Har bir yosh guruh bolalarining jamoatchilik munosabatlariga rahbarlik qilish «MTT ta’lim tarbiya dasturi» da belgilab berilgan. Dasturda har bir yosh guruhi uchun jamoadagi axloq normalari va qoidalari belgilangan.
Bolalar jamoasini shakllantirishda an’analar muhim ahamiyat kasb etadi. Jamoa an’analari – bu barqarorlashgan odat bo’lib, ularni jamoa a’zolari birdek ko’llab-quvvatlaydilar. Jamoa a’zolari mazmunida munosabatlar xususiyati hamda jamoaning ijtimoiy fikri ifodalanadi.
Jamoa an’analari shartli ravishda ikkiga bo’linadi. Bular, a) kundalik faoliyat an’analari, b) bayram an’analari.
Kundalik faoliyat an’analari bolalarning faoliyatlarini (mashg’ulotlar, sayr, mehnat, o’yin)ni o’z ichiga oladi.
Bayram an’analariga turli voqea-hodisalar bilan bog’liq sanalarni nishonlash: «Navro’z» bayrami, «Mustaqillik bayrami», «Hosil» bayrami va boshqalar kiradi.
An’anaviy bayramlar MTTlarda turlicha o’tkaziladi. Bolalar an’analar mohiyatini anglasalar, uning ta’sir kuchi yuqori bo’ladi. Yuqorida bildirilgan fikrlardan ko’yidagi xulosalarga kelish mumkin:
jamoa kishilarning shunday muayan guruhi bo’lib, u ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lgan, umumiy maqsadni amalga oshirishga yo’naltirilgan faoliyatni tashkil etadi;
jamoani shakllantirish muayan qonuniyatlarga bo’ysinadigan uzoq muddatli, murakkab jarayondir;
jamoani shakllantirish o’ziga xos metodika asosida amalga oshiriladi. Ushbu metodika doirasida jamoaga nisbatan talablarning qo’yilishi jamoa faolini tarbiyalash masalasi alohida ahamiyatga egadir.
Jamoaning mustahkam bo’lishi a’zolari o’rtasida o’zaro hamkorlikning qaror topishida jamoa an’analari muhim ahamiyat kasb etadi.