Grammatik kategoriya xususida Bir-biriga qiyosan olinadigan ikki yoki undan ortiq grammatik ma’no bilan shu ma’noni ifodalovchi grammatik shakllar tizimi grammatik kategoriya deyiladi.
Grammatik kategoriya so‘zlarni, so‘z shakllarni, so‘z o‘rinlarini, so‘z qurilmalarini birlashtiradi, umumlashtiradi. Shunga ko‘ra grammatik kategoriyalarning to‘rt turi farqlanadi: 1) so‘zning grammatik kategoriyalari; 2) so‘z shakllarning grammatik kategoriyalari; 3) so‘z o‘rinlarining grammatik kategoriyalari; 4) so‘z qurilmalarining grammatik kategoriyalari.
Mas., kelishikning 6 ta shakli bo‘lib, ularning barchasi ismlarni keyingi so‘zga bog‘lash va gapdagi sintaktik vazifasini belgilash umumiyligi bilan birlashsa, qaratqich kelishigi ismni ism bilan, tushum kelishigi ismni fe’l bilan, jo‘nalish kelishi ismni fe’l yoki ism bilan aloqasini ta’minlashi hamda gapdagi mavqelarini belgilashi bilan farqlanadi.
Ayni paytda o‘zbek tilida egalik, kelishik, son, daraja, nisbat, bo‘lishsizlik, harakat tarzi, o‘zgalovchi, kesimlik (zamon, mayl, shaxs-son) kategoriyalari ajratiladi.
So‘z va so‘z shakllarning grammatik kategoriyalari tizimi tilning morfologiyasini tashkil etsa, so‘z o‘rinlari va so‘z qurilmalarining grammatik kategoriyalari tizimi tilning sintaksisini tashkil etadi.
Demak, grammatik kategoriyalarni morfologik kategoriyalarga va sintaktik kategoriyalarga ajratish mumkin.
Morfologik grammatik kategoriyalarga, birinchidan, so‘z turkumlarining o‘zi, ya’ni ot, sifat, son, fe’l kabilar kirsa, ikkinchidan, ma’lum bir turkumga xos bo‘lgan kategoriyalar, ya’ni otlarga xos bo‘lgan son, egalik, kelishik kategoriyalari, fe’llarga xos bo‘lgan bo‘lishli-bo‘lishsizlik, nisbat, mayli, zamon, shaxs-son kategoriyalari kiradi.
Sintaktik grammatik kategoriyalar deyilganda, gap, gap bo‘laklari: ega, kesim, to‘ldiruvchi, aniqlovchi, hol kabilar nazarda tutiladi.
Grammatik ma’no – so‘zning biror turkumga mansubligi, so‘z birikmasi va gapdagi vazifasi. Grammatik ma’no – murakkab hodisa. Mustaqil va alohida olingan so‘zda lug‘aviy ma’no ustiga qavatlanadigan, yordamchi so‘zning mohiyatini tashkil etadigan, ko‘plab so‘z uchun umumiy bo‘lgan ma’no. Mas., kitob so‘zining lug‘aviy ma’nosi ustiga ot, turdosh ot, aniq ot, yakka ot ma’nosi qavatlangan bo‘ladi. Uchun so‘zida “atash” ma’nosi va “so‘zni ergash so‘z sifatida bosh so‘zga bog‘lash” uning mohiyatini tashkil etadi.