Aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlashni tashkil etish. O‘zbekiston Respublikasining “Aholi va hududlarni tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlardanmuhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlari hamda Vazirlar Mahkamasining 427-sonli “O‘zbekiston Respublikasi aholisini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga tayyorlash tartibi to‘g‘risida”gi Qarori asosida respublikamiz aholisini favqulodda vaziyatlarga muhofaza qilishga tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Fuqarolarni favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar korxonalarda, muassasalarda (ta’lim muassalarida) va tashkilotlarda, yashash joylarida, ularning yoshlari va ijtimoiy guruhlariga qarab olib boriladi.
Tayyorgarlikni o‘tuvchi aholi 3 ta guruhga bo‘linadi:
1.Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, respublika, viloyat tasarrufida bo‘lgan shaharlar va tumanlar, davlat hokimiyati hamda boshqaruv organlari, vazirliklar, idoralar, birlashmalar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlari, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasi mutaxassislari.
2.Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lgan aholi, umumta’lim maktablari, idoraviy bo‘ysinishi hamda tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’iy nazar boshlang‘ich, o‘rta, oliy va kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari.
3.Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida band bo‘lmagan aholi.
Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida tayyorlashning asosiy vazifalari etib:
1.Aholining barcha guruhlariga favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish qoidalarini va asosiy usullarini, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish yo‘llarini, jamoa va yakka tartibda muhofaza vositalaridan foydalanish qoidalarini o‘rgatish;
2.Boshqaruvning barcha pog‘onalardagi rahbarlarini aholini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha harakat qilishga tayyorlash va qayta tayyorlash;
3.Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari hamda mutaxassislarida avariya- qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni o‘tkazish uchun fuqaro muhofazasi kuch va vositalarini tayyorlash, ularda boshqarish ko‘nikmalarini hosil qilish, favqulodda vaziyatlarda harakat qilishda xodimlarning o‘z vazifalarini amaliy egallashi belgilangan.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, vazirliklar, idoralar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislari 40 va 80 soatlik dasturlar asosida tayyorgarlikdan o‘tadilar. Ularni har uch yilda bir marta tayyorgarlikdan o‘tkazib turish ko‘zda tutilgan.
Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lgan aholini tayyorlash ish joylarida mashg‘ulotlar o‘tkazish va tavsiya qilingan dasturlarga muvofiq favqulodda vaziyatlarda harakat qilishni mustaqil ravishda o‘rganish, keyinchalik o‘quv mashqlarda va mashg‘ulotlarda olingan bilimlar va malakalarini mustahkamlash yo‘li bilan amalga oshiradi. Bu guruhga kiruvchilarni beshta guruhchalarga ajratish mumkin:
maktabgacha tarbiya muassalari tarbiyalanuvchilari;
umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari;
akademik litsey va kasb-hunar kollejlari talabalari;
korxona, tashkilot, muassasalar ishchi va xizmatchilari.
1.Maktabgacha tarbiya muassasalari. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida bog‘cha yoshdagi bolalarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida tayyorlash yo‘lga qo‘yilmagan. Bu muassalarda bolalarga xavfsizlikning oddiy elementlarini o‘rgatib borish muhim hisoblanadi.
2.Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari. O‘zbekiston Respublikasi “Kadrlarni tayyorlash milliy dasturi”, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq ta’lim muassasalarida fuqaro muhofazasi bo‘yicha darslar olib borilishi ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2000 yil 4 yanvardagi buyrug‘iga asosan o‘rta umumta’lim maktablarining 1-9 sinflarida “Inson xavfsizligi asoslari” kursi joriy etilgan. Kursni o‘qitishda asosiy e’tibor shaxsiy va jamoa xavfsizligi asoslarini o‘rgatish, xavfli vaziyatlarni ko‘ra bilish, uni baholash hamda favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda uyda, ko‘chada, jamoat joylarida bajarilishi kerak bo‘lgan hatti-harakatlarni o‘rgatishga qaratilgan.