Leyshmaniyalar. Leyshmaniyalar ham tripanasomalar kabi odamda va bir qator umurtqalilarda og’ir kasalliklarni paydo qiladi. Odamda ikki turi ya’ni visseral leyshmaniozni keltirib chiqaruvchi Leishmania donovani va teri leyshmaniozini keltirib chiqaruvchi L. tropica lar parazitlik qiladi. Leyshmaniyalarning kattaligi 3 -5 mkm, ovalsimon bo’lib, tanasining o’rta qismida yadro, uning yonida kinetoplast joylashga n. Xivchini bo’lmaydi. Odamning ichki organlaridan jigar, taloq, limfa bezlari, qon tomirlari va ko’mik endoteliysining hujayralari ichida yashaydi. Hujayra ichida ikkiga bo’linib ko’payadi. Ba’zan bitta xujayraning ichida 200 tacha parazit hosil bo’lishi mumkin. Zararlangan hujayra halok bo’lgandan keyin, leyshmaniyalar qon yoki limfaga o’tib, yangi sog’lom hujayralarni zararlaydi. Visseral leshmanioz bilan kasallangan odamning tana xarorati keskin ko’tariladi, darmoni quriydi, ishtahasi bo’ziladi, jiga r va talog’i katta bulib ketadi, tana juda ozib ketadi. Davolanmasa kasallik o’lim bilan to’gaydi. Ushbu kasallikka ko’p xollarda yosh bolalar chalinadi. Kasallik quzg’atuvchilar tabiiy manba sifatida daydi itlarda, bo’ri va chiyabo’rida bo’ladi. Ular ham ushbu kasallik bilan og’riydi.
Kasallik qo’zg’atuvchi parazitlarni itlardan odamlarga yuqtirishda qon so’ruvchi iskaptoparlar (Phlebotomus)ning roli kattadir. Iskaptoparlarning oshqozoniga tushgan leyshmaniyalar ancha kattalashadi, duksimon shaklga aylanadi va gavdasining oldingi uchidan uzun xivchini chiqib turadi (leptomonad shaklga aylanadi).
Odamda teri leyshmaniozi (shuningdek sharq ko’ydirgisi, avg’on yara, pashshaxo’rda yoki pendinka nomlari bilan ataladi) kasalligining qo’zg’atuvchisi Leishmania tropica hisoblanadi. Ushbu parazitlarni tabiiy manba holida saqlanishida cho’l va chala cho’l zonalarida tarqalgan qumsichqonlar, ba’zan yumronqoziqlar katta rol o’ynaydi. Ushbu kemiruvchi hayvonlarning inida iskaptoparlar ham o’zlariga boshpana topishadi. Ular teri leyshmaniozi bilan kasallangan hayvonlarni chaqib, qonini so’rganda parazitlarni ham o’ziga olib, navbatda boshqa sog’lom kemiruvchilarga yuqtiradi. Xuddi shunday qon so’rish uchun odamning tanasini ochiq joylari (bet, bo’yin, qo’l va oyoqlar, yelka)ga qo’nib, so’lak suyuqligi bilan birga parazitlarni yuqtiradi.
Odamda teri leyshmaniozi iskaptopar chivini chaqqan joyda kichikkina shish paydo bo’lishdan boshlanadi va u sekin-asta (1-1,5 oy) ochiq yaraga aylanadi. Yara 6 oydan bir yilgacha, ba’zan 1,5 yilgacha davom etib, keyin to’zaladi, lekin yara o’rni chandiq bo’lib qoladi.
Visseral va teri leyshmaniozi kasalliklarida odam organizmida immunitet hosil bo’lganligi tufayli, u qayta kasallanmaydi.
Odamlarning leyshmanioz kasalliklariga chalinmasligi uchun eng avvalo iskaptoparlarga qarshi kurashish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda kemiruvchi hayvonlar va daydi itlarni qirib tashlash kerak.
Ishni bajarish: 1. O’quv qo’llanmalari va jadvallardan foydalanib, tripanosoma va leyshmaniyalarning tuzilishi va hayot siklidagi morfologik shakllarini rasmini chizish va ifodalash kerak. Tayyor mikropreparatlarda tripanosoma va leyshmaniyalarni mikroskopning katta ko’rsatgichi (immersion obyektivida)da topib, tuzilishini o’rganish.
2. Dars mavzusi bo’yicha xulosalarni daftarga yozib qo’yish kerak.