Har qanday mafkuraviy tarbiyaning maqsadi - jamiyatning har bir a’zosi va ular timsolida har bir ijtimoiy qatlam, umuman, aholida pirovard natijada jamiyat rivojiga turtki beruvchi g‘oyalarning ongli ravishda o‘zlashtirilishini, uning tafakkur va fikrlash tarziga aylantirilishini ta’minlashdan iborat. Shu ma’noda, milliy istiqlol mafkurasi O‘zbekistonda yashab, umr kechirayotgan har bir fuqaro ongi va shuuriga milliy qadriyatlarimiz, xalqimizning bugungi hamda kelgusidagi manfaatlarini ifodalovchi sog‘lom g‘oyalar, fikrlarni singdirish va bu xalq tafakkuri tarzida o‘z ifodasini topishiga erishish lozim. Bu jihat mamlakatimizdagi mafkuraviy tarbiyaning bosh xususiyatlaridan biri, zamonaviy tafakkur va mustaqillik dunyoqarashini shakllantirishning asosidir.
"Mafkuraviy tarbiya vositalari" tushunchasi inson ongiga ta’sir ko‘rsatadigan, uning dunyoqarashi, tafakkur tarzini muayyan yo‘nalishga soladigan, o‘zgartiradigan, jamiyat, millatga xos ma’naviy va moddiy asoslar, an’analar, qadriyatlar, meros, turmush tarzi, mafkuraviy omillar, g‘oyalar va qarashlarga tayanadigan ta’sir obyektlari majmuini ifodalaydi.
Uning mazmun-mohiyati Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning "Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch" kitobida chuqur va har tomonlama asoslab berilgan. Mazkur asarga tayangan holda mafkuraviy tarbiya mezonlarini shartli ravishda bir necha guruhga bo‘lish mumkin: birinchi guruh — millat, xalq, davlatchilik, madaniyat, me’moriy yodgorliklar va boshqalarni qamrab oluvchi tarixni, ming yillar davomida rivojlanib kelayotgan agrar madaniy an’analarni, geografik shart-sharoitga aloqador tarixiy munosabatlarni va boshqalarni ifodalovchi moddiy meros; ikkinchi guruh — xalqimizga xos bir necha ming yillik diniy e’tiqod, ta’lim-tarbiya, shuningdek, barcha ilm-fan sohalari va ular rivojida muhim o‘rin tutgan mutafakkirlar va ularning asarlari, xalq ijodini qamrab oluvchi madaniy meros; uchinchi guruh — xalqimizga xos an’analar, urf-odatlar, marosimlar, bayramlar, turmush tarzi bilan bog‘liq boshqa madaniy omillar; to‘rtinchi guruh xalq qadriyatlari, tafakkur tarzi, xalqqa xos mafkuraviy xususiyatlar, ruhiyat va o‘zaro ijtimoiy munosabatlar; beshinchi guruh — hozirgi jamiyatimizda bevosita amaliy faoliyat yuritayotgan, inson tarbiyasida katta ta’sirga ega, umuman, mafkuraviy dunyoqarash shakllanishida bosh rol o‘ynaydigan ta’lim-tarbiya maskanlari, OAV, kutubxona, teatr, san’at saroylari va shu kabi boshqa mafkuraviy ta’lim vositalarini o‘z ichiga oladi.
Mafkuraviy tarbiyada xalq og’zaki ijodi muhim o‘rin tutib, u millatimizning o‘zligini namoyon etadigan, uni avlodlardan avlodlarga o‘tkazib, tarix to‘fonlaridan, hayot-mamot sinovlaridan omon chiqarib, o‘zligini doimo saqlab kelayotgan el-yurtimizning bag‘rikenglik, matonat, olijanoblik, vafo va sadoqat kabi ezgu fazilatlarini o‘zida ifoda etadi. Shu o‘rinda mafkuraviy tarbiya mezonlaridan biri bo‘lgan muqaddas dinimizning ahamiyati beqiyosdir. Din azaldan inson ma’naviyatining tarkibiy qismi sifatida odamzodning yuksak ideallari, haq va haqiqat, insof va adolat to‘g‘risidagi orzu-armonlarini o‘zida mujassam etgan, ularni barqaror qoidalar shaklida mustahkamlab kelayotgan g‘oya va qarashlarning yaxlit bir tizimidir.
Dostları ilə paylaş: |