3.Turbinalarning issiqlik elektr stansiyasidagi o’rni. Issiqlik elektr stansiyasida kondensatorlarning vazifalari. Bug’ qozonidan 6000S haroratda va 30 MPa bosimda olingan bug’ bug’quvuri orqali soploga uzatiladi. Soplo bug’ ichki energiyasi molekulasini tartibli harakati kinetik energiyasiga qayta hosil qilib berish uchun mo’ljallangan.
Agarda bug’ soploga kirishdan avval ma’lum tezlik S ga va boshlang’ich bosim R ga ega bo’lsa, soploda bug’ kengayishi natijasida uning tezligi S1 qiymatgacha ortadi va bosimi R1 qiymatgacha kamayadi, hamda bug’ harorati pasayadi.
Bug’ soplodan chiqib turbinaning ishchi kurakchalariga uzatiladi. Agarda turbina aktiv bo’lsa, u holda ishchi kurakchalarda bug’ kengayishi sodir bo’lmaydi va o’z navbatida bug’ bosimi ham o’zgarmaydi. Bug’ning mutloq harakat tezligi S1 qiymatidan S2 qiymatiga turbinani aylantirish tezligi V hisobiga o’zgaradi.
Turbina odatda konstruktiv jihatdan bir necha pog’onali bo’ladi, ularning har biri soplo kurakchalari va ishchi kurakchalardan iborat bo’ladi. Soplo va ishchi kurakchalar bir xil radiusli aylanalarga mahkamlangan bo’ladi.
Reaktiv turbinada bug’ kengayishi ishchi kurakcha kanalida sodir bo’ladi. Ishchi kurakchalar kanalida bug’ kengayish ko’rsatkichlariga qarab reaktivlik darajasi ko’rsatiladi.
Hozirgi davrda turbinalar ko’p pog’onali qilib yasaladi, bir turbinaning o’zida ham reaktiv, ham aktiv turbina jam qilinishi mumkin.
Rasm 13. Aktiv turbinaning ishlash sxemasi
Turbinani reaktiv pog’onasidagi bug’ ko’rsatkichlarni kengayishi quyidagi rasmda ko’rsatilgan.
Rasm 14. Reaktiv turbinaning ishlash sxemasi
Turbina soplolarida bug’ qisman R11 bosimgacha kengayadi. Bug’ bosimini R2 gacha kengayishi kurakchalar kanali oralig’ida sodir bo’ladi. Bug’ning absolyut tezligi soploda S11 qiymatgacha ortadi, kurakchalar kanali oralig’ida ularning aylanishi hisobiga S12 qiymatgacha kamayadi.
Reaktiv turbinalarda markazdan qochma kuchlardan tashqari kurakchalarga bug’ kengayishi hisobiga reaktiv kuchlar ham ta’sir etadi.
Rasm 15. Reaktiv kuchni hosil bo’lishini tushuntiruvchi tajriba qurilmasining sxemasi
Reaktiv kuchlarni kuyidagi misolda ko’rishimiz mumkin. Aravachada joylashgan bo’sh idishga bosim ostida bug’ keltirilgan, 1 holatda bug’ idish devorlariga teng ta’sir etadi. Agarda tirqichni ochsak, idish muvozanati tezda buziladi. O’ng devorga o’zgarmas kuch ta’sir etgan holda, chap devorga ta’sir etuvchi kuch kamayadi, chunki atrof muhitdagi bosim idishdagi bosimdan kichik. Bug’ idishdan tashqariga harakat qiladi, aravacha esa reaktiv kuch ta’sirida o’ngga harakat qila boshlaydi (2-holat).
Turbinadan chiqayotgan bug’ni sovitish va kondensatlash uchun kondensator deb ataladigan qurilmaga yuboriladi. Kondensator ichida ko’p sonli latun quvurlari mavjud. Quvurlarni ichki qismiga 10-15°S haroratda sovuq suv kiradi va undan 20-25°S haroratda chiqadi. Bug’ quvurlarini yuqoridan pastgi tomonga oqib o’tib kondensatlanadi va chiqarilib yuboriladi. Kondensatorda bug’ sovutish uchun, bosim 3-4 kPa atrofida ushlab turiladi.
Sovutish suvining 1 kg bug’ uchun sarfi 50-100 kg atrofida bo’ladi. 1 GVt quvvatga ega bo’lgan elektr stansiada 40 m2/s sovutish suvi kerak bo’ladi.
Agarda kondensatorga beriladigan sovutish suvini daryodan to’g’ridan-to’g’ri olib berilsa, u holda suv ta’minotini to’g’ri oqimli deb ataladi. Daryo suvi etmagan hollarda ko’l suvidan foydalaniladi. Ko’lning bir tomonidan suv olinib, kondensatorda isitilgan suvni boshqa tomonga tashlab yuboriladi.
Yopiq tizimli suv ta’minotida, kondensatorda isitilgan suvni, sovutish uchun, 50 m balandlikka ega bo’lgan gradirnya qurilmalari quriladi. Suv yuqoridan tomchi ko’rinishda pastga oqib sovutiladi va hovuzda to’planib kondensatorga yuboriladi.