2-MAVZU. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BANK TIZIMI, BOSHQA KREDIT MUASSASALARI
Ma’ruza rejasi
2.1.Banklar, bank tizimi va uning rivojlanish bosqichlari.
2.2.O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining vazifalari va funksiyalari.
2.3.Tijorat banklari va ularning tashkiliy tuzilishi.
2.4.Tijorat banklarining funksiyalari va operatsiyalari.
2.5.Nobank kredit tashkilotlari, ular faoliyatining huquqiy asoslari va xususiyatlari.
2.6.Lombardlar va mikrokredit tashkilotlarining tarkibi va vazifalari.
Mavzu bo‘yicha tayanch so‘zlar va iboralar
Bank - moliyaviy korxona bo‘lib, u vaqtincha bo‘sh bo‘lgan pul mablag‘larini o‘zida saqlaydi, iqtisodiyot ob’ektlariga kreditlar beradi, korxonalar, muassasalar yoki alohida shaxslar bilan to‘lovlar va hisob-kitoblarda vositachilik qiladi, mamlakatning pul muomalasini tartibga solib boshqaradi.
Tijorat banki-tijorat tashkiloti bo‘lib, bank faoliyati deb hisoblanadigan yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlarni jalb qilish va ularni kreditga berish, to‘lovlarni amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi amalga oshiradigan yuridik shaxsdir.
Markaziy bank-o‘z sarf-xarajatlarini o‘z daromadlari hisobidan amalga oshiruvchi, iqtisodiy jihatdan mustaqil muassasa bo‘lib, u davlat gerbi tushirilgan va nomi yozilgan muhriga ega.
Lizing-tomonlar o‘rtasidagi mulkiy va moliyaviy munosabatlarni tashkil etuvchi, asosiy vositalarni uzoq muddatli ijara asosida sotilishidir.
Faktoring-hisob-kitoblarni tashkil etish sohasidagi yangi xizmat turi bo‘lib, mijozning kapitalini kreditlash bilan shug‘ullanadi.
2.1.Banklar, bank tizimi va uning rivojlanish bosqichlari.
Dastlabki banklar qachon va qanday paydo bo‘lganligini aniqlash ancha qiyinchilik tug‘diradi. Gap shundaki, hozirgi davrda banklar faoliyati xususiyatidan kelib chiqib turlicha bo‘lgan operatsiyalarni bajaruvchi universal moliyaviy tashkilotlarni o‘zida namoyon qiladi. Masalan, birinchi darajali toifaga kiruvchi chet el banklari o‘z mijozlariga 300 dan ortiq turli xil xizmatlarni ko‘rsatadilar. Bu operatsiyalarning va xizmatlarning barchasi bir vaqt va bir joyda paydo bo‘lmaganligi sababli ham bank ishining “boshlang‘ich” nuqtasini aniqlash aniq tadqiqotlar olib borishni va ular asosida ma’lum bir fikrlarni mujassamlashtirishni talab qiladi. Banklarning paydo bo‘lishi tarixi bo‘yicha ba’zi bir fikrlar to‘g‘risida siz tushunchaga egasiz.
Banklar faoliyatining eng “qadimgi” operatsiyalari bo‘lib, pullarni saqlab berish bo‘yicha operatsiyalar hisoblanadi. Ma’lumki, eng qadimgi davlatlarda ham omonatlarni qabul qilish operatsiyalari mavjud bo‘lgan. Ilk bor bunday ish bilan ma’lum obro‘ga va ishonchga ega bo‘lgan puldor shaxslar, Evropa mamlakatlarida cherkov muassasalari shug‘ullanganlar. Masalan, mashhur grek ehromlari (masalan, Delfiya, Efes ehromlari) bir paytning o‘zida o‘ziga xos bank muassasalari bo‘lib xizmat qilgan. Yillar o‘tishi bilan o‘sha qadimgi davrlardan boshlab, ayrim hollarda qo‘yilgan pul yoki mulk bo‘yicha foizlar ham hisoblangan. Banklarning kelib chiqishiga bag‘ishlangan mavjud adabiyotlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, banklarning paydo bo‘lishining asosiy yoki boshlang‘ich zamini birinchidan, pul mablag‘larini saqlab berish bo‘lsa, ikkinchidan, pul mablag‘larini almashtirib berishdan iborat ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Pul ayrboshlash bo‘yicha ehtiyoj alohida paydo bo‘lgan. Bunda Evropani yorqin misol qilib ko‘rsatish mumkin. O‘rta asrlarda tangalarning yagona tizimi mavjud bo‘lmagan. Savdo turli mamlakatlar, shaharlar, hatto alohida shaxslarning tangalari orqali olib borilgan. Barcha tangalar turli vazn, shakl va nominalga ega edilar. SHuning uchun tangalar bilan shug‘ullanuvchi va ayirboshlashni olib bora oladigan mutaxassislar o‘z ayirboshlash stollari bilan qizg‘in savdo ketayotgan joylarga joylashishgan. SHu bois, “bank” so‘zi italyancha “banco” - ayirboshlovchining oldidagi stol degan ma’noni anglatuvchi so‘zdan kelib chiqqan. Bunga o‘xshash operatsiyalar bundan ancha avvalgi davrlarda qadimgi Gretsiya, Rim, SHarqda amalga oshirilar edi.
Pulni saqlash va ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalar bilan shug‘ullanuvchi shaxslar yig‘ilgan boyliklar - pullar samarasiz, harakatsiz yotganini tushunishar va agar mavjud mablag‘larning hech bo‘lmaganda bir qismini bo‘lsa ham vaqtinchalik foydalanishga berilsa, sezilarli foyda olish mumkinligini bilishar edi. SHunday qilib, garov asosida pullarni ma’lum muddatga qaytarish va foiz to‘lash shartlari bilan berishayotgan ssuda (kredit) operatsiyalari paydo bo‘lgan. Bunda garov sifatida uylar, kemalar, qimmatbaho buyumlar, chorva mollari, qullar qabul qilingan.
Bir bank, aniqrog‘i pulni saqlab beruvchi xizmatlaridan bir-biri bilan o‘zaro hisob-kitoblar bilan bog‘langan bir necha shaxslar foydalanish mumkin bo‘lgani uchun, asta-sekin mijozlarga hisob-kitob xizmatini ko‘rsatish operatsiyalariga ehtiyoj paydo bo‘la boshladi. Dastavval ular quyidagicha amalga oshirilar edi. Har bir omonatchi pulni saqlab beruvchida uning ismi yozilgan jadval shaklidagi o‘z hisob varaqasiga ega bo‘lgan. Bu jadvalda pullarning harakati (kirim yoki chiqim) aks ettirilar edi. Butun operatsiyani pulni saqlab beruvchi-bankir omonatchining og‘zaki yoki yozma buyrug‘i bilan amalga oshirar edi. Bunda mos o‘zgarishlar o‘zaro hisob- kitoblarda ishtirok etuvchi shaxslar jadvallariga kiritilar edi. Bu eng sodda xizmatlar naqd pulsiz hisob-kitoblarning dastlabki shakllarini tashkil qilgan.
Barcha yuqoridagi operatsiyalar dastlab alohida mavjud bo‘lgan va keyinchalik ular biz bank deb nomlashga odatlangan bir xil tashkilotlar chegaralarida birlashganlar. G‘arbiy Evropada oddiy ayirboshlash idoralaridan bank uylariga o‘tish jarayoni XVI-XVII asrlarda ro‘y berdi.
Ko‘pchilik iqtisodchilar bank mohiyatini ssuda (kredit) operatsiyalarida ko‘rishga moyildirlar.
SHuni hisobga olish kerakki, har bir davlatda bank faoliyatining qonuniy tariflarining o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. SHunday qilib, bank ishining asrlik an’analariga ega Angliyada 1979 yilda banklar to‘g‘risida yangi qonun qabul qilindi. Unda “bank” atamasining ta’rifiga alohida e’tibor berilgan. Britaniyalik qonun chiqaruvchilar bank ta’rifini ancha soddalashtirganlar, ya’ni ular bank deganda Angliya Davlat Banki bank deb tan olgan har qanday kompaniya tushunilishi mumkinligini qayd etganlar. To‘g‘ri, o‘z navbatida Angliya Banki Jahon tajribasi nuqtai nazaridan umum tan olingan bank xususiyatlariga ega bo‘lgan mezonlarni o‘rnatgan. Xususan, bank maqomiga da’vo qiluvchi kompaniya omonatlar qabul qilayotgani, kreditlar berayotgani, eksport-import moliya operatsiyalarini amalga oshirayotganligi, valyuta ayirboshlayotganligi, investitsion xizmat ko‘rsatayotganligi va moliya bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha maslahatlar berayotganligini isbot qilishlari ham kerak.
Uzoq yillar davomida jamiyatning rivojlanishi va unga mos tovar-pul munosabatlarining o‘sib, takomillashib borishi banklarning operatsiyalari va ko‘rsatadigan xizmatlari ko‘lamining kengayib borishiga, jamiyat a’zolarining pulga bo‘lgan talabining oshib borishiga olib kelgan. Davlat, jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatini muvofiqlikda olib borish, davlat va jamiyat a’zolarining pul mablag‘lariga bo‘lgan talablarini qondirgan holda davlatning iqtisodiy jihatdan o‘sishi va barqarorligini ta’minlash maqsadida banklar o‘rtasida bajariladigan funksiya va operatsiyalar ko‘lami taqsimlana borgan, ya’ni davlat nomidan, davlat manfaatlarini himoya qilgan holda faoliyat ko‘rsatuvchi banklar va alohida jamiyat a’zolari bilan ishlovchi banklar yoki yuqoridagi ikki yo‘nalishni ham o‘zida mujassamlashtirgan banklar (oxirigisiga Sobiq Sovetlar davridagi Davlat bankini kiritish mumkin) shakllana borgan.
Hozirgi zamonda jahonda umum qabul qilingan tizim bo‘lib ikki pog‘onali bank tizimi xizmat qiladi va u davlat Markaziy banki va tijorat banklari tarmog‘ini o‘z ichiga oladi.
Markaziy Bank banklarning banki sifatida bank va moliya muassasalari faoliyatining barqarorligini ta’minlaydi. Birinchi navbatda, u ko‘pchilik moliya institutlari, banklarning faoliyatida moliyaviy jihatdan muammolar yuzaga kelganida, banklar omonatchilar oldidagi o‘z majburiyatlarini bajara olmay qolgan holda moliyaviy sarosima paydo bo‘lishining oldini olishi kerak. Bu masalani hal qilish uchun Markaziy bank, avvalo, tartibga solish va nazorat qilish funksiyalarini ikkinchi pog‘ona - tijorat banklari tizimiga nisbatan bajaradi. Markaziy bank majburiyatiga tijorat banklarining har kunlik faoliyatiga aralashish kirmaydi. Markaziy bank tijorat banklarning me’yoriy boshqarilishi, ularning to‘lovga qobiliyatliligi va likvidliligini ta’minlanishini kuzatib borishi va omonatchilar manfaatlarini himoya qilishi kerak. Bularning barchasi nazorat me’yorlari tizimi yordamida amalga oshirilib tijorat banklari pog‘onasiga etkaziladi.
Markaziy bank pul siyosatini o‘tkazish yo‘li bilan muomaladagi pul massasi ustidan nazoratni amalga oshiradi va inflyasiya, ishsizlikning past darajasini ta’minlash va iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratishi kerak. Bunda Markaziy bank emission bank vazifasini bajaradi, ya’ni muomalaga pul belgilarini chiqarish va ularni muomaladan olish huquqiga ega bo‘ladi.
Markaziy bank yana tijorat banklari o‘rtasidagi hisob-kitoblarni olib borishga imkoniyat yaratadi.
Bank tizimining ikkinchi pog‘onasi - bu xalq xo‘jaligi va aholiga xizmat ko‘rsatishda bosh bo‘g‘in bo‘lgan mustaqil tijorat banklarning tarmog‘idir. Ular yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida turli hisob-kitob va kredit operatsiyalarini amalga oshirish va xizmatlar ko‘rsatish hamda boshqa turli bank xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiradilar.
Har bir mamlakatda tijorat banklarining soni turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, SHvetsiyada Davlat banki 40ga yaqin tijorat banki faoliyatini nazorat qiladi, xolos, AQSH da 13 mingga yaqin tijorat banklari mavjud, SHveysariyada esa har 10 ming aholiga bittadan moliya muassasasi to‘g‘ri keladi. Rossiyada 1995 yil boshiga kelib, Rossiya Markaziy banki tomonidan bank operatsiyalarini amalga oshirish litsenziyasiga ega bo‘lgan 2486 ta tijorat banki qayd qilingan.
Bank tizimining rivojlanish tarixiga chuqur urg‘u bermasdan, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan keyin tashkil qilingan va takomillashib borayotgan bank tizimi to‘g‘risida to‘xtalsak maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
1991 yilning 1 sentyabrida Respublikamiz mustaqilligining e’lon qilinishi butun dunyo mamlakatlari tomonidan tan olingan bozor iqtisodiyoti dastaklarini bizning respublikamizga ham kirib kelishiga zamin yaratdi. SHuning uchun ham respublikamizdagi bozor iqtisodiyoti talablariga mos keluvchi zamonaviy bank tizimini yaratish zaruriyati tug‘ildi.
Mustaqillikka erishilgunga qadar O‘zbekiston bank muassasalari Sobiq Ittifoq bank tizimi tarkibiy qismiga kirar edi. SHu bilan birga bu banklar Sobiq Ittifoq bank tizimi doirasidan tashqarida faoliyat ko‘rsata olmasdilar. Bank tizimi 3 turdagi banklarni: SSSR Davlat banki, SSSR qurilish banki va SSSR Tashqi savdo bankini va Davlat Mehnat omonat-jamg‘arma kassalarini o‘z ichiga olardi. Sobiq Ittifoq bank tizimida Davlat banki monopol mavqega ega bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida emissiya instituti, qisqa muddatli kreditlashtirish, xo‘jaliklarga hisob-kitob operatsiyalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi markaz hisoblanardi. Ham emissiya funksiyalarini, ham hisob-kitoblar va kreditlar bo‘yicha mijozlarga xizmat ko‘rsatish funksiyalarini bajarishga monopollashuvi Davlat bankini davlat boshqaruv va nazorat organiga aylantirgan edi.
Ma’muriy buyruqbozlik davrida kredit munosabatlari iqtisodiyotni boshqarishda shaklan yuzaki xarakterga ega edi. Kredit resurslari va pul resurslari harakatini ham boshqarish, ham nazorat qilish davlat bankining monopol ta’siri ostida edi. Bular o‘z navbatida Sobiq Ittifoq bank tizimining tor doirada rivojlanishiga olib keldi. Markazlashtirilgan bank boshqaruvi asosida faoliyat ko‘rsatgan respublika banklari tor doirada pul resurslari harakatini boshqarar, lekin uni boshqaruvchiligini nazorat qilish Sobiq Ittifoq Davlat banki qo‘lida edi.
Iqtisodiyotni boshqarishning markazlashtirilgan usulidan voz kechish va bozor iqtisodiyoti tomon dastlabki qadamlar qo‘yilishi bilanoq markazlashtirilgan bank tizimining qator kamchiliklari ro‘yobga chiqdi. Bu esa, bank tizimida tub o‘zgarishlarni amalga oshirishni talab etardi.
Bank tizimini qaytadan tashkil etish 1987 yilda boshlandi. Bu jarayonda bank tizimining tashkiliy tuzilmasini o‘zgartirish, banklarning rolini oshirish, iqtisodiy tizimning rivojlanishiga ularning ta’sirini kuchaytirish, kreditni harakatdagi iqtisodiy dastaklarga aylantirish ko‘zda tutilgandi.
Qayta tashkil etish jarayonining birinchi bosqichi davlat bankining yangi tuzilmasini tashkil etish bilan boshlandi. Qayta tashkil etish modeli quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- ikki bosqichli bank tizimini vujudga keltirish: Markaziy emission bank va bevosita xo‘jaliklarga xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan davlat banklari;
- ixtisoslashtirilgan banklarni to‘laligicha xo‘jalik hisobiga va o‘z-o‘zini moliyalashga o‘tkazish;
- iqtisodiy tizim doirasida yuridik va jismoniy shaxslar bilan bo‘ladigan kredit munosabatlari, uslublari va shakllarini takomillashtirish va boshqalar.
Bank tizimini takomillashtirish jarayoni davomida davlat banki o‘zining kredit tizimidagi markaziy o‘rnini saqlab qolgan holda korxona va tashkilotlarga kredit berish va ular bilan hisob-kitoblarni olib borish funksiyasini maxsus ixtisoslashgan banklarga topshirdi. YA’ni bankning emission faoliyatini kreditlash faoliyati bilan birga olib borish funksiyasiga chek qo‘yiladi. Davlat banki ixtisoslashgan banklar faoliyatini boshqaruvchi, barcha banklar uchun bir xil pul- kredit siyosatini olib boruvchi muassasaga aylandi. Bank tizimining takomillashtirilishi natijasida vujudga kelgan maxsus ixtisoslashgan banklar: Sanoat qurilish banki, Kommunal kurilish va Sotsial taraqqiyot banki, Agrosanoat banki, Tashqi iqtisodiy faoliyat banki, Jamg‘arma banki tashkil qilinib xo‘jaliklar bilan banklar o‘rtasidagi aloqalar tobora yaqinlashdi, Ixtisoslashtirilgan davlat banklari o‘zlarida ma’lum darajada boshqaruvchilik rolini saqlab qoldilar. Bank tizimini takomillashtirish jarayonida juda muhim natijalarga erishildi, lekin tashkil qilingan banklar iqtisodiy munosabatlarning xususiyatlarini to‘liq ifoda qilolmasdi, shuning uchun ham bank tizimini yanada takomillashtirish ob’ektiv zaruriyatga aylandi.
1988 yildan boshlab, ikki bosqichli bank tizimi tashkil
etila boshlandi. Lekin bu davrda, markazlashtirilgan rejalashda Markaziy bankning roli hali ham yuqori, sohalarning deyarli hamma qismi davlat tasarrufida edi.
O‘zbekiston Respublikasida ikki bosqichli bank tizimini tashkil etishga real asos 1991 yil 15 fevralda “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni asosida yuzaga keldi. Bu qonunga asosan davlat boshqaruv organlari respublika Markaziy banki faoliyatiga aralashmasliklari kerak edi. U faqat Respublika Oliy majlisiga hisobot beradi. Bu qonunni amalga tadbiq etish, asosan, Respublikamiz mustaqillikni qo‘lga kiritgandan so‘ng boshlandi.
O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tishning bosqichma-bosqich yo‘lini tanlaganligi bois, 1-bosqichdagi pul - kredit siyosati sohasidagi asosiy vazifalar quyidagilardan iborat qilib qo‘yildi:
-Markaziy bank boshchiligida keng tarmoqli mustaqil tijorat va xususiy banklarni o‘zida mujassamlashtirgan ikki bosqichli bank tizimini vujudga keltirish, respublika hududida yirik chet el banklarining bo‘limlari va vakolatxonalarini ochish uchun qulay sharoit yaratish;
-barqaror pul muomalasini ta’minlash;
-kredit va naqd pul massasining asossiz o‘sishini keskin cheklash;
-O‘zbekiston Respublikasining milliy pulini muomalaga kiritish uchun zarur iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar, hamda imkoniyatlarini yaratish va boshqalar.
SHunday qilib, O‘zbekistonda mustaqil bank tizimini yaratishning birinchi bosqichi, milliy valyutani muomalaga kiritish uchun asos yaratilgan va ikki pog‘onali bank tizimining poydevori qurilgan 1991 yildan 1994 yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrda mamlakatimizning mustaqil bank tizimini yaratish bo‘yicha olib boriladigan tadbirlar 1991 yil 15 fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi» Qonuni asosida amalga oshirildi. Mazkur qonun bozor munosabatlariga o‘tish davri vazifalariga mos keluvchi bank muassasalari shakllanishini huquqiy asoslarini belgilab berdi.
Ushbu qonunga muvofiq, Sobiq SSSR Davlat bankining respublika muassasasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tuzildi va unga respublikada pul muomalasini tartibga solish, tijorat banklari tizimini vujudga keltirish va to‘lov tizimini tashkil etish vazifalari yuklatildi. Xalq xo‘jaligining turli sohalarini kreditlash va ularni investitsiyalash funksiyalari yangidan tashkil qilingan ixtisoslashtirilgan tijorat banklariga berildi.
Mustaqil pul va bank tizimini yaratishning ikkinchi bosqichi milliy valyuta muomalaga kiritilgan va ikki pog‘onali bank tizimining huquqiy asoslari yaratilgan 1994-1996 yillarni o‘z ichiga oladi. 1994 yilda Milliy valyuta so‘mning muomalaga kiritilishi mamlakatimizda mustaqil pul va bank tizimi shakllanishining sof bosqichi hisoblanib, bu bosqichda banklar oldida turgan vazifalarga yanada aniqlik kiritildi. Bu davrda Markaziy bank asosiy e’tiborini makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga va shu asosda iqtisodiy o‘sish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratdi, mamlakatda sifat jihatidan butunlay yangi to‘lov tizimini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Ixtisoslashgan tijorat banklari faoliyatini rivojlantirishda Vazirlar Mahkamasining «Bank tizimini takomillashtirish va pul-kredit munosabatlarini barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi 1994 yil 18 martdagi qarori muhim ahamiyatga ega bo‘lib, unda banklarning axborot infratuzilmasini yaratish va xalqaro bank amaliyotining ilg‘or usullarini respublika bank amaliyotiga qo‘llash orqali bank tizimini takomillashtira borish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar belgilab berildi. 1994 yildan boshlab yangi buxgalteriya hisobi tizimini ishlab chiqish va ularni banklarga tadbiq qilish jarayoni boshlandi.
1996 yilda Respublika Prezidentining «Bank auditi tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan bank tizimida buxgalteriya hisobining xalqaro andozalarini joriy qilish jarayoni yanada takomillashtirildi va jahonning nufuzli auditorlik kompaniyalaridan «Artur Andersen», «Deloyt end tush», «Key Pi Em Ji-(KRMG)», «Ernest end YAng», «Kupers end Laybrand» kabilar etakchi tijorat banklari faoliyatini audit qilishga taklif qilindi. Bank tizimini rivojlantirishning yana bir xususiyatli tomoni shundaki, bank tizimining huquqiy asoslarini mustahkamlash va zamon talablariga moslashtirish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi va «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarning yangi loyihasi ishlab chiqildi.
1995 yil 21 dekabrda bank faoliyatining huquqiy va me’yoriy tartibga solish qoidalarini belgilovchi «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida» va 1996 yil 25 aprelda «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlarning qabul qilinishi bank tizimini jahon andozalariga yaqinlashtirish sohasida mustahkam qonuniy poydevor yaratdi.
Bank tizimini shakllantirishning uchinchi bosqichi 1997-2000 yillarni o‘z ichiga olib, unda banklarni xususiylashtirish va aksiyadorlik - tijorat banklarda boshqaruvning sifatini oshirish, banklar faoliyatida nazoratni kuchaytirish ko‘zda tutiladi.
Bu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 24 apreldagi «Xususiy tijorat banklari tashkil qilishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonning qabul qilinishi bilan yanada faollashadi. Mazkur Farmonga ko‘ra, nizom jamg‘armasida jismoniy shaxslarning ulushi 50 foizdan kam bo‘lmagan holda tijorat banklarini ochish uchun bir qator imtiyozlar belgilangan edi. Natijada so‘nggi yillar ichida xususiy banklarning soni keskin ko‘payib, bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun dastlabki ruxsat berilganlari bilan qo‘shib hisoblaganda 20 taga etdi. Hozirgi paytda respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan tijorat banklarining deyarli yarmi xususiy banklar hisoblanadi.
Bank tizimiga xususiy kapitalni jalb etish bilan birga, banklarni korporativ boshqarish tizimini yanada mustahkamlashga doir chora-tadbirlar ham amalga oshirildi. Xususan bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aksiyadorlik tijorat banklarini faoliyatini takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi 1998 yil 2 oktyabrdagi Farmonining qabul qilinishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur farmon tijorat banklarini boshqarishda aksiyadorlarning va bank kengashining rolini oshirishga doir chora-tadbirlar majmuini belgilab berdi.
Ushbu farmon asosida amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda har tomonlama mustahkam bank tizimi, xalqaro andozalarga mos keluvchi zamonaviy bank nazorati va banklar faoliyatini tartibga solishning samarali mexanizmi yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bank tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1999 yil 15 yanvardagi Qaroriga asosan bank tizimini barqarorligini safarbar etish, iqtisodiyotni kredit bilan ta’minlashda banklarning ishtirokini kengaytirish, bank xizmatlari sohasida raqobat muhitini rivojlantirish sohasida vazifalar belgilab berildi. 1991-2000 yillar mobaynida yuzaga keltirilgan bank tizimini yanada xalqaro andozalarga yaqinlashtirish maqsadida bank tizimini erkinlashtirish va isloh qilish chora-tadbirlarining boshlanishi bank tizimi rivojlanishining to‘rtinchi bosqichini belgilab berdi. Bu bosqich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bank tizimini yanada erkinlashtirish va isloh qilish borasidagi chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2000 yil 21 martdagi Farmoni va Vazirlar Mahkamasinig «Bank tizimini isloh qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2000 yil 24 martdagi qarori qabul qilinishi bilan boshlandi.
Bu hujjatlarga asosan quyidagilar mazkur bosqichning asosiy vazifalari qilib belgilandi:
-bank tizimini yanada erkinlashtirish va isloh qilish, tijorat banklari mustaqilligini oshirish;
-bank tizimi va uning bo‘g‘inlari rivojlanishini rag‘batlantirish;
-bo‘sh turgan mablag‘larni bankka jalb qilish va omonatchilarning manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish;
-banklarning iqtisodiyotni aniq sektorida ishlayotgan korxonalarni, xususan dehqon, fermer xo‘jaliklarini hamda kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini kreditlash jarayonini kengaytirish;
-banklarni investitsiya jarayonlarining faol ishtirokchilariga aylantirish;
-banklarning mijozlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini shakllantirish;
-aholining bank-moliya tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirish;
-xorijiy banklar va boshqa moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish, valyuta munosabatlarini erkinlashtirish va kengaytirish kabi vazifalar belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi kunda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshchiligida 33 tijorat banklarini o‘z ichiga oluvchi bank tizimi yuqorida belgilangan vazifalarni amalga oshirib, bozor islohotlarining faol qatnashchilari sifatida faoliyat olib bormoqda.
2.2.O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining vazifalari va funksiyalari.
Markaziy bank mazkur tizimning bosh banki bo‘lib, pul-kredit siyosatini, emissiya jarayonlarini olib boradi va milliy pulning barqarorligini ta’minlovchi muassasa hisoblanadi. 1995 yil 21 dekabrda «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida» gi qonuni qabul qilindi. 2019 yil 11 noyabrda O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida qonuning yangi taxriri e’lon qilindi. Markaziy bank maqomi va maqsadlari «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Banki to‘g‘risida»gi O‘onunning 3-moddasida belgilangan: «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki yuridik shaxs bo‘lib, faqat davlat mulki hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki - iqtisodiy jihatdan mustaqil muassasa, o‘z xarajatlarini o‘zining daromadlari hisobidan amalga oshiradi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega.»
Qonunning 5-moddasida «Markaziy bankning asosiy maqsadilari narxlarning,bank tizimining,to‘lov tizimlari ishlashining barqarorligini ta’minlashdan iboratdir.Markaziy bankning bank tizimi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha faoliyati narxlarning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak.Narxlarning barqarorligini ta’minlash va milliy pul birligini xorijiy valyuta bozorlarida ayirboshlash kursining barqaror bo‘lishiga erishishni ko‘zda tutuvchi bu maqsad davlatning iqtisodiy siyosatida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘rni juda muhim ekanligini belgilaydi.
Mamlakatda pul muomalasi samarali bo‘lishi va moliya muassasalari faoliyatining ishonchliligi pul-kredit, valyuta siyosati strategiyasi va taktikasini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda uning mustaqilligini huquqiy jihatdan mustahkamlash zarurligini taqozo etadi. Mamlakat xalq xo‘jaligini kreditlash ko‘rsatkichlarini tijorat banklarini qayta moliyalashga doir kredit hajmlarini va foiz stavkalarini belgilash yo‘li bilan tartibga solish, valyuta-kredit siyosatini amalga oshirish, tijorat banklari faoliyatini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining mustaqil siyosiy sohasi hisoblanadi. Mustaqil siyosat esa pul va valyuta bozorida yuzaga kelayotgan vaziyatni, ichki bozordagi makroiqtisodiy shart-sharoitni, tashqi omillarni tahlil qilish asosida amalga oshiriladi. Bu holat qonunning 11-moddasida «Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida qaror qabul qilishda mustaqildir» deb tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisobot beradi. Oliy Majlis O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tavsiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi.
Narxlarga va ayirboshlash kurslariga ta’sir ko‘rsatadigan hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining bevosita nazorati va ta’sirida bo‘lmagan turli omillar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy maqsadiga erishishini murakkablashtirishi mumkin. SHunga qaramay, chet el tajribasi shuni ko‘rsatadiki, aynan Markaziy bank makroiqtisodiy jarayonlarning rivojlanish yo‘nalishini, birinchi galda pulning qadrsizlanish sur’atini va valyuta kursini belgilashni idora qiladi.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga vakolatlar berish bilan bir qatorda, uning uchun ta’qiqlangan faoliyat turlari ham aniq belgilab berilgan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tijorat faoliyati bilan shug‘ullanish, muassasa yoki tashkilotlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish ta’qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga korxona va tashkilotlar faoliyatida bank hamda yuridik shaxslar sifatida ishtirok qilishga ruxsat etilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank o‘z vakolatlaridan foydalanishda barcha yuridik shaxslarni baravar ko‘rishi lozim.
Markaziy bankning asosiy vazifalari, funksiyalari va operatsiyalari.Milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qator muhim vazifalarni hal etadi. Ulardan eng asosiy vazifalar sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
-monetar siyosatni va valyutani boshqarish siyosatini shakllantirish, qabul qilish hamda amalga oshirish;
- O‘zbekiston Respublikasida hisob-kitoblarning samarali tizimini yaratish;
-banklar faoliyatini tartibga solish va banklarni nazorat qilish;
- O‘zbekiston Respublikasining rasmiy oltin-valyuta zahirasini saqlash va uni boshqarish;
- Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat byudjetining kassa ijrosini uyushtirish.
Mazkur vazifalarni bajarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagi yumushlarni ado etishi zarur.
Iqtisodiyotni pul-kredit vositasida boshqarish, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit siyosatini amalga oshiruvchi sifatida uning asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish va «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonunning 23-moddasiga muvofiq keyingi moliya yili boshlanishiga uzog‘i bilan 30 kun qolganda bu haqda Oliy Majlisga axborot beradi. Markaziy bank pul taklifi hajmini o‘zgartirib, ishlab chiqarishning umumiy hajmiga, bandlik darajasiga va korxonalar faoliyatining o‘sish sur’atlariga ta’sir ko‘rsatadi. Iqtisodiyotdagi tanglik davrida pul taklifi hajmining oshirilishi iste’mol va sarmoyaga bo‘lgan talabning o‘sishiga, binobarin, bandlik, ishlab chiqarish hajmi ortishiga yordam beradi. Pul yuqori sur’atlarda qadrsizlanayotgan sharoitda Markaziy bank ularni sekinlashtirish zarurligidan kelib chiqib muomaladagi pul miqdorini cheklash siyosatini o‘tkazadi, natijada iqtisodiyotda unga bo‘lgan talab kamayadi, pul bozorlaridagi foiz stavkalari o‘zgaradi, pulning qadrsizlanishi kamayadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki monetar siyosatining asosiy yo‘nalishlari, pul massasi o‘zgarishining aniq maqsadli mo‘ljallari va pul muomalasini tartibga solish vositalari qonunning 4-qismida yoritilgan bo‘lib, unda Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini bir yilga ishlab chiqadi va ular Oliy Majlis tomonidan tasdiqlangandan so‘ng u mukammal dastur sifatida qabul qilinadi. Bu dastur iqtisodiy vaziyatni tahlil qilish va oldindan aytishni, pul miqdorining yillik o‘stirish sur’atlarining maqsadli ko‘rsatkichlarini, kredit, foiz va valyuta siyoatini amalga oshirish yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi. Umumiy iqtisodiy tahlilning zarurligiga sabab shuki, monetar siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish barcha muhim makroiqtisodiy hodisalar; pulning qadrsizlanishi, milliy ishlab chiqarishning umumiy qismi va mehnat resurslarining bandligi, to‘lov balansi bilan chambarchas bog‘langan. Pul muomalasini boshqarib borish vositalarini quyidagi chizmadan ko‘rish mumkin.
Undan tashqari, Markaziy bank foiz (diskont) siyosatini, targetlash va boshqa usullardan foydalanib pul massasini boshqarib borishi mumkin.
Muomaladagi pul massasining hajmini, banklarning likvidligini muvofiqlashtirish va inflyasiya sur’atlarini tushirish maqsadida Markaziy bank tijorat banklari uchun majburiy rezervlar me’yorini o‘rnatib berish siyosatini amalga oshiradi. Minimal zahiralar bu tijorat banklari resurslarining Markaziy bankda majburiy saqlanishi zarur bo‘lgan qismidir. Majburiy rezerv miqdori tijorat bankining yig‘ilgan resurslariga nisbatan foizda belgilanadi. Bu zahira bevosita banklarning kreditlash imkoniyatini chegaralasada, ularning minimal likvidligini ta’minlash omili bo‘lishi mumkin. Majburiy zahira me’yori hozirgi kunda O‘zbekistonda 15 foizni tashkil qiladi. Markaziy bank tomonidan zahira miqdori ba’zi bir omillarni hisobga olgan holda o‘zgartirilishi mumkin, u omonatlarning hajmi, turi, muddatiga, banklarning boshqa majburiyatlariga bog‘liq bo‘ladi. Banklar Markaziy bankda majburiy zahiralarni deponentlash tartibiga rioya qilinishi uchun javobgardir. «Tijorat banklari tomonidan Markaziy bankda majburiy zahiralarni deponentlash tartibi to‘g‘risida»gi nizomda belgilangan majburiy zahiralarni deponentlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha banklar uchun taalluqlidir. Majburiy rezervlar Markaziy bankda naqd pul yoki omonatlar ko‘rinishida, Markaziy bank belgilaydigan tartibda depozitga o‘tkaziladi. Majburiy rezerv talablarining me’yorlari yoki tarkibi belgilangani yoki o‘zgartirilgani to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarda kamida bir oylik muddat ko‘rsatiladi, rezervlarning tarkibi yoki miqdoriga doir yangi me’yorlarni banklar ana shu muddatgacha bajarishlari shart. Markaziy bank majburiy rezervlar bo‘yicha foizlarni to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Zahira talablarini hisob-kitob qilishda chet el valyutasidagi mablag‘lar, jismoniy shaxslar depozitlari, depozit va jamg‘arma sertifikatlari, ipoteka obligatsiyalari chiqarish yo‘li bilan jalb etilgan mablag‘lar hisobga olinmaydi. Majburiy zahiralarni deponentlash bank vakillik hisob varag‘idan pul mablag‘larini o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Majburiy zahiralarni turli foyda keltiruvchi aktivlar bilan qoplashga ruxsat etilmaydi.
Banklar har oyning dastlabki uch ish kuni mobaynida Markaziy bankka bank rahbari va bosh hisobchisi (yoki ular vazifasini bajaruvchi shaxslar) tomonidan imzolangan majburiy zaxiralar hisob-kitobini (1-va 2-ilovalarda keltirilgan jadvalga hamda uni to‘ldirish bo‘yicha berilgan uslubiy ko‘rsatmalarga asosan) taqdim etadilar.
Markaziy bankda deponentlanishi lozim bo‘lgan majburiy zaxiralarning hisob-kitobi kunlik balans asosida (alohida milliy va alohida xorijiy valyutada) majburiy zaxiralanishi lozim bo‘lgan mablag‘larning o‘rtacha oylik qoldig‘ini aniqlash orqali tuziladi. Majburiy zaxiralanishi lozim bo‘lgan mablag‘larning o‘rtacha oylik qoldig‘i hisobot oyining har bir ish kuni bo‘yicha hisobvaraqlarning (alohida milliy va alohida xorijiy valyutada) qoldiqlari yig‘indisini ish kunlari soniga bo‘lish orqali aniqlanadi.
Bank majburiy rezerv talablarining eng kam miqdorini saqlab turish to‘g‘risidagi 29-modda qoidalarini bajarmagan taqdirda Markaziy bank qat’iy tartibda bu bankdan etishmayotgan mablag‘ summasini, shuningdek, qayta moliyaviy ta’minlashning ikki stavkasidan oshmaydigan miqdorda jarima undirib oladi.
Markaziy bankning hisob (diskont) siyosatining mohiyati shundaki, u tijorat banklardan veksellarni sotib oladi. Misol uchun, mol sotib oluvchi korxonaning etkazib berilgan mollarining haqini to‘lash uchun mablag‘i etarli bo‘lmasa, u tovar uchun to‘lovni ma’lum vaqt o‘tgandan keyin amalga oshirishi to‘g‘risida veksel berishi mumkin. Mol sotuvchi korxonaga pul mablag‘lari zarur bo‘lgan vaqtda u vekselni tijorat bankiga sotishi mumkin. Tijorat banki vekselni sotib olganda, unda ko‘rsatilgan summadan kam summaga sotib oladi. Zarur bo‘lganda tijorat banki vekselni Markaziy bankda hisobga qo‘yishi mumkin. Bu holda Markaziy bank ham o‘z foydasiga ma’lum foiz-hisob stavkasini ushlab qolishi mumkin. Tijorat banklari veksellarni sotib olishda Markaziy bankning hisob stavkasiga tayanadilar. Markaziy bankning hisob stavkasi tijorat banklari o‘rnatadigan hisob stavkaning eng past chegarasi hisoblanadi. Odatda, tijorat banklarining hisob stavkasi Markaziy bankning hisob stavkasidan yuqori bo‘ladi.
Markaziy bankning tijorat banklarini qayta moliyalashtirish siyosati bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlash, veksellarni hisobga olish, qimmatbaho qog‘ozlarni garovga olgan holda kreditlar berish va kredit auksionlarini o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bundan kelib chiqqan holda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish operatsiyasi quyidagi usullarda olib borilishi mumkin:
-tijorat banklarining ixtiyoridagi vekselarni hisobga olish yo‘li bilan kreditlash;
-tijorat banklari ixtiyoridagi qimmatli qog‘ozlarni garovga olish yo‘li bilan kreditlar berish. Bunday kreditlar lombard kreditlar deyiladi.
-to‘g‘ridan-to‘g‘ri kredit berish usuli.
Kredit tashkilotlari faoliyatida moliyaviy qiyinchiliklar bo‘lgan hollarda ular Markaziy bankka kredit olish uchun murojaat qilishi va Markaziy bank kreditidan foydalanishi mumkin. Remoliyalashtirishning asosiy maqsadi, pul muomalasi va kredit munosabatlarining holatiga ta’sir ko‘rsatishdan iborat. Remoliyalashtirish siyosatini olib bora turib, Markaziy bank oxirgi kreditor sifatida maydonga chiqadi. O‘zbekiston Respublikasida Markaziy bank o‘rnatgan qoidalarga asosan, quyidagi aktivlarni garovga olgan holda 3 oygacha bo‘lgan muddatda kreditlar berishi mumkin:
-oltin, chet el valyutasi, xalqaro zahiralar toifasiga kiruvchi valyuta boyliklari va boshqa boyliklar;
-davlatning qarz majburiyatlari va davlat tomonidan kafolatlangan boshqa qarz vositalari.
Markaziy bankda depozitga o‘tkazilgan va uning depozitariysi uchun maqbul bo‘lgan, xarid qilinishi va sotilishiga ruxsat berilgan va Markaziy bank ular bilan ushbu qonun doirasida boshqa xil operatsiyalar o‘tkazishi mumkin bo‘lgan aktivlar, to‘lanishiga banklar asosida kreditlar berishi mumkin.
Bank faoliyatida riskning iqtisodiy asoslangan chegaralardan chiqib ketmaslik bank sistemasi barqaror ishlashining muhim shartidir. Risk doiralarini cheklab qo‘yish Markaziy bank tomonidan tijorat banklari uchun rioya etilishi majburiy bo‘lgan iqtisodiy me’yorlarni belgilab qo‘yish orqali amalga oshiriladi. Markaziy bank banklar uchun majburiy bo‘lgan iqtisodiy me’yorlarni, shu jumladan:
-kapitalning etarlilik koeffitsientini;
-bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhiga tavakkalchilikning eng ko‘p miqdorini;
-yirik kredit tavakkalchilik va investitsiyalarning eng ko‘p miqdorini;
-likvidlilik koeffitsientlarini va boshqalarni belgilaydi.
Markaziy bank iqtisodiy me’yorlarning o‘zgarishi to‘g‘risida kamida bir oy oldin e’lon qiladi. Banklar va ularning filiallari banklarga oid qonun hujjatlarini, belgilab qo‘yilgan iqtisodiy me’yorlarni buzgan taqdirda Markaziy bank ulardan ustav kapitalining eng kam miqdorining 0,1 foizigacha jarima undirish yohud ayrim operatsiyalarni o‘tkazishni olti oygacha bo‘lgan muddatga cheklab qo‘yish huquqiga ega.
Hisob - kitoblarni va o‘tkazish operatsiyalarini bajarish. O‘zbekiston Respublikasi hududida hisob-kitoblar naqd pulli va naqd pulsiz tarzda amalga oshiriladi. Jami pul aylanishining asosiy qismi naqd pulsiz to‘lovlarga to‘g‘ri keladi. Bunda pulning harakati kredit muassasalaridagi hisob varaqlarga pul o‘tkazish va o‘zaro talablarni hisobga olish jarayonida sodir bo‘ladi. Mahsulot sotish ishlarini bajarish, xizmat ko‘rsatish yo‘li bilan mablag‘ topish, milliy daromadni taqsimlash va qayta taqsimlash, bankdan qarz olish va uni qaytarish, aholiga pul daromadlarini to‘lash va ulardan foydalanish kabi xo‘jalik munosabatlarining sohalari vositasida naqd pulsiz pul oboroti xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning hisob varaqlari amal qilayotgan bank muassasalari orqali o‘tadi. O‘zaro hisob-kitoblar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan va hamma bank hamda mijozlar uchun majburiy bo‘lgan qoidalar asosida olib boriladi. Ushbu qoidalarning bir tarzda qo‘llanishi butun respublika hududida hisob-kitoblarning uzluksizligini ta’minlaydi.
Banklar faoliyatini tartibga solish va ularni nazorat qilishdan asosiy maqsad «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonunning 50-moddasiga muvofiq bank tizimini barqaror tutib turish, omonatchi va kreditorlar manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Ushbu maqsadni amalga oshirishning asosiy vositalaridan biri bank faoliyatiga ruxsatnoma (litsenziya) berishdir. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining maxsus komissiyasi bu faoliyat bilan shug‘ullanishga da’vogarlarning birlamchi hujjatlarini ko‘rib chiqadi, pul bozorida ularning muomalaga tayyorligini, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki talablariga javob berishini tahlil qiladi va qaror ijobiy bo‘lgan taqdirda bank faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma beradi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bank muassasalarining rivojlanishini har tomonlama hisobga olib, kuzatib boradi. Kapitalning aynan bir xilligi, likvidlikka doir talablarni o‘z ichiga oluvchi iqtisodiy me’yorlarni, shuningdek kreditlash hajmi va limitlarini belgilaydi. Qonunda kredit tashkilotlarning hamma turlari uchun yagona mazmunga ega bo‘lgan iqtisodiy me’yorlar guruhining bajarilishi nazarda tutiladi. Kapitalning etarliligi, aktivlarning sifati, foydaliligi va likvidligiga qarab tijorat banklarining moliyaviy ahvoli baholanadi, nochor banklar aniqlanadi.
Rasmiy oltin-valyuta zahiralarini saqlash. Xalqaro hisob-kitoblarda zahiradagi aktiv va kafolatli sug‘urta fondi vazifasini ado etish Markaziy bankning pul-kredit siyosatida valyuta-mablag‘laridan sharoitga qarab foydalanish imkonini beribgina qolmay, balki dunyo moliya bozorlarida operatsiyalarni amalga oshirish yo‘li bilan mamlakatimizning oltin valyuta zahiralarini qiymatini saqlab turish imkoniyatini yaratadi. Boshqa moliya muassasalari, korxonalar va xususiy shaxslar ham xorijiy valyutaga ega bo‘lish va valyuta operatsiyalarini o‘tkazishga haqi borligiga qaramasdan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki valyuta zahiralarini saqlovchi asosiy depozitariy bo‘lib qolishi mumkin.
Hukumat maslahatchisi-xazina vakili vazifasi. Bu vazifa «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonunning 44-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hukumat bankiri sifatida davlat muassasalari va tashkilotlarining hisob varaqlarini yuritadi, ana shu hisob varaqlarda mablag‘larni jamg‘aradi va ulardan to‘lovlarni amalga oshiradi: davlat qimmatli qog‘ozlari bilan operatsiyalarni o‘tkazib turadi; davlatga bevosita qisqa muddatli ssudalar shaklida yoki davlat obligatsiyalarini xarid qilish tarzida kredit beradi; hukumat idoralarining topshirig‘iga binoan oltin bilan yoki xorijiy valyutada operatsiyalar bajaradi.
45-moddada belgilab berilganidek, hukumat davlat sektoriga qarz ajratish masalalarida, kredit berishning ichki va tashqi manbalaridan mablag‘ olish rejalari to‘g‘risida Markaziy bank bilan maslahatlashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hukumatning fiskal (xazina) vakili vazifasiga muvofiq hukumat hisob varaqlarini yuritar ekan (47-modda), hukumatning moliya operatsiyalarini amalga oshirishda ko‘maklashadi, byudjet kirimlari va chiqimlari masalalari yuzasidan maslahatlar beradi, davlat qimmatli qog‘ozlarini joylashtirishda vakil sifatida ishlaydi, ular bo‘yicha hisob varaqlarni yuritadi, davlat qarz majburiyatlari bilan bog‘liq boshqa masalalarini hal etishda qatnashadi.
Tijorat banklariga kredit berish. Markaziy bank iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini bevosita kreditlamasada, u tijorat banklarining kredit zahiralariga bozor usullari orqali samarali ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun pul bozorining turli bo‘g‘inlarida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki operatsiyalaridan, shu jumladan valyuta intervensiyasidan, ikkilamchi bozorda davlat qimmatli qog‘ozlari bilan bo‘ladigan operatsiyalaridan, kredit kimoshdi savdolaridan foydalanadi. Markaziy bank o‘zi belgilagan shartlarga binoan oltin, chet el valyutasi, xalqaro rezervlar toifasiga kiruvchi valyuta boyliklari, davlatning qarz majburiyatlari va hukumat kafolatlagan boshqa qarz vositalari, Markaziy bankda depozitga o‘tkazilgan va uning depozitariysi uchun maqbul bo‘lgan, xarid qilinishi va sotilishiga ruxsat berilgan aktivlar, to‘lanishiga banklar kafolat bergan tijorat veksellarini garovga olgan holda tijorat banklariga uch oygacha bo‘lgan muddatda kredit berishi mumkin.
Tijorat banklariga kredit berishning eng ko‘p tarqalgan bu turi banklarni qayta moliyaviy ta’minlash deb yuritiladi va u «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonunning 30-moddasiga asosan amalga oshiriladi.
Tijorat banklari va hukumat O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy mijozlaridir. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki banklarning banki hisoblanadi. Tijorat banklari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi o‘z hisob varaqlaridan o‘zaro hisob-kitoblar uchun foydalanadilar va undan tashqari naqd pul zarur bo‘lganda ham ular Markaziy bankka murojaat qilishadi.
Pul emissiyasi. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ham pulni emissiyalash xuquqiga ega, ya’ni u emissiya markazi hisoblanadi. Bu vazifa hozir ham nihoyatda muhim ahamiyatga ega, chunki chakana savdoda mahsulot haqini to‘lash hamda qarz majburiyatlarini uzil-kesil uzish uchun mablag‘ga ega bo‘lishini ta’minlash uchun naqd pul zarur.
Tijorat banklarining kassa zahiralarini jamg‘arish va saqlash. Muomaladagi pul miqdori hajmini boshqarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki jalb qilingan pul mablag‘lari hajmiga qarab tijorat banklarida zahiralarning muayyan koeffitsientlarini belgilaydi. Pul-kredit vositasida boshqarishning samaradorligi, uning pul miqdori o‘sish sur’ati va tuzilmasiga, shuningdek pulning qadrsizlanish darajasiga ta’siri majburiy zahiralash tizimining moslashuvchanligiga bog‘liq. Ko‘rib chiqilayotgan Qonunning 28-moddasiga muvofiq majburiy zahiralar alohida hisob varaqda naqd pul yoki omonatlar tarzida deponentga olinadi. Zahiralash tizimi tijorat banklariga likvidlik bilan bog‘liq qisqa muddatli muammolarni hal etish imkonini beradi. Ayrim hollarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qaroriga binoan majburiy zahiralarga foizlar qo‘shib qo‘yilishi ham mumkin. Tijorat banklarining mablag‘larini zahiralash talablariga amal qilish borasida javobgarligini oshirish uchun qonunda moliyaviy sanksiyalar (53-modda) ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga to‘lanmay qolgan pulni qonunda belgilangan tartibda so‘zsiz undirib olish, shuningdek jarimalar solish huquqi berilgan.
Endi Markaziy bankning tashkiliy tuzilishi to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Markaziy bank yagona markazlashtirilgan boshqaruv tizimiga ega. Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tegishli xizmatlar va muassasalar tashkil etadi.
Markaziy bank O‘oraqalpog‘iston Respublikasi poytaxtida, viloyatlarning markazlari va Toshkent shahrida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan bosh boshqarmalar tuzadi.
Markaziy bank raisi Boshqaruvning raisi hisoblanadi. Boshqaruv a’zolarini Markaziy bank raisi taqdimnomasiga ko‘ra, Oliy Majlisning Kengashi tasdiqlaydi.
Markaziy bank raisi Markaziy bank va uning Boshqaruvi faoliyatiga rahbarlik qiladi, bankning fondlarini tasarruf etadi va Markaziy bank zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi uchun javobgar bo‘ladi.
Markaziy bank faoliyati masalalarini hal qiladi, Markaziy bank faoliyati va joriy operatsiyalarini operativ tarzda boshqarish bo‘yicha harakatlarni amalga oshiradi.
Oliy Majlisda, hukumatda, vazirliklar va idoralarda, sudlarda, banklar va muassasalarda, xalqaro va chet el tashkilotlarida bank faoliyatiga doir barcha masalalar bo‘yicha Markaziy bank nomidan ish ko‘radi.
Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari Markaziy bank raisining taqdimotiga ko‘ra, Oliy Majlis Kengashi tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki departament, boshqarma va bo‘limlardan tashkil topgan.
2.3.Tijorat banklari va ularning tashkiliy tuzilishi.
Tarixiy taraqqiyot davomida banklar mablag‘larni yig‘ish, saqlab berish, kredit-hisob va boshqa turli xil vositachilik operatsiyalarini bajarib kelganliklari sabab, banklar kredit muassasa bo‘lib, foyda olish maqsadida bank barcha risklarni o‘ziga qabul qilgan holda operatsiyalarini amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunining 1-moddasiga asosan “Bank-tijorat tashkiloti bo‘lib, bank faoliyati deb hisoblanadigan quyidagi faoliyat turlari majmuini amalga oshiradigan, ya’ni:
-yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar qabul qilish hamda qabul qilingan mablag‘lardan tavakkal qilib kredit berish yoki investitsiyalash uchun foydalanish;
-to‘lovlarni amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxsdir. Demak, bank barcha riskni o‘z zimmasiga olib, yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablag‘larini jalb qilib, bank resurslarini tashkil qilgan holda, bu mablag‘larni muddatida qaytarib berish, to‘lov va ta’minlash shartlari asosida o‘z nomidan ularni joylashtiradi hamda yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi hisob-kitob va vositachilik operatsiyalarini olib boruvchi kredit muassasa hisoblanadi.
Ba’zi adabiyotlarda «bank-bu korxona», deb ham izoh beriladi. Ma’lumki, bank yaxlit olingan korxona sifatida ishlab chiqarish jarayonini amalga oshirmaydi. Tijorat banklarining faoliyatini korxona faoliyatiga shu jihatdan o‘xshatish mumkinki, tijorat banklari ham korxonalar singari o‘z faoliyatini o‘z daromadini ko‘paytirishga qaratadi, lekin korxonalar faoliyatidan farqli ravishda banklar shu asosida birinchidan, o‘z ta’sischilari–aksiyadorlarining manfaatlarini, ikkinchidan, o‘z mijozlarining manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydi.
Tijorat banklariga, bizning fikrimizcha, shunchaki «korxona» emas, balki «maxsus korxona» deb qarash zarur. CHunki tijorat banklari ssuda kapitali harakatini amalga oshiradi va shu asosda bank o‘z aksiyadorlariga, paychilariga foyda olishni ta’minlaydi.
Tijorat banklari bank tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lib, kredit resurslarining asosiy qismi shu banklarda yig‘iladi va bu banklar xuquqiy, jismoniy shaxslarga o‘z xizmatlarini ko‘rsatadilar.
Bank bu shunday korxonaki, unda xom ashyo bo‘lib depozit va qo‘yilmalar hisoblansa, oxirgi tovar – bu berilgan ssudalardir. Depozit va qo‘yilmalar jalb qilingan qarz mablag‘lari, berilgan ssudalar esa – joylashtirilgan mablag‘lar bo‘lib hisoblanadi.
Har xil jismoniy shaxslar va tashkilotlardan pul mablag‘larini jalb qilish uchun, qarz hajmiga qarab ma’lum summani foizlar shaklida to‘lash kerak. Bo‘lmasa mablag‘ qo‘yuvchilar yoki boshqa bankni tanlaydilar, yoki pul saqlashni boshqa shakllariga o‘tadilar: masalan, oltin yoki valyuta sotib olish, boshqa moliyaviy vositachilar xizmatlaridan foydalanish va boshqalar. Pul saqlash shaklini tanlashda mablag‘ qo‘yuvchini ikkita muhim omil - moliyaviy vositachilarning ishonchli ekanligi va daromad olish darajasi (qarzga to‘lanadigan foizlar) ko‘proq qiziqtiradi.
Boshqa tomondan, bank ssuda berganda uning summasiga qarab foiz shaklida to‘lov undiradi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida tijorat banklarining bozor munosabatlari sub’ektlari bilan aloqasi yanada kengayadi va chuqurlashadi. Bank bu holda barcha mablag‘lari harakatini boshqarib boradi.
Bu ikkita foiz stavkalari o‘rtasida farq - bank daromadining asosiy manbasi bo‘lib, iqtisodiy adabiyotlarda u “marja” nomi bilan yuritiladi.
SHunday qilib, marja - bu jalb qilinuvchi va joylashtirila- digan qarz va ssuda foiz stavkalari o‘rtasidagi farqdir. Banklar mablag‘larni jalb qilish va joylashtirish yo‘li bilan barcha pul mablag‘lari harakatini boshqarib boradi.
Bankning asosiy faoliyati vositachilik bilan bog‘liq bo‘lib, u pul mablag‘larni qarz beruvchidan qarz oluvchilarga o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan operatsiyalarni bajarishdan iborat. Banklar bilan bir qatorda pul mablag‘lari harakatini boshqa moliyaviy va kredit tashkilotlari, investitsion fondlar, sug‘urta kompaniyalari ham amalga oshiradilar. Biroq, bankning moliyaviy risklarning sub’ekti sifatida yuqorida keltirilgan boshqa sub’ektlar faoliyatidan farq qiladigan ikkita o‘ziga xos xususiyati mavjud
-birinchidan, banklar faqat ular uchun xos bo‘lgan qarz majburiyatlarini (depozitlar, omonat sertifikatlari va boshqalar) chiqaradilar va bu yo‘l bilan yig‘ilgan mablag‘larni boshqa sub’ektlar tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar va qarz majburiyatlariga joylashtiradilar. Bankning bu xususiyati moliyaviy broker va dillerlar faoliyatidan farq qiladi, chunki ular moliya bozorida o‘z qarz majburiyatlarini chiqarmasdan faoliyat ko‘rsatadilar.
-ikkinchidan, banklar jismoniy va yuridik shaxslar oldida mijozlarning pul mablag‘larini hisob varaqlariga qo‘yish va jamg‘arma o‘tkazish, depozit sertifikatlarini chiqarish va boshqalar orqali qat’iy belgilangan qarz majburiyatlarini oladilar. Qat’iy belgilangan qarz majburiyatlar bilan faoliyat ko‘rsatish banklar uchun riskli hisoblanadi, chunki banklar o‘z kreditorlari oldida olgan majburiyatlarini to‘liq bajarishlari lozim. Investitsion fondlar esa o‘z aktivlari va passivlarining qiymati o‘zgarishi bilan bog‘liq risklarni o‘z aksiyadorlari zimmasiga yuklaydilar.
O‘zbekiston Respublikasida tijorat banklarini tashkil etish va ularning faoliyatini olib borish “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga asoslanadi. YUqorida qayd etilgan qonunga asosan O‘zbekiston Respublikasida banklar universal faoliyatni amalga oshiradilar. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, turli xilda kreditlar berish, qimmatli qog‘ozlar va xorijiy valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanish, bo‘sh turgan pul mablag‘larni jalb etish, hisob-kitoblarni amalga oshirish, kafolat va garantiyalar berish va hokazolar tijorat bankining asosiy faoliyat turlaridan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida xorijiy banklar va har qanday mulkchilik shakliga asoslangan banklar faoliyat ko‘rsatishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan tijorat banklari va ularning mulkchilik shakli turli mulkchilikka asoslangandir.
Odatda, O‘zbekistonda banklar aksionerlik jamiyat ko‘rinishida tashkil etiladi. Bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun davlat organlarining mablag‘lari, jamoa, birlashmalar va fondlarining mablag‘lari, garov va kreditga olingan mablag‘lardan foydalanish mumkin emas.
Tijorat banklarining tashkiliy tuzilishi aksioner jamiyat tuzilishiga o‘xshashdir. Tijorat bankining oliy organi aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi hisoblanadi. Bu yig‘ilishlarda aksiyadorlarning vakillari va aksiyador korxonalarning rahbarlari ishtirok etadilar. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi ko‘rib chiqishga qo‘yilgan masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish uchun aksiyadorlarning kamida 3/4 qismi ishtirok qilishi lozim.
Bankning boshqaruvini direktorlar kengashi amalga oshiradi. Unga qo‘shimcha tarzda bank boshqaruvini kuzatish va nazorat qilish mas’uliyati ham yuklatilgan. Direktorlar kengashi a’zolarining tarkibi va saylanish muddati tijorat bankning nizomi bilan belgilanadi.
Bank Kengashi bank faoliyatining asosiy yo‘nalishini, kredit siyosati va bankning boshqa rejalarini ko‘rib chiqish, daromad, xarajatlar, foyda rejalarini tasdiqlash, shu’balarni ochish yoki yopish masalalarini ko‘rib chiqish kabi masalalar bilan shug‘ullanadi.
Bank Boshqaruvi bank faoliyatiga bevosita rahbarlik qiladi. Bank boshqaruvi aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi va direktorlar kengashi oldida javobgardir. Aksionerlarning umumiy yig‘ilishi, bank kengashi va boshqaruvi bankning boshqaruv organlari hisoblanadi.
Bankka operativ rahbarlik qiluvchi va uning faoliyati uchun javob beruvchi bank boshqaruvi bankning ijroiya organi hisoblanadi. Boshqaruv bank kengashi va aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi oldida hisobdordirlar.
Yuqorida keltirilgan bankning tashkiliy tuzilishi aksariyat banklar uchun o‘xshash bo‘lib tijorat banklarining joylashish o‘rni, xizmat ko‘rsatadigan mijozlarning faoliyati xususiyatlaridan kelib chiqib ba’zi bir o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.
Bank boshqaruv majlisi doimo o‘tkaziladi va majlislarda qabul qilinadigan qarorlar berilgan ovoz soniga qarab hal etiladi. Ovozlar tengligida bank boshqaruvchining ovozi hal etuvchi hisoblanadi. Agar, boshqaruv a’zolari yoki boshqaruv raisi boshqaruv qabul qilgan qaroriga norozi bo‘lsa, ular o‘z fikr va mulohazalarini kengash yoki aksiyadorlar umumiy yig‘ilishiga bildirishlari mumkin.
Bu holatda kuzatuv kengash qarori hal etuvchi hisoblanadi va bank boshqaruvi raisi qarori bilan amaliyotga tatbiq etiladi.
Taftish komissiyasi aksionerlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan saylanadi. Uning tarkibida kuzatuv kengash a’zolari va bank boshqaruvi a’zolari bo‘lishi mumkin emas. Bank boshqaruvi taftish komissiyasiga taftish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim etadi. Taftish natijalari bank boshqaruviga topshiriladi.Tijorat banki taftish komissiyasining asosiy vazifasi bank xodimlarining o‘z amallarini suiste’mol qilishlarining oldini olishga qaratilgan.Taftish komissiyasi bankning yillik hisoboti va balansiga xulosa qiladi. Taftish komissiyasi bank balansi bo‘yicha xulosa chiqarmaguncha u aksionerlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanishi mumkin emas.
Tijorat banklarda hisobot O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tasdiqlangan qonun-qoidalar asosida amalga oshiriladi. Ular Markaziy bankka yoki uning joylardagi boshqarmalariga bankning oylik balansi, choraklik aylanma vedomostini va uning yillik buxgalteriya hisobotini har oyning 1 kunigacha taqdim qilishlari shart. Tijorat banklarining moliyaviy ahvolidan ularning aksiyadorlari va mijozlari xabardor bo‘lmog‘i lozim. SHu bois tijorat bankining faoliyat natijasi, moliyaviy holati to‘g‘risida mijozlarga axborot berish maqsadida ularning aksionerlar umumiy yig‘ilishida tasdiqlangan yillik balansi hamda foyda va zararlar to‘g‘risidagi hisoboti, ularning haqqoniyligi to‘g‘risidagi auditorlik tashkilotlarining xulosasidan keyin matbuotda e’lon qilinishi lozim.ijorat banki kredit-hisob operatsiyalarining tezkorligini ta’minlash maqsadida hududdan uzoqda joylashgan mijozlar uchun bank filial va vakolatxonalarini Markaziy bank ruxsati bilan tashkil qilinishi mumkin. Banklarning vakolatxonalari bank joylashgan hududdan boshqa hududlarda ochilishi mumkin va ular mustaqil balansga ega bo‘lmaydilar. Ular bank operatsiyalarini joylarda to‘laqonli bajarilishi uchun zarurdir.
2.4.Tijorat banklarining funksiyalari va operatsiyalari
Tijorat banklarining iqtisodiy roli uning faoliyat doirasining keng bo‘lishiga olib keladi. Bu sababli tijorat banklari quyidagi funksiyalarni bajaradi:
-vaqtincha bo‘sh turgan pul mablag‘larni yig‘ish va ularni kapitalga aylantirish;
-korxona, tashkilotlar va aholini kreditlash;
-iqtisodiyotda hisob-kitoblar va to‘lovlarni amalga oshirish;
-moliya-valyuta bozorida faoliyat ko‘rsatish;
-iqtisodiy-moliyaviy axborotlar berish va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish va boshqalar.
Banklar bo‘sh pul mablag‘larini yig‘ish va ularni kapitalga aylantirish funksiyasini bajara turib mavjud bo‘sh pul daromadlari va jamg‘armalarini yig‘adi. Jamg‘aruvchi (bo‘sh pul mablag‘ egasi) o‘z mablag‘larini bankka ishonib topshirgani uchun va bank bu mablag‘lardan foydalangani uchun ma’lum foiz hisobida daromad oladilar. Bo‘sh pul mablag‘lari hisobidan ssuda kapitali fondi vujudga keladi va bu fond iqtisodiyot tarmoqlarni kreditlash uchun ishlatiladi.
Tijorat bankining bo‘sh turgan mablag‘larni jalb etish ularni kapitalga aylantirish funksiyasi asosiy funksiyalardan hisoblanib, jalb etilgan mablag‘lardan daromad qarz mablag‘lariga bo‘lgan talab va taklif asosida shakllanadi.
Bankning vositachilik operatsiyalari bozor iqtisodiyoti tizimini rivojlantirish borasida bank o‘z faoliyatida risk va noaniqlikning oldini olishga sharoit yaratadi. Pul mablag‘lari bank vositachiligisiz ham kreditor va qarz oluvchi orasida muomalada bo‘lishi mumkin, ammo bu bilan mablag‘larni yo‘qotish bilan bog‘liq risk darajasi oshadi va mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarib berish muammolari yuzaga keladi. Bu muammolarning yuzaga kelishi shundan iboratki, kreditor va qarz oluvchi bir-birovi haqida etarli darajada ma’lumotga ega emasligi, mablag‘larga bo‘lgan talabning taklif bilan doimo miqdoran va bir vaqtda teng emasligidadir. Tijorat banklari mablag‘larni depozitga jalb etishi, ssuda berishi mumkin. Bank o‘z aktivlari bo‘yicha keng diversifikatsiya usulini qo‘llab omonatlarni qaytara olmaslik riski darajasini kamaytirishi mumkin.
Iqtisodiy tizimni qayta qurish uchun asosan va birinchi galda ichki xo‘jalik jamg‘armalariga tayanish lozim. Tijorat bank moliya bozoriga kredit resurslariga talab bilan kirar ekan, nafaqat iqtisodiyotda mavjud bo‘lgan barcha jamg‘armalarni maksimal darajada yig‘ishga, balki joriy iste’molni chegaralash bilan jamg‘armani shakllantirishga samarali ta’sir ko‘rsatmog‘i lozim. Jamg‘arma mablag‘larni shakllantirishda tijorat banklarni depozit siyosatining ta’siri katta. Omonatchilarga yuqori foizlardan tashqari, bank kreditlariga yuqori kafolat va ishonchlilik kerak. Omonatlarni qo‘yishda xavfsizlik bilan bir qatorda mijoz tijorat bank faoliyati etarlicha ma’lumotga ega bo‘lishi va bu bilan u bankni moliyaviy ahvoliga baho bera olishi mumkin.
Tijorat banklar faoliyatida asosiy o‘rinni korxona, tashkilotlarni, aholini va turli sub’ektlarni kreditlash egallaydi. Kreditlash jarayonini tashkil qilishda bank moliyaviy vositachi rolini o‘ynaydi. U bo‘sh turgan mablag‘larni jalb qiladi va o‘z nomidan mijozlarga vaqtincha foylanishiga beradi. Bank krediti hisobidan iqtisodiyotning muhim tarmoqlari-sanoat, qishloq xo‘jaligi, savdo va boshqalar moliyalashtiriladi va ishlab chiqarishni kengaytirishga asos bo‘ladi.
Tijorat banklari shartnoma asosida bir-birlarining mablag‘larini depozit, kredit shaklida jalb etishlari, joylashtirishlari, o‘z ustavlarida ko‘rsatilgan boshqa o‘zaro operatsiyalarni amalga oshirishlari mumkin.
Mijozlarga kredit berish va o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarish uchun mablag‘ etishmay qolgan taqdirda tijorat banklari kredit resurslari olish uchun Markaziy bankka murojat qilishlari mumkin.
Tijorat banklari operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari ularning o‘zlari tomonidan mustaqil belgilanadi. Ammo bu stavkalar davlat pul-kredit siyosatining bosh yo‘nalishlarida belgilab beriladigan foiz stavkalari siyosatiga asoslangan bo‘lishi lozim.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida qimmatli qog‘ozlar bozorining yaxshi taraqqiy etmagan bosqichlarida iqtisodiyotda mavjud bo‘lgan asosiy moliyaviy resurslar banklarga omonatlarni jalb qilish orqali amalga oshiriladi.
Banklarning keyingi funksiyasi bu mustaqil sub’ektlararo to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish funksiyasidir. Rejali iqitsodiyot davrida barcha to‘lovlar bir davlat banki orqali amalga oshirilgan, hisob-kitoblarni bunday tizimida to‘lovlarni amalga oshirishda davlat o‘zi kafil bo‘lardi. Mustaqil tijorat bank tizimini shakllantirish hisob-kitob tizimini ajralishiga olib keladi va banklar o‘z zimmalariga oladigan risk darajasini ko‘paytirdi. MFO hisob varaqalaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan hisob-kitoblar o‘rniga banklararo hisobning korrespondent schetlarga o‘tishi ham risk darajasini ko‘payishiga olib keldi. Bunday sharoitda tijorat banklar, mijozlar hisob-kitoblar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishilishi bo‘yicha mas’uldir.
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan barcha mamlakatlarda tijorat banklar iqtisodiyotining to‘lov mexanizmida etakchi o‘rin tutadi.
Mamlakatimiz iqtisodiyot to‘lovlarni amalga oshirishni isloh qilish va rivojlantirish orqali mamlakatimiz to‘lov tizimida tijorat banklarning o‘rni kengaymoqda.
Undan tashqari tijorat banklar moliya-valyuta bozorida faoliyat ko‘rsatish, ya’ni qimmatli qog‘ozlar chiqarish va ularni joylashtirish, sotib olish bilan shug‘ullanishi, mijozlarga har xil axborotlar, maslahatlar berish bilan shug‘ullanishi mumkin.
Tijorat banklari yuqorida keltirilgan funksiyalar asosida quyidagi operatsiyalarni bajaradi:
-passiv operatsiyalar;
-aktiv operatsiyalar;
-bank xizmatlari va vositachilik operatsiyalari;
-bankning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradigan operatsiyalari va boshqa turdagi operatsiyalarni bajaradilar.
2.5.Nobank kredit tashkilotlari, ular faoliyatining huquqiy asoslari va xususiyatlari.
Nobank kredit tashkilotlari deganda tor doirada ixtisoslashgan va alohida bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqi bo‘lgan kredit tashkiloti tushuniladi.
Biroq, nobank kredit tashkilotlari har qanday bank operatsiyasini amalga oshira olmaydi. Masalan: ular tijorat banklari amalga oshiradigan quyidagi muhim operatsiyalarini amalga oshirish huquqiga ega emas:
Yuridik va jismoniy shaxslarga hisob raqam ochish va yuritish
Yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablag‘larini depozit hisob raqamlariga jalb etish
Mazkur pul mablag‘larini o‘z nomiga joylashtirish
Har qanday mamlakatning kredit tizimining asosiy bo‘g‘ini bo‘lib tijorat banklari hisoblanadi.Ammo tijorat banklari harqanday operatsiyani yuksak darajada bajara olmaydi. Shu sababli alohida bank operatsiyalarini bajarishga ixtisoslashgan kredit tashkilotlari paydo bo‘ldi .
Nobank moliya tashkilotlari asosan quyidagilarga ko‘maklashadi:
kam ta’minlangan aholini tadbirkorlikka jalb etishga;
kambag‘allikni qisqartirishga, insonlarni ijtimoy-iqtisodiy rivojlanishiga;
ayollarni iqtisodiy jarayonlarga jalb etib, gender muaamosini echishga:
yangi ish o‘rinlari yaratishga;
moliya bozorida yangi segmentni yaratilishiga va h.k.
Nobank moliya tashkilotlari funksiyasini iqtisodiy va ijtimoiy funksiyalarga bo‘lish mumkin:
Iqtisodiy funksiyasi - kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlanishiga, aholini ushbu jarayonga jalb qilinishiga, shuningdek, kichik biznesni yiriklashishiga va mulkdorlar qatlamini yaratilishi ko‘maklashishdir.
Yangi moliya tuzilmasi sifatida - moliya tizimini kengayishi va mustaxkamlashiga, jamg‘armalar va kreditlarni bozorini diversifikatsiyalashga ko‘maklashadi. Shuningdek, keyinchalik banklardan kredit olish uchun kredit tarixini yaratish vositasi ham hisoblanadi.
Dunyo tajribasiga ko‘ra moliya tashkilotlari uchta guruhga bo‘linadi:
rasmiy institutlar;
yarim rasmiy institutlar;
norasmiy institutlar.
Rasmiy moliya institutlari mikromoliya xizmatlari ko‘rsatib, ularning faoliyati umumiy qonunchilik bilan birga banklarning regulyativ qoidalari bilan tartibga solinadi. Shuning uchun bunday moliya institutlari banklar singari nazorat kilinadi.
Yarim rasmiy moliya institutlari umumiy qonunchilikka bo‘ysunadilar, lekin ularning faoliyati banklarning regulyativ qoidalari bilan tartibga solinmaydi.
Norasmiy institutlarga esa umumiy tijorat hamda banklar qonunchiligi ko‘llanilmaydi.
Xalqaro amaliyotda nobank kredit tashkilotlariga quyidaglar kiradi:
Kredit uyushmalari. Ular faqat o‘z-o‘zlariga depozit qabo‘l qiladi va o‘z-o‘zlariga kredit beradi.
Mikrokredit tashkilotlari. Mikrokredit tashkilotlar aholining iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan aktiv ammo kam ta’minlangan qatlamlariga kredit beradi. Ular depozit va omonatlar qabo‘l qilish huquqiga emas.
Lombardlar oltin va tilla taqinchoqlarni garovga olish yo‘li bilan kredit beradi.
Lizing kompaniyalari
Faktoring kompaniyalari.
Lizing kompaniyalari bahosi yuqori va muddatli foydalaniladigan tovarlarni to‘la qiymatda sotib olib ularni lizingga beradi.
Moliyaviy lizing
Operativ lizing
Faktoring kompaniyalari tovarlar bilan bog‘liq hujjatlarni sotib olish, ularni rasmiylashtirish va buxgalteriya hisobida yuritish bilan shug‘ullanadi.
Kliring muassasalari. Kliring palatalari banklar o‘rtasida to‘lov instrumentlari bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshiradi.
Kredit kooperativlari ma’lum bir sohada faoliyat yuritayotgan subyektlarni kreditlash maqsadida tashkil etilgan.
Pensiya fondi
Inkassatsiya tashkilotlari. Bu tashkilotlar naqd pullardan va to‘lov hujjatlarini inkassatsiya qilish bilan shug‘ullanadi. Lekin O‘zbekistonda bunday tashkilotlar yo‘q. Respublikamizda naqd pullarni inkassatsiya “Respublikamiz inkassatsiya birlashmalari” tomonidan amalga oshiradi.
Sug‘urta kompaniyalari.
Nobank kredit tashkilotlari faoliyatidagi quyidagi xos xususiyatlariga ega: Nobank kredit tashkilotlari faqat alohida olingan bank operatsiyalarini amalga oshiradi.
Nobank kredit tashkilotlari faoliyati tor doirada ixtisoslashgan bo‘ladi. Bu ularni raqobatbardoshligini ta’minlash imkoniyatini beradi. Chunki nobank kredit tashkilotlari bitta sohada sifatli va arzon bitta mahsulot yarata oladi.
2.6. Lombardlar va mikrokredit tashkilotlarining tarkibi va vazifalari.
Mikrokredit tashkilotlari faoliyatini amalga oshirish UzR 20.09.2006 yildagi №53 sonli Mikrokredit tashkilotlari tugrisidagi Konunga asosan olib boriladi.Konunning 3- moddasiga kura: Mikrokredit, mikroqarz, mikrolizing berish sohasida xizmatlar ko'rsatish bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va ushbu Qonunga muvofiq boshqa mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatuvchi yuridik shaxs mikrokredit tashkilotidir.
Mikrokredit tashkiloti O'zbekiston Respublikasi hududida bank hisobvaraqlarini belgilangan tartibda ochishga haqli.
Mikrokredit tashkiloti ishlab chiqarish, sug'urta, savdo-vositachilik va ushbu Qonunda nazarda tutilmagan boshqa faoliyat bilan bevosita shug'ullanishga haqli emas.
4-modda. Mikrokredit tashkilotlarini tashkil etish
Mikrokredit tashkilotlari yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi mumkin.
Mikrokredit tashkilotlari davlat organlari, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va diniy tashkilotlar tomonidan tashkil etilishi mumkin emas.
Mikrokredit tashkilotining ustav fondi pul mablag'laridan, shuningdek mazkur tashkilot ustav fondi miqdorining yigirma foizidan oshmaydigan boshqa mol-mulkdan shakllantiriladi.
Mikrokredit tashkilotining ustav fondini shakllantirishda kreditga, garovga olingan mablag'lardan va boshqa jalb qilingan mablag'lardan foydalanishga yo'l qo'yilmaydi.
Mikrokredit tashkiloti ustav fondining eng kam miqdori litsenziya olish uchun murojaat qilingan kunga qadar faqat pul mablag'laridan shakllantirilgan bo'lishi kerak.
Mikrokredit tashkiloti quyidagi turlardagi mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatishi mumkin:
mikrokreditlar yoki mikroqarzlar berish;
qarz majburiyatlarini sotib olish va sotish (faktoring);
mikrokredit tashkiloti lizing beruvchi sifatida ishtirok etadigan mikrolizing (moliya ijarasi);
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa turdagi mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish, shu jumladan iste'mol kreditlari berish.
Mikrokredit tashkiloti mikrokreditlar, mikroqarzlar, mikrolizing berish va boshqa mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish bilan bog'liq maslahat va axborot xizmatlari ko'rsatishi mumkin.
Mikrokredit tashkiloti qarz majburiyatlarini chiqarishga hamda yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar (depozitlar) qabul qilishga haqli emas.
14-modda. Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish uchun mablag'larning manbalari
Mikrokredit tashkiloti quyidagilar hisobidan mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatadi:
o'z mablag'lari, shu jumladan olgan daromadlari;
investorlar, shu jumladan chet ellik investorlar tomonidan investitsiya shartnomalari asosida berilgan mablag'lar;
banklarning kreditlari va davlat maqsadli jamg'armalarining mablag'lari;
xalqaro moliya institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining, shu jumladan chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining grantlari va qarz mablag'lari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
lombardlar adliya organlari tomonidan davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi uchun qonun hujjatlarida to'lov kunida belgilangan