Haqiqat – bilimlarning ob’ektiv borliqqa muvofiq bo‘lgan mazmuni. U bilish jarayoni, bilish in’ikosining natijasidir. Haqiqat ilmiy nazariyada mujassamlashgan anglab etilgan tasdiqlovchi mulohazalar ko‘rinishida o‘z ifodasini topadi. Har qanday ilmiy nazariya rivojlantirilishi, ba’zan boshqa, yanada haqiqiyroq nazariya bilan almashtirilishi lozim. Shu ma’noda haqiqat – bilish rivojlanishining yakuni va omilidir.
Ob’ektiv haqiqat – bilimlarimizning inson insoniyatga bog‘liq bo‘lmagan mazmuni. Mutlaq haqiqat – predmetni kelajakda to‘ldirilishi yoki unga aniqlik kiritilishi mumkin bo‘lmagan tarzda to‘la, mukammal bilishdir. Nisbiy haqiqat – borliqni asosan to‘g‘ri aks ettirsa-da, obraz ob’ektga uncha mos emasligi bilan ajralib turadigan bilim. Nisbiy haqiqat to‘g‘ri, biroq noto‘liq, taxminiy, vaqt va joyning muayyan tarixiy shart-sharoitlari bilan cheklangan haqiqatdir.
Yanglishish – o‘z predmeti bilan mushtarak bo‘lmagan, unga mos kelmaydigan bilim. Haqiqat yoyilishi va teranlashuvining barcha bosqichlarida uning doimiy va zaruriy hamrohi yanglishishdir.
Dostları ilə paylaş: |