1. Markaziy Osiyo insoniyat sivilizatsiyasining qadimgi o’choqlaridan biri


IX bob TURKISTONNING XONLIKLARGA BO‘LINIB KETISHI. UNING



Yüklə 0,7 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə3/3
tarix20.11.2023
ölçüsü0,7 Mb.
#165540
1   2   3
2-3=4 Mavzu

IX bob TURKISTONNING XONLIKLARGA BO‘LINIB KETISHI. UNING 
SABABLARI VA OQIBATLARI
. Movaraunnahrda Shayboniylar sulolasi 
hukmronligining o‘rnatilishi Ma’lumki, XV asrning oxirlariga kelib, Temuriylar 
saltanati inqirozga yuz tutdi. Bu jarayon ancha avvalroq, Ulug‘bekning fojiali 
o‘limidan so‘ng boshlangan edi. 12 yoshida Farg‘onada hokimiyat taxtiga o‘tirgan 
Zahiriddin Muhammad Bobur Movarounnahrni birlashtirish uchun so‘nggi kurashni 
boshladi1 . Bobur 1483-yil 13-fevralda Andijonda Umarshayx oilasida dunyoga 
keldi. U 1497-yilda katta qo‘shin to‘plab Samarqandga yurdi. Shaharni yetti oy 
qamal qilib egalladi va u yerda uch oy hukmronlik qildi. Lekin Andijonda o‘ziga 
qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirish uchun orqaga qaytishga majbur bo‘ldi. 
Bobur Xo‘jandga o‘rnashib, bir yarim yildan so‘ng Andijonda hokimiyatni tiklaydi 
va yana Samarqand yurishiga tayyorlana boshlaydi. Ammo ahvol og‘ir edi. Bir 
tomondan, Temur avlodlari o‘rtasida taxt uchun kurash avj olgan bo‘lsa, ikkinchi 
tomondan, Shayboniy Muhammad Samarqand yurishiga hozirlanmoqda edi. 1499-
yilda Shayboniy Muhammad Samarqand taxtini egallab, Temuriylar saltanatiga 
chek qo‘ydi. Bu davrda Bobur kichik bir guruh (240 kishi) bilan Samarqandga 
otlandi. Lekin Shayboniy Boburdan oldinroq Samarqandga kiradi. Shaharni 
egallagan Shayboniy talonchilik maqsadida atrof qishloqlarga chiqib ketganini 
eshitgan Bobur to‘satdan hujum qilib, Samarqanddagi 8 ming kishilik qo‘shinni tor-
mor qilib, shaharni oladi. 1501-yilning bahorida Bobur Muhammad Shayboniy 


qo‘shinlari bilan jang qilish uchun Samarqanddan chiqadi. Ko‘hak daryosi sohilida 
bo‘lgan qattiq jang Bobur lashkarlarining mag‘lubiyati bilan tugadi. Bu esa 
Shayboniyxonga Movarounnahrdagi mavqyeini yanada mustahkamlashga yordam 
berdi. Og‘ir ahvolda qolgan Bobur 1504-yilda o‘z baxtini izlab Movarounnahrdan 
butunlay chiqib ketishga qaror qiladi. Tajribali sipoh, dono davlat arbobi darajasiga 
yetgan Bobur oilasi, yaqinlari va xizmatchi navkarlaridan 200 kishini olib 
Afg‘oniston sari yo‘l oladi. Qobul shahrini egallab, u yerda qo‘shin to‘playdi. 
Shayboniyxon Samarqandni olishi bilan amalda Temuriylar hokimiyati inqirozga 
uchradi. 1500-1508-yillarda Shayboniyxon tinimsiz urushlar olib borib, Farg‘ona, 
Xorazm, Xurosonni ishg‘ol qiladi. 1508-yilda Jom ostonalarida Temuriylarning 
oxirgi qo‘shini tor-mor qilingach, ularning Movarounnahrdagi ildizi batamom 
tugatildi. Kaspiydan Xitoygacha, Sirdaryo etagidan Markaziy Afg‘onistongacha 
bo‘lgan ulkan mamlakat Shayboniylar mulkiga aylanib qoldi1 . 1510-yilda Marv 
yaqinida Eron shohi Ismoil bilan to‘qnashuvda Shayboniyxon yengiladi va halok 
bo‘ladi. Shoh Ismoil Xurosonni egallab, Boburni shimolga – Movarounnahrga 
yurishga undaydi, unga qo‘shin va yordam va’da qiladi. Bobur 1512-yilda 
Samarqandga yurib, uni egallaydi. Biroq xalq uni shoh Ismoilning gumashtasi deb, 
qo‘llab-quvvatlamadi. Shunga qaramay, so‘nggi temuriy Bobur taxt uchun qattiq 
kurashadi. Biroq 1513-yilda u Shayboniy Ubaydulla va Muhammad Temurlardan 
mag‘lubiyatga uchraydi. Shu bilan Bobur va Shoh Ismoil o‘rtasidgi ittifoq barham 
topadi. Bobur Qobulga qaytgach, 1525-yilda Hindistonga bostirib kiradi va Dehli 
sultonini, so‘ngra rajputlar hokimi Rang Sint qo‘shinini tor-mor qiladi. Bobur bu 
o‘lkada tarixda Buyuk mo‘g‘ullar nomi bilan shuhrat topgan Boburiylar saltanatiga 
asos soladi. Boburiylar sulolasi Hindistonda 332 yil (1526-1858 yy.) hukmronlik 
qildi2 . Shunday qilib, Amir Temur va uning avlodlari 144 yil Movarounnahrda, 37 
yil Xurosonda, 332 yil Hindistonda, jami bo‘lib tarix sahifasida 513 yil o‘z 
mavqyelarini saqlab turdilar. Shayboniylar Movarounnahrni 1500-1508-yillarda 
bosib olgan bo‘lsada, Zahiriddin Muhammad Bobur mag‘lubiyatga (1512-1513) 
uchrab, Movarounnahrdan chiqib ketganidan keyin 1515-yilda ularning bu yerda 
to‘la hukmronligi o‘rnatildi. Shayboniylar sulolasi Movarounnahrda yuz yil 
hukmronlik qildi. Lekin ko‘chmanchi o‘zbeklar Movarounnahrning o‘troq, ijtimoiy-
iqtisodiy va madaniy taraqqiyotda ancha ilgarilab ketgan hayotiga katta ta’sir 
ko‘rsata olmadilar. Shayboniylarning davlat boshqaruvi. Shayboniylarning davlat 
boshqaruvi mulk tizimiga asoslangan edi. Muhammad Shayboniy qo‘lga kiritilgan 
yerlarni o‘z qarindoshlari, sultonlar va beklarga taqsimlab berdi. Ularning har biri 
mulk boshqaruviga ega bo‘lib, bu yerda u mustaqil siyosat olib borishga intildi. Shu 
tarzda mustaqil tarqoq yer egalari Shayboniyxonning bosqinchilik yurishlari 
jarayonida birlashgan bo‘lsalar-da, bu birlashish uzoqqa cho‘zilmadi. Mulk 
tizimining hukmronligi natijasida davlat yana ayrim bekliklarga bo‘linib ketdi. Bu 
bekliklarning iqtisodiy, so‘ngra esa siyosiy qudrati kuchaygach, boyib ketgan 
hokimlar markaziy hokimiyatdan mustaqil bo‘lishga harakat qila boshladilar. Ana 
shu vaziyatda Shayboniyxon o‘z hokimiyati ostidagi sultonlar orasida markazdan 
qochish kuchini kamaytirish uchun bir qator tadbirlar ko‘rdi. Masalan, u ayrim 
sultonlar va amirlarni bir mulkdan ikkinchisiga ko‘chirishga harakat qildi, ammo bu 
har doim ham u istagan natijani bermadi1 . Mamlakatda o‘zbek qabilalari ma’lum 


darajada o‘z mustaqilliklarini saqlab qolgan bo‘lib, ularni xondan amirlik yorlig‘ini 
olgan qabila boshliqlari boshqarardi. Amirlar xon saylash, majlislarda qatnashish 
huquqiga ega edi. Natijada ular xon hokimiyati uchun xavfli kuchga aylana boshladi. 
Shayboniy Muhammad 1510-yilda 61 yoshida fojiali halok bo‘lgach, taxtga amakisi 
Ko‘chkinchixon (1510-1530), uning o‘g‘li Ahmad Said (1530-1533), so‘ng jiyani 
Ubaydullaxon 
(1533-1539) 
o‘tirib, merosxo‘r sifatida Movarounnahrni 
boshqardilar. Undan keyin Movarounnahrda qo‘sh hokimiyatchilik o‘rnatildi. 
Buxoroda Ubaydullaxonning o‘g‘li Abdulazizxon(1540-1550), Samarqandda jiyani 
Abdullatifxon (1540-1551) hukmdorlik qildilar. Ularning o‘limidan so‘ng yana 
hokimiyat uchun kurash qizib ketdi. Shayboniylarning Movarounnahrda yuz yillik 
hukmronligi davrida o‘tgan 8 ta xondan uchtasi – Shayboniy Muhammad, 
Ubaydullaxon va Abdullaxon (1557-1598)largina shijoatli harbiy hukmdorlar edi. 
Aynan shu hukmdorlar davrida davlatning yaxlitligi saqlandi. Mamlakatning 
iqtisodiy ahvoli mustahkamlandi, siyosiy barqarorlik ta’minlandi, islohotlar amalga 
oshirildi, qurilishlar olib borildi. Shayboniylar davlati Ubaydullaxon davrida (1533-
1539) birmuncha kuchaydi. Davlat poytaxti 1533-yilda Samarqanddan Buxoroga 
ko‘chirildi. Ubaydullaxon vafotidan so‘ng Shayboniy sultonlar va mahalliy 
hokimlar o‘rtasida hokimiyat uchun kurash kuchayib, xonlik yerlari mayda 
bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Buxoroda Ubaydullaxonning o‘g‘li Abdulazizxon, 
Samarqandda Ko‘chkinchixonning o‘g‘li Abdullatif, Balx va Badaxshonda 
Pirmuhammadxon, Toshkent va Turkistonda Navro‘z Ahmadxon (Baroqxon), 
Karmana va Miyonkolda Iskandarxon va boshqa kichik hukmdorlar mustaqil bo‘lib 
oldilar. 1551-1556-yillarda Movarounnahr uchun Shayboniylar o‘rtasidagi 
kurashda Iskandar Sultonning o‘g‘li Abdullaxon g‘olib chiqdi. U Shayboniy 
hukmdorlar orasida eng nufuzli hukmdor bo‘lgan. 1557-yilda Buxoro shahri uzil-
kesil davlat poytaxti bo‘lib qoldi. Abdullaxon II hukmronligi davrida (1557-1598) 
Movarounnahrda tarqoq hokimliklarga barham berilib, markazlashgan davlat va 
kuchli qo‘shin tashkil etildi. Xonlik chegarasi Qashqardan Orol va Kaspiy dengizlari 
sohillarigacha, Turkiston va Sayramdan Xurosonning sharqiy qismigacha bo‘lgan 
yerlarni qamrab oldi. Biroq Abdullaxon vafotidan keyin mamlakatda taxt uchun 
kurash yana avj oldi. 1598-yilda Abdullaxon vafotidan so‘ng taxtga o‘g‘li 
Abdulmo‘min o‘tirdi. Ammo olti oy o‘tgach, u dushmanlari tomonidan o‘ldirildi. 
Abdulmo‘mindan so‘ng taxtga Abdullaxonning qarindoshi Jonibekning o‘g‘li 
shahzoda Pirmuhammad o‘tirdi. Uning ham hukmronligi uzoqqa bormay, 1607-yili 
taxtdan ag‘darildi. Shunday qilib, qariyb 100 yil hukm surgan Shayboniylar sulolasi 
barham topdi. Ashtarxoniylar davlati XVI asr oxiri–XVII asr boshlarida 
Movarounnahr hududida Shayboniylar o‘rniga yangi o‘zbek sulolasi–
Ashtarxoniylar hokimiyat tepasiga keladi1 . Oltin O‘rda (Jo‘chi ulusi) zaiflashib, bir 
qancha mayda xonliklarga bo‘linib ketadi. Natijada XV asrning 30-yillarida Volga 
bo‘yidagi yerlarda «Astarxan» xonligi yuzaga keldi. «Astarxan» Ashtarxonning 
ruslashganidir. «Ashtarxon» esa asli «Xoji Tarxon» so‘zidan kelib chiqqan. Tarxon 
turkiy xalqlar hayotida mavjud siyosiy unvonlardan bo‘lib, mashhur Xazar 
xoqonligi (VII-X asrlar) davridanoq ma’lum . 1556-yilda Ashtarxon Rossiya 
tomonidan bosib olingandan so‘ng, Ashtarxon Yormuhammadxon farzandlari bilan 
Shayboniylar huzuridan panoh topgan. Shu tariqa Ashtarxoniylar Movarounnahrga 


kelib qolgan. 1599-yilda shayboniy Abdulmo‘min vafot etganidan so‘ng, 
shayboniylar orasida taxt vorisi qolmaydi. Shayboniylar davlatining nufuzli amirlari 
kelishib, Ashtarxoniylardan bo‘lmish Jonibek sultonni xon taxtiga taklif qiladilar. U 
rozi bo‘lmagach, Jonibekning katta o‘g‘li Dinmuhammad taklif qilinadi. Ammo u 
Obivordan Buxoroga qaytib kelayotganda halok bo‘ladi. Buning natijasida oliy 
taxtga uning ukasi Boqimuhammad o‘tiradi. Jonibekning uchinchi o‘g‘li 
Valimuhammad Balxga noib qilib jo‘natiladi. Shunday qilib, o‘lkada 
Ashtarxoniylar, ya’ni ashtarxonliklar (boshqa nomi joniylar) sulolasining bir yarim 
asrlik faoliyati boshlanadi. Ashtarxoniylar ham mamlakatda davom etgan o‘zaro 
feodal urushlar va boshlangan inqirozga chek qo‘ya olmadilar. Bu esa 
Movarounnahrda markaziy hokimiyat mavqyeining tushib ketishiga olib keldi, 
mamlakat aholisi va iqtisodining ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. 1599-yilda 
ashtarxoniy Boqimuhammad taxtga o‘tiradi. Shu davrda Ashtarxoniylar oldida 
turgan eng muhim vazifalardan biri – markaziy hokimiyatni mustahkamlash, 
mamlakatning siyosiy yaxlitligini ta’minlash edi. Marv, Xorazm, Balx yerlarida 
siyosiy parokandalik kuchaygan edi. Boqimuhammadxon o‘z hukmronlik yillari 
Xorazm, Balx, Shibirg‘on, Maymana, Bag‘lon, Badaxshon, Hisor yerlariga yurishlar 
uyushtiradi1 . Shu orada 1605-yil Boqimuhammadxon vafot etadi. 1605-1611-
yillarda 
ashtarxoniylardan 
Valimuhammad 
hukmronlik 
qildi. 
1606-yili 
Valimuhammad Balxga yurish uyushtiradi. Keyinchalik xon Eron safaviylari bilan 
yaxshi diplomatik munosabatlar o‘rnatadi. Valimuhammadning no‘noq siyosati 
natijasida, Xurosonda Eron safaviylarining mavqyei oshib boradi. Bu esa yirik 
o‘zbek amirlarining norozligiga sabab bo‘ladi. Natijada amirlar bilan xon o‘rtasida 
ixtilof kuchayib, Samarqand hokimi Imomqulixon 1608-yili Buxoro taxtiga 
o‘tqaziladi. Valimuhammadxon 1611-yili Samarqand atrofida Imomqulixon bilan 
navbatdagi to‘qnashuvda halok bo‘ladi. Imomqulixon (1611-1642) davlatni o‘ttiz 
yildan ko‘proq boshqargan. Shuning o‘ziyoq Imomqulixon Ashtarxoniylar orasida 
eng nufuzli hukmdorlardan biri bo‘lganidan dalolat beradi. Imomqulixon 
Movarounnahr chegaralariga xavf solib turgan ko‘chmanchi qalmiq va qozoq 
xonlariga qarshi tinimsiz kurash olib bordi. 1613-yili Imomqulixon qozoqlarni tor-
mor qildi va Toshkentni egallab, u yerda o‘z o‘g‘li Iskandarni noib qilib qoldirdi. 
Lekin Imomqulixon ketishi bilan shahar aholisi qo‘zg‘olon ko‘tarib, Iskandarni 
o‘ldirdi. Buning natijasida Imomqulixon qo‘zg‘olonni bostirishga majbur bo‘ladi va 
shahar aholisi qirg‘in qilinadi. Tinimsiz olib borilgan urushlar xon hokimiyatining 
bir qadar mustahkamlanishiga olib keldi. Lekin bu muvaffaqiyatlarga qaramay, 
feodal yer egaligining rivojlanishi va o‘zbek qabilalari zodagonlarining qo‘lida yirik 
mulklarning to‘planishi ba’zi yirik qabilalarning siyosiy nufuzini oshirib yubordi. 
Shuning uchun ham o‘z hukmronligi yillarida Imomqulixon bir qancha yirik qabila 
feodal-zodagonlariga qarshi kurash olib borishga majbur bo‘lgan. Hukmronligining 
so‘nggi yillarida ko‘zi ojizlashgan Imomqulixon taxtni ukasi Nodir 
Muhammadxonga topshirgan. Nodir Muhammadxon (1642-1645) davrida 
mamlakatda ichki nizolar va o‘zaro kurash yanada avjiga chiqqan. Chekka viloyatlar 
Toshkent, Xo‘jand, Turkiston va boshqalar markaziy hokimiyatga bo‘ysunmay 
qo‘ygan. Hukmronligining dastlabki yillarida Nodir Muhammadxon mulk taqsimoti 
o‘tkazib, o‘zining farzandlariga mamlakatning asosiy viloyatlarini mulk sifatida 


bo‘lib bergan1 . Nodir Muhammadxon tomonidan amalga oshirilgan mulk taqsimoti 
markaziy hokimiyat mavqyeini juda ham zaiflashtirib yuborgan. Chekka o‘lkalar 
Buxoro bilan deyarli hisoblashmay qo‘ygan. Nodir Muhammadxon mamlakat 
ichkarisida yirik amirlarning qarshiligiga duch kelgan. Bu esa 1645-yilda Nodir 
Muhammadxonning o‘g‘li Abdulaziz sultonning yangi xon deb e’lon qilinishiga olib 
kelgan. Vaholanki, bu vaqtda Buxoroda Nodir Muhammadxon hukmronlik qilardi. 
Bu hol mamlakatda markaziy hokimiyat va Ashtarxoniylarning mavqyei ancha 
tushib ketganligidan dalolat beradi. Bu esa o‘z navbatida, davlat asoslarini 
zaiflashtirib yuborgan. Abdulazizxon o‘z hukmronligi yillarida (1645-1680-yillar) 
Balxni Buxoroga bo‘ysundirishga bir necha bor urinib ko‘rgan. 1651 yilda Balx 
taxtiga Abdulazizxonning ukasi Subhonqulixon sulton o‘tiradi. Kuchli oliy 
hokimiyatning yo‘qligi va davlatdagi parokandalikdan foydalangan Xiva xonlari 
mamlakat ichkarisiga tez-tez bostirib kira boshlaydilar. Xiva xoni Abdulg‘ozixon 
(1645-1663 yy.) 1655-yilda Movarounnahrga ikki marta bostirib kiradi. Xiva 
lashkarlarining mamlakat ichkarisiga hujumlari keyingi yillarda ham davom etib 
turdi. Xiva bilan uzoq davom etgan urushlar mamlakatdagi ahvolni og‘irlashtiradi 
va ichki ziddiyatlarning kuchayishiga sabab bo‘ladi. 1680-yilda Abdulazizxon taxtni 
ukasi va valiahd Subhonquli sultonga topshiradi. Subhonqulixon (1680-1702-yillar) 
Buxoro xonligini uzoq yillar boshqargan2 . Subhonqulixon hukmronligi yillarida 
ham Balx viloyati uchun kurash davom etgan. Amalda Balx hokimlari Buxoro 
hokimiyatini rasman bo‘lsa ham tan olmaganlar. Yirik qabila zodagonlarining 
nufuzi oshib borib, 1688-1697-yillar davomida Balxda yirik amir Mahmudbiy 
hukmronlik qilgan. Bu davrda Buxoro xonligining Xiva bilan munosabatlari ham 
mushkul edi. Subhonqulixon hukmronligi davrida Xiva lashkarlari bir necha bor 
mamlakat ichkarisiga bostirib kirganlar. Masalan, Xiva xoni Anushaxon (1664-
1687-yillar) mamlakatga bir necha marta yurish uyushtirib, 1684 yili hatto 
Samarqandni bir yil davomida ushlab turishga muvaffaq bo‘lgan1 . 1697 yilda Xiva 
xoni Ereng yana Movarounnahr ichkarisiga yurish qiladi. Shundan keyin 
Subhonqulixon uni bartaraf qilish bilan birga Xivaga o‘z noibini tayinlaydi. Shu 
tariqa Xivada yana Buxoro hukmronligi o‘rnatiladi. Xivaga qarshi kurashda 
ko‘rsatgan xizmatlari uchun qatag‘on qabilasidan bo‘lgan otaliq Mahmudbiy Balx 
noibi qilib tayinlanadi. Lekin Mahmudbiy Buxoroga butunlay bo‘ysunmay qo‘yadi. 
Bu esa boshqa beklar, qabilalar, feodal guruhlarning noroziligiga sabab bo‘ladi. 
Natijada o‘zaro feodal urushlar va qabilaviy nizolar yanada kuchayib ketadi. 
Mamlakatdagi ichki ziddiyatlar keyingi hukmdor Ubaydullaxon (1702-1711-yillar) 
davrida avj oladi. Bu davrga kelib, eng asosiy viloyatlarda Ashtarxoniylar emas, 
balki o‘zbek zodagonlariga mansub ayrim amirlar hukmronlik qilar edi. Masalan, 
Samarqand, Shahrisabz, Qarshi, O‘ratepa, Hisor, Balx va boshqalar. Ubaydullaxon 
hukmronligi yillarida markaziy hokimiyatni kuchaytirish uchun harakat qildi. U 
amalda mustaqil bo‘lgan zodagonlar va qabilalarga qarshi tinimsiz urushlar olib 
bordi. Bu urushlar natijasida xo‘jalik inqirozi yanada kuchaydi. Ubaydullaxon 
amalga oshirgan pul islohoti ham natija bermadi. 1711-yilda Ubaydullaxonning o‘zi 
ham fitna qurboni bo‘ldi. Ashtarxoniylardan bo‘lgan so‘nggi hukmdorlar davriga 
kelib (Abulfayzxon, Abdulmo‘min, Ubaydullaxon), «Buxoro xonligi markaziy 
hokimiyati amalda mustaqil bo‘lgan mulklar yig‘indisidan iborat bo‘lib qolgan edi»


. Hokimiyat amalda Abulfayzxon hukmronligi davrida avval Jovshan qalmiq, u 
o‘ldirilgandan keyin esa oliy qushbegi Abdullabey xoja, keyin esa Muhammad 
Hakimbiy otaliq qo‘lida mujassamlashgan edi. Davlatdagi bunday holat ko‘pchilik 
amirlar va qabila zodagonlarining noroziligiga sabab bo‘lgan. Abulfayzxonga qarshi 
fitna uyushtirilgan, lekin fitna fosh bo‘lib, tashkilotchilari qattiq jazolangan. Bundan 
tashqari, 1722-yilda Rajab sultonning Samarqandda xon deb e’lon qilinishi ahvolni 
yanada mushkullashtirdi. Bu davrda mamlakat ichkarisiga, ayniqsa, Zarafshon 
vodiysiga ko‘chmanchi yarim ko‘chmanchi qabilalarning (qozoqlar) ko‘chib kelishi 
kuchaydi. Natijada ekin maydonlari hamda tomorqalar payhon qilinib, xo‘jalikka 
katta zarar yetdi. Bu davrda Balx, Badaxshon ham Buxorodan mustaqil mulklarga 
aylandi. Markaziy Osiyoda xonliklarning vujudga kelishi Buxoro amirligi. Buxoro 
xonligidagi og‘ir siyosiy va iqtisodiy vaziyatdan Eron shohi Nodirshoh (1736-1747-
yillar) ustalik bilan foydalandi. 1740-yilda Nodirshoh Buxoro xonligiga qarshi 
yurish boshlab, Ashtarxoniylarga zarba beradi. Mamlakatda Abulfayzxon 
nomigagina xon bo‘lib, amalda esa butun hokimiyat otaliq Muhammad Hakimbiy, 
1743- yilda uning vafotidan keyin Muhammad Rahim qo‘lida mujassamlashadi. Eng 
yaxshi lavozimlarga otaliqning qarindoshlari tayinlanadi. Amalda Buxoro xonligi 
Eronga qaram davlatga aylanib qoldi. 1747-yilda Nodirshoh fitna natijasida 
o‘ldirildi. Natijada Buxoro xonligida butun hokimiyat Muhammad Rahim qo‘lida 
mujassamlashdi. Muhammad Rahim hokimiyat tepasiga kelgach, 1753-yilda 
Buxoroda mang‘itlar sulolasiga asos soldi. Muhammad Rahim Chingizxon avlodiga 
mansub emas edi, shuning uchun u amir unvonini oldi, bu davrdagi davlat Buxoro 
amirligi deb atala boshlandi. Shu tariqa 1599-yildan 1753-yilgacha davom etgan 
Ashtarxoniylar hukmronligi barham topdi. Muhammad Rahim hukmronligi davrida 
(1753-1758) Buxoro amirligiga qarashli yerlar ancha qisqargan edi. Uning tarkibiga 
Buxoro, Samarqand, Miyonkol, Karmana, Qarshi, Fuzor, Karki, Chorjo‘y, 
Shahrisabz viloyatlari kirib, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari xonlik tasarrufidan 
chiqib ketgan edi. Doniyolbiy otaliq hukmronligi davrida (1758-1785) ham o‘zaro 
urushlar davom etdi. Karmana, O‘ratepa, Nurota, Sherobod, Boysun va boshqa 
joylarda mahalliy kuchlar bosh ko‘tarib, markazga bo‘ysunmay qo‘ydilar. Amir 
Shohmurod hukmronligi davrida (1785-1800) Doniyolbiy joriy etgan soliqlardan bir 
qanchasi bekor qilindi, iqtisodiy hayot birmuncha yaxshilandi. Ruhoniylarning 
mavqyei oshib bordi. Bu davrda Buxoro amirlari markaziy hokimiyatni 
mustahkamlashga qanchalik urinmasin, viloyat hokimlarining mustaqillikka intilishi 
davom etaverdi. Amir Haydar davrida (1800-1826) ham ichki va tashqi urushlar 
davom etib turdi. Ayniqsa, O‘ratepa bir necha marta qo‘ldan-qo‘lga o‘tib turdi. XIX 
asrning birinchi choragida Buxoro bilan Xiva va Qo‘qon xonliklari o‘rtasida 
Markaziy Osiyoda ustunlikka erishish uchun o‘zaro urushlar bo‘ldi. Toshkent, 
Turkiston, Chimkent va ularning atrofi Qo‘qon xonligi tarkibiga qo‘shildi. 1825-
yilda Xiva xoni Olloqulixon (1825-1864) Buxoroga qarashli Marvni egalladi. 
Tinimsiz urushlar, soliqlar miqdorining ortib borishi qo‘zg‘olonlarga, jumladan 
1821-1825-yillarda Buxoro va Samarqand oralig‘ida istiqomat qiluvchi xitoy-
qipchoq qabilalari qo‘zg‘oloniga sabab bo‘ldi1 . 1826-yilda Amir Haydar vafot 
etgach, birin-ketin uning ikki o‘g‘li Husayn va Umar o‘ldirildi. Taxtga uning 
uchinchi o‘g‘li, shafqatsizligi uchun «qassob amir» laqabini olgan Nasrullaxon 


o‘tirdi. U hokimiyatni mustahkamlash uchun o‘ta shafqatsizlik bilan kurash olib 
bordi. U taxtga da’vogar bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha qarindoshlarini ham 
ayamay o‘ldirtirib yubordi. O‘zini Buxoro amirligidan mustaqil deb e’lon qilgan 
Shahrisabz bekligiga 20 yil davomida 32 bor yurish qildi. Janubda Marv uchun Xiva 
xonlari bilan uzoq urush olib bordi. Amir Nasrullo 1839, 1841 va 1858-yillarda 
Qo‘qon xonligiga uch marta yurish qiladi. Aholi qirg‘in qilinib, boyliklar talanadi. 
Hatto mashhur o‘zbek shoirasi Nodirabegim (Mohlaroyim) ham amir buyrug‘i bilan 
o‘ldiriladi. Amir Nasrullo davrida Buxoro Rossiya bilan Angliya o‘rtasida Markaziy 
Osiyoda boshlangan raqobatchilik kurashi maydoniga aylanib qoldi. Xiva xonligi. 
XVI-XVIII asrlardagi Markaziy Osiyo siyosiy xaritasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 
bu davrda Buxoro davlatidan mustaqil ravishda Xiva xonligi mavjud edi1 . Xiva 
xonligi Muhammad Shayboniyxonning XVI asr boshlarida Xorazmga yurishi 
natijasida tashkil topgan edi. 1511-yilda Shayboniylar xonadoniga mansub 
bo‘lmagan Dashti Qipchoq ko‘chmanchilari tub aholining yordami bilan 
eronliklarga zarba berib, Xorazm mustaqilligini tikladilar. Elbars Xiva xoni deb 
e’lon qilindi. Elbarsxon boshqargan Xorazm XVI asrning 20 – 30-yillarida o‘z 
yerlarini Turkmanistonning janubi, Eronning shimoliy Saraxs tumani, Orol bo‘ylari 
va Mang‘ishloqqacha kengaytirdi. Buxoro hukmdorlaridan Xivani bo‘ysundirish 
uchun 1536-yilda Ubaydullaxon, 1575-yilda Abdullaxon harakat qildi, lekin 
bo‘ysundira olmadi. Abdullaxon vafotidan (1598) so‘ng Xiva xonligi uzil-kesil 
mustaqil bo‘ldi. XVI-XVIII asrlarda Xiva xonligida feodal tarqoqlik hukm surdi. 
Har bir shahzoda o‘z mulkida mustaqil boshqaruvga ega edi. Arab Muhammad 
(1602-1623), Asfandiyor (1623-1643) davrida bunday holat yanada kuchaydi. 
Xonlik hududiga qozoqlar, Ural kazaklari, qalmiqlar va Buxoro lashkarlari bir necha 
bor bostirib kirdilar. Abulg‘ozi Bahodirxon (1643- 1663) va uning o‘g‘li Anusha 
davrida (1663-1687) ham xonlikda vaziyat og‘irligicha qolaverdi. Ayniqsa, 
Shohniyoz (1688-1702) va undan keyin hukmronlik qilgan Arab Muhammadxon II 
(1702-1714) davrida sultonlar o‘rtasida taxt uchun kurash to‘xtamadi. 1715 yilda 
Xiva xonligi taxtiga Sherg‘ozi o‘tirdi. Feodal mojarolar natijasida davlatning ichki 
ahvoli yomonlashib bordi. Bu davrda qo‘shni davlatlarning Xiva xonligi ichki 
ishlariga aralashuvi kuchaydi. Pyotr I Xiva xonligini bosib olish maqsadida 1715-
1717-yillarda Bekovich-Cherkasskiy boshchiligida katta ekspeditsiya yubordi. 
Lekin Xiva lashkarlari ustalik bilan harakat qilib, rus qo‘shinlarini mag‘lubiyatga 
uchratdi. Shundan keyin ham qo‘shni davlatlarning Xiva xonligi ichki ishlariga 
aralashuvi davom etaverdi. 1728-yili Sherg‘ozixon o‘ldiriladi va Xivaning nufuzli 
ayonlari taklifiga binoan yuqorida ta’kidlanganidek, taxtga qozoq sultonlaridan biri 
Elbars (1728-1740) o‘tiradi. Elbarsxon II davrida Xuroson, Afg‘oniston va 
Hindistonga harbiy yurishlar qilindi. Shu davrda Eron hukmdori Nodirshoh Xivaga 
qarshi urush boshladi. Elbarsxon II o‘ldirilib, Xiva xonligi Eronga bo‘ysundirildi. 
Bir yildan so‘ng, 1741-yilda Xivada Eronga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilib, xonlikning 
mustaqilligi tiklandi. 1747-yilda qozoq sultonlaridan biri Qoyim (Kaip, 1747-1757) 
xon deb e’lon qilindi. 1763-yilga kelib, Xiva xonligida yangi sulola – qo‘ng‘irot 
qabilasi vakillarining hukmronligi boshlandi. Muhammad Amin inoq (1763-1790) 
1770-yilda turkmanlarning, 1782-yilda buxoroliklarning hujumlarini daf etdi. 1804-
yilda Xivada qo‘ng‘irotlar sulolasi amalda emas, rasmiy ravishda hukmron bo‘lib 


oldi. Eltuzarxon (1804-1806) va uning ukasi Muhammad Rahimxon I (1806-1825) 
hukmronligi davrida Xiva xonligining nufuzi oshdi, uning birlashish jarayoni 
tugallandi. 1811 yilda Orol bo‘ylari, ko‘p o‘tmay qoraqalpoqlar, 1822-yilda Marv 
va uning atrofidagi turkmanlar bo‘ysundirildi. Muhammad Rahimxon I davlatni 
boshqarish uchun devon (vazirlik) tashkil qildi, soliq tizimini isloh qilib, bojxona va 
zarbxona tashkil etdi, oltin va kumush tangalar chiqardi. Uning o‘g‘li Olloqulixon 
(1825-1842) davrida xonlik yerlari Sirdaryoning Orolga quyilishi joyidan 
Turkmanistonning Kushkagacha bo‘lgan hududlarigacha kengaydi. Natijada Eron 
bilan munosabatlar yomonlashdi. Undan keyingi xonlar, ayniqsa, Muhammad 
Aminxon (1845-1855) va Sayyid Muhammadxon (1855- 1864)lar turkmanlarga 
qarshi va Xurosonni egallash maqsadida bir necha marta yurishlar qildilar. Xiva 
taxtida eng ko‘p o‘tirgan hukmdorlardan biri Muhammad Rahimxon II (1864-1910) 
bo‘lib, uning davrida Xiva xonligi Rossiya imperiyasiga qaram bo‘lib qoldi. Qo‘qon 
xonligi. XVIII asr boshlarida Buxoro xonligida ro‘y bergan siyosiy va iqtisodiy 
tushkunlik natijasida markaziy hokimiyat zaiflashib bordi. Xonlik tasarrufiga 
kiritilgan yerlarda, ayniqsa, Farg‘onada mustaqillikka intilish kuchayib ketdi. 
Natijada Farg‘ona alohida o‘lka bo‘lib, xonlikdan ajralib chiqdi1 . Xon avlodlari 
o‘rtasidagi kurash natijasida hokimiyat o‘zbeklarning Ming urug‘idan chiqqan 
Erdanabiy qo‘liga o‘tadi. Ko‘p o‘tmay, Shohruhbiy hokimiyatni qo‘lga olib, 1710-
yilda Qo‘qon xonligiga asos soldi. Qisqa vaqt ichida Farg‘onadan tashqari, xonlik 
hududiga Sirdaryo havzasi, Yettisuvning bir qismi qo‘shib olindi. Abdurahimbiy 
(1721-1733) 1732-yilda davlat poytaxtini Tepaqo‘rg‘on qal’asidan hozirgi Qo‘qon 
shahri o‘rniga ko‘chirdi. Abdurahimbiy davrida xonlik yerlari kengayib, Farg‘onada 
kuchli davlat vujudga keldi. XVIII asrning ikkinchi yarmida Erdonabiy (1751-1762) 
va Norbo‘tabiylar (1763-1798) hukmronligi davrida Farg‘onani birlashtirish 
yakunlandi. Bir necha marta Qo‘qon hukmdori Norbo‘tabiy Toshkentga qarashli 
yerlarni bo‘ysundirishga harakat qildi. Norbo‘tabiyning o‘g‘li va vorisi Olimxon 
(1798-1809) davrida xonlik yerlari kengayib, xonlikning siyosiy va iqtisodiy 
mavqyei o‘sdi. Xonlikda harbiy islohot o‘tkazildi. Ohangaron, Toshkent, Chimkent 
va Turkiston viloyatlari xonlikka qo‘shib olindi. 1805-yildan Farg‘ona davlati 
rasman Qo‘qon xonligi deb e’lon qilindi2 va Olimbek o‘ziga xon unvonini oldi. 
1809-yilda xonlik taxtiga Umarxon (1809-1822) o‘tirdi. Umarxon hukmronligi 
davrida bo‘ysunmay qo‘ygan Turkiston, Chimkent, Sayram va Avliyoota egallandi. 
Jizzax, O‘ratepa va boshqa joylar uchun Qo‘qon xonlari Buxoro amirligi bilan 
beto‘xtov urushlar olib bordi. Muhammad Alixon (1822-1842) Sharqiy Turkiston 
bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni kuchaytirishga harakat qildi. Xonlik 
chegaralarini kengaytirib Qorategin, Ko‘lob, Hisor, Badaxshon, Darvoz va Matcho 
viloyatlarini bosib oldi. Chegaralarni mustahkamlash maqsadida Pishpak, To‘qmoq, 
Kushka, Avliyoota va boshqa harbiy istehkomlar qurildi. Muhammad Alixon 
boshqaruvining so‘nggi yillarida Qo‘qonda xon hokimiyatiga qarshi Nasrulloxon 
1839 va 1841-1842-yillarda Qo‘qon xonligiga bostirib kirib, Toshkent, Xo‘jand, 
O‘ratepa va boshqa joylarni egallab oldi. 1842-yilda Qo‘qonga hujum qilib 
Muhammad Alixon, Mohlaroyim (Nodirabegim) va xon oilasidagi barcha odamlarni 
qatl ettirdi. Qo‘qonga Buxoro tarafidan noib tayinlandi, lekin ko‘p o‘tmay 
qo‘qonliklar qo‘zg‘olon ko‘tarib, buxoroliklar hukmronligini ag‘darib tashladi. 


1842- yilda Olimxonning jiyani Sherali xon qilib ko‘tarildi. Bu vaqtga kelib, ko‘ldan 
chiqib ketgan Toshkent yerlari, Qurama, Xo‘jand va boshqa viloyatlar qaytadan 
xonlik tasarrufiga kiritildi. Bu davrda Farg‘onada qipchoqlar qo‘zg‘olon ko‘tarib, 
Qo‘qonni egalladilar va Musulmonqul bosh qo‘mondon qilib tayinlandi. 
Sheralixonning siyosatidan norozi o‘zbek beklari uni o‘ldirdilar, xon taxtiga 
Olimxonning o‘g‘li Murodxon qo‘yildi. Sheralixondan keyin xonlikda taxt uchun 
kurash avjiga mindi. Yosh hukmdor Murodxon ham o‘ldirilib, uning o‘rniga taxtga 
Musulmonqul qipchoq tomonidan Sheralixonning o‘g‘li Xudoyorxon o‘tqazildi. 
Xudoyorxon uch marotaba taxtga o‘tirdi1 . Birinchi marta (1845-1858) nomigagina 
xon bo‘lib, hokimiyatni qaynotasi Musulmonqul boshqardi. Xudoyorxon ikkinchi 
marta 1862-1863-yillarda, uchinchi marta 1865-1875- yillarda xonlik qildi. 
Xudoyorxon hukmronligi davrida tinimsiz ichki nizolar, Buxoro amirligi bilan olib 
borilgan urushlar, xalq g‘alayonlari Qo‘qon xonligini inqirozga olib keldi. Shunday 
qilib, Rossiya istilosi arafasida Markaziy Osiyoning uchta o‘zbek xonligi o‘rtasidagi 
feodal urushlar, etnik nizolar, taxt talashishilar, Rossiya imperiyasi tomonidan bu 
uchala mustaqil o‘zbek davlatlarini bosib olib, mustamlakaga aylantirishga qulay 
imkoniyat yaratdi. Turkistonning xonliklarga bo‘linib ketishining oqibatlari XVI-
XVIII asrlarda Movarounnahrda yagona markazlashgan davlat o‘rnida uchta o‘zbek 
xonliklari tashkil topdi. Bu xonliklar o‘zaro urushlar, feodal bo‘linishlarga barham 
bera olmadi. Hanuz ko‘plab mayda feodal o‘lkalar mavjud bo‘lib, Xiva xonligining 
shimoliy qismi, Orol bo‘yi, Shahrisabz, Jizzax, O‘ratepa oralig‘i va boshqa 
hududlarda mustaqil o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq qabilalari ko‘chib yurardi. Bu 
davlatlarda yashovchi 92 ta o‘zbek qabilalarining har biri o‘z yaylov va dalalari, 
qabila boshlig‘i qarorgohi joylashgan manzilgohlari bo‘lgan muayyan hududlarga 
ega edi. Qabilalarning ishlab chiqarish usuli ko‘chmanchi va yarim 
ko‘chmanchilikka asoslangan bo‘lib, urug‘-qabila tuzumiga xos xususiyatlar 
saqlanib qolgan edi. Bu xususiyatlar an’anaviy madaniy-maishiy turmush tarzi, 
o‘zini etnik anglash, urf-odatlar va an’analar, xalqning tili, dini, milliy qadriyatlari 
umumiyligiga qaramay, ularni yagona millat bo‘lib birlashishiga xalaqit berar edi. 
Har bir hukmdor, xon yoki amir faqat o‘zini o‘ylab, xalq, davlat, millat, vatan 
taqdiriga qayg‘urmadi. XVI-XIX asrlarda o‘zbek xonliklari ilg‘or Yevropa 
mamlakatlaridan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnik va ma’naviy-madaniy 
sohalarda ancha orqada qolib ketdi. Bunday ahvol yuz berishiga bir qancha tashqi 
va ichki omillar sabab bo‘ldi XV asrning oxiri – XVI asrlardagi buyuk geografik 
kashfiyotlar natijasida XVII-XVIII asrlarga kelib dunyo savdo yo‘llari 
yo‘nalishining o‘zgarishi Markaziy Osiyoda xalqaro savdo aloqalarining asta-sekin 
so‘nishiga sabab bo‘ldi. Bu Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va siyosiy hayotidagi 
turg‘unlikning eng asosiy sabablaridan biri bo‘ldi. Aksariyat Yevropa 
mamlakatlarida inqiloblar bo‘lib o‘tdi va davlatni demokratik uslublarda qonun 
asosida boshqarish amalda joriy qilina boshlandi. XX asrning 20-yillarigacha 
Markaziy Osiyo xonliklarida davlatni idora qilish patriarxal-ko‘chmanchi urf-
odatlariga asoslangan xolda edi. Bu hol Markaziy Osiyo xonliklarda faqat 
hukmdorning xohish-irodasi bilan bog‘liq mutlaq hokimiyat(cheklanmagan 
monarxiya) boshqaruv usulining saqlanib qolishiga olib keldi. XVII-XVIII asrlarga 
kelib, Farbiy Yevropa mamlakatlarida yangi burjuaziya sinfi va yangi kapitalistik 


iqtisodiy munosabatlar shakllana boshladi. Farbiy Yevropaning bir qator davlatlari 
(Angliya, Gollandiya, Fransiya va boshqalar) mustamlakalarni shafqatsiz talash va 
boyliklarni tashib ketish hisobiga dastlabki kapital jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldilar. 
Bu esa ularga birinchi jamg‘arma hisobiga iqtisodni rivojlantirishga, ilm-fan va 
texnika taraqqiyoti uchun poydevor bo‘ldi. Aksariyat Yevropa mamlakatlarida 
sanoat inqiloblari natijasida yirik yangi texnologiyalarga asoslangan korxonalar 
faoliyat ko‘rsata boshladi, temir yo‘llar, yangi aloqa vositalari, kommunikatsiyalari 
vujudga keldi, zamonaviy qurol-yarog‘lar, mashinalar, texnika uskunalari yaratildi. 
Ayni shu paytda xonliklarda patriarxal ishlab chiqarish bo‘lib, sarmoyadorlik haqida 
so‘z ham bo‘lishi mumkin emas edi. Savdo-sotiq, tovar-pul munosabatlari 
shakllanmadi. Shu bilan birga yarim patriarxal, yarim natural xo‘jalik yuritish, ya’ni 
yarim patriarxal munosabatlar taraqqiyotni susaytirib qo‘ydi. Ma’lumki, yerga 
bo‘lgan mulkchilik shakllari ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantiruvchi asosiy 
omil bo‘lib hisoblanadi. Yevropa mamlakatlarida yerga egalik qilishning xususiy 
mulk shakli qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti va dastlabki kapital jamg‘arishning kuchli 
bir vositalaridan bo‘ldi. Markaziy Osiyo davlatlari esa yerga nisbatan xususiy 
mulkchilik cheklangan holda rivojlandi. Biz o‘rganayotgan davrda yerga bo‘lgan 
mulkchilikning turli shakllari vujudga kelgan bo‘lsa-da (xon va amirlarning davlat 
mulki, yirik feodallar mulki, vaqf mulki, mayda xususiy mulk, jamoa mulki), 
yerning haqiqiy egasi oliy hukmdorligicha qolaverdi. Xonliklarda yer dehqonlarga 
ijara tarzida xatlab biriktirilgan edi. Shu bois dehqon yer egasi emas, yerdan 
olinadigan hosilning egasi edi. Hukmdor yerdan foydalanish uchun uni xohlagan 
kishiga, amaldor yoki masjidlarga ulashishi mumkin edi. Asrlar davomida saqlanib 
kelgan ishlab chiqarish usuli XVI-XVIII asrlarga kelib sifat jihatidan o‘zgarmadi. 
Savdo va hunarmandchilikdagi inqiroz ishlab chiqarish va iste’mol hajmining 
kamayishiga olib keldi. Ko‘pchilik Yevropa mamlakatlarida din davlatdan ajratilgan 
bo‘lib, unga faqat shaxsiy e’tiqod omili sifatida qaralar va siyosatga aralashmas edi. 
Xonliklarda esa islom davlat dini darajasiga ko‘tarilgan va davlat siyosatiga, 
madaniyat va ma’naviyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatar edi. Bizga ma’lumki, VIII asrdan 
boshlab, Markaziy Osiyoda islom dini hukmron mafkuraga aylanib, ijtimoiy-
siyosiy, ma’naviy-madaniy, shuningdek, iqtisodiy hayotga ham chuqur singib 
ketgan edi. XVII-XVIII asrlardagi ma’naviy hayotga diniy mutaassiblik zararli ta’sir 
ko‘rsatdi, ijtimoiymadaniy tafakkurdagi tub yangiliklarni, ijtimoiy rivojlanishga 
qaratilgan g‘oyalarni qabul qilmay qo‘ydi. Buning natijasida o‘zbek xonliklari 
mahdudlikka berilgan, yangiliklardan yuz o‘girgan yopiq jamiyatga aylandi. 
Mutaassiblik hukmron mafkura sifatida ma’naviyat madaniyat, fan, adabiyot, 
san’atni nazorat ostiga olib, taqiqlovchi kuch vazifasini o‘tadi, bu esa jamiyatni 
qoloqlikka mahkum qildi. Yevropada dunyoviy ta’lim berishga o‘tilgan bo‘lib, ular 
umumiy taraqqiyotning bosh omili sifatida qaror topdi. Xonliklarda esa ta’lim tizimi 
mutaassib ruhoniylar ixtiyorida bo‘lganligi uchun madrasa va maktablar asosan 
diniy bilim berishga moslashgan edi. Markaziy Osiyodagi nisbiy turg‘unlikning 
yana muhim bir sababi – bu xonliklardagi o‘zaro ichki urushlardir. O‘zbek 
xonliklarida XVII–XVIII asrlarda muttasil davom etib kelgan feodal urushlar, 
Buxoro – Xiva, Buxoro – Qo‘qon mojarolari, mustaqillikka intilgan viloyat 
hokimlari va qabila zodagonlariga qarshi olib borilgan harbiy harakatlar, chet el 


bosqinchilarining o‘zbek xonliklari hududlariga tajovuzlari ijtimoiy-iqtisodiy va 
siyosiy hayotni butunlay izdan chiqardi. Bu davrda Vatan istiqboli uchun 
qayg‘uradigan, xalqni bir g‘oya va bir ezgu maqsad yo‘lida birlashtira oladigan 
hukmdor chiqmadi. Aksincha, Buxoro, Xiva va Qo‘qon hukmdorlari bu davrda 
o‘zaro qonli urushlar bilan ovora bo‘ldilar.
CHOR 
ROSSIYASINING 
TURKISTONDA 
YURITGAN 
MUSTAMLAKACHILIK SIYOSATI. Angliya va Rossiyaning Markaziy Osiyo 
xonliklarini o‘z ta’sir doirasiga tortish bo‘yicha o‘zaro raqobati XIX asrning 
ikkinchi yarmiga kelib, Markaziy Osiyoda joylashgan o‘zbek xonliklarida murakkab 
siyosiy vaziyat yuzaga kela boshladi. Bu vaziyat, birinchidan, xonliklarning ichki 
ahvoli va o‘zaro munosabatlari bilan belgilansa, ikkinchidan tashqi dunyo, ya’ni 
Chor Rossiyasi bilan Buyuk Britaniya imperiyalarining bu xonliklarni o‘z ta’sir 
doirasiga tortish sari qilgan xatti-harakatlari bilan bog‘liqdir. O‘zbek xonliklari 
imperialistik davlatlarni, jumladan Buyuk Britaniya bilan Rossiyani birinchi 
navbatda moddiy boyliklari, arzon ish kuchi, sanoat maxsulotlarini sotish uchun 
qo‘shimcha bozor ekanligi va turli boshqa qulay imkoniyatlari bilan o‘ziga jalb qilar 
edi. Xususan, Angliyaning o‘zbek xonliklariga munosabatiga kelganda, sobiq sovet 
davrida bu borada bir fikr aksioma sifatida qabul qilingan edi. Go’yo Markaziy 
Osiyo davlatlari Rossiya tomonidan «qo‘shib olinmasa», bu hudud ashaddiy 
mustamlakachi davlat – Angliyaga qaram bo‘lib qolishi va xalqlarning yanada 
ko‘proq ezilishi muqarrar ekan. Bu fikrga qo‘shilish qiyin. Shubhasiz, Angliyaning 
Markaziy Osiyodagi manfaatlari bor ekanligini inkor etib bo‘lmaydi. Angliya bu 
hududning ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan o‘ziga tobe bo‘lishini xohlar edi. 
Angliya o‘z maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun barcha imkoniyatlardan 
foydalanishga harakat qildi. Masalan, Rossiyaning Qo‘qon va Xiva xonliklari 
yerlarini bosib olish rejalaridan xabar topgan Angliya Buxoro, Xiva va Qo‘qonga 
o‘z emissarlarini yuborib, ularni birlashtirishga, hech bo‘lmasa Rossiyadan 
birgalikda muhofazalanish uchun harbiy bitim tuzishga da’vat qildi1 . Bunga Buxoro 
va Xivaga Ost-Indiya kompaniyasi uyushtirgan Meyyandorf, Aleksandr Berns, 
Konnoli Volf boshchiligidagi emissarlarning kelishi misol bo‘la oladi. Angliyaga 
o‘z mustamlakalarini Rossiyadan himoya qilishni yengillashtiradigan, ikki o‘rtada 
mustahkam to‘siq bo‘ladigan kuchli xayrixoh davlat yoki Rossiyaga qarshi siyosiy 
harbiy asosda birlashgan davlatlar ittifoqi kerak edi. Bu fikrga bir qancha boshqa 
olimlar ham qo‘shilgan. Markaziy Osiyo hududi o‘zining moddiy boyliklari bilan 
Rossiyani ko‘p vaqtdan buyon jalb qilib kelardi, lekin o‘zbek xonliklarini bosib olish 
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Rossiyada amaliy muammo sifatida kun 
tartibiga qo‘yila boshladi. Chunki shu davrga kelib avvallari iqtisodiy, ayniqsa. 
sanoat ishlab chiqarishining rivojlanishi jihatdan Yevropa mamlakatlaridan ortda 
qolib kelgan Rossiya sanoati va u bilan bog‘liq bo‘lgan sarmoyadorlik ildam odimlar 
bilan taraqqiy eta boshladi. Bu jarayon, o‘z navbatida, Chor hukumati oldiga bir 
qancha muammolarni qo‘ydi. Rivojlangan mamlakatlar Rossiya tovarlarining 
Yevropaga kirib kelishidan manfaatdor emas edilar, shu bois bunga turli yo‘llar 
bilan qarshilik ko‘rsatardilar. Ayni vaqtda Rossiya tovarlari ham sifati pastligi uchun 
Yevropada raqobatga dosh berolmasdi. Shu sababli Rossiya bozorni boshqa kam 


taraqqiy etgan mintaqalardan izlashi kerak edi. O‘sha davrda Markaziy Osiyo 
mamlakatlari shu ehtiyojni qondirishi mumkin edi. Boz ustiga, Buyuk Britaniyaning 
o‘z mustamlakalari orqali sekin-asta Markaziy Osiyo bozorlarini ham egallay 
boshlayotganligi Rossiyani tashvishga solmay qolmasdi. XIX asr oxiriga kelib 
Rossiyaning tez rivojlanib borayotgan sanoati, ayniqsa yengil sanoati, tobora 
ko‘proq yangi xomashyo zaxiralariga ehtiyoj seza boshladi. Vujudga kelgan 
vaziyatning keskinlashuviga, jumladan, AQShdagi fuqarolar urushi tufayli u yerdan 
Rossiyaning to‘qimachilik sanoati uchun xarid qilinadigan paxta miqdorining bir 
necha barobar kamayishi va xarid narxlarining besh barobarcha oshib ketishi ham 
sabab bo‘ldi1 . Bu hol Rossiya sarmoyadorlarini tashvishga solib qo‘ydi. Ularning 
nufuzli vakillari ushbu muammoni hal qilish vazifasini hukumat oldiga qat’iyat bilan 
qo‘ya boshladilar. Tahlil qilinayotgan davrda Rossiya oldida yana bir muammo – 
Rossiya flotining Angliya hukmronlik qilayotgan Qora va O‘rta yer dengizlariga 
erkin chiqish masalasi ko‘ndalang turardi. Bu mintaqalarda Rossiya o‘zining 
kuchsiz floti bilan Angliyaga tazyiq o‘tkaza olmasdi. Shu bois Rossiya Angliyaga 
tazyiq o‘tkazadigan boshqa hududni izlashiga to‘g‘ri kelgan Angliya 
mustamlakalarining (Xindiston va Afg‘oniston) qo‘shnilari – Markaziy Osiyo 
xonliklari ana shunday vosita bo‘lib xizmat qilishlari mumkin edi. Rossiya ularning 
hududlarni egallab, Angliya mustamlakalariga tahdid solishiga va Angliyani 
Yevropada biroz bo‘lsa-da, yon berishga majbur qilishga erishishi mumkin edi.
Shunday qilib, Markaziy Osiyo xonliklari hukmdorlarining uquvsizligi, uzoqni 
ko‘ra bilmasligi, manmansiraganligi tufayli yetakchi imperialistik davlatlar dunyoni 
bo‘lib olish siyosatining qurboniga aylandilar. Rossiyaning Markaziy Osiyo 
xonliklarini bosib olishi, uning asosiy bosqichlari Markaziy Osiyoga ommaviy 
yurish arafasida Rossiya imperiyasi o‘z oldiga quyidagi maqsadlarni qo‘yadi. – shu 
rivojlanib borayotgan sanoat korxonalarini arzon xomashyo bilan ta’minlashga 
erishish; – sifati uncha yuqori bo‘lmagan sanoat mahsulotlarini sotish uchun 
qo‘shimcha bozor yaratish; – bosib olinadigan hududlardagi arzon ishchi kuchini 
ekspluatatsiya qilish hisobiga sarmoya egalarining kapitalini boyitish va ishonchini 
qozonish; – Angliyaga bosim o‘tkazib, O‘rta dengizga chiqish imkoniyatiga ega 
bo‘lish; – 1853-1856-yillarda Turkiya bilan bo‘lgan urushdan keyin putur yetgan 
xalqaro mavqyeini tiklab olish. Rossiyaning bosqinchilik yurishlari bir qancha o‘quv 
qo‘llanmalarida, tarixiy va ilmiy adabiyotlarda batafsil yoritilganligi bois, bu 
urushning barcha tafsilotlarini bayon qilishni lozim topmay, uning mohiyati, 
maqsadi, bosqichlari va yakunlariga e’tiborni qaratish lozim. Chor Rossiyasi Qo‘qon 
xonligi tasarrufiga kirgan Oq machitni 1853- yilda egallagan bo‘lishiga qaramay, 
urushning asosiy bosqichlari 1964-yilda Avliyoota (hozirgi Jambul) va Chimkentni 
bosib olishdan boshlandi. Rossiyaning Markaziy Osiyoni bosib olish asosiy 
bosqichlari quyidagilardan iborat: 1864-yilda – Avliyo ota va Chimkent egallandi; 
1865-yilda – Toshkent bosib olindi; 1868-yilda – Buxoro amirligi taslim bo‘ldi; 
1873-yilda – Xiva xonligi bo‘ysundirildi; 1876-yilda – Qo‘qon xonligi tugatildi; 
1885-yilda – Turkmanistonning bir qancha shaharlari egallandi; 1895-yilga kelib 
Markaziy Osiyoning hozirgi Afg‘oniston va Eron bilan chegaradosh sarhadlari to‘la 
zabt etildi. Har qanday bosqinchi kabi, mustamlakachi Chor Rossiyasi davlati ham 
o‘zining qirg‘inbarot harbiy yurishlarini xaspo‘shlash uchun Markaziy Osiyo 


xalqlarining o‘z ixtiyorlari bilan qo‘shilganligini, urushda qurbonlar kam 
bo‘lganligini isbotlash, bosib olingan davlatlarning mustaqilligi saqlab qolinganligi, 
ular xalqlarining mustabid tuzumdan ozod qilingani haqidagi safsatalarni o‘ziga 
qurol qilib olgani va targ‘ibot qilganini nazarda tutib, e’tiborni urushning asl 
mohiyatini ochib berishga qaratish joizdir. Har qanday urushda bo‘lganidek, Rossiya 
bilan Markaziy Osiyo xonliklarining to‘qnashuvida ham o‘sha davrda mavjud 
bo‘lgan qo‘shinning barcha turlari va qurol-yarog‘ning to‘la majmuasi ishtirok 
etgan. Ikkala tomondan ham ko‘p qon to‘kilgan, ya’ni haqiqiy qirg‘inbarot urush 
bo‘lgan. Fikrimizning tasdig‘i uchun ba’zi misollarni keltiramiz. Xivani zabt etishda 
Rossiya tomonidan 20 ta raketa stanogi, 56 ta to‘p bilan qurollangan 9 mingdan ortiq 
harbiylar qatnashdilar1 . Qarshi tomondan bundan ham ko‘proq odam qatnashgan. 
Samarqandni egallashga qaratilgan yurishda esa Rossiya tomonidan taxminan 2,5 
ming harbiy va 10 ta to‘p qatnashdi2 . Bu to‘g‘rida Majid Hasaniy arxiv 
materiallariga tayanib, batafsil ma’lumotlar keltirgan. Urushda halok 
bo‘lganlarning, ayniqsa himoyachilarning soni ko‘pligi bilan insonni dahshatga 
soladi. Masalan, Chimkentda 12 ming, Toshkentda 8 ming, Xo‘jandda 5 ming, 
Jizzaxda 3 ming nafar himoyachi halok bo‘ladi3 . Umuman olganda, deyarli 20 yil 
davom etgan urushda mahalliy aholining qanchasi qirilib ketganligini faqat taxmin 
qilish mumkin. Keltirilgan ma’lumotlar, ko‘plab tarixiy adabiyotlarda bayon 
qilingan o‘zbek xonliklarini bosib olish tafsilotlariga asoslanib; Chor Rossiyasining 
olib borgan urushlarini faqat bir ma’noda, ya’ni imperializm davriga xos 
bosqinchilik, talonchilik qirg‘inbarot urush deb ta’riflash mumkin. Xonlik 
hududining egallanishi imperialistik Rossiyaning bu yerdagi boy va arzon xomashyo 
zaxirasiga egalik qilish, tub joy aholini ekspluatatsiya qilish maqsadini ro‘yobga 
chiqarishga keng yo‘l ochib berdi. Markaziy Osiyoning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, 
madaniy va ma’naviy taraqqiyoti muayyan ma’noda turg‘unlikka uchradi. O‘zbek 
xonliklarining chor Rossiyasidan yengilishi sabablari va uning oqibatlari. Markaziy 
Osiyo xonliklari mag‘lubiyatga uchrashining asosiy sababi Buxoro amirligi, Xiva va 
Qo‘qon xonliklarining jahon umumiy taraqqiyotidan chetda qolib ketganligidadir. 
Bu xonliklardagi feodal munosabatlarga asoslangan tuzum, xurofotni qurol qilib 
olgan ba’zi mutaassib ruhoniylar ta’siridagi davlatlar hokimiyati ishlab chiqarishni 
zamonaviy usullar asosida rivojlantirish uchun sharoit yaratmadi. Albatta, bu hol 
armiyaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmas edi. Masalan, Buxoro amirligida 
umumiy safarbarlik e’lon qilingan davrdagi askarlarning soni 100 minggacha 
yetardi. Ammo u ramziy ma’nodagina lashkar edi. Ularning asosiy qismi uchiga 
temir nayza qadalgan oddiy tayoq yoki ilg‘or mamlakatlarda allaqachon 
foydalanilmay qolgan pilta miltiq bilan qurollangan bo‘lib, uni yondirish va otish 
uchun bir xokandoz cho‘g‘ bo‘lishi shart edi. Ahmad Donishning yozishicha, 
lashkarlarning o‘zi harbiy mashqni yaxshi o‘zlashtirmagan va urush maydonini 
ko‘rmagan bezori va sayoq kishilardan tashkil topgan edi . Aks holda 1866-yil 22-
mayda Oqjarda bo‘lib o‘tgan jangda 10 ming nafarlik Buxoro armiyasining 2 ming 
nafarlik rus harbiylari bilan birinchi to‘qnashuvidayoq qaqshatqich zarbaga uchrab, 
5 ming himoyachining halok bo‘lganligini nima bilan izohlash mumkin. Buning 
teskarisi o‘laroq, Rossiyaning muntazam, bir qancha urushlarda chiniqqan, 
mustahkam tartib-intizomga asoslangan armiyasi zamonaviy qurol-yarog‘larga ega 


edi. Shuning uchun ham u o‘zidan miqdor jihatidan ancha ustun bo‘lgan 
himoyachilar ustidan g‘alabaga erishdi. O‘zbek xonliklarining Rossiyadan 
mag‘lubiyatga uchrashining sabablaridan yana biri ular orasida birdamlikning 
yo‘qligi va bir-biriga nisbatan xoinligidir. Yuqorida biz Xiva xonining Qo‘qon 
xonligi takliflariga munosabatini bayon qilgan edik. Xuddi shunday munosabatni 
Rossiya Buxoro amirligiga qarshi hujum boshlaganda Qo‘qon xoni Xudoyorxon 
ham namoyon qildi. U o‘zining rahnamosi amir Muzaffarning Rossiyaga qarshi 
birgalikda harakat qilish haqidagi taklifini qabul qilishga shoshilmadi. Amir 
Muzaffar esa Kaufmanga Rossiyaning Xivaga qarshi yurishga munosabatini 
shunday bayon qiladi: «Men yaxshi tushunamanki, agar Xiva Rossiya bilan to‘g‘ri 
munosabatda bo‘lmasa, u vaqtda unga qarshi qurol ishlatishga to‘g‘ri keladi. Bunday 
hol yuz bersa, men imkoni boricha, bu yordamimni amalda ko‘rsatishga tayyorman» 
. Xonlik hukmdorlarining bunday kaltabinligi Rossiya Markaziy Osiyo xonliklariga 
qarshi bevosita urush olib borayotganda ham davom etdi. Bu fikrga quyidagilar dalil 
bo‘la oladi. 1864-1865-yillarda Qo‘qon xonligi o‘zining Avliyoota, Chimkent, 
Toshkent va boshqa muhim viloyatlaridan ajralib, 1868-yilda Rossiyaning 
haqoratomuz shartnomasiga imzo chekishga majbur bo‘ldi. Ammo bu kamsitish 
uning uchun hech qanday saboq bo‘lmadi. Shoir va tarixchi Is’hoqxon 
Junaydullaxoji o‘g‘li Ibratning yozishicha, Xudoyorxon Rusiyadan xotirjam bo‘lib, 
vaqtni o‘yin-kulgu bilan o‘tkazdi, qush solmoq va ko‘pkari chopmoq bilan 
shug‘ullandi, ulamo va fuzalo nasihatlariga amal qilmay, jabru zulm tarqatdi va 
xalqni o‘zidan yuz o‘girishga majbur qildi1 . Ibrat Qo‘qon xonligining Rossiyaga 
bo‘ysundirilishini quyidagicha izohlaydi: «Bu ishlarki, ya’ni behuda fasod ishlar 
sabab o‘z ahlimizni beilm va befikrlilikdan bo‘ldi» . Markaziy Osiyo davlatlarining 
yengilishiga yana bir sabab xonlik va shahar boshqaruvchilarida yakdillik, 
hamfikrlikning yo‘qligi va shu bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha amaldorlarning 
xoinligidir. Chor armiyasi tomonidan qay bir shahar egallanmasin, Toshkentmi, 
Samarqandmi, Xivami yoki boshqami – eng tashvishli davrlarda shaharlarni himoya 
qilish bilan uni ixtiyoriy topshirish tarafdorlari o‘rtasida ixtilof kelib chiqqan. 
Istilochilar bosib olishi arafasida Samarqandda vujudga kelgan vaziyatni misol 
sifatida keltiramiz. Dushmanlarga qarshi kurash tarafdorlari madrasalarda to‘planib, 
xalq o‘rtasida tashviqotni yanada kuchaytirdilar. Xalq o‘rtasida yaqinlashib 
kelayotgan yovga qarshilik ko‘rsatishga chaqiruvchilar va dushman bilan bitim 
tuzishni istayotganlar o‘rtasida ixtilof kuchayib bordi. Voqyeaning bunday 
rivojlanib borayotganligidan va bu gaplar istilochilarning qulog‘iga yetib borishidan 
juda qo‘rqqan shahar hukmdori Sherali Inoq, qozikalon va boshqa amaldorlar, 
dindorlardan yovga qarshi kurashni tashviqot qilishni to‘xtatishni talab qildi. Buni 
eshitgan dindorlar qattiq g‘azablandilar va Sherali Inoq vakillarini kaltakladilar. 
Dindorlarning bu ishidan g‘azablangan Sherali Inoq, ularning «ko‘zini ochib» 
qo‘yish maqsadida dindorlar to‘plangan Tillakori madrasasiga qurollangan lashkar 
jo‘natdi. Ikki o‘rtada janjal chiqdi, bir qancha odamlar qurbon berildi. Buning 
oqibati shunday bo‘ldiki, fon Kaufman Samarqandga qurol ishlatmasdan kirib keldi. 
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Xonliklar mag‘lubiyatining 
sabablarini mafkuraviy sohadan ham izlash kerak. Xalqni dushmanga qarshi 
safarbar qiluvchi g‘oya yaratilmagan. Ko‘pchilik ruhoniylar yuksak ma’naviyatli 


insonlarni tarbiyalash va ularni bosqinchilarga qarshi kurashga birlashtirish 
vazifasini bajara olmadilar. Rossiyaning o‘zbek xonliklarini bosib olishi mudhish 
oqibatlarga olib keldi. Qo‘qon xonligi umuman tugatilgan bo‘lsa, Buxoro va Xiva 
xonliklari bosqinchi davlatning vassaliga aylandi. Fikrimizni dalillash uchun 1873- 
yilda Rossiya bilan Xiva xonligi o‘rtasida tuzilgan shartnomaning ba’zi jihatlarini 
eslatib o‘tamiz. Shartnomaga ko‘ra: xonlik Rossiya imperatorining itoatli xizmatkori 
ekanligini tan olib, Markaziy Osiyodagi oliy rus ma’muriyatining ruxsatisiz 
shartnomalar tuzmaslik majburiyatini oldilar; rus savdogarlari barcha bojlardan 
ozod etilishga rozilik bildirdilar; xonliklar Rossiyadan o‘zboshimchalik bilan 
keluvchilarni qabul qilmaslikni va rus jinoyatchilarini topshirishni o‘z zimmasiga 
oldi1 va hokazo. Bundan tashqari, shartnomalarga ko‘ra, mag‘lubiyatga uchragan 
Buxoro amirligi 125 ming tilla pul hisobida, Xiva xonligi 2 mln. so‘m miqdorida 
Rossiyaga tovon to‘lashga majbur bo‘lgan . Bu tovonni to‘lash busiz ham og‘ir 
iqtisodiy va ijtimoiy hayot kechirayotgan mehnatkash xalqning boshiga qo‘shimcha 
kulfatlar keltirdi. Yana katta fojialardan biri shundaki, hududning bosib olinishi 
natijasida mahalliy aholi Vatan mustaqilligi uchun o‘z jonini fido qilgan minglab asl 
vijdonli farzandlaridan judo bo‘ldi. Xoinlar, munofiqlar, sotqinlar, riyokorlar, 
laganbardorlar omon qolib, xalqning ulug‘ tuyg‘ularidan bo‘lgan vatanparvarlikka 
putur yetkazdilar. Xalqimiz mustamlakachilik siyosatiga baho berish 
metodologiyasi Deyarli barcha mustamlakachi davlatlar egallagan hududlarining 
boy imkoniyatlaridan to‘laroq foydalanish maqsadida bir qarashda taraqqiyotga 
yo‘naltirilganidek ko‘rinadigan islohotlarni amalga oshiradilar. Jumladan, Rossiya 
imperiyasi ham Turkistonda ba’zi sanoat korxonalari, temir yo‘llar, aloqa 
kommunikatsiyalarini qurdi, yangi shaharlar barpo qildi, rus-tuzem maktablarini, 
madaniy muassasalar tashkil qildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar Turkistonning 
Rossiya tasarrufida Buxoro amirligi va Xiva xonligi tobe bo‘lishi tarafdorlari 
bo‘lgan siyosatdonlar, ularning xizmatidagilar, ba’zi olimlar bir qancha ilmiy 
jihatdan asoslanmagan «Markaziy Osiyoning qo‘shib olinganligi», ba’zi xududlar 
aholisi o‘z xohishlari bilan Rossiyaga qo‘shilganligi, «Rossiyaning Markaziy 
Osiyoda olib borgan siyosati progressiv ahamiyatga egaligi», aynan «Rossiya tufayli 
Markaziy Osiyo xalqlari insoniyatning yorqin kelajagini belgilaydigan sotsialistik 
tuzumda yashayotganligi» kabi soxta g‘oyalarni ishlab chiqdilar va sovet davrida 
keng targ‘ib qildilar. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng tariximizda yuz 
bergan jarayonlarga, shaxslarga, buyuk davlatlarning, jumladan Rossiya 
imperiyasining mustamlakachilik siyosatiga munosabat o‘zgardi. Juda ko‘p g‘oyalar 
qayta ko‘rib chiqildi, ularga xolisona baho berildi. Bunda Prezident Islom 
Karimovning asarlarida bayon qilingan mustamlakachilik siyosatiga ilmiy nuqtai 
nazaridan baho berish metodologiyasining ishlab chiqilishi muhim ahamiyat kasb 
etdi. Ularning ba’zilarini eslatib o‘tamiz. Birinchidan, ba’zi bir mualliflarning 
fikricha, yirik imperiyalar boshqa mamlakatlar va xalqlarni bosib olgani hamda 
bo‘ysundirgani holda umumjahon taraqqiyotidan orqada qolgan mamlakatlarda 
muayyan darajada sivilizatorlik choralarini ham ado etib kelganlar. Prezident Islom 
Karimovning ta’kidlashicha, «Bunga qo‘shilmaslik mumkin emas. Lekin buyuk 
imperiyalar bilan kam sonli xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar jarayonining 
salbiy jihatlari ham bo‘lgan. Bu salbiy oqibat tashqaridan olib kirilgan sivilizatsiya 


natijalaridan ko‘ra bir necha baravar ortiq edi» . Demak, mustamlakachilik 
siyosatiga baho berganda uning oqibatlarining ijobiy va salbiy tomonlarini taroziga 
qo‘yib qiyoslansa, uning salbiy tomonlari bir necha marta ortiq bo‘lishi o‘z-o‘zidan 
ma’lum bo‘ladi. Haqiqatan ham, Rossiyaning mustamlakachilik davridagi 
sivilizatsiyadorlik choralari tufayli tub joy aholisi turmush darajasining 
yuksalganligi to‘g‘risida dalillar topish qiyin, aksincha ahvol og‘irlashdi, aholi 
siyosiy va ijtimoiy huquqlardan mahrum bo‘ldi va hokazo. Ikkinchidan, Chor 
Rossiyasining mustamlakachilik siyosati misolida «Markaziy Osiyoning 
infrastrukturasidagi o‘zgarishlar, yo‘l qurilishi va kommunikatsiyalarning 
rivojlantirilishi, ana shu maqsadlar uchun imperiyaga xizmat qiluvchi milliy 
kadrlarni tayyorlash – bularning barchasi imperiyaning manfaatlarini qondirganligi, 
bu holda arzon xomashyo va energiya manbalaridan bahramand bo‘lishni 
kafolatlashi kerak bo‘lganligi uchungina amalga oshirilgan» . Boshqacha aytganda, 
mustamlakachi davlatning amalga oshirayotgan chora-tadbirlari kimning manfaatini 
ko‘zlanayotganiga qarab baholanishi kerak. Shunisi aniq va ravshanki, tadbirlar 
birinchi navbatda, mustabid davlatning ya’ni Rossiya imperiyasining foydasi uchun 
o‘tkazilgan. Tarixiy adabiyotlarda Turkistondan tashib ketilgan moddiy boyliklar 
to‘g‘risida ma’lumotlar yetarli. Boz ustiga, mahalliy aholi shafqatsiz ekspluatatsiya 
qilingan. Uchinchidan, «sivilizatsiya zo‘rlik bilan joriy qilingani, milliy nafsoniyat 
va iftixorni kamsitgani, milliy madaniyatlar va ma’naviy qadriyatlarning toptagani, 
ularning ifodachilarini jismonan yo‘q qilib tashlagani uchun» 1 mustamlakachilikni 
hech qanday olijanob niyatlar bilan xaspo‘shlab bo‘lmaydi. Binobarin, 
sivilizatsiyaning qay usulda (ixtiyoriy yoki majburlab) olib kirilganligi ham hal 
qiluvchi ahamiyatga ega. Chor Rossiyasi, birinchi navbatda, mahalliy aholini 
hududni boshqarishdan chetlatdi, uni manqurtga aylantirish choralarini ko‘rdi. Ana 
shu maqsadda, boshqa mustabid davlatlardan farqi o‘laroq, armiyaning kuchiga 
asoslangan harbiy hamda fuqarolik boshqaruvi bir shaxsning, general-
gubernatorning qo‘lida birlashtirildi. Turkistondagi butun hokimiyat general-
gubernator ixtiyorida bo‘lib, u harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, adliya 
masalalarini va hatto, chet el bilan bo‘ladigan munosabatlarni ham o‘zida 
mujassamlantirdiki, bu har qanday demokratiyani inkor qilib, mahalliy xalqni 
mutelikda saqlab turish, unga nisbatan har qanday, jumladan, harbiy kuch ishlatishga 
ham imkon yaratdi. Barcha turdagi ma’muriy bo‘linmalarga oblast, uyezd, volost 
uchastkalariga general-gubernator tomonidan tayinlanadigan harbiylarning 
rahbarlik qilishi tartibi joriy etildi. Natijada, qishloq boshqaruvini hisobga 
olmaganda, mahalliy xalq hududni boshqaruvidan umuman chetlatildi. Ushbu tartib 
podsho ma’muriyatining mahalliy xalqqa bo‘lgan salbiy munosabatini, uni 
mensimasligini bildirardi. Siyosiy huquqlarning kamsitilganligini quyidagi misol 
xam tasdiqlaydi. Rossiya ikkinchi davlat dumasiga rusiyzabon aholining har 46 
minggidan 1 deputat, mahalliy aholining esa har 896 minggidan bitta deputat 
saylandi. Uchinchi Dumaga saylovlarda mahalliy millatlarning saylovga 
qatnashishiga ruxsat berilmadi2 . Bu munosabatlarni Rossiya hokimiyati 
ma’muriyati shunday izohlab berdi: «Turkiston tuzem aholisi hali juda quyi aqliy 
taraqqiyot bosqichidadir. Ular huquq, ma’muriyat, qonun nimaligini bilishmaydi. 
Jamiyat qonun tomonidan beriladigan huquqdan foydalanishni bilmaydi, bu huquq 


uning zarariga xizmat qiladi3 «. Chor Rossiyasi xalqaro miqyosda bosqinchi nomini 
olishdan cho‘chib, o‘z mavqyeini biroz bo‘lsa-da saqlab qolish maqsadida, Buxoro 
va Xiva xonliklarining mustaqilligini rasman tan oldi. Amalda esa xonliklar 
to‘laligicha Rossiyaga qaram edi, chunki ular nafaqat o‘zga davlatlar bilan siyosiy 
va iqtisodiy aloqa o‘rnatishdan mahrum bo‘ldilar, balki o‘zlarining ichki 
siyosatidagi biroz bo‘lsa-da, e’tiborga molik masalalarda ham Rossiya bilan 
kelishishi shart edi. Masalan, Qushbegi eski Buxoroda rus filmlarini ko‘rsatmaslik, 
tansa uyushtirmaslik masalasini hal qilishni Rossiyaning Buxorodagi vakilidan 
iltimos qiladi1 . Xonliklarga nafaqat chet davlatlar bilan munosabatlar o‘rnatish 
taqiqlab qo‘yildi, balki ular mustaqil davlat sifatida hatto Rossiyaning o‘zi bilan 
aloqalar olib borishi mumkin bo‘lmagan. Bu munosabatlar asosan Turkiston 
general-gubernatorligi, aniqrog‘i, uning Buxorodagi siyosiy agentligi va Xivadagi 
Amudaryo bo‘limi orqaligina amalga oshirilgan. Bundan tashqari, xonliklarda bir 
necha, bir qarashda, taraqqiyparvarlik, insonparvarlikka o‘xshash bo‘lgan tadbirlar 
ham Rossiyaning talabi bilan joriy qilindi. Ular jumlasiga xususan qullikni bekor 
qilish va avvallari muttasil davom etib kelgan xonliklar o‘rtasidagi urushlarga 
barham berilishi kiradi. Buning o‘z mantig‘i bor. Qulchilikni yo‘q qilish haqida 
Buxoro amirligi va Rossiya o‘rtasidagi shartnomada ochiqdan-ochiq bu tadbir rus 
podshohiga yoqish va imperatori a’zam janoblarining obro‘sini ko‘tarish uchun 
amalga oshirilganligi qayd qilingan. Boshqacha aytganda, Rus podshohining 
«adolatparvar» siyosatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan. Bu siyosat 
oqibatida bir necha ming qul ozodlikka chiqib, o‘z vatanlariga tarqab ketdi. Ammo 
Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati tufayli mahalliy xalq siyosiy va 
iqtisodiy huquqlaridan, milliy manfaatlaridan deyarli mahrum bo‘lib, yarim qulga 
aylandi. Xonliklarning o‘zaro urushlariga kelsak, buning ham o‘z mantig‘i bor. 
Hudud notinch bo‘lsa, birinchi navbatda, Rossiyaning iqtisodiy manfaatlariga putur 
yetishi aniq edi. Ammo Rossiyaning mustamlakachilik siyosati milliy ozodlik 
kuchlarini harakatga keltirdi va qon to‘kilishi davom etdi. Bir urush ikkinchisi bilan 
almashdi. Mustabid davlatning iqtisodiyot borasidagi siyosati shundoq ham nochor 
ahvolda hayot kechirayotgan xalqning rus sarmoyadorlari va mahalliy mulkdorlar 
tomonidan ikki tomonlama ekspluatatsiya qilinishini kuchaytirdi. Dalillar: – 
Rossiyadan Markaziy Osiyoga keltiriladigan va olib ketilgan mahsulot va 
tovarlarning qiymati solishtirilsa, mustabid davlat foydasiga hal bo‘lib, farqi deyarli 
29 mln. rublni tashkil qilgan2 . Agar 1869 yilda Turkistonning Chor Rossiyasiga 
keltirgan daromadi 2.3 mln. rublni tashkil qilgan bo‘lsa, 1916-yilga kelib bu 
ko‘rsatgich 38 mln. rublga yetdi;– rus kapitali bilan mahalliy dehqonning aloqasini 
bog‘laydigan sudxo‘rlik qishloqda tabaqalanish jarayonini tezlashtirdi. O‘z yerini, 
molmulkini garovga qo‘yib nasiyaga pul olgan ko‘pchilik dehqonlar qashshoqlasha 
boshladilar. 1912-yilga kelib, paxtaning asosiy qismini yetishtiradigan Farg‘ona 
viloyatida yersizlarning ulushi 30 foizga yetdi; – Turkiston dehqonlaridan mustabid 
davlat hisobiga undiriladigan yer solig‘ining miqdori 1870-1880-yillarda ikki 
barobarga yaqin ko‘paydi. Undan tashqari, 1895-1910-yillarda o‘tkazilgan 
kadastrlash (xo‘jalik va oilalarni ro‘yxatga olish) natijasida sharoitga qarab soliq 
miqdori 6 martagacha oshdi1 ; – shahar aholisining ham ijtimoiy ahvoli yanada 
mushkullashdi, chunki Rossiyadan keltiriladigan arzon tovarlar hunarmandlarni 


xonavayron qildi. Ularning ko‘pchiligi shaharda ish topolmay qora ishchiga, batrak 
va chorikorga aylandi. Sanoat korxonalarida ish vaqti 17-18 soat bo‘lib, mahalliy 
ishchilarning kunlik ish haqi ruslarnikining deyarli 50% kam edi ; – qishloq 
xo‘jaligini bir tomonlama, ya’ni Rossiya sarmoyadorlarining manfaatiga 
moslashtirib, 
paxtachilikni 
kengaytirish 
hisobiga 
rivojlantirish 
mahalliy 
mehnatkashlarni og‘ir iqtisodiy ahvolga solib qo‘ydi. 1890-1915- yillarda paxta 
yetishtirish Turkistonda 73 martadan ko‘proq o‘sdi. Shu sababli, g‘alla va boshqa 
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish kamayib, ularning bozordagi narxi doimo 
o‘sib bordi. Masalan, faqat 1890-yilning boshlarida mahalliy xalqning asosiy oziqasi 
bo‘lgan bug‘doy unining bahosi 5 marta oshib ketdi3 ; – mustabid davlat Markaziy 
Osiyo qishloq xo‘jaligining bor imkoniyatlaridan iloji boricha kengroq 
foydalanishga intildi, lekin iqtisodiyotning bu tarmog‘ini takomillashtirish, ilg‘or 
texnologiyani qo‘llash chora-tadbirlarini ko‘rmadi. Rossiya hukmron bo‘lgan 
davrda hududda bironta ham ko‘zga ko‘rinarli sug‘orish inshootlari qurilmadi; – 
temir yo‘llar qurilishi hududdagi xomashyo, yer usti va yer osti boyliklarini 
Rossiyaga tashib ketishni osonlashtirdi. Masalan, 1912-yilda Krasnovodsk va 
Toshkent temir yo‘li orqali Rossiyaga olib chiqib ketilgan tovarlarning miqdori 
1900-yildagiga nisbatan salkam 8 marta oshib ketdi . – Rossiya sarmoyadorlari 
sanoatning asosiy tarmoqlarini rivojlantirishdan umuman manfaatdor bo‘lmaganlar. 
Temir yo‘l qurilishini hisobga olmaganda, 1913-1915-yillarda Turkistonga 
kiritilgan umumiy sarmoyaning faqat 15% sanoatni rivojlantirish uchun sarflangan, 
uning asosiy qismi ham paxta tozalash va moy olishga ajratilgan. Sanoat 
mahsulotining 80% paxtaga dastlabki ishlov berish bilan bog‘liq bo‘lgan1 . Tabiiyki, 
bu iqtisodiyotdagi muvozanatning buzilishiga olib kelgan va hududning imperiyaga 
qaramliligini kuchaytirgan. Shunday qilib, Rossiyaning mustamlakachilik siyosati 
tufayli Turkistonning iqtisodiy salohiyati to‘laligicha mustabid davlatning 
manfaatiga bo‘ysundirildi, hududni qaramlikda saqlandi, mahalliy aholi shafqatsiz 
ekspluatatsiya qilindi. Turkistonni chor Rossiyasining xomashyo bazasiga 
aylantirilishi. Rossiyaning Turkistonni bosib olishga majbur qilgan yana bir omil – 
bu tez rivojlanib borayotgan to‘qimachilik sanoati edi. Chunki Amerikadan 
keltiriladigan paxtaning narxi fuqarolar urushi tufayli deyarli 4 barobar oshib ketgan 
edi. Hudud bosib olinganidan keyin qisqa muddatda uni paxta xomashyosi 
yetishtiriladigan mintaqaga aylantirildi. Agar 1885-yilda paxta maydoni 41,4 ming 
tanob bo‘lsa, 1915-yilga kelib 541,9 tanobga, yoki 13 barobarga ko‘paydi. Rus 
sanoatchilari «Amerika» navli paxtani yetishtirishdan manfaatdor bo‘lganligi uchun 
1889–1916-yillarda bu nav ekiladigan paxta maydonlari 7 barobar kengaytirildi yoki 
umumiy paxta maydonlarining deyarli 93 foizini tashkil qildi. Turkistondan 
Rossiyaga tashib ketiladigan paxtaning hajmi 1906– 1915-yillarda deyarli 4,3 
barobar oshdi. Buning hisobiga Rossiya yengil sanoatidan olinadigan daromad 150 
foizga oshdi. Paxtachilik imperiyaning chet ellarga sarflaydigan 70 million oltin 
pulini tejashga yordam berdi. Rus mustamlakachilari nafaqat paxtani, balki boshqa 
qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ham tashib ketdilar. Masalan, birinchi Jahon urushi 
davrida (1914- 1916 yillar) Turkistondan 50 million pud paxta, 8,5 million pud paxta 
yog‘i, 950 ming pud pilla, 2925 ming pud teri, 300 ming pud go‘sht, 474 ming pud 
baliq olib ketdilar. Mustamlakachi davlat paxtachilikdan katta foyda ko‘rishiga 


qaramasdan irrigatsiya va melioratsiya tizimini takomillashtirish va rivojlantirish 
borasida biron- bir e’tiborga arzigulik tadbirlarni amalga oshirishdan manfaatdor 
bo‘lmadi. Paxta yetishtirish hajmini o‘stirishga asosan mahalliy aholini shafqatsiz 
ekspluatatsiya qilish hisobiga erishildi. XX asr boshlarida paxtachilik Turkiston 
sanoati va qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining 40 foizini tashkil etgan bo‘lsa, don 
37 foizni tashkil qildi. Paxta yakkahokimligi mahalliy aholining ijtimoiy holatini 
murakkablashtirdi. 1913-yilda paxtaning narxi 0,5 marta oshgan bo‘lsa, oziq- ovqat 
mahsulotlarining narxi 4-5 marta, nonning narxi 6 marta oshdi. Turkistondan olib 
ketilgan paxtadan ishlab chiqarilgan gazlamalarning narxi 20 barobar ko‘tarildi. 
Umuman, paxta xomashyosining narxini oshirmaslik choralari ko‘rildi. Rossiya 
Turkistonni nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiradigan xomashyo bazasi 
sifatida saqlab qolish, balki xomashyoga faqat dastlabki ishlov beruvchi hudud 
darajasida saqlab qolishning barcha choralarini ko‘rdi. Sanoat asosan paxta tolasi va 
paxta yog‘i ishlab chiqarish bilan chegaralandi. To‘qimachilik sanoati, tayyor 
mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar qurishdan manfaatdor bo‘lmadi. Chunki 
xomashyoni chuqur ishlab chiqarishdan keladigan katta foyda Rossiyaning 
markaziy shaharlarida joylashgan rus boylarining cho‘ntagiga tushishi kerak edi. 
Shunday qilib, Rossiyaning Turkiston iqtisodiyotiga bo‘lgan munosabatiga 
mustamlakachilik siyosatining yaqqol namunasi sifatida qaralmog‘i lozim. Chor 
Rossiyasining Turkistondagi ma’naviy-madaniy siyosati. Chor Rossiyasi 
Turkistonda ma’naviy- madaniy sohada olib borgan siyosatining maqsadi tub joy 
aholisining o‘z tarixi, ma’naviyati, milliy qadriyatlaridan uzoqlashtirish bo‘lgan. 
Chor Rossiyasining milliy-ma’naviy qadriyatlarga bo‘lgan munosabatining 
mohiyatini general-gubernator S.M.Duxoveniyning 1998-yil 6- sentabrda imperiya 
hukumati harbiy vazirga yuborgan takliflarida aks ettirilgan. Ular, jumladan, 
quyidagilar: – xalqning ma’naviy-ruhiy holatiga kuchli ta’sir o‘tkazuvchi barcha 
musulmonlar muassasalari, ayniqsa madrasa ishlariga faol darajada aralashishi; – 
musulmonlarni birlashtiruvchi musulmon diniy boshqaruvi idorasiga yo‘l 
qo‘ymaslik; – barcha musulmon maktablarini ma’muriyat ixtiyoriga o‘tkazish va 
barcha mahalliy musulmon o‘quv yurtlari va diniy muassasalarini to‘la ro‘yxatdan 
o‘tkazish; – siyosiy jihatdan zararli deb topilgan mahalliy musulmon muassasalarini 
yopish huquqini general- gubernatorga berish va hokazo. Amalda bu g‘oyalar 
Rossiyaning mustamlakachilik davrida izchillik bilan hayotga tatbiq qilindi. Bu 
quyidagi choralarda namoyon bo‘ldi. Avvalo Chor hukumati ma’muriyati 
Turkistonda rus millatiga mansub bo‘lgan aholining ulushini ko‘paytirishga harakat 
qildi. 1906-1913-yillarda Turkistonda Rossiyadan ko‘chirib kelinayotgan rus 
dehqonlari uchun 136 116 posyolka qurildi. Bundan tashqari, yangi qurilayotgan 
sanoat korxonalarida ishlash uchun Rossiya shaharlaridan ruslar ko‘chirib keltirildi. 
Natijada XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida Turkistonda rusiyzabon 
aholining soni deyarli 2,5 barobar o‘sib, 200 ming atrofida bo‘ldi. Bu 
mustamlakachilik siyosatini qo‘llab-quvvatlab turish, kerak bo‘lsa, rus 
krestyanlaridan qurolli askarlar tayyorlash uchun zarur edi. Keyingi yo‘nalish 
mahalliy aholi ongiga rus ruhiyatini singdirish va uni o‘z madaniyati va 
ma’naviyatidan mahrum qilish bo‘ldi. Buning uchun rus- tuzem maktablari tashkil 
qilina boshlandi. Albatta, bu maktablar mahalliy xalqni ruslashtirishda asosiy rol 


o‘ynadi deb aytolmaymiz, chunki ko‘p millionli Turkiston aholisi uchun 105 ta 
maktab (1911-yilda) daryodan tomchi edi. Shu bilan birga, Turkiston harbiy 
ma’muriyati jadidlar tashabbusi bilan paydo bo‘layotgan mahalliy xalq turmush 
tarziga, ma’naviyatiga mos keladigan yangi uslubdagi maktablarni yopish uchun 
barcha choralarni ko‘rdi. Rossiyaning ulug‘vorligi, boyligi va qudratini, sanoati, 
taraqqiyotini ko‘rsatish uchun mahalliy millat vakillarining markaziy shaharlarga 
sayohatlari uyushtirildi. Maqsad – kelajakda mustamlaka hududlarni ham shunday 
taraqqiyotga erishishi mumkinligiga ishontirish edi. Chor Rossiyasi Turkistonda 
iloji boricha islom ta’limotining aholiga ta’sirini cheklashga harakat qildi. Bir 
qancha shaharlarda shayxulislom lavozimlari taqiqlandi, vaqf mulklari davlat 
ixtiyoriga olindi, madrasalarni tamomlagan shaxslarni davlat xizmatiga olish 
cheklandi. Ba’zi savodsiz mullalar yordamida «Qur’oni Karim» va boshqa diniy 
kitoblarning mazmun-mohiyati buzib talqin qilingan. Juma namozida podshoning 
nomini (xutbaga) qo‘shib o‘qish to‘g‘risida farmoyish berilgan. Rossiya o‘lka 
xalqlarini o‘z madaniyati va tarixidan uzoqlashtirish uchun barcha choralarini 
ko‘rdi. Turkiston tarixiga doir moddiy va ma’naviy yodgorliklar yig‘ib olindi va 
Moskva hamda Sankt-Peterburgga jo‘natildi. Ko‘plab tarixiy obidalar qarovsiz 
qolib, xonavayron bo‘ldi. Xullas, Chor Rossiyasi mahalliy aholini ma’naviy 
qoloqlikda tutib turish, ijtimoiy faolligini oshirmaslik va O‘rta asrlar 
jaholatparastligida saqlash choralarini ko‘rdi. Rossiya iloji boricha Markaziy 
Osiyoni jahon taraqqiyotidan, madaniyatidan chetda ushlab tutishga harakat qildi. 
Bu fikrni o‘sha davrda Turkistonni boshqarib turgan general-gubernator A.N. 
Kuropatkin ham tan olgan. U o‘z xotiralarida: «Biz 50 yil tub joy aholini 
taraqqiyotidan jilovladik, maktablar va rus hayotidan chetda tutdik», – degan edi. 
Chor Rossiyasi harbiy-siyosiy ma’muriyatining kuchli bosimiga qaramasdan milliy 
madaniyatning rivoji to‘xtab qolgani yo‘q, mahalliy aholi o‘zining milliy 
qadriyatlari, urf-odatlari, an’analarini, ma’naviy ruhiyatini saqlab qolishga harakat 
qildi, o‘zligini unutmadi. Aynan shu davrda yurtimizdan Muqimiy, Furqat, Zavqiy, 
Cho‘lpon, Tavallo kabi atoqli shoirlar faoliyat ko‘rsatdilar. Ular o‘z asarlarida 
yurtning taraqqiyotdan orqada qolayotganligi, aholi diniy mutaassibligidan chiqib 
keta olmayotgani, uning dunyo bexabarligini kuyunib yozdilar. Mumtoz musiqa, 
san’at, teatr, milliy matbuot, badiiy hunarmandchilik rivojlandi. Shu davrda 
taraqqiyparvar 
jadidchilik harakati shakllandi va rivojlandi. Vatan mustaqilligi, 
milliy demokratik davlat qurish g‘oyalari ilgari surildi va tub joy aholining siyosiy 
ongi o‘sib bordimo‘g‘ul bosqinchilari va mahalliy hukmdorlarning zulmiga qarshi 
yuzaga kelgan. XIV asrning 30-yillarida sarbadorlar harakati Eronda boshlanib, 
keyinchalik Xuroson va Movarounnahrga (50-60- yillarda) yoyilgan.



Yüklə 0,7 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin