foydalanish talablariga javob beradigan moddiy-texnik baza, shu jumladan bino (xonalar), zarur jihozlar, muhofaza vositalari hamda yong‘inga qarshi vositalar bo‘lishi shart.
Arxivlarning asosiy ish turlari bo‘yicha vaqt va ishlab chiqarish namunaviy normalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Maxfiy arxivlar tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 14 va 15 bandlari.
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Arxivlarning turlari va toifalari
Arxivlar davlat va nodavlat arxivlari turlarida tashkil etilishi mumkin.
Davlat arxivlari quyidagi toifalarga bo‘linadi:
milliy arxivlar;
markaziy davlat arxivlari;
viloyat va tuman (shahar) davlat arxivlari;
tarmoq davlat arxivlari.
(17-modda O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
18-modda. Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(18-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
19-modda. Idoraviy arxivlarni tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda idoraviy arxivlarni tashkil etishi mumkin.
(19-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrda 482-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardagi idoraviy arxiv to‘g‘risida”gi Namunaviy nizom.
5-bob. Arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanish
20-modda. Arxiv hujjatlarini jamlash
Arxiv hujjatlarini jamlash arxivlar, idoraviy arxivlar va jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini arxiv hujjatlari bilan to‘ldirishni o‘z ichiga oladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy arxivlar, markaziy, viloyat, tuman (shahar) davlat arxivlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining faoliyati natijasida yaratilgan arxiv hujjatlari, shuningdek ular tomonidan olingan yoki ularga nodavlat korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hamda jismoniy shaxslar topshirgan arxiv hujjatlari bilan jamlanadi.
(20-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Tarmoq davlat arxivlari tegishli vazirlikning, davlat qo‘mitasining yoki idoraning faoliyati natijasida yaratilgan arxiv hujjatlari bilan jamlanadi.
Nodavlat arxivlar qonunchilikda belgilangan tartibda jamlanadi.
(20-modda O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-653-sonli Qonuniga asosan uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
Arxiv hujjatlari davlat arxivlariga topshirilishi lozim bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ro‘yxatini tuzish tartibi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
Nodavlat arxivlar va jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari davlat mulki bo‘lgan arxiv hujjatlari bilan jamlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari sotilayotganda davlat arxivlari imtiyozli sotib olish huquqiga ega bo‘ladi.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlarni jamlashi shart.
Arxiv hujjatlarini jamlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ning III bo‘limi (Arxivlarni arxiv hujjatlari bilan jamlash).
21-modda. Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasi
Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasi saqlash uchun tanlab olish maqsadida hujjatlar yoki arxiv hujjatlarining qimmatliligini belgilash bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini o‘z ichiga oladi.
Hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasini o‘tkazish tartibi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
22-modda. Arxiv hujjatlarini hisobga olish
Arxiv hujjatlarini davlat hisobiga olish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
arxivlar va idoraviy arxivlarda hisobga olish hujjatlarini tuzish;
arxivlar va idoraviy arxivlarda yig‘ma hujjatlarni tuzish va ularni “O‘zarxiv” agentligiga taqdim etish;
Milliy arxiv fondining davlat katalogini yuritish.
Arxivlar va idoraviy arxivlardagi hisobga olish hujjatlariga quyidagilar kiradi:
hujjatlarning kelib tushish kitobi;
arxiv fondlarining ro‘yxati;
arxiv fondi varag‘i;
arxiv ro‘yxati;
arxiv fondi yig‘majildi.
Arxiv hujjatlarini davlat hisobiga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ning IV bo‘limi (Arxiv hujjatlari hisobi).
Jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini hisobga olish ular tomonidan mustaqil amalga oshiriladi.
23-modda. Arxiv hujjatlarini saqlash
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlarini, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini saqlash ular tomonidan mustaqil amalga oshiriladi.
Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari doimiy (muddatsiz) saqlanishi lozim va ularni yo‘q qilib tashlash taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini doimiy (muddatsiz) saqlash davlat arxivlari, muzeylari va axborot-kutubxona muassasalarida, shuningdek ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarda amalga oshiriladi.
(23-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarda doimiy (muddatsiz) saqlash “O‘zarxiv” agentligi bilan kelishilgan idoraviy normativ hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash ushbu Qonunning 24-moddasida belgilangan muddatlar mobaynida amalga oshiriladi.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlari arxivlar va idoraviy arxivlarda, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari tarkibida saqlanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning arxiv hujjatlari, jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlari arxivlar, muzeylar va axborot-kutubxona muassasalariga depozitar saqlash uchun topshirilishi mumkin.
(23-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi O‘RQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlarni saqlashi shart.
Arxiv hujjatlarini saqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
24-modda. Arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlashning quyidagi muddatlari belgilanadi:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etiladigan xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek respublika bo‘ysunuvidagi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari — o‘n besh yil mobaynida;
mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlarining tegishli hududiy bo‘linmalari, viloyat bo‘ysunuvidagi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari — o‘n yil mobaynida;
tuman va shahar bo‘ysunuvidagi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining arxiv hujjatlari — besh yil mobaynida;
ustav fondida davlat ulushi bo‘lgan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, boshqa tashkilotlarning arxiv hujjatlari — o‘n yil mobaynida;
ilmiy, texnologik, konstruktorlik va patent hujjatlari — yigirma yil mobaynida;
kapital qurilish bo‘yicha loyiha hujjatlari — yigirma besh yil mobaynida;
telemetrik hujjatlar — besh yil mobaynida;
ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinolentalar, fotosuratlar, fotografiya plyonkalari — tayyorlangan vaqtidan boshlab uch yildan oshmagan muddat mobaynida;
mashinada o‘qiladigan hujjatlar — besh yil mobaynida.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari o‘tgach ular belgilangan tartibda davlat arxivlariga elektron ko‘chirma nusxalari bilan birga, alohida qimmatga ega bo‘lgan va noyob hujjatlar uchun esa sug‘urta nusxalari bilan birga topshiriladi.
(24-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-653-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Agar qonunchilikda boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari, notarial harakatlar yozuvlari, shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlar, sud ishlari va xo‘jalik kitoblari idoraviy arxivlarda yetmish besh yil mobaynida saqlanishi lozim.
(24-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari, notarial harakatlar yozuvlari, sud ishlari va xo‘jalik kitoblarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlari o‘tgach ular belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktabrdagi 482-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi” to‘g‘risidagi nizomning 8-bandi.
25-modda. Arxiv hujjatlarining but saqlanishini ta’minlash
Arxivlar va idoraviy arxivlarda arxiv hujjatlarining but saqlanishini ta’minlash arxivlar hamda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlarining zimmasiga yuklatiladi.
Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarining but saqlanishini ta’minlamayotgan mulkdorlar sud qaroriga binoan mazkur hujjatlarga bo‘lgan mulk huquqidan mahrum etilishi mumkin, shundan so‘ng bu hujjatlar saqlash uchun tegishli davlat arxiviga topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat arxivlarining binolari mazkur arxivlarni arxiv hujjatlarini saqlashni va ulardan foydalanishni tashkil etish talablariga javob beradigan binolar bilan ta’minlamasdan turib boshqa shaxsga o‘tkazilmasligi lozim.
(25-modda O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-653-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son)
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlarning but saqlanishini ta’minlashi shart.
Jismoniy shaxslar o‘z shaxsiy arxiv hujjatlarining but saqlanishini mustaqil ravishda ta’minlaydi.
Alohida qimmatli hujjatlar va noyob hujjatlarning sug‘urta nusxalari yaratiladi.
Arxiv hujjatlarini alohida qimmatli hujjatlar va noyob hujjatlar sirasiga kiritish tartibi, shuningdek sug‘urta nusxalarni tayyorlash va saqlash tartibi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
26-modda. Arxiv hujjatlaridan foydalanish
Oldingi tahrirga qarang.
Arxiv hujjatlaridan foydalanish xizmat, ishlab chiqarish, ilmiy, madaniy, ma’rifiy, ta’lim maqsadida va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa maqsadlarda amalga oshiriladi.
(26-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Arxiv hujjatlaridan foydalanuvchilar:
arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibiga rioya qilishi;
arxiv hujjatlarining but saqlanishini ta’minlashi;
arxiv hujjatlariga yetkazilgan shikastlar yoki arxiv hujjatlaridagi yetishmovchiliklar aniqlanganligi to‘g‘risida tezkor ravishda arxiv va idoraviy arxiv xodimlariga xabar berishi;
arxiv hujjatlaridan olingan ma’lumotlarni buzib ko‘rsatish yoki soxtalashtirishga yo‘l qo‘ymasligi shart.
Arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha m’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlari o‘quv xonalarida foydalanuvchilarning ishlash Qoidalari (ro‘yxat raqami 1053, 20.07.2001-y.).
27-modda. Arxiv hujjatlarini kirib ko‘rish
Arxivlar va idoraviy arxivlardagi arxiv hujjatlarini kirib ko‘rish foydalanuvchiga ilmiy-ma’lumotnoma apparatini, shuningdek tegishli arxiv hujjatlari yoki ularning ko‘chirma nusxalarini taqdim etish orqali ta’minlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Arxivlar va idoraviy arxivlardagi arxiv hujjatlarini, shuningdek jismoniy shaxslarning shaxsiy arxiv hujjatlarini kirib ko‘rish ularning but saqlanishini ta’minlash maqsadida cheklanishi mumkin, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(27-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Fuqarolarning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi yoki ularning hayoti va xavfsizligiga tahdid tug‘diruvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan arxiv hujjatlarini kirib ko‘rishga doir cheklovlar arxiv hujjatlari tayyorlangan vaqtdan e’tiboran yetmish besh yil muddatga belgilanadi. Ushbu muddatdan oldin mazkur hujjatlarni kirib ko‘rishga fuqaroning o‘zi tomonidan, uning vafotidan so‘ng esa shu fuqaroning merosxo‘rlari tomonidan ruxsat berilishi mumkin.
Arxiv hujjatlarini kirib ko‘rish tartibi va shartlari “O‘zarxiv” agentligi tomonidan belgilanadi.
Arxiv hujjatlarining maxfiylik toifalari, shuningdek davlat siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan arxiv hujjatlarini kirib ko‘rishga doir cheklovlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
28-modda. Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar
Arxivlar va idoraviy arxivlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda xizmatlar ko‘rsatadi.
Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ijtimoiy himoya qilish uchun zarur bo‘lgan arxiv ma’lumotnomalarini, shuningdek tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga arxiv ma’lumotnomalarini va arxiv hujjatining ko‘chirma nusxasini berish bepul amalga oshiriladi.
29-modda. Arxiv hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish va O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish
Davlat mulki bo‘lgan arxiv hujjatlarini yoki ularning o‘rnini bosuvchi ko‘chirma nusxalarini, shuningdek Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini yoki ularning o‘rnini bosuvchi ko‘chirma nusxalarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mulki bo‘lgan arxiv hujjatlarini yoki ularning o‘rnini bosuvchi ko‘chirma nusxalarini, shuningdek Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini yoki ularning o‘rnini bosuvchi ko‘chirma nusxalarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqishga “O‘zarxiv” agentligining ruxsati bilan qonunchilikda belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
(29-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xususiy mulk bo‘lgan, Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibiga kiritilmagan arxiv hujjatlari yoki ularning o‘rnini bosuvchi ko‘chirma nusxalari O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqilishi mumkin. Bu holda olib chiqilishi bildirilgan arxiv hujjatlari “O‘zarxiv” agentligi tomonidan belgilangan tartibda hujjatlarning qimmatliligini aniqlash ekspertizasidan o‘tkazilishi lozim.
Qonuniy asoslarda qo‘lga kiritilgan va (yoki) olingan arxiv hujjatlarini yoki ularning o‘rnini bosuvchi ko‘chirma nusxalarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishga ruxsat beriladi.
LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Arxiv hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish va arxiv hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
30-modda. Arxivlarni moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat arxivlarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat arxivlarining pulli xizmatlar ko‘rsatishdan va moliyalashtirishning boshqa manbalaridan olinadigan mablag‘lari qonunchilikda belgilangan tartibda ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Nodavlat arxivlarini moliyalashtirish ularning mulkdorlari mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(30-moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
31-modda. Arxiv ishi sohasidagi xalqaro hamkorlik
Oldingi tahrirga qarang.
Arxiv ishi sohasidagi xalqaro hamkorlik O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
(31-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
32-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Arxiv ishi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(32-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
33-modda. Arxiv ishi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Arxiv ishi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(33-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
34-modda. Ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan “Arxivlar to‘g‘risida”gi 768-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 120-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan “Arxivlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 769-I-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 121-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 30-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 621-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 5, 90-modda) XIX bo‘limi.
Oldingi tahrirga qarang.
35-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(35-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
36-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2010-yil 16-iyundagi 119 (5034) - sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 15-iyun,
O‘RQ-252-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 24-25-son, 192-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son, 09.01.2019-y., 03/19/512/2435-son; 04.12.2020-y., 03/20/653/1592-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Dostları ilə paylaş: |