Ma’mun akademiyasida Movaraunnahrlik olimlar. Arab halifaligi tarixida Abbosiylar sulolasi(750-1258 y) davri alohida o‘rin tutadi. Xususan halifa Xorun ar-Rashid (786-809 y) va uning o‘g‘li al-Ma’mun (813-833y) davrlarda Bog‘dodda ilm-fan yuksaldi, yunon olimlaridan Aflotun (Platon), Arastu (Aristotel), Suqrot (Sokrat), Buqrot (Gippokrat), Jolinus (Galen), Iklidus (Yevklid) kabilarning asarlari arab tiliga tarjima qilinib, xristian va islom olimlari o‘rtasida hamkorlik amalga oshirildi. Xorun ar-Rashid tashabbusi bilan Bag‘dodda ilmiy Markaz-Akademiya («Bayt ul-Xikma»)-tashkil etilib, unga barcha musulmon o‘lkalari, jumladan O‘rta Osiyodan ham olim va fozillar to‘plandi. Bu markazda Movaraunnahr va Xurosondan kelgan Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Marvoziy, Marvarudiy, Javhariy kabi olimlar Bag‘dod akademiyasini jahonga mashhur bo‘lishida katta hissa qo‘shdilar. Movaraunnahrda arab halifaligini hukmronligini o‘rnatilishi hamda islom dinining keng yoyilishining ijobiy tomonlaridan biri shuki, Bag‘doddagi ilmiy akademiyadan o‘rnak olib Xorazmda ham X asrda Ma’mun akademiyasi vujudga keldi va uning a’zolari bo‘lmish o‘z davrining olimu-donishmandlari o‘z ijodlari bilan Movaraunnahrni donishi olamga yoydilar. Shuningdek o‘lkamiz hududidan islom dunyosining eng mo‘’tabar shaxslari, hadisshunoslari yetishib chiqdilarki, ularning nomi Hozirgi kungacha ham dunyoviy, ham tasavvuf ilmining yuqori pog‘onalarida turibdi.
Xorazmda Ma’mun akademiyasi. Ma’lumki, uzoq o‘tmishga ega bo‘lgan O‘rta Osiyo xalqlari taraqqiyoti tarixi o‘z boshidan turli voqealarni, yuksalish va orqaga ketish davrlarini boshdan kechirdi. Shubhasiz,bu davrlarning barchasi tarixda o‘zining ma’lum izini qoldirdi. Xususan ilm-fan madaniyatimiz taraqqiyotida IX—XP asrlar davrining o‘rni beqiyosdir. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Shax Ma’mun ibn Muhammad X asr oxirlarida janubiy va shimoliy qismlarga bo‘lingan Xorazmni yagona bir markazga birlashtirdi. Ma’mun ayniqsa poytaxt Gurganchni Sharqning eng yirik ilmiy-madaniy markazlaridan biriga aylantirdi. Ma’mun Gurganchda «Baytul xikma» (Donishmandlar uyini) tashkil qildi. U Ma’mun akademiyasi deb ham ataldi. Bu maskanda ulug‘mutafakkirlar Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ibn al-Hammar, Abu Saxl Masixiy, Ibn Irok, Ahmad Farg‘oniylar ijod qildilar. Shuningdek ular orasida Sharqning ko‘pgina mamlakatlaridan kelgan ulug‘ allomalar ham bor edi.
Mustaqillik sharofati bilan O‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimovning Xorazm akademiyasini tiklash va uni rivojlantirish haqidagi 1997 yilda e’lon qilgan maxsus Farmoni o‘sha davr ilm-fan taraqqiyotini tan olinishining yana bir timsolidir. Bu davr O‘rta Osiyo xalqlarini dunyo miqyosida mashhur qildi. Chunki O‘rta Osiyo xalqlarining bu davrda qo‘lga kiritgan madaniy yutuqlari, ilm-fan sohasidagi yangiliklari dunyo madaniyati, ilm-fan rivojining ajralmas xalqasini tashkil etadi. Shuning uchun ham bu davr O‘rta Osiyo xalqlari tarixida uyg‘onish (renessans) davri deb qabul qilindi. IX - XII asrlar davri xususida gap ketar ekan, bu vaqtga kelib Markaziy Osiyo hududlarida arab halifaligining ta’siri bir muncha pasayib, bu hududlarda birin-ketin mustaqil turkiy davlatlar tashkil topa boshlagandi. Ular Tohiriylar, Somoniylar, G‘aznaviylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar davlatlaridir.
Biz quyida yana shu yuksalish davrining buyuk vakillari, ijodkorlari hamda ular yaratgan ilmiy-madaniy meros haqida to‘xtalib o‘tamiz.
O‘rta Osiyolik mutafakkir olimlar haqida ma’lumotlar.
Abu Abdullo Muhammad Ibn Muso al - Xorazmiy.(783-850yy) Buyuk mutafakkir va olim al-Xorazmiy Xivada tavallud topgan. Yoshligidan ilm-fanga, ayniqsa tabiiy fanlarni o‘rganishga qiziqdi. Arab, fors, hind, yunon tillarini mukammal o‘rgandi. O‘qigan, o‘rganganlari asosida, tabiatning bergan buyuk iqtidori bilan bir necha fanlarga doir yirik, qimmatli asarlar yaratdi.