1-labaratoriya ishi Fermentlarning aktivligiga ta’sir qiluvchi moddalar (ingibitorlar va aktivatorlar) Fermentlarning aktivligiga reaksion muhitda ishtirok etayotgan bir qator kimyoviy moddalar ham ta’sir ko’rsatadi. Reaksion muhitda ba’zi bir ionlarning ishtirok etishi fermentative reaksiya tezligini orttiradi. Bunday moddalar aktivatorlar deb ataladi. Aktivatorlik vazifasini ko’pincha Na+, K+, Mg++, Ca²+ kabi metall kationlari bajaradi. Fermentativ reaksiya aktivligini pasaytiruvchi moddalar ingibitorlar deyiladi. Ingibitorlarga sianidlar, og’ir metall tuzlari misol bo’la oladi.
Reaktivlar: so’lak yoki amilaza fermentining shirasi (solod) natriy xloridning 0,04% li eritmasi, mis sulfatning 0,1% li eritmasi.
Ishning borishi: Uch qator (har bir qatorda 6 tadan) probirka tayyorlab, hammasiga 1 ml dan suv quyiladi. Keyin har bir qatorning birinchi probirkasiga 1 ml dan amilaza fermenti shirasidan quyiladi. Pipetka yordamida 1-probirkadagi suyuqlik aralashtirilib, arashlama 2-probirkaga olinadi va yana bir marta aralashtirib 2-probirkadan 3-probirkaga solinadi va hokazo. Oxirgi 6-probirkadan 1 ml ortiqcha aralashma olib tashlanadi. Qolgan qatorlarda ham xuddi shunday qilinadi.
Birinchi qator probirkalariga 1 ml suv, ikkinchi qator probirkalariga natriy xlorid tuzining 0,04% li eritmasidan, 1 ml uchinchi qator probirkalariga mis sulfat tuzining 0,1% li eritmasidan 1 ml quyiladi. Keyin hamma probirkalarga 2 ml dan kraxmal solinadi va 10 minutga 40°C inkubasiyaga quyiladi. Vaqt tamom bo’lgach hamma probirkalarga 2-3 tomchidan yod tomiziladi va aktivator hamda ingibitorlar ta’siri aniqlanadi.