1. Ijtimoiy-madaniy masalalar / Nikoh va oila. Fuqarolik holati dalolatnomalari]



Yüklə 99,6 Kb.
səhifə1/4
tarix02.01.2022
ölçüsü99,6 Kb.
#45968
  1   2   3   4
PQ-3827 02.07.2018-1




[OKOZ:

1.04.00.00.00 Oila qonunchiligi / 04.08.00.00 Oila, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Nikoh va oila. Fuqarolik holati dalolatnomalari]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Qarori

Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Mamlakatimizda fuqarolarning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka doir huquqlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, shaxsga o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun samarali mexanizmlar yaratilgan, umuman jamiyat manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlaydigan sud-huquq tizimi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.



Bundan tashqari, jamiyatning poydevori sifatida oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, oila manfaatlarini himoya qilishning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini kuchaytirish, uning xavfsizligini va uyg‘unligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ko‘rilgan choralar xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga shak-shubhasiz rioya qilish, ma’naviy-axloqiy asoslarni va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash uchun poydevor yaratdi.

Respublikada og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan jismoniy, axloqiy yoki mulkiy zarar yetkazish natijasida sodir etilgan huquqbuzarliklar tufayli jabr ko‘rgan shaxslarga ko‘maklashish va har tomonlama yordam ko‘rsatish bo‘yicha infratuzilmani yaratish alohida ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, amaliyotda fuqarolarning, eng avvalo, yordamga muhtoj xotin-qizlarning huquqlarini qo‘shimcha ravishda ta’minlash, davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan ommaviy axborot vositalari bilan amaliy munosabatlarini kuchaytirish, mazkur masalalarda jamoatchilik nazorati joriy etilishini davom ettirish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar ko‘rishni talab qiladigan ayrim muammolar va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni inobatga olgan holda:

1. O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning, shu jumladan xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi kafolatlangani, shuningdek, qiynoqqa solganlik, zulm qilganlik va boshqacha tarzda shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini tahqirlovchi muomalada bo‘lganlik uchun javobgarlik belgilab qo‘yilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni hamda jamiyatdagi va oiladagi ma’naviy-axloqiy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa holatlarni qo‘zg‘ata oladigan oilaviy va shaxslararo nizolarning, depressiv vaziyatlarning erta oldini olish, shuningdek, ushbu jarayonda keng jamoatchilik ishtirok etishini ta’minlash;

ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimini yo‘lga qo‘yishda, yuzaga keladigan nizoli vaziyatlarni, birinchi navbatda oilaviy-maishiy nizoli vaziyatlarni hal qilishda davlat organlarining o‘zaro hamkorligini, shu jumladan fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlik tizimini shakllantirish;

nizoli vaziyatlarning erta oldini olishga, eng avvalo, “xavf ostidagi guruh”da bo‘lgan shaxslar va oilalarni aniq maqsadda qo‘llab-quvvatlash orqali ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimini takomillashtirishga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb qilish;

nizoli vaziyatlar, shu jumladan oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish sabablarini, o‘z joniga qasd qilish kayfiyatini qo‘zg‘atadigan omillarni aniqlash hamda o‘rganish, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;

jamiyatda oilaviy-maishiy tusdagi zo‘rlik ishlatishning har qanday ko‘rinishiga nisbatan, birinchi navbatda, yaqin qarindoshlar tomonidan murosasiz munosabat muhitini, shu jumladan jazo muqarrarligini ta’minlash, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash orqali qaror toptirish;

jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, oilaviy va shaxslararo munosabatlar sohasida qonuniylikni mustahkamlash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish jarayonlariga daxldorlik hissini kuchaytirish.

3. Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining zimmalariga Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

4. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi (keyingi o‘rinlarda — “Oila” markazi), “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi, “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi, “Sen Yolg'iz Emassan” respublika ijtimoiy bolalar jamg‘armasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining quyidagilar to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarga o‘z vaqtida va manzilli yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish, o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va unga erta barham berish maqsadida nodavlat notijorat tashkiloti shaklida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazini (keyingi o‘rinlarda — Respublika markazi) tashkil etish;

ta’sischilar mablag‘larini, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalarni Respublika markazining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilash.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga Respublika markazining buyurtmanomalari asosida uning asosiy vazifalarini bajarish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni har yili nazarda tutish tavsiya etilsin.

