Ilk bolalik davrida fiziologik va jismoniy rivojlanish, harakat
Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning psixologik xususiyatlari
Sensor taraqqiyot bosqichlari va ularning bola faoliyati bilan aloqasi. Bolaning bog‘cha yoshidagi davri sezgi a’zolari va idrokining intensiv rivojlanish davri hisoblanadi. Bolalar sezgi va idroklarining yordami bilan tevarak-atrofdagi narsalarning shaklan katta-kichikligini va ranglarini bilib oladilar. Ularning sezgi a’zolari (ko‘rish, eshitish, hid, ta’m-teri, taktil) va idroklari dunyoni bilish qurolidir. Shuning uchun bolalarning psixik taraqqiyotlari asosan ana shu yuqoridagi sezgi a’zolari va idroklarining taraqqiyotiga bog‘liq. Ana shuning uchun ham hozirgi kunda bog‘chada bolalarga beriladigan sensor tarbiyaning roli nihoyat darajada ortib bormoqda. Bu yerda shunday bir savol tug‘iladi. Sensor tarbiya deganda nimani tushunamiz? Sensor tarbiya aqliy tarbiyaning bir bo‘lagi bo‘lib, biz bunda sezgi a’zolari va idrokni maqsadga muvofiq ravishda rivojlantirish va mukammallashtirishni tushunamiz. Bolalar tarbiyachining rahbarligi ostida turli mashg‘ulotlarda narsalarning har xil xususiyatlarini, qattiq-yumshoqligini, rangini, shaklini qayta-qayta idrok qilar ekanlar, ularning ongida narsalarning turli xususiyatlariga doir etalonlar (andaza, obrazlar) yuzaga keladi. Keyinchalik bolalar narsalarning xususiyatlarini, belgilarini idrok qilganlarida o‘z tasavvurlaridagi etalonlarga taqqoslab, solishtirib ko‘radilar. Shuning uchun bog‘chada bolalarga sensor tarbiya berish orqali ularda etalon tasavvurlarni hosil qilish katta ahamiyatga egadir. Sezgi a’zolari hissiy yo‘l bilan egallanadi. Ana shuning uchun sezgi a’zolarini yoshlik davridan boshlab o‘tkirlashtirish, ya’ni sensor tarbiya nihoyatda zarurdir. Odamlargagina xos bo‘lgan musiqa tovushlariga nisbatan sezgirlik, tovushlarning nozik tomonlarini anglay bilish sezgirligi, biron narsaning tekkanini seza bilish kabi nihoyatda muhim xususiyatlar bog‘chada amalga oshiriladigan sensor tarbiya orqali rivojlantiriladi. Bog‘cha yoshidagi bolalar narsalarni o‘z qo‘llari bilan bevosita ushlamasalar ham, ko‘rish va eshitish bilan qanoatla nadigan bo‘ladilar. Bolaning ko‘rish sezgisi bog‘cha yoshigacha bo‘lgan davrda juda tez takomillashadi. Shuning uchun bolaning ko‘zi katta yoshdagi odamlar ko‘ziga nisbatan uzoqni ko‘ra oladi. Agarda bolaning ko‘zi biron kasallikka uchramay, normal va sog‘lom taraqqiy etsa, ko‘rish o‘tkirligi katta yoshdagi odamlarnikiga nisbatan ikki-uch barobar ortiq bo‘ladi. Bog‘cha yoshidagi bolalar sezgisini o‘stirishda tarbiyachining roli juda kattadir. Tarbiyachi turli qiziqarli mashg‘ulotlar orqali bolalar sezgi a’zolarining sezgirlik darajasini o‘stirishga yordam berishi kerak. Bunda bolalar sezgi a’zolarini rivojlantirishga qaratilgan mashqlarni aniq va mazmunli o‘yinlar bilan bog‘lab o‘tkazish yaxshi natija beradi. Masalan, bolalarda uzoqdagi narsalarning farqini ajrata olish sezgirligini takomillashtirish uchun rangli va har xil kattalikdagi qutichalar yoki kubiklarni ma’lum uzoqlikka qo‘yib, farqini ajrata olish o‘yinini o‘tkazish mumkin. Bunda bolalarning ko‘rish sezgirliklari darajasiga qarab, kubiklar qo‘yilgan masofalarni ayrim bolalarga nisbatan uzoqlashtirish va boshqa bolalarga nisbatan esa yaqinlashtirish mumkin. Har bir tarbiyachi o‘z qo‘l ostidagi bolalar sezgi a’zolarining holatini, sezgirlik darajasini yaxshi bilishi kerak. Turli mashg‘ulotlarni tashkil qilishda buning ahamiyati juda kattadir. Ba’zi bolalarda kamqonlik yoki boshqa bir sabab tufayli ko‘rish sezgirligi zaif bo‘ladi. Ayrim tarbiyachilar esa buni o‘z vaqtida aniqlamaydilar, natijada bola aybsiz bo‘lsa ham tarbiyachidan tez-tez dakki yeb turadi. Masalan, tarbiyachi rasm bilan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda (rasmga qarab so‘zlab berish) ko‘rish sezgirligi zaif bolani orqaroqqa o‘tqazib qo‘yishi mumkin. Natijada bola rasmdagi ayrim detallarni mutlaqo ko‘rmaydi yoki g‘ira-shira ko‘rsa ham, ajrata olmaydi. Tarbiyachi esa, bolada ko‘rish sezgirligining zaifligini bilmay, uni diqqatsizlikda ayblab, urisha boshlaydi.
Bola uch yoshga to‘lib bog‘chaga qatnay boshlagach, birinchidan, bolaning faoliyat darajasi juda kengayib ketadi, ikkinchidan, nutqi g‘oyat zudlik bilan o‘sa boradi. Buning natijasida bola juda ko‘p narsalar bilan mustaqil hamda bevosita munosabatda bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bola hayotidagi bu o‘zgarish o‘z navbatida uning idrokiga ta’sir etmay qolmaydi. Ular kundalik faoliyatlari davomida juda ko‘p narsalar bilan to‘qnashadilar. Shunday bo‘lishiga qaramay katta yoshdagi bog‘cha bolalari ham o‘zlari idrok etayotgan narsalarning nima ekanligini har doim kattalarning yordamisiz bilavermaydilar. Bog‘cha yoshidagi bolalar idrokida ikkinchi signallar sistemasi (nutq)ning roli nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, tevarak-atrofdagi narsalarni anglab idrok qilishda faqat narsaning o‘zigina emas, balki uning nomi ham birga qatnashadi. Bolalar idrokini takomillashtirish maqsadida uyushtiriladigan ekskursiyalarda (hayvonlar va o‘simliklar dunyosi bilan tanishtirishda) bolalar idrokida ikkinchi signallar sistemasining rolini oshirishga intilish kerak. Chunki, qo‘zg‘atuvchilarning (ya’ni ekskursiya paytida ko‘rsatilayotgan narsalarning) ayni bir paytda har ikkala signallar sistemasiga barobar ta’sir etishi idrok qilinayotgan narsalarning butun va to‘la-to‘kis aks etishini ta’minlaydi. Bog‘cha yoshidagi bolalar idrokining xarakterli tomonlaridan biri shundaki, ular turli narsalarni idrok qilishda bu narsalarning ko‘zga tashlanib turadigan belgilariga asoslanadilar. Biroq tajribalari hali yetarli bo‘lmagani, ya’ni ko‘p narsalarning mohiyatiga mutlaqo tushuna olmasliklari tufayli narsalarning mohiyati bilan bog‘liq bo‘lgan eng muhim va umumiy belgilarni aks ettira olmaydilar. Ular narsalarni idrok qilishda faqat aniq tasavvurlarga asoslanadilar. Shu sababli bog‘cha yoshidagi (xususan kichik bog‘cha yoshidagi) bolalar uchun narsalarning eng asosiy va muhim belgilari ularning rangi va shaklidir. Bog‘cha yoshidagi bolalar shuning uchun ham o‘xshash narsalarning shaklini bir-biridan bemalol ajrata oladilar. Lekin, bog‘cha yoshidagi kichik bolalar (kichkina guruh bolalari) narsalarning shaklini farqlashda biroz qiynaladilar. Chunonchi, kichik yoshdagi bog‘cha bolalariga mavhum geometrik shakllar yoki ularning rasmi ko‘rsatilsa, ular bu shakllarni o‘zlariga ma’lum bo‘lgan aniq narsalar bilan bog‘lab, ya’ni predmetlashtirib idrok qilishga intiladilar. Masalan, ular aylanani «g‘ildirak», to‘rtburchakni «deraza» yoki «eshik» deb ataydilar.
Maktabgacha yoshidan boshlab bolalarda ixtiyoriy diqqat rivojlana boshlaydi. Biroq maktabgacha kichik yoshdagi bolalarda ixtiyorsiz diqqat ustunlik qiladi. Maktabgacha kichik yoshdagi bolalarda kun sayin paydo bo‘ladigan yangi-yangi qiziqishlar, o‘yin faoliyatlarining xilma-xil bo‘la borishi ularda ixtiyorsiz diqqatni asta-sekin takomillashtirib boradi. Maktabgacha ta’lim muassasasi tomonidan talab etiladigan tartiblarga bo‘ysunish, qoidali o‘yin shartlarini so‘zsiz bajarish, kattalarning topshiriqlarini chidam va qunt bilan ado etish kabi hollar maktabgacha yoshdagi bolalarda diqqatning ixtiyoriy turini rivojlantiradi. Bolalarda ixtiyoriy diqqatni rivojlantirishda o‘yinning roli juda kattadir. Chunki, turli o‘yinlar paytida bolalar diqqatlarini bir joyga to‘plab, o‘z tashabbuslari bilan ma’lum maqsadlarni ilgari suradilar. O‘yinlarning qanday qoidalar asosida o‘ynalishini o‘zlari mustaqil ravishda tanlab oladilar. O‘yin qoidasidan chetga chiqib ketmaslik uchun o‘z harakatlarini o‘yin qoidalariga moslashtirishga va o‘yinda qatnashuvchi o‘rtoqlarining harakatlarini ham kuzatib borishga tirishadilar. Ana shunday o‘yinlarda ixtiyorsiz diqqat bilan birga ixtiyoriy diqqat ham aktiv ishtirok etadi. Bolalarning o‘yin faoliyatlari ularda ixtiyoriy diqqatning rivojlana boshlashi uchun sharoit yaratib beradi. Shuni ham nazarda tutish kerak-ki, ixtiyoriy diqqat iroda bilan bog‘liq, shuning uchun ham bolalar diqqatning bu turini o‘zlaricha mustaqil tashkil eta olmaydilar. Dastlabki paytlarda diqqatning ixtiyoriy turini har xil savollar va topshiriqlar berish yo‘li bilan rivojlantirib borish kerak. Maktabgacha yoshdagi bolalarda diqqatning ayrim xususiyatlari, ya’ni diqqatning kuchi va barqarorligi ham tarkib topa boshlaydi. Buni biz bolalarning (xususan o‘rta va katta guruh bolalarining) bir ish ustida uzoq vaqt davomida o‘tira olishlaridan, ba’zi o‘yinlarni zerikmay soatlab o‘ynay olishlaridan, ta’limiy mashg‘ulotlarda chidam bilan o‘tira olishlaridan ko‘rishimiz mumkin. Maktabgacha yoshdagi bolalar diqqatining rivojlanishi faqat MTM dagi sharoitgagina emas, balki ko‘p jihatdan oiladagi sharoitga ham bog‘liqdir.
Bog‘cha yoshidagi bolalar o‘zlarining faoliyatlari uchun qandaydir ahamiyatga ega bo‘lgan, ularda kuchli taassurot qoldirgan va ularni qiziqtirgan narsalarni beixtiyor eslarida olib qolaveradilar. Ular biror narsani eslarida olib qolishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ymaydilar va hali maqsad qo‘yishni uddasidan ham chiqa olmaydilar. Maktabgacha yoshdagi bolalarda asosan ixtiyorsiz esda olib qolishning hukmron bo‘lishi tasodifiy hol emas. Buning o‘z sabablari bor. Har bir tarbiyachi pedagog bolalar xotirasiga doir xususiyatlarni yaxshi bilishi kerak. Ana shunda bolalar xotirasini to‘g‘ri rivojlantirish mumkin. Bog‘cha yoshidagi bolalar xotirasining katta odamlar xotirasidan keskin farqi, avvalo ular oliy nerv faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liqligidadir. Bir qator rus psixologlari tomonidan o‘tkazilgan ilmiy tekshirish ishlari natijalarining ko‘rsatishicha, bog‘cha yoshidagi bolalar oliy nerv faoliyati quyidagi maxsus xususiyatlarga ega. Birinchidan, bog‘cha yoshidagi bolalarning nerv sistemasi xuddi ilk yoshdagi bolalar nerv sistemasi kabi juda plastik xarakterga egadir, ya’ni ularning nerv sistemalari haddan tashqari egiluvchan, ta’sirotga beriluvchandir. Shuning uchun ham bu yoshdagi bolalarda vaqtli bog‘lanishlar (assotsiatsiyalar) juda yengillik bilan hosil bo‘ladi. Bolalar nerv sistemasining xususiyati ularning esda olib qolish qobiliyatlariga ham ta’sir etmay qolmaydi. Shu sababli maktabgacha yoshdagi bolalar qo‘shiq, ritmli she’r, qiziqarli va chuqur ta’sir etadigan narsalarni beixtiyor hamda juda tez eslarida olib qolaveradilar.
Tafakkur bolaning bog‘cha yoshidagi davrida juda tez rivojlana boshlaydi. Bolalarda turmush tajribasining ko‘payishi, ikkinchidan, nutqning nisbatan o‘sganligi, bolalarining juda ko‘p 343 erkin va mustaqil harakatlar qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari bunga sabab bo‘ladi. Bolalar o‘zlarining mustaqil harakatlari davomida atrofidagi turli xil narsalar bilan bevosita taqqoslash, analiz qilish va, nihoyat, umumlashtirish kabi fikr qilish jarayonlarini vujudga keltiradi va takomillashtiradi. 3 yoshdan oshgan bolalarning tafakkuri ko‘rgazmali-obrazli xarakterga ega bo‘ladi. Ular o‘zlarining mulohazalarida mavhum tushunchalarga emas, balki ko‘z o‘ngidagi aniq narsalarga asoslanadilar. Ko‘rgazmali-obrazli tafakkur ko‘rgazmali-harakat tafakkuriga qaraganda nutq bilan ko‘proq bog‘liq bo‘ladi. Bu davrda ham bolalarning turli faoliyatlarida aniq obrazli tafakkur bilan nutq birga, ya’ni ketma-ket amalga oshiriladi. Bolalar ko‘z o‘ngidagi turli narsalar haqida mulohaza yuritganlarida bu narsalarning nomlarini ataydilar. Lekin bu yoshdagi ba’zi bolalarning mulohazalarida so‘zlarga nisbatan obrazlar katta o‘rin egallaydi. Ularning tafakkurida so‘zlar qandaydir ikkinchi darajali, yordamchi rolni o‘ynaydi, so‘zlardan erkin foydalana olmaydilar. Buni aniqlash uchun professor B.C.Muxina shunday misol keltiradi. 4–5 yoshli bolalarga ataylab buzilgan o‘yinchoqlar berilib, ularning buzilish sabablarini aniqlash va tuzatish talab qilingan. Ko‘pchilik bolalar buzilgan o‘yinchoqlarning buzilish sababini aniqlab, ularni tuzatganlar. Lekin qanday qilib tuzatganlarini so‘z bilan aytib bera olmaganlar. Ular o‘yinchoqlarning mana bu yerini unday qildik, mana bu yerini bunday qildik, deb aniq ravishda ko‘rsatish bilan cheklanganlar. Ana shu misoldan ko‘rinib turibdiki, aniq obrazli tafakkurda ham hali so‘z yetakchi rol o‘ynamaydi. 4–5 yoshli bolalar nutqni jadallik bilan o‘zlashtiradilar. Bu yoshdagi bolalar sodda tarzda umumlashtirish, guruhlash qobiliyatiga ega bo‘la boshlaydilar. Bu davrni mantiqiy tafakkurni egallashga tayyorgarlik davri deyish mumkin. Katta maktabgacha yoshdagi bolalarda mantiqiy tafakkur rivojlana boshlaydi. 6–7 yoshdagi bolalarda mantiqiy tafakkur taraqqiyotining barcha imkoniyatlari yuzaga kelgan bo‘ladi. Birinchidan, bu yoshdagi bolalarda nutq yetarli darajada rivojlangan, ikkinchidan, tushunchalar tarkib topa boshlagan.
Bola bog‘cha yoshiga yetgach, so‘z boyligining ancha ortishi bilan birga ayrim jumlalarni grammatik jihatdan to‘g‘ri ishlata boshlaydi, so‘z zaxirasi juda tez ortadi. Bu yoshda bolaning nutqi faqat miqdor jihatidangina ortib bormay balki sifat jihatidan ham ancha takomillashadi. Masalan: ilk yoshdagi bolalar ancha so‘z boyligiga ega bo‘lishlariga qaramay ayrim tovushlarni (r, l, y, sh, z kabi) yaxshi farqlay olmaydilar va shu tufayli so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz etadilar. Bundan tashqari, bog‘cha yoshidagi bolalar o‘z ona tillarining grammatik tuzilishini amaliy tarzda o‘zlashtira boshlaydilar. So‘z boyliklari miqdor jihatidan bog‘cha yoshidagi bolalarning hammasida bir xil bo‘lmaydi. Bog‘cha yoshidagi bolalar so‘z zaxirasining miqdori asosan bola tarbiyalanib o‘sayotgan oilaning madaniyatiga, ma’naviyatiga bog‘liqdir. Bir xil oilalarda bola nutqining o‘sishi bilan maxsus ravishda shug‘ullaniladi. Boshqa bir oilalarda esa bola nutqining o‘sishi bilan mutlaqo shug‘ullanmaydilar. Ana shuning natijasida bog‘cha yoshidagi bolalar so‘z zaxirasi o‘rtasida sezilarli farq yuzaga keladi. Agar ilk yoshdagi bolalarning nutqi asosan ular ayni shu chog‘da idrok qilib turgan narsalar va harakatlar bilan bog‘liq bo‘lsa, bog‘cha yoshidagi bolalarning nutqi hozir idrok qilib turgan narsalardan tashqari ilgari idrok qilingan narsalar hamda xayoliy narsalar bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun bolalar katta kishilar aytib yoki o‘qib bergan ertaklarni izchil ravishda qayta aytib bera oladilar. Bu yoshda bolalar nutqni juda tez egallaydilar. Shuning uchun ular o‘z ona tillarining grammatik tuzilishini ham faqat og‘zaki tarzda o‘zlashtiradilar. Bolalarning o‘z ona tillari grammatikasining ayrim tomonlarini o‘zlashtirishlari maktab bolalarining o‘zlashtirishlaridan batamom farq qiladi.