1-mavzu. Grammatika haqida umumiy ma’lumot. So‘zning grammatik ma’nosi va grammatik shakli. So‘zlarning sintetik, analitik, ko‘rsatkichli shakllari. So‘zlarning juft va takroriy, aralash hamda nol ko‘rsatkichli shakllari. Morfologiya va sintaksis grammatikaning qismlari ekanligi
R E J A:
1. Grammatika haqida umumiy ma’lumot.
2. Grammatik kategoriya xususida.
3. Grammatik ma’noni ifodalash vosita va usullari.
4. Juft so‘zlarning gramatik vazifasi xususida.
5. Takroriy so‘zlarning xususiyatlari.
Tayanch so‘zlar: grammatika, morfologiya, sintaksis, sintaktik aloqa, sintaktik munosabat, so‘z, so‘zshakl, kategoriya, grammatik shakl, kategorial, nokategorial, o‘zgaruvchilar, o‘zgarmaslar, so‘z yasovchi, shakl yasovchi, aloqa-munosabat shakllari, grammatik ma’no, lug‘aviy ma’no, grammatik kategoriya, juft so‘z, takroriy so‘z, takror so‘z, affiks, sintaktik usul, morfologik usul, ma’no kuchaytirish.
Adabiyotlar: 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 11, 15, 20, 25, 26, 27, 28, 29, 30, 39, 40, 41, 44, 45.
Grammatika haqida umumiy ma’lumot Grammatika – yunoncha, grammatike, gramma so‘zidan olingan, “harf o‘qish va yozish san’ati” demakdir. Grammatika ko‘plab tilshunoslik atamasi kabi ikki ma’noli. Bir ma’nosida tilning grammatik qurilishi tushunilsa, ikkinchi ma’nosida tilshunoslikning shu grammatik qurilishni o‘rganuvchi sohasi anglashiladi. Grammatika tilshunoslik sohasi sifatida so‘z turkumi, grammatik ma’no, shakl yasovchi qo‘shimcha, so‘z birikmasi va gap kabi masalani o‘rganadi.
Tillar o‘zaro grammatik xususiyatiga ko‘ra farqlanadi. Mas., o‘zbek tilida kesim gap markazi sifatida boshqa barcha bo‘lakni o‘z atrofida uyushtiradi. Rus tilida ega va kesim birga gap markazi hisoblanadi. O‘zbek tilida ega birinchi va ikkinchi shaxsda tushirib qoldiriladi. Rus, ingliz, nemis va boshqa ayrim tilda bunday emas. O‘zbek tilida sifatlovchi sifatlanmishdan oldin keladi: qizil gul, maktab bog‘i kabi. Tojik tilida buning aksi bo‘ladi: guli surx, bog‘i maktab kabi.
Til hamisha taraqqiyotda. Bu, asosan, tilning leksikasida ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Ijtimoiy hayotning o‘zgarishi leksikada katta o‘zgarish yasaydi. Yangi so‘zning vujudga kelishi, so‘zning «tirilishi», iste’moldan chiqib ketishi kabilar bunga misol. Tilning fonetik va grammatik sohasiga ijtimoiy o‘zgarish ta’sir qilmaydi, unda faqat vaqt o‘z izini qoldiradi. Chunki yaqin yillarda tubdan o‘zgarishga uchragan ijtimoiy hayotning ta’siri natijasida, mas., o‘zbek tilining morfologik xususiyati, sintaktik qurilishida o‘zgarish kuzatilmaganligi buning yorqin dalili. Lekin asrlar davomida bunday o‘zgarish bo‘lib turadi. Mas., eski o‘zbek tilida -gu affiksi yordami bilan yasalgan ish otiga -m, -ng qo‘shimchasi qo‘shilib, uning kesim ekanligini ko‘rsatgan: Men ko‘rgum shaklida. Bu hozirgi o‘zbek tilida kuzatilmaydi. Ul, alar, andin, anda, ko‘zun ko‘rub (ko‘zi bilan ko‘rib) kabi qator so‘z – fikrimiz dalili. Yoki eski o‘zbek tilida: Bu sening, Bu mening ko‘rinishidagi sintaktik qurilma mavjud bo‘lgan. U hozirgi kunda: Bu seniki, Bu meniki ko‘rinishiga ega.
Grammatika deganda tor ma’noda morfologiya va sintaksis birligi, keng ma’noda til qurilishi tushuniladi. Morfologiyada so‘zning grammatik shakllanishi, buni hosil qiluvchi shakl yasovchi qo‘shimcha va yordamchi so‘z, ko‘makchi fe’l, to‘liqsiz fe’l, so‘z turkumlari o‘rganilsa, sintaksisda so‘z birikmasi va gap qurilishi tekshiriladi. Demak, grammatika tor ma’noda – shakl yasalishi (morfologiya) va erkin bog‘lanish haqidagi (sintaksis) bo‘lim.