5. Respublika markazining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari quyidagilardan iborat ekanligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:

og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan shaxslarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish;

o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan yoki o‘z joniga qasd qilgan shaxslar bilan birlamchi va izchil profilaktika tadbirlarini o‘tkazish;

nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish hollarini va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni erta bartaraf etish maqsadida davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qilish organlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolar bilan o‘zaro samarali hamkorlik o‘rnatish;

ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha hududiy davlat va nodavlat muassasalarining faoliyatini tashkil etishda, ularning moddiy-texnik va uslubiy bazasini mustahkamlashda, mazkur muassasalarning kadrlar salohiyatini shakllantirish va qo‘llab-quvvatlashda, muhtoj shaxslarga, shu jumladan “ishonch telefoni” orqali maslahat berish tizimini yaratish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish;

dolzarb ijtimoiy muammolarni aniqlash maqsadida vaqti-vaqti bilan jamoatchilik fikrini o‘rganish, ularning asosida nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni bartaraf etishga doir dasturlar va uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishni va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni, ularning kelib chiqishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni tahlil qilish hamda umumlashtirish, axborot-tahliliy materiallarni, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmog‘ida tarqatish orqali ushbu sohadagi muammolar haqida jamoatchilikning xabardor etilishini ta’minlash;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qilish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari uchun nizoli vaziyatlarni, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishni va o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan amaliyotlar, seminar va treninglar o‘tkazish.

6. Toshkent shahar hokimligi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Respublika markazini joylashtirish uchun bepul foydalanish huquqi asosida bino ajratilishini, shuningdek, u zarur mebel, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va boshqa moddiy-texnik resurslar bilan jihozlanishini ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining quyidagilar to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin:

a) O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari huzurida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarini (keyingi o‘rinlarda — Markazlar) bosqichma-bosqich tashkil etish. Bunda quyidagilar nazarda tutilsin:

birinchi bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida bittadan Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

ikkinchi bosqichda tumanlar (shaharlar) ehtiyojlaridan kelib chiqib, shu jumladan tumanlararo tamoyil asosida mintaqalardagi Markazlar sonini oshirish;

uchinchi bosqichda respublikaning tumanlarini (shaharlarini) imkon qadar qamrab olgan holda Markazlar faoliyatini ta’minlash;

b) O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va BMTTDning “Davlat boshqaruvida ishtirok etish uchun xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy hayotda ularning faolligini oshirish” deb nomlangan qo‘shma loyihasi doirasida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishni oldini olish bo‘yicha dastlabki markazni tashkil etishga doir loyihani eng yaxshi xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda amalga oshirish;

v) davlat-xususiy sherikligi usullaridan keng foydalanish, shu jumladan Markazlarning faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatilishining oldini olish tizimini takomillashtirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlarini va xalqaro (xorijiy) tashkilotlarni jalb qilish.

Belgilab qo‘yilsinki, Markazlar birinchi navbatda tashkil etiladigan tumanlar (shaharlar) ro‘yxati O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli hokimliklar bilan kelishilgan holda aniqlanadi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Markazlar tashkil etilishiga qarab, ushbu markazlarni mazkur vazirliklar huzurida faoliyat ko‘rsatadigan shunga o‘xshash vazifa va funksiyalarni bajaruvchi reabilitatsiya qilish va moslashtirish muassasalarini optimallashtirish hisobiga tegishli mutaxassislar bilan ta’minlasin.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy organlari bilan birgalikda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining murojaatlariga muvofiq tashkil etiladigan Markazlarning to‘laqonli faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida ularning joylashtirilishini, jihozlanishini tashkil etsin hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal qilsin.

10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi fuqarolar bilan o‘zaro aloqani amalga oshirish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, qo‘shimcha yordam ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar to‘g‘risida maslahat berish va axborot taqdim etish uchun mo‘ljallangan “ishonch telefoni”ni (respublika doirasida yagona qisqa raqam bo‘yicha hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan “tezkor aloqa”ni) tashkil etish maqsadida Markazlarni, shu jumladan Respublika markazini ko‘p kanalli telefon aloqasi bilan ta’minlashda ko‘mak bersin.

11. Belgilab qo‘yilsinki, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari quyidagi masalalar yuzasidan Markazlar bilan hamkorlik qiladi:

nizoli vaziyatlar, shu jumladan oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishni o‘z vaqtida aniqlanishini, bartaraf etilishini va oldi olinishini ta’minlash, ularning oqibatlarini, shuningdek, bunday turdagi xatti-harakatlar sodir etilishiga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;

og‘ir ijtimoiy ahvoldagi shaxslarga, birinchi navbatda, oilaviy nizolarni hal qilish orqali ta’sirchan yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq maqsadli ishlarni amalga oshirish;

jamiyatda oilaviy-maishiy sabablarga ko‘ra sodir etilgan zo‘rlik ishlatishning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabat muhitini shakllantirish maqsadida nizoli vaziyatlarning, shu jumladan oiladagi nizoli vaziyatlarning erta oldini olish bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini tashkil etish.

12. Vazirliklar va idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, shuningdek, xo‘jalik boshqaruvi organlari Markazlar, shu jumladan Respublika markazi bilan yaqin o‘zaro hamkorlik olib borilishini, ularda yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur qulay shart-sharoitlar yaratilishini, o‘z vaqtida zarur yordam berilishini, aniq choralar ko‘rgan holda ularning murojaatlari ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xalqaro aloqalarni amalga oshirishda, xorijda ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatishda, xalqaro (xorijiy) tashkilotlar va ularning vakolatxonalari bilan bitimlar tuzishda Respublika Markaziga va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga har tomonlama ko‘maklashsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda “Maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Qonun loyihasida quyidagi masalalar nazarda tutilsin:

maishiy zo‘rlik ishlatish tushunchasini ta’riflash, zo‘rlik ishlatiladigan holat turlarini ajratib ko‘rsatish;

vakolatli organlarning vazifalari va funksional majburiyatlarini belgilash;

maishiy zo‘rlik ishlatishning erta oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlikni farqlash;

muayyan taqiqlar o‘rnatishni, shu jumladan jabrlanganlar bilan muloqot qilishga, ularning ish joyiga, o‘qish joyiga, yashash joyiga borishga taqiqlar qo‘yishni va ularni himoya qilish bo‘yicha boshqa chora-tadbirlarni nazarda tutadigan himoyaviy ko‘rsatmalar institutini joriy etish;

sudgacha va sud tekshiruvi jarayonida maishiy zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni himoya qilishga qaratilgan maxsus protsessual kafolatlarni joriy etish.

15. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:

oilaviy-maishiy sohada qonuniylikni va har bir oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish, shaxsiy hayotga aralashuv holati bo‘yicha javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarning qonun hujjatlariga muvofiq e’tirozsiz va qarshiliksiz odil sudlovdan foydalanishini va to‘liq himoya qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rsin;

Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga nizoli vaziyatlarda va oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatish aniqlangan hollarda samarali harakat qilish o‘rgatilishini ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “xavf ostidagi guruh”da bo‘lgan oila a’zolariga nisbatan har bir zo‘rlik ishlatilgan holat haqida huquqni muhofaza qilish organlarini, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalarini va “Oila” markazini zudlik bilan xabardor qilishni ta’minlasin.

17. Adliya vazirligi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

Markazlar, shuningdek, ularning tuzilmalari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

18. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ushbu qarorning mazmun-mohiyati keng yoritilishini va aholiga yetkazilishini ta’minlasin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.K. Narbayeva, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 2-iyul,

PQ-3827-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-iyuldagi PQ-3827-son qaroriga


ILOVA

Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar

DASTURI


Yüklə 99,6 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin