4. Argumentlash va bilimlar taraqqiyotiniig mantiqiy shakllari
Dalillash jarayonida retsipientlarga (lot - qabul qiluvchi) – tinglovchilarga biror fikrning to‘g‘ri yoki xatoligi asoslab beriladi va ularda shu fikrga nisbatan ishonch tuyg‘usi shakllantiriladi. Dalillovchi shaxsning so‘z san’atini qay darajada egallaganligi, ya’ni notiqlik mahorati tinglovchilarda ishonch-e’tiqodning shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.
Faktlar va boshqa dalillarga tayanib yuritiladigan fikr yuksak ishontirish kuchiga ega bo‘ladi, kishilarda ishonch-e’tiqodni shakllantiradi. Bilishning maqsadi ilmiy asosga ega bo‘lgan e’tiqodni yaratishdan iborat. Dalillash va isbotlash ishonch-e’tiqodni shakllantirish vositasidir.
Ishonch-e’tiqod bu kishilarning xulq-atvori va hatti-harakatlarini belgilab beradigan qarashlari va tasavvurlaridir.
Fikrning chinligini tasdiqlash uchun uni hodisaning (faktning) o‘zi bilan solishtirish mumkin. Lekin ko‘p hollarda bilish jarayonida natijalarining chinligi ularni ilgari vujudga kelgan bilimlar bilan bog‘lash orqali aniqlanadi. Buni amalga oshirishning mantiqiy usuli isbotlashdir.
Isbotlash bir hukmning chinligini u bilan bog‘langan boshqa chin hukmlar yordamida asoslashdan iborat bo‘lgan mantiqiy amaldir. Uning tarkibi uch elementdan tashkil topgan: tezis, argumentlar (asoslar), isbotlash usuli-demonstratsiya.
Tezis-chinligi asoslanishi lozim bo‘lgan hukm, u isbotlashning markaziy figurasi hisoblanadi; butun diqqat-e’tibor uning chinligini ko‘rsatishga qaratiladi. Tezis bir mulohazaning o‘zidan, yoki mulohazalar tizimidan, yoki teoremalardan, yoki aniq faktlarni umumlashtirish natijalaridan yoki hodisalarning sababini ko‘rsatuvchi mulohazalardan va shu kabilardan iborat bo‘ladi.
Argumentlar-tezisning chinligini asoslash uchun keltirilgan hukmlar. Argumentlar bo‘lib faktlarni qayd qiluvchi hukmlar, ta’riflar, aksiomalar, teoremalar, qonunlar hamda boshqa empirik va nazariy umumlashmalar xizmat qiladi. Argument sifatida keltirilgan faktlar, albatta, o‘zaro bog‘langan va tezisning mohiyatiga aloqador bo‘lishi lozim.
Ta’riflar ham chin hukmlar bo‘lib, ulardan argument sifatida foydalanish mumkin. Masalan, «Harakat - bu har qanday o‘zgarishdan iborat» degan ta’rif-chin hukmdir.
Aksiomalar chinligi o‘z-o‘zidan ravshan bo‘lgan, isbotlashni talab qilmaydigan fikrlardir. Inson tajribasida ko‘p martalab takrorlanganligi uchun ham ularni isbotlash zarur emas.
Teoremalar va qonunlarning chinligi isbotlangan bo‘ladi, ularni hech ikkilanmasdan argument qilib olish mumkin.
Isbotlash usuli-demonstratsiya tezis bilan argumentlar o‘rtasidagi mantiqiy aloqadan iborat. U xulosa chiqarish shaklida bo‘ladi, ya’ni tezis argumentlardan xulosa sifatida mantiqan keltirib chiqariladi.
Raddiya-isbotni buzishga qaratilgan mantiqiy amaldir.
Birorta fikrning chinligini rad etish unga zid bo‘lgan fikrning xatoligini ko‘rsatishdan iborat bo‘lganligi uchun, raddiyani isbotlashning xususiy ko‘rinishi, deb hisoblash mumkin. Raddiya ham isbotlash kabi tezis (rad qilinishi lozim bo‘lgan hukm), argumentlar (tezisni rad qiluvchi hukmlar) va demonstratsiyadan (rad etish usuli) dan tashkil topgan bo‘ladi. Raddiya birorta masalani muhokama qilish ya’ni bahs, munozara jarayonida uchraydi. Bahs qatnashchilaridan biri ma’lum bir tezisni ilgari surib, uni himoya qilsa (proponent), boshqasi unga qarshi chiqadi (opponent). Hal qilinmagan, munozarali masalalar bo‘yicha olib boriladigan bahslar polemika hisoblanib, unda qarama-qarshi tezislar asoslanibgina qolmay, balki tanqidiy analiz ham qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |