Falsafaning asosiy funksiyalari.
Dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi insonning dunyoga munosabati, uning o‘z-o‘zini va o‘zini qurshagan borliqni tushunishi, shuningdek turli voqealar, hodisalarni va o‘z burchini qanday talqin qilishi avvalo va bevosita uning dunyoqarashiga bog‘liq bo‘ladi.
Falsafaning gnoseologik funksiyasi tajribada sinash, tavsiflash yoki shak-shubhasiz inkor etish mumkin bo‘lmagan, ya’ni fan ochib berish, tadqiq etish va tahlil qilishga qodir bo‘lmagan narsalar va hodisalarni oqilona yo‘l bilan tushuntirishga harakat qilishdir.
Metodologik funksiyasi u yoki bu maqsadga erishishning muayyan usulini, shuningdek borliqni nazariy va amaliy o‘zlashtirishga qaratilgan usullar yoki amallar majmuini anglatadi.
Falsafaning integrativ funksiyasi real borliqning yangi ob’ektlari va hodisalari insonning nazariy tadqiqotlari sohasidan o‘rin olishi, shuningdek ilgari ma’lum darajada anglab etilgan narsalar va hodisalarni yanada chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj ilmiy bilim o‘z rivojlanishining dastlabki bosqichlaridayoq tabaqalanishiga turtki beradi.
Falsafaning madaniy funksiyasi odamlar dunyoqarashini kengaytirish, ularda bilishga qiziqish uyg‘otish, nazariy fikrlash madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish orqali namoyon bo‘ladi.
Falsafaning aksiologik funksiyasi hayotning ma’nosi, o‘lim va umrboqiylik masalalarini kun tartibiga qo‘yish, u yoki bu harakat, voqea, hodisaga “yaxshi”, “yomon”, “muhim”, “foydali”, “foydasiz” kategoriyalari bilan baho berish orqali– aksiologik (yunon. axia - qadriyat) funksiyani bajaradi.
Falsafaning axloqiy funksiyasi odamlar xulq-atvori va u yoki bu jamiyatda yuzaga keluvchi munosabatlar bilan bog‘liq.
Falsafaning tarbiyaviy funksiyasi haqida fikr yuritilganda bu masalaning xalqaro darajadagi keng va har tomonlama muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda so‘z yuritish o‘rinli bo‘ladi. Bugungi kunda nafaqat ayrim xalqlar, balki butun jahon hamjamiyati o‘z-o‘zini anglab etishga yo‘naltirilgan falsafaga muhtojdir.
O‘zbek falsafasining rivojini ta’minlashda quyidagi jihatlar alohida o‘rin tutadi:
- xalqimizning o‘z milliy an’analariga sodiqligi;
- mamlakatimizning buyuk kelajagiga ishonchi;
- muqaddas qadriyatlarimizga ishonch-e’tiqodi;
- mehnatsevarligi, intellektual salohiyati va boshqalar.
O‘zbek falsafasini yanada taraqqiy ettirish vazifalarini amalga oshirish quyidagi muammolarning echimini topishga bog‘liq:
- birinchidan, mustamlakachilik sharoitida soxtalashtirilgan tariximizni haqqoniy yoritish falsafiy g‘oyalar, qarashlar tarixini ham xolis ko‘rsatib berishni taqozo qiladi. O‘z davrida qimmatli tarixiy manbalarning yo‘q qilingani yoki ayovsiz talon-taroj etilgani bu ishni qiyinlashtirmoqda;
- ikkinchidan, mavjud manbalar arab yoki fors tillarida ekanligi, ularni biladigan faylasuf olimlarning, malakali tarjimonlarning kamligi umuminsoniy ma’naviy merosdan bahramand bo‘lish va ulardan ijodiy foydalanishga to‘siq bo‘lmoqda;
- uchinchidan, odamlar ongidan mustabid tuzumning soxta g‘oyalarini, ular qoldirgan asoratlarni siqib chiqarish, mafkuraviy bo‘shliqni yangi g‘oyalar bilan to‘ldirish, istiqlol mafkurasini shakllantirish muayyan vaqtni taqozo qiladi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish bugungi falsafa masalalari bilan shug‘ullanuvchi olim va tadqiqotchilar zimmasiga nihoyatda katta mas’uliyat yuklaydi. Bunda, eng avvalo, mazkur sohaga aloqador har bir yurtdoshimiz dunyoqarashining milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan o‘zgarishi nihoyatda muhimdir. Mamlakatimizda huquqiy demokratik jamiyat barpo etilayotgan hozirgi davrda bu jarayonning qanday borishi yangi falsafiy ongning shakllanishiga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatadi.
Falsafiy dunyoqarashni yangilash zarurati bir qator yo'nalishlarda namoyon bo'ladi.
1. Avvalo bu kelajagi buyuk davlatni barpo etish bilan bog'liq. Bunda ana shu yaratilajak yangi jamiyat haqida, bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o'tish jarayoni, yangi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning qaror topa borishi, islohotlarning inson manfaatlariga xizmat qilishi, milliy uyg'onish ijtimoiy taraqqiyot taqozosi, komil insonni voyaga yetkazish davr talabi ekani kabi dasturiy vazifalarning hayotiyligi to'g'risidagi g'oyalarni odamlar dunyoqarashida qaror toptirish zarur.
2. Falsafiy ongning yangilanishi mohiyat e'tibori bilan fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat barpo etish borasida iqtisodiy mustaqillikka erishish orqali siyosiy mustaqillikni mustahkamlash, mamlakatimizning xalqaro nufuzi va aloqalarining o'sib borishi, tinchlik, osoyishtalik, milliy totuvlik, bahamjihatlikka xizmat qiluvchi g'oyalarga tayanadi. Uning hayotiyligi xalq irodasiga, ruhiyatiga, milliy tuyg'ulari, orzu-intilishlariga mosligi bilan belgilanadi.
3. Albatta, falsafadagi yangilanish millat va Vatan manfaatlari, istiqbol rejalari, milliy qadriyatlarimiz ruhiga mos holda kechadi. Bu esa, o'z navbatida, yurtimizda kechayotgan islohotlar jarayoni, davlatimizning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma'naviy hayotidagi ijobiy o'zgarishlar to'g'risida xalqimizda to'g'ri tasavvur va tushunchalarni hosil qilib borish lozimligini ko'rsatadi.
4. Falsafiy tafakkur yangilanishi taqozo etadigan eng muhim vazifa poklanish jarayoni odamlar ruhiyati va tafakkurida amaliy tus olishi uchun O'zbekiston Konstitutsiyasida mujassam etilgan maqsad va g'oyalarni amalga oshirish yo'lida xizmat qilishdir. Bu maqsad va g'oyalar omma manfaatlarini aks ettirgani bois ularni ma'naviy hayot tarzining tarkibiy qismiga aylantirish muhim ahamiyatga ega.
5. Mamlakatimiz mustaqilligi, tinchligi, uning fuqarolari totuvligi, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy barqarorlikning qadriga yetish, jamiyatimiz hayot tarziga xavf solishi mumkin bo'lgan tahdidlarga qarshi ogohlikni kuchaytirishda falsafa va umuman, ijtimoiy fanlaming ahamiyati beqiyos. Shu bois o'z xalqi tarixini, o'z milliy madaniyatini, urf-odat va an'analarini yaxshi biladigan, milliy g'ururi yuksak avlodni tarbiyalash falsafaning muhim vazifasidir.
6. Falsafiy dunyoqarashning yangilanishi, mohiyat e'tiboriga ko'ra, insondan, uning ijtimoiy xususiyatlari takomillashuvidan chetda kechadigan jarayon emas. U nafaqat umumjamiyat miqyosidagi, balki har bir inson kamoloti uchun ham zarur shart-sharoit yaratadigan jarayondir. Shu ma'noda, u ham, jamiyatdagi boshqa o'zgarishlar kabi, avvalo, inson uchun, uning kamoli va hayot farovonligini ta'minlaydigan islohotdir.
XXI asrga kelib, insoniyat g'oyat murakkab, olamshumul muammolar qarshisida turganligini anglay boshladi. Xususan, yadro urushi xavfi, keskinlashayotgan ekologik muammolar, xomashyo va energetika resurslari, Yer shari aholisining shiddat bilan o'sib borayotgani, ularni oziq-ovqat bilan ta'minlash, sog'liqni saqlash, maorif va madaniyatni, fan-texnika va texnologiyani rivojlantirish muammolari yangicha tafakkurni taqozo qilmoqda.
Bu masalani milliy va umuminsoniy falsafiy g'oyalarni, nazariyalarni ishlab chiqmasdan hal qilish mumkin emasligi esa tobora aniq bo'lib bormoqda.
Falsafa ijtimoiy hayotda insonning mohiyati, yashashdan ko'zlagan maqsadi, oliy qadriyat ekani, ma'naviy omillari (ideallari), borliqdagi o'rni, munosabatlari sabablari, ruhiy va moddiy ehtiyojlarini qondirish usul va vositalari — barcha-barchasini ko'rsatib beradi.
Jamiyat taraqqiyoti va falsafaning rivojlanishi dialektikasi ana shu xususiyatlarga asoslanib, o'ziga xos tarzda namoyon bo'ladi.
Bir tomondan, jamiyatning o'zgarib borish tamoyili falsafiy g'oya, nazariya va ta'limotlar o'zgarishini taqozo qiladi. Ikkinchi tomondan, o'zgarayotgan falsafa jamiyat moddiy-ma'naviy hayot tarzini ilg'ab olib, uning istiqbollarini belgilash, mafkurasini shakllantirishda nazariy, uslubiy asos bo'lib xizmat qiladi. Ayniqsa, mamlakatimiz bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o'tgan bugungi kunda kishilar tafakkuri va ongida saqlanib qolayotgan eskicha fikrlash qoliplarini bartaraf etish, yangi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni rag'batlantirish, milliy o'zlikni anglash, istiqlol mafkurasini shakllantirishda shoshilmay, behuda his-hayajonlarga berilmasdan, aql-zakovat bilan ish tutishda falsafaning o'rni va hamiyati g'oyatda ulkandir.
Falsafa har qanday murakkab ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy vaziyatda ham kishilarni yuksak g'oyaviylik, mustahkam e'tiqod, kelajakka ishonch ruhida tarbiyalash bilan birga, ularga murosa va hamkorlik qilish, chigal muammolarni ham umummilliy, umuminsoniy manfaatlarni nazarda tutgan holda madaniy va ma'rifiy hal etish imkoniyatlarini topishga yordam beradi.
Dostları ilə paylaş: |