1. Fizik–kimyoviy tekshirish usullari mohiyati. Eritmalarning juda ko`p fizik–kimyoviy xossalari, masalan, nurning yutilishi, polyarizatsiya tekisligi burilish burchagining kattaligi, elektr o`tkazuvchanligi va boshqalar moddaning konsentratsiyasiga bog`liq holda bo`ladi. Shunday qilib, bu kattaliklarni o`lchash orqali tekshirilayotgan eritmadagi moddaning miqdorini topish mumkin. Bu usullarning barchasi fizik–kimyoviy tekshirish usullari deyiladi. Fizik–kimyoviy tekshirish usullari juda kam miqdordagi moddani aniqlashga imkon beradi, ammo ular kimyoviy, ayniqsa, gravimetrik analiz usuliga nisbatan aniqligi kam bo`lib, ko`pchilik fizik–kimyoviy tekshirish usullarining aniqligi ± 5 % ga teng.
Fizik–kimyoviy tekshirish usullarining asosiy usullari refraktometriya, polyarimetriya, xromatografiya usullari bo`lib, bu usullarda tarkibi va modda miqdori bilan uning nurni yutishi, nurni yoyishi, nurni sindirishi, polyarizatsiya tekisligining burilishi, lyuminessensiyasi o`rtasidagi o`zaro bog`lanishdan foydalaniladi. Elektrometrik tekshirish usullari moddaning turli elektrik xususiyatlarini aniqlashga (elektr o`tkazuvchanligining, elektr potensialining, tok miqdorining o`zgarishi) asoslangan. Xromatografik tekshirish usullari moddaning adsorbsiyalanishidagi, ion almashinish konstantasidagi, cho`kmalarning eruvchanligidagi va boshqalardagi farqqa asoslangan.
Fizik–kimyoviy tekshirish usullari klinik va sanitariya–gigiyenik analizlarda keng qo`llaniladi. Fotometrik usulda qondagi gemoglobin miqdori, xolesterin, umumiy oqsil, qoldiq azot aniqlanadi, ichimlik suvining sifatini baholash uchun suvdagi ammiak, temir va nitritlar miqdori aniqlanadi. Nefelometriya ishlab chiqarishdagi zararli aralashmalar bilan ifloslanishlarni baholashga, qo`rg`oshin va simob miqdorini aniqlash uchun qo`llaniladi. Polyarimetriya siydikdagi va spirtsiz ichimliklar tarkibidagi qand miqdorini aniqlash uchun ishlatiladi. Farmatsevtika tahlilida dori moddalari chinligini, tarkiban sofligini hamda ular miqdorini aniqlashda fizik–kimyoviy tekshirish usullari alohida o`rin egallaydi. Davlat Farmakopeyasiga fizik–kimyoviy tekshirish usullaridan refraktometriya, polyarimetriya, spektrofotometriya, fotoelektrokolorimetriya, flyuorometriya, YaMR–spektroskopiya usullari kiritilgan.