Korrektsion-pedagogikaning paydo bo’lishi, tashkil topishi va rivojlanishi. Rivojlanishida nuqsonlar bo’lgan bolalar bilan olib boriladigan korrektsion-pedagogik faoliyat boy tarixiy tajribalarga ega. Anomal (yunoncha anomalos - noto’g’ri) bolalarga jismoniy yoki psixik nuqsonlari umumiy rivojlanishini buzilishiga olib keladigan bolalar kiradi.
Ijtimoiy jamiyat taraqqiyoti tarixi anomal bolalarga bo’lgan munosabatlarning uzoq vaqt davomida evolyutsion tarzda shakllanib kelganligini ko’rsatadi.
Antik davrda qadimgi Spartada bir necha yuz yilliklar davomida sog’lom tana, kuch, chidamlilik yuqori o’ringa qo’yilib, rivojlanishida nuqsoni bo’lgan bolalar yo’q qilinardi. Mazkur davrda yangi tug’ilgan chaqaloqlarni qabila boshliqlariga olib kelardilar, ular bolalarni sinchiklab ko’rib agarda ijtimoiy talablarga javob bera olsalar, ular ota-onalariga tarbiyalash uchun qaytarilar edi. Agarda bolada birorta nuqson topilsa uni qabila boshliqlari Tayget jarligiga tashlab yuborar edilar (eramizdan avvalgi IV-V asrlar).
Evropada o’rta asrlarda bolaning rivojlanishidagi har qanday nuqson qora, yovuz kuchlarning namoyon bo’lishi sifatida e’tirof etilib, psixik kasalliklari bo’lgan kishilar inkvizitsiya gulxanida yondirilganlar.
Uyg’onish davridan boshlab XIX asrning o’rtalarigacha YEvropa defektologiya fani va amaliyotida bolaning aqliy rivojlanishidagi nuqsonlar muammosi borasidagi qarashlarning evolyutsion xarakterini anglash mumkin.
Ruhiy kasallarga nisbatan insonparvarlik yondashuvi ilk bor frantsuz shifokori, psixiatori Filipp Pinel (1745-1826 yillar) tomonidan ilgari surilgan. U ruhiy kasalliklarni klassifkatsiyalagan (turlarga ajratgan).
Rivojlanishida nuqsonlar bo’lgan bolalarga nisbatan pedagogik yondashuv XVIII asr oxirlari – XIX asr boshlarida yuzaga keladi. Aqli zaif bolalarni maxsus usullar yordamida o’qitish va tarbiyalash g’oyasini Iogan Genrix Pestalotstsi (1746-1827 yillar) asoslagan bo’lsada, biroq, o’z davrida bu fikr qo’llab-quvvatlanmadi. I.G.Pestalotstsi “aqli zaiflar” bilan ishlash tamoyilining mohiyatini asoslab berdi: bolaning imkoni yetgan bilimlarni berish, didaktik materiallardan foydalanishda aqliy va jismoniy tarbiya uyg’unligiga erishish, ta’limni ishlab chiqarish mehnati bilan bog’liq holda tashkil etish.