Nutq madaniyati sohasining tekshirish obyekti nutqning aloqaviy sifatlari yig‘indisi va tizimini, ularni ta’minlovchi shart-sharoitlar, shu sifatlarning takomillashuvi, rivoji yoki qoloqlashishi, pasayishi kabilarni o‘z ichiga olsa; uslubiyat sohasining obyekti til va nutq uslublarini o‘rganshidir. Madomiki, uslubiyat nutq uslublarini ham o‘rganar ekan, xuddi shu holatda nutq madaniyati bilan uning munosabati vujudga keladi. Chunki nutq madaniyati haqidagi ta’limot o‘z-o‘zidan til uslublarini batafsil aks ettirish, har bir uslubning o‘ziga xos tomonlarga ega ekanligining imkoniyatlarining yoritilishiga ehtiyoj sezadi. Chunki nutqning aloqaviy sifatlari, odatda har bir uslub doirasida o‘zgarishi, biri bir uslubda yaxshiroq namoyon bo‘lgani holda, ikkinchisi boshqa bir uslubda sustroq namoyon bo‘ladi. Masalan, publitistik uslubda aniqlik, to‘g‘rilik birinchi o‘ringa chiqsa va yaxshiroq namoyon bo‘lsa, badiiy uslubda ifodalilik, tasviriylik, obrazlilik, mantiqlilik kabi sifatlar birinchi o‘ringa chiqadi. Badiiy uslubda badiiy tasvir vositalaridan keng foydalaniladi. Shuning uchun ham ba’zan, badiiy uslubda eskirgan va lahjaviy so‘zlardan ham foydalaniladi, ba’zan so‘z shakllarining o‘zgartirilishiga ham ruhsat etiladi. Nutq madaniyati haqidagi ta’limot nutq uslublarining nutq aloqaviy sifatlariga ba’zan ijodiy, ba’zan salbiy ta’sir qilishi bilan bog’liq bo’lgan masalalarni ham o‘rganadi. Chunki kishilar har qanday sharoitda va o‘z faoliyatlarining hamma sohalarida bir-birlari bilan aloqada bo‘lar ekanlar, ularning har biri o‘z tilidagi lug‘aviy grammatik va boshqa vositalarni tanlab ishlatishga harakat qiladi.
Ko’rinadiki, uslubiyat va nutq madaniyati bir - birini tamomila inkor etmaydi aksincha, bir- birini to’ldiradi, alohida - alohida soha bo‘lishlariga qaramay, bir - biri uchun xizmat qiladi.
Nutq madaniyati ilmiy soha sifatida mantiqshunoslik va ruhshunoslik fanlari bilan chambarchas aloqada bo‘ladi. Ma’lumki, mantiqiy tushunchalar va hukmlar bilan ish yuritadi. Madomiki, tushunchalar so‘z bilan; fikrlar, hukmlar, gap bilan ifodalanar ekan, ana shu so‘zlar va gaplar bilan ular ifodalagan tushunchalar va hukmlarning bir - biriga mos kelgan-kelmaganligi, ular o‘rtasida zidlikning bor-yo‘qligi muhimdir.
Ma’lumki, so‘zlar ko‘p ma’noli bo‘ladi va ular bir necha tushunchani ifodalashi mumkin: oyoq - odamning oyog‘i, stulning oyog‘i, mashinaning oyog‘i kabi. Shuningdek, so‘z o‘zgarmay qolgani holda tushuncha o‘zgarib ketishi mumkin: domla tushunchasi o‘zgargan, so‘z o‘sha-o‘sha.
Xuddi shuningdek, har bir hukm, albatta, ma’lum bir gap orqali ifodalansa-da, ba’zan gap bilan hukm bir-biriga mos kelmay qolishi ham mumkin. Masalan, farzandni kim sevmaydi, deysiz? gapi so‘roq gap, inkor shaklida, biroq undan tasdiq hukmi anglashiladi. Ritorik so‘roq gaplar ana shunday xususiyatlarga egadir. Bir hukm ba’zan bir necha gap orqali ham ifodalanishi mumkin. Buning natijasida sintaktik sinonimiya vujudga keladi. Men bu kitoblarni ukam yaxshi o‘qisin deb oldim. Bu kitoblarni ukam yaxshi o‘qisin degan maqsadda oldim. Har ikki gap ham to‘g‘ri tuzilgan. Ular ifodalagan hukmda ham zidlik yo‘q. Demak, nutqda mantiqsizlik kuzatilmaydi. Ana shu nutqda mantiqsizlik yo‘qligi mantiqiy kategoriya hisoblangan hukmning to‘g‘riligi bilan tasdiqlanadi. Berilgan hukm ikki xil gapda ifodalangan ekan. Birida hissiylik yo‘q, ikkinchisida esa qisman bo‘lsa-da his -tuyg‘u bor.
Nutq madaniyati bilan ruhshunoslikning munosabati, nutqning o‘rinli - o‘rinsiz ekanligini belgilashda namoyon bo‘ladi. So‘zlovchi har xil vaziyatlarda, har xil odamlar o‘rtasida bo’ladi. Demak, u o‘z nutqini ana shu vaziyatlar va odamlar holatini hisobga olgan holda tuzishi kerak. Bundan tashqari tinglovchilar kayfiyati degan narsa ham bor. So‘z tinglovchilarning zerikib turganligi sezilib tursa-yu, nutq qanchalik to‘g‘ri bo‘lmasin, notiq o‘sha zerikkanlikni his qilmasa va nutqni cho‘zib yuborsa, uning ta’sir kuchi yo‘qoladi.
Nutqni ta’sirchan qilishda tilning tasviriy vositalaridan hisoblangan metonimiya, metafora kabilardan foydalaniladi. Nutq madaniyati bilan ruhshunoslik munosabatida ko‘proq notiqning u yoki bu fikrini bayon qilishda odamlar kayfiyatini hisobga olishi birinchi o‘rinda turadi. Har bir kishining, umuman tinglovchining kayfiyatiga qarab nutq so‘zlash taqozo etiladi. Tinglovchilar bilan samimiy muomala hamma vaqt notiqning asosiy vazifasi bo‘lishi lozim. Tinglovchilarning yuz va ko‘z ifodalarini ko‘rmay, sezmay turib, eng zo‘r zarur gapni aytib yuborishni o‘ylab ko‘rish kerak. Ana shunday zarur gaplar hammaning diqqati tortilgan paytda aytilishi zarur.
Hamma vaqt ham tinglovchilar oldida uyalib qolmaslik, noo‘rin so‘zlarni, gaplarni ishlatib yubormaslik uchun notiq odamlar ruhiyatini chuqur ko‘zda tutishi lozim, ularni qiziqtiradigan narsalarni topishga harakat qilishi, boshqa mavzu, boshqa hodisalarga o‘tib ketmasligi kerak.
Har bir notiq uning nutqi qanday tuzilganda tilning qanday tasviriy vositalarini qaysi holatlarda, nutqning qaysi qismida ishlatganda tinglovchilar kayfiyatiga ta’sir qilinishi, ular kayfiyatini o’zgartirishini yaxshi bilishi lozim. Ana shundagina ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin.