3. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi
Qadimgi Misr va Bobil hududida dastlabki diniy-falsafiy fikrlar, olam haqidagi fanlar, ya’ni astronomiya, kosmologiya, matematika, mifologiyaga oid qarashlar birmuncha rivoj topgan. Tabiiy-ilmiy, diniy-falsafiy fikrlarning yuzaga kelishi ikki yo‘nalishda borgan. Birinchi yo‘nalish olam haqidagi tasavvurlarning astronomiya, kosmologiya, riyoziyot fanlari rivoji bilan bog‘liq ekanini, ikkinchi yo‘nalish esa, bu tasavvurlarning mifologiya bilan bog‘liq bo‘lganini ko‘rsatadi.
Hindiston ham insoniyat madaniyatining beshiklaridan biridir. Unga xos dastlabki ta’limotlar yozma manba — «Veda»larda o‘z aksini topgan. «Veda»lar eramizdan bir yarim ming yil oldin yozilgan bo‘lib, mutaassib dindor hindu uchun oliy muqaddas ilm va bashorat kitobidir. Hindular «Veda»ni oliy tangri Braxma tomonidan aytilgan so‘zlar deb biladi. «Veda»da hindularning qadimgi tarixi, iqtisodiyoti, dini, falsafasi, axloq va nafosatiga oid fikrlari aks etgan. «Veda»lar bizgacha to‘rtta to‘plam (samxitlar) shaklida etib kelgan. Bular — «Rigveda», «Samaveda», «Yajurveda», «Adxarvaveda»dir. Hind falsafasi asoslari «Upanishadalar» nomi bilan mashhur bo‘lgan manbalarda ham o‘z aksini topgan. «Upanishadalar» sirli bilim degan ma’noni anglatib, «Veda»larning falsafiy qismini tashkil etadi.
Qadimgi hind falsafiy maktablar ikki guruhga (astika va nastika) bo‘linadi. Vedanta, sankxya, yoga, vaysheshika, n’yaya va mimansa — astika guruhiga kiruvchi falsafiy maktablar. Ushbu maktablarning tarafdorlari «Veda»ning muqaddasligini tan olib, birdan-bir haqiqat undagina ifodalangan, deyishadi. Chorvaka-lokayata, buddizm va jaynizm — nastika guruhiga kiradi.
Qadimgi Xitoy donishmandi Konfutsiy (551-479) «Hikmatlari», ya’ni aforizmlari juda mashhur. Konfutsiy fikricha, olamni osmon boshqaradi. Osmon irodasi — taqdirdir. Biz yashab turgan olam, undagi tartib osmon hukmdori tomonidan yuborilgan. Jamiyat hayotidagi tartibga qattiq amal qilish talab etiladi. Tartib, Konfutsiy nuqtai nazariga ko‘ra, ilohiy mazmunga ega va uning mohiyatini «Li» tushunchasi belgilaydi.
Konfutsiyning qarashlari keyinchalik jahon falsafasida axloqiy tamoyillar rivojida, adolat, birodarlik, erkinlik g‘oyalari takomilida muhim o‘rin tutgan. Bu ta’limot Xitoyda ikki ming yil davomida davlat dini darajasiga ko‘tarilgan va xalq hayotida muhim ahamiyat kasb etgan.
Qadimgi Xitoyning ko‘zga ko‘ringan faylasuflaridan biri Lao-Szidir (VI-V asrlar). Uning ta’limotiga ko‘ra, olam, jamiyat va inson hayoti Dao qonuniga bo‘ysunmog‘i lozim. Daosizm ta’limoti ana shu tariqa shakllangan. Dao qonuni — tabiatning yashash qonunidir, undagi rang-baranglik kurashi va uyg‘unligi abadiyligining e’tirof etilishidir. Bu qonunga ko‘ra, olamning asosini tashkil etuvchi «Si», ya’ni beshta unsur — olov, suv, havo, er va yog‘och yoki metall olamdagi barcha jismlar asosini tashkil etadi hamda ularning yuzaga kelishini ta’minlaydi. Lao-Szining ta’kidlashicha, olamda hech bir narsa doimiy va o‘zgarmas, harakatsiz holda bo‘lishi mumkin emas.
Daosizmga binoan, dunyodagi hamma narsa bir holatdan ikkinchi holatga o‘tib turadi. Qarama-qarshi kuchlar o‘rtasidagi kurash, ya’ni in va Yan orasidagi munosabat — bizni o‘rab turgan olamni harakatga keltiruvchi kuchlar manbaidir. In va Yan o‘rtasidagi kurash daoni anglatadi.
Eramizdan avvalgi X asrdan eramizning VII asrlarigacha bo‘lgan davr mahsuli bo‘lgan diniy-falsafiy ta’limotlardan biri zardushtiylikdir. Bu ta’limotga Zardusht asos solgan bo‘lib, SHarq va G‘arbda Zaratushtra, Zaroastr nomlari bilan mashhurdir. Manbalarga ko‘ra, Zardusht eramizdan avvalgi VI asrning birinchi yarmida yashagan. Zardushtiylikning bosh kitobi «Avesto»dir. unda qadimgi xalqlarning dunyo to‘g‘risidagi tasavvurlari, o‘ziga xos qadriyat va urf-odatlari aks etgan. Unda olamning azaliy qarama-qarshi kuchlari- yaxshilik va yomonlik, yorug‘lik va zulmat, issiqlik va sovuqlik, hayot va o‘lim borasidagi qarashlar o‘z ifodasini topgan. «Avesto»da, shuningdek, tabiat falsafasi, tarix, etika, tibbiyotga oid ma’lumotlar ham berilgan.
Markaziy Osiyoda buddaviylik diniy-falsafiy ta’limot sifatida qadimgi Hindistonda eramizdan avvalgi VI asrning oxiri va V asr boshlarida vujudga kelgan. U jahonda keng tarqalgan dinlardan biridir. Bu ta’limot O‘rta Osiyoga eramizdan avvalgi II-I asrlarda kirib kelgan. Tarixiy manbalarga ko‘ra, uni Toxaristonga balxlik savdogarlar olib kelishgan. Kushonlar davrida buddaviylik dini hukmron dinga aylangan edi. «Xalqchil bo‘lganligi uchun O‘rta Osiyoga keng yoyilgan.
Moniy ta’limoti yurtimizda buddaviylikdan keyin keng tarqalgan edi. u zardushtiylik va xristianlikning sintezlashuvi natijasida vujudga kelgan. Moniy fors va arab tillarida bir necha risolalar yozgan. Lekin ular bizgacha etib kelmagan. Moniy hatto «Moniylik yozuvi» nomli alifbo ham tuzgan. uning ta’limoticha, hayotda dastavval nur dunyosi - yaxshilik va zulmat dunyosi- yovuzlik bo‘lgan. Ular o‘rtasida abadiy kurash boradi, inson ikki unsurdan (ruh — nur farzandi, jism — zulmat mahsuli) iborat. Moniylik xalq ommasi manfaatlarini himoya qiluvchi ta’limot bo‘lgani sababli hukmron mafkura qarshiligiga duch kelgan.
Moniylik ta’limoti asosida Mazdak ta’limoti yuzaga kelgan. U eramizning V-VI asrlarida keng tarqalgan edi. Uning asoschisi Mazdak (470-529 yillar) bo‘lgan. Mazdak va uning maslakdoshlari o‘z qarashlarida halq ommasiga suyangan. Xalqning ozodlik, erkinlik, hurlik yo‘lida olib borgan harakatlariga rahnamolik qilgani uchun tez fursatda ularning maslakdoshlari, izdoshlari ko‘payib ketgan. Mazdakiylik ijtimoiy tengsizlikni bartaraf etish yo‘lida kurashga da’vat etuvchi mafkura sifatida xizmat qilgan. Unda asosiy yovuzlik-boylikka hirs qo‘yish va o‘ta kambag‘allik qoralanadi. Markaziy Osiyoda vujudga kelgan qadimgi falsafiy ta’limotlar, ular ilgari surgan g‘oyalar bugungi kunda ham muhim ahamiyatiga ega. Sanab o‘tilgan qadimgi diniy-falsafiy ta’limotlar, ya’ni zardushtiylik, uning bosh kitobi — «Avesto», Moniy ta’limoti, «Moniy yozuvi», mazdakiylik harakati jamiyatda adolat, erkinlik, teng huquqlilik tamoyillarini qaror toptirishiga da’vat etgan.
Movarounnahrga arablar bosqini bilan birga islom dini ham kirib keldi. Islom so‘zi arabcha tangriga o‘zini topshirish, itoat, bo‘ysunish, tinchlik kabi ma’nolarni anglatadi. Qur’on va hadislarda islomiy ta’limotning asosi bayon qilingan. «Sunna» esa hadislar majmui bo‘lib, Qur’ondan keyin turadi va uni to‘ldiradi. Unda Muhammad payg‘ambarning so‘zlari, xatti-harakatlari naqllar va hadis shaklida jamlangan.
Qur’on va sunnadan keyingi muhim manba — shariatdir. Shariat (to‘g‘ri yo‘l, ilohiy yo‘l demakdir) — islomda huquqiy, axloqiy me’yor va amaliy talablar tizimidir.
Islomda mashshoiyunlar va tabbiiyunlarning (Arastu falsafasi va tabiatni o‘rganishga ahd qilganlarning) falsafiy qarashlari shakllana borgan.
Bu davrda al-Xorazmiy, Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, va boshqa buyuk allomalar yashab ijod qildilar.
1. barcha odamlarni ma’rifatli qilishga intilish, bu yo‘lda o‘tmish merosidan va qo‘shni mamlakatlarning fan, madaniyat yutuqlaridan foydalanish, tabiiy-falsafiy va ijtimoiy fanlarni rivojlantirish;
2. tabiatni o‘rganish, tabiiy-ilmiy bilimlarni oqilonalikka tayanib rivojlantirish, aqlning kuchiga ishonish, asosiy e’tiborni haqiqatni bilishga qaratish, haqiqatni inson bilimining negizi deb bilish;
3. insonga xos tabiiy, badiiy, ma’naviy fazilatlarni yuksaltirish, insonparvarlikni ulug‘lash, barkamol avlodni tarbiyalashda oliy ma’naviy qonunlarga rioya qilish;
4. universalizm – borliq va ijtimoiy hayotning barcha muammolariga qiziqish, bu davr madaniyatining muhim jihatlaridir.
Dostları ilə paylaş: |