[
OKOZ:
1.04.00.00.00 Oila qonunchiligi / 04.05.00.00 Ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalash shakllari / 04.05.04.00 Oilaga tarbiyaga berish (patronat)]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Nikoh va oila. Fuqarolik holati dalolatnomalari]
O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
OILAVIY BOLALAR UYLARI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Ota-onasining qarovisiz qolgan bolalarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, ular uchun oilaviy sharoitlarga yaqinlashtirilgan zarur sharoitlar yaratish, oilaviy bolalar uylarini rivojlantirish maqsadida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijtimoiy himoya yili” Davlat dasturi to‘g‘risida” 2007-yil 23-yanvardagi PQ-573-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oilaviy bolalar uylari to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
faoliyat ko‘rsatayotgan oilaviy bolalar uylari faoliyatini uch oy muddatda o‘rgansin va ularni ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiqlashtirsin;
oilaviy bolalar uylari faoliyatining muntazam nazorat qilinishini ta’minlasin, ular zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 31-iyul,
158-son
Vazirlar Mahkamasining
2007-yil 31-iyuldagi 158-son qaroriga
ILOVA
Oilaviy bolalar uylari to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oilaviy bolalar uyining maqomini, ularni tashkil etish, oilaviy bolalar uyiga bolalarni qabul qilish tartibini, tarbiyalovchi ota-onalarning hamda ana shunday uylarga tarbiyalash uchun berilgan bolalarning (keyingi o‘rinlarda tarbiyalanuvchi bolalar deb ataladi) huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
2. Oilaviy bolalar uyi ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun tarbiya muassasasi hisoblanadi.
3. Ota-onasining qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalash, o‘qitish, sog‘lomlashtirish, aqliy, psixologik va jismoniy rivojlantirish, ularni ijtimoiy moslashtirish va muhofaza qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ular uchun oiladagiga yaqin zarur sharoitlar vujudga keltirish oilaviy bolalar uyining asosiy vazifalari hisoblanadi.
4. Vasiylik va homiylik organlari oilaviy bolalar uylari tashkil etishga ko‘maklashadilar, tarbiyalovchi ota-onalarga zarur tashkiliy yordam ko‘rsatadilar hamda har oyda kamida bir marta tarbiyalanuvchi bolalar turmushi va tarbiyalanishi sharoitlarini kuzatib boradilar.
II. Oilaviy bolalar uyini tashkil etish tartibi va shartlari
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oilaviy bolalar uyi tuman (shahar) hokimining qarori bilan tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi. Oilaviy bolalar uyini tashkil etishni xohlagan er-xotinning tegishli arizasi, vasiylik va homiylik organining, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha tumanlar va shaharlar idoralararo komissiyasining (keyingi o‘rinlarda voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiya deb ataladi) er-xotinning tarbiyachilar — ota-onalar bo‘lishi va bolalarni tarbiya qilishga olishi imkoniyati to‘g‘risidagi xulosasi tuman (shahar) hokimining qarori qabul qilinishi uchun asos hisoblanadi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-iyundagi 385-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 25-son, 539-modda)
6. Oilaviy bolalar uyi tashkil etishni xohlovchi er-xotin o‘zining yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga ariza bilan murojaat qilishadi.
Arizada
er-xotinning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, bolalari (o‘zlariniki, farzandlikka olganlari) mavjud bo‘lgan taqdirda — ularning soni va yoshi ko‘rsatiladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatlarning, nikohdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxalari;
Oldingi tahrirga qarang.
ish va o‘qish joyidan ma’lumotnoma (ishlamayotgan yoki belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilganlar uchun — mahalliy mehnat organlarining ma’lumotnomasi);
(6-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-oktabrdagi 789-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 09/18/789/1993-son)
mehnat daftarchasidan ko‘chirma (ish staji mavjud bo‘lsa);
oila a’zolari ko‘rsatilgan holda yashash joyidan ma’lumotnoma;
er-xotinda sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq bo‘lgan mulk huquqi, ijara shartlarida (ijaraga olingan) yoki boshqa qonuniy asoslarda turar joy mavjudligini tasdiqlovchi hujjat (tegishli turar joy mavjud bo‘lmagan taqdirda arizada xizmat turar joyi bilan ta’minlash zarurligi ko‘rsatiladi);
tibbiy maslahat komissiyasining er-xotinning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi xulosasi, psixiatriya va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari dispanseri ma’lumotnomalari.
Arizani topshirish vaqtida er-xotinning shaxsini tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatiladi.
7. Agar ushbu Nizomda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining nikohdan o‘tgan, 35 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolari tarbiyalovchi ota-ona bo‘lishlari mumkin, quyidagi shaxslar bundan mustasno:
tarbiyalashga olinayotgan bolalar bilan qarindoshligi bo‘lganlar;
belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqatliligi cheklangan deb e’tirof etilganlar;
ota-onalik huquqlaridan mahrum etilganlar yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
o‘zlariga yuklangan majburiyatlarni zarur darajada bajarmaganlik uchun vasiylik (homiylik) majburiyatidan chetlashtirilganlar;
agar farzandlikka olish ularning aybi bilan sud tomonidan bekor qilingan bo‘lsa,
sobiq farzandlikka olganlar;
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan kasalliklar ro‘yxatiga muvofiq bolalarni tarbiyalashga olishi taqiqlanadigan kasalligi mavjud bo‘lganlar;
qasddan qilgan jinoyati uchun sudlanganlar.
Oldingi tahrirga qarang.
8. Vasiylik va homiylik organi er-xotinning arizasi asosida ariza berilgan kundan boshlab 30 kun mobaynida er-xotinning turmush sharoitlarini tekshiradi, tekshirish natijalariga ko‘ra tegishli xulosa bilan dalolatnoma tuzadi va ularni ko‘rib chiqish uchun voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaga taqdim etadi.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-iyundagi 385-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 25-son, 539-modda)
Er-xotinning turmush sharoitlari, shu jumladan turar joy maydoni, sanitariya va boshqa sharoitlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan normativlarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Tekshirish vaqtida oilaning birgalikda yashaydigan barcha a’zolarining, shu jumladan o‘zining va farzandlikka olgan bolalarining (o‘n yoshdagi bolalarning roziligi majburiydir) fikri o‘rganiladi, ish joyidan tavsifnoma so‘raladi.
(8-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-oktabrdagi 789-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 09/18/789/1993-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Tekshirish dalolatnomasi hamda vasiylik va homiylik organining xulosasi, shuningdek taqdim etilgan materiallar asosida voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiya tekshirish dalolatnomasi hamda vasiylik va homiylik organining xulosasi olingan kundan boshlab 20 kun mobaynida oilaviy bolalar uyi tashkil etish mumkinligi to‘g‘risida uzil-kesil xulosa tuzadi hamda uni vasiylik va homiylik organiga taqdim etadi.
(9-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-iyundagi 385-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 25-son, 539-modda)
Bunda tarbiyalovchi ota-ona bo‘lishni xohlovchi er-xotinning shaxsiy sifatlari, ularning sog‘lig‘i, bolalarni tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga layoqati (tayyorligi), o‘zlari bilan birga yashaydigan boshqa oila a’zolari bilan o‘zaro munosabatlari e’tiborga olinishi kerak.
Ota-onasining qarovisiz qolgan bolalarni tarbiyalashda ijobiy tajribaga va pedagogik ma’lumotga ega bo‘lgan oilalarga (farzandlikka oluvchilarga, vasiylarga, tutingan ota-onalarga) ustunlik beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaning salbiy xulosasi tuzilgan kunidan boshlab 5 kun mobaynida vasiylik va homiylik organi tomonidan arizachilarga yetkaziladi. Ayni bir vaqtda arizachiga barcha hujjatlar qaytarib beriladi va xulosa yuzasidan shikoyat qilish tartibi tushuntiriladi. Xulosa yuzasidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-iyundagi 385-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 25-son, 539-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaning xulosasi ijobiy bo‘lgan taqdirda vasiylik va homiylik organi xulosa tuzilgan kundan boshlab 5 kun mobaynida tuman (shahar) hokimiga oilaviy bolalar uyi tashkil etish taklifini hokimning tegishli qarori loyihasi bilan birga va barcha hujjatlarni ilova qilgan holda kiritadi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-iyundagi 385-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 25-son, 539-modda)
12. Tuman (shahar) hokimining oilaviy bolalar uyi tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kunidan boshlab 5 kun mobaynida er-xotinga yetkaziladi.
13. Tuman (shahar) hokimining qaroriga muvofiq oilaviy bolalar uyini tashkil qilish bo‘yicha tashkiliy masalalarni hal etish, shu jumladan oilaviy bolalar uyi ustavini tasdiqlash, oilaviy bolalar uyi rahbarini tayinlash vasiylik va homiylik organiga yuklanadi. Oilaviy bolalar uyiga rahbarlik qilish funksiyasi er-xotindan birining zimmasiga yuklanadi.
Oilaviy bolalar uyi tashkil etish uchun xizmat turar joyi ajratish tegishli uy-joy fondi mavjudligini hisobga olgan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
III. Bolalarni oilaviy bolalar uyiga
tarbiyalash uchun berish
14. Bolalar oilaviy bolalar uyiga tuman (shahar) hokimining qarori hamda vasiylik va homiylik organining tegishli yo‘llanmasi asosida beriladi.
Bolalarni oilaviy bolalar uyiga berish uchun tanlab olish er-xotin tomonidan vasiylik va homiylik organlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
141. Oilaviy bolalar uylariga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalarga (yigirma besh yoshga to‘lmagan) O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchi va xodimlari biriktiriladi.
Biriktirilgan harbiy xizmatchi va xodimlar vasiylik va homiylik organlari bilan hamkorlikda bir oyda kamida bir marotaba bolalar bilan suhbatlar o‘tkazish asosida ularning ta’lim-tarbiya olish ahvolini va maishiy shart-sharoitlarini o‘rganadi, shuningdek, mavjud muammolarni bartaraf etish, ularni ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga qaytarish, vasiy yoki homiy tayinlash, farzandlikka berish va joylashtirishning boshqa shakllarini qo‘llash choralarini ko‘rib boradi.
(14
1-band
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-oktabrdagi 656-sonli qaroriga
asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.10.2021-y., 09/21/656/0996-son)
15. Er-xotinning bolani tarbiyalashga berish to‘g‘risidagi iltimos bilan bola yashayotgan (joylashgan) joydagi vasiylik va homiylik organiga qilgan murojaatnomasi tuman (shahar) hokimining qaror qabul qilishi uchun asos hisoblanadi.
Murojaatnomaga tuman (shahar) hokimining oilaviy bolalar uyi tashkil etish to‘g‘risidagi qarori nusxasi ilova qilinadi.
16. Tarbiya va tibbiyot, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalaridan yoki ularning idoraviy mansubligidan va tashkiliy shaklidan qat’i nazar, boshqa shunga o‘xshash muassasalardan bolani tanlab olishda ushbu muassasalarning ma’muriyati bolani oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun olishni xohlovchi er-xotinni bolaning shaxsiy yig‘majildi va uning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy xulosa bilan tanishtirishi shart.
Muassasa ma’muriyati bola to‘g‘risida taqdim etilayotgan ma’lumotlarning ishonchliligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
17. Oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun ota-onasining qarovisiz qolgan tug‘ilganidan boshlab o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalar beriladi.
Bolani oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun berishda vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlariga amal qiladi.
Bolani oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun berish uning fikrini hisobga olgan holda (10 yoshdan boshlab — faqat uning roziligi bilan) hamda bola yashayotgan tarbiya yoki tibbiyot, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasasi yoki boshqa shunga o‘xshash muassasa ma’muriyati roziligi bilan amalga oshiriladi.
18. Oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun kamida besh nafar, lekin ko‘pi bilan o‘n nafar bola beriladi. Bunda yangidan tashkil etilgan oilaviy bolalar uyiga bir yo‘la kamida besh nafar bola beriladi. Qolgan bolalar ularning tanlab olinishiga qarab berilishi mumkin.
Oilaviy bolalar uyidagi bolalarning, shu jumladan nikohdan o‘tgan er-xotinning qaramog‘idagi o‘zining va farzandlikka olgan bolalarining umumiy soni o‘n ikki nafardan oshmasligi kerak.
Oilaviy bolalar uyidan bolalarning 18 yoshga to‘lishi yoxud boshqa sabablar bo‘yicha ketishiga qarab unga yangi bolalar olinishi mumkin.
Agar tarbiyalovchi ota-onalar yoxud ulardan bittasi 55 yoshga to‘lsa, shuningdek bu — bola manfaatiga zid bo‘lsa, u holda oilaviy bolalar uyiga yangi bolalar olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tarbiyalovchi ota-onalar yoxud ulardan bittasi 55 yoshga to‘lsa, oilaviy bolalar uyi o‘z faoliyatini tarbiyalanuvchi bolalar o‘n sakkiz yoshga to‘lgungacha yoxud ular boshqa sabablarga ko‘ra ketgungacha amalga oshiradi.
19. O‘zaro qarindosh bo‘lgan bolalar, qoidaga ko‘ra bitta oilaviy bolalar uyiga beriladi, ular tibbiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha yoki boshqa sabablarga ko‘ra birga tarbiyalanishi mumkin bo‘lmagan hollar bundan mustasno.
20. Oilaviy bolalar uyiga berilayotgan har bir bolaga vasiylik va homiylik organlari yoki bola ularning qo‘lida bo‘lgan tarbiya,
davolash muassasasi, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasasi va boshqa shunga o‘xshash muassasa quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma;
b) bolaning rivojlanishi tarixidan (yangi tug‘ilgan chaqaloq tarixidan) sog‘lig‘i to‘g‘risida ko‘chirma va psixonevrologning xulosasi,
v) ma’lumoti to‘g‘risidagi tegishli hujjat (maktab yoshidagi bolalar uchun);
g) bolaning yashash sharoitlarini tekshirish dalolatnomasi;
d) ota-onalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (o‘lim to‘g‘risidagi guvohnoma, sudning hukmi yoki qarori, kasallik, ota-onalar qidiruvi to‘g‘risida ma’lumotnoma va ota-onalarning yo‘qligini yoki ular o‘z bolalarini tarbiyalay olmasligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlar);
e) aka-ukalar va opa-singillar, boshqa yaqin qarindoshlar borligi va ular qayerda ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
j) bolaga tegishli mol-mulk ro‘yxati va ushbu mol-mulk saqlanishi uchun javob beradigan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
z) balog‘atga yetmagan bola ilgari egallab turgan turar joyning unga biriktirilishi, uy-joyga va (yoki) boshqa mol-mulkka mulk huquqi to‘g‘risidagi hujjatlar;
i) aliment undirish to‘g‘risida sud qarorining nusxasi, pensiya olish huquqini
tasdiqlaydigan hujjatlar, pensiya oladigan bolaga pensiya guvohnomasi, bolaning nomiga ochilgan qimmatli qog‘ozlar, bank hisob raqami mavjudligi to‘g‘risidagi hujjatlar.
Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar bola oilaviy bolalar uyiga qabul qilingandan keyin ikki hafta muddatdan kechikmay bevosita tarbiyalovchi ota-onalarga beriladi.
Bolaning oilaviy bolalar uyida bo‘lishi muddati bolaning yashash joyi (turgan joyi)dagi vasiylik va homiylik organi bilan oilaviy bolalar uyi o‘rtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi.
IV. Tarbiyalovchi ota-onalar va tarbiyalanuvchi bolalarning huquq va majburiyatlari
21. Tarbiyalovchi ota-onalar tarbiyalanuvchi bolalarning qonuniy vakillari hisoblanadi, ularning huquqlari va manfaatlarini, shu jumladan sudda, maxsus vakolatlarsiz himoya qiladi.
Tarbiyalovchi ota-onalar tarbiyalanuvchi bolalarga nisbatan vasiylar (homiylar) sifatida huquqlarga ega bo‘ladilar va javob beradilar.
22. Tarbiyalovchi ota-onalar:
bolani tarbiyalashga;
uning tinch-xotirjamligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishga (sog‘lig‘i, ma’naviy va jismoniy rivojlanishiga);
bolaning ta’lim olishi, shu jumladan kasb-hunar ta’limi olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga, uni mustaqil hayotga tayyorlashga hamda uning huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashga majburdir.
23. Tarbiyalovchi ota-onalarning huquqlari tarbiyalanuvchi bolalarning huquqlariga zid ravishda amalga oshirilishi mumkin emas.
24. Tarbiyalovchi ota-onalar bolalarni tarbiyalashda qonun hujjatlariga va xalqaro normalarga qat’iy amal qiladilar.
O‘z majburiyatlarini buzishda aybdor bo‘lgan ota-onalar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
25. Tarbiyalovchi ota-onalar uzoq vaqt kasal bo‘lganda yoki ular vafot etgan taqdirda vasiylik va homiylik organlari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bilan birgalikda hujjatlarni ushbu oilaning qo‘yiladigan barcha talablarga javob beradigan boshqa a’zosiga belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirish va uni tarbiyalovchi ota-ona deb tayinlash yoxud tarbiyalanuvchi bolalarni joylashtirishninng boshqa shakllarini belgilash huquqiga egadir.
26. Oilaviy bolalar uyiga berilgan bola, agar bu bolaning (bolalarning), normal kamol topishi, tarbiyalanishiga zid bo‘lmasa, o‘z ota-onalari, qarindoshlari bilan shaxsiy aloqada bo‘lish huquqiga egadir. Ota-onalarning tarbiyalanuvchi bolalar bilan aloqa qilishiga tarbiyalovchi ota-onalarning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Nizoli holatlarda tarbiyalanuvchi bolalar
bilan uning ota-onalari, qarindoshlari va tarbiyalovchi ota-onalar o‘rtasidagi muomala tartibi vasiylik va homiylik organlari tomonidan, bunday kelishuv bo‘lmagan taqdirda – sud tomonidan hal etiladi.
Oilaviy bolalar uyiga berilgan bolani farzandlikka olish yoki uni o‘z ota-onalariga yoxud qarindoshlariga qaytarish hokimning qarori bilan amalga oshiriladi.
27. Oilaviy bolalar uyiga berilgan bola o‘ziga berilishi kerak bo‘lgan alimentga, ijtimoiy nafaqalarga, pensiyaga (boquvchisini yo‘qotgandagi holat, nogironlik bo‘yicha) va qonun hujjatlarida ota-onalarning homiyligisiz qolgan bolalar uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ijtimoiy imtiyozlar va kafolatlarga bo‘lgan huquqni o‘zida saqlab qoladi.
Tarbiyalovchi ota-onalarning bolaga tegishli bo‘lgan yuqorida aytib o‘tilgan mablag‘lardan foydalanishi taqiqlanadi.
28. Tarbiyalovchi ota-onalar tarbiyalanuvchi bolalarning mol-mulki (shu jumladan uy-joyi) joylashgan joydagi vasiylik va homiylik organlari bilan birgalikda mol-mulkdan foydalanishi va saqlanishi ustidan nazorat qilinishini ta’minlaydilar.
29. Bolalarni oilaviy bolalar uyiga joylashtirish tarbiyalovchi ota-onalar bilan tarbiyalanuvchi bolalar o‘rtasida aliment bilan bog‘liq va oila to‘g‘risidagi qonunlarda nazarda tutilgan meros bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar kelib chiqishiga olib kelmaydi.
30. Oilaviy bolalar uyidan chiqib ketishda yoki tarbiya, davolash muassasasiga, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasasiga va boshqa shunga o‘xshash muassasaga o‘tkazishda bolaga oilaviy bolalar uyida bo‘lganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va mazkur Nizomning 20-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar beriladi.
31. Tarbiyalanuvchi bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish oilaviy bolalar uyi joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasining tibbiyot xodimlari tomonidan ta’minlanadi.
32. Tarbiyalanuvchi bolalar ta’lim muassasalarida umumiy asosda o‘qiydilar.
33. Vasiylik va homiylik organlari oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun berilgan bolaning tinch-xotirjamligi, sog‘lig‘i (sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda) va kamol topishi, uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini har oyda nazorat qiladilar.
V. Oilaviy bolalar uyi ta’minoti va uni moddiy-texnik ta’minlash
34. Oilaviy bolalar uyi ta’minoti va uni moddiy-texnik ta’minlash davlat budjeti mablag‘lari, budjetdan tashqari mablag‘lar, ham O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari, ham norezidentlari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar hisobiga amalga oshiriladi.
35. Oilaviy bolalar uyining buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish xalq ta’limi muassasalarini moliyalashtirish tegishli bo‘limlari tomonidan shartnoma asosida bepul amalga oshiriladi.
36. Oilaviy bolalar uyi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin hududiy moliya organlari oilaviy bolalar uyining shtat jadvalini va xarajatlar smetasini ro‘yxatdan o‘tkazadi.
37. Har bir tarbiyalanuvchi bolaning ta’minoti uchun “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari uchun tasdiqlangan normativlarga muvofiq har oyda oilaviy bolalar uyiga:
oziq-ovqat mahsulotlari,
kiyim-kechak, poyabzal, yumshoq jihozlar, xo‘jalik yuritishga, shaxsiy gigiyenaga, o‘yinga mo‘ljallangan buyumlar, o‘yinchoqlar, kitoblar sotib olishga;
sog‘lomlashtirish, ta’lim va madaniy-ommaviy tadbirlarga pul mablag‘lari to‘lanadi.
Oilaviy bolalar uyiga tarbiyalash uchun bir yilga va undan ko‘p vaqtga berilayotgan bolaga mebel va zarur jihozlar sotib olish uchun mablag‘lar ajratiladi.
38. Oilaviy bolalar uylari xarajatlari smetalarida kommunal xizmatlarga (tabiiy gaz, issiq suv, sovuq suv, kanalizatsiya va foydalanish xarajatlari uchun), elektr energiyasiga haq to‘lashga budjet mablag‘lari nazarda tutiladi, oilaviy bolalar uylarining boshqa xarajatlari esa (joriy va mukammal ta’mirlash) budjetdan tashqari mablag‘larni va boshqa mablag‘larni jalb etish hisobiga amalga oshiriladi.
39. Oilaviy bolalar uyi muassasalarning ushbu toifasi uchun qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanadi.
40. Budjetning g‘azna ijrosiga o‘tmagan mintaqalarda oilaviy bolalar uyi ta’minotiga ajratiladigan pul mablag‘lari har oyda belgilangan muddatlarda uning bank hisob raqamlariga o‘tkaziladi.
G‘azna ijrosiga o‘tgan mintaqalarda oilaviy bolalar uylari xarajatlarini davlat budjeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtirish uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarajatlar smetasi asosida G‘aznachilik bo‘linmalarida g‘azna hisob raqamlari ochiladi.
Budjetdan tashqari mablag‘larni o‘tkazish uchun oilaviy bolalar uylari alohida bank hisob raqamlari ochishga haqlidir.
41. Oilaviy bolalar uyiga berilgan bolalar ta’minoti mablag‘lari qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha normalar va imtiyozlar hisobga olingan holda to‘liq hajmda to‘lanishi kerak. Tamom bo‘lgan moliyaviy yil uchun biror-bir sabab bilan to‘lanmagan pul mablag‘lari keyingi moliyaviy yilda to‘lanishi kerak.
Yil mobaynida foydalanilmagan mablag‘lar olib qo‘yilmaydi va ulardan keyingi yilda o‘sha maqsadlar va bolalarning ehtiyojlari uchun foydalaniladi.
42. Tarbiyalovchi ota-onalar mehnatiga haq to‘lash, ularni moddiy rag‘batlantirish hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar belgilangan tartibda davlat budjeti hisobiga amalga oshiriladi.
Oilaviy bolalar uyining tarbiyalovchi ota-onalariga mehnatga haq to‘lash shartlari, har yilgi ta’tillar berish, shuningdek “Mehribonlik” uylari tarbiyalovchilari uchun belgilangan
imtiyozlar va kafolatlar, shu jumladan moddiy rag‘batlantirishning amaldagi turlari joriy etiladi.
43. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga mo‘ljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 25-yanvardagi 33-son qarorida yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar oilaviy bolalar uyiga berilgan bolalarga ham joriy etiladi.
44. Oilaviy bolalar uyi mol-mulkni va pul mablag‘larini, shu jumladan hadya sifatida olingan mol-mulk va pul mablag‘larini, xayriyalar, homiylik mablag‘lari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa manbalar mablag‘larini o‘z xohishiga ko‘ra faqat bolalarning ehtiyojlari uchun tasarruf qilishga haqlidir.
45. Oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchi bolalar uchun sanatoriylar, dam olish uylari, sog‘lomlashtirish oromgohlariga imtiyozli, shu jumladan bepul yo‘llanmalar olish huquqiga egadir.
46. Oilaviy bolalar uyini moddiy qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalanuvchi bolalarni mustaqil hayotga va mehnatga tayyorlash maqsadida oilaviy bolalar uyi vasiylik va homiylik organi bilan kelishgan holda tadbirkorlik faoliyatini yoki qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyatni tashkil etishga haqlidir.
47. Budjetdan ajratilgan mablag‘lar hisobi va ulardan foydalanish bo‘yicha hisobot soddalashtirilgan usulda, ya’ni tushgan va sarflangan davlat budjeti mablag‘lari hisobotda aks ettirilgan holda yuritiladi.
Oylik va choraklik hisobotlar xalq ta’limi muassasalarini moliyalashtirishning tegishli bo‘limlariga topshiriladi.
VI. Yakunlovchi qoidalar
48. Oilaviy bolalar uyining maqomi oxirgi tarbiyalanuvchi bola balog‘atga yetgungacha va ishga joylashgunga qadar saqlanadi.
49. Oilaviy bolalar uyini tugatish va qayta tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Agar oilaviy bolalar uyi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab uch oy mobaynida unga bolalarni tarbiyalash uchun berish ta’minlanmasa, u tugatiladi.
Oilaviy bolalar uyi tugatilayotganda tarbiyalanuvchi bolalar qonun hujjatlariga muvofiq joylashtirilishi kerak.
50. Oilaviy bolalar uyi faoliyati to‘xtatilgan taqdirda uning balansida bo‘lgan davlat budjeti mablag‘lari hisobiga sotib olingan asosiy aktivlar tuman (shahar) hokimining qarori bo‘yicha “Mehribonlik” uylari balansiga bepul beriladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 31-32-son, 318-modda; 2017-y., 25-son, 539-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 09/18/789/1993-son;
Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.10.2021-y., 09/21/656/0996-son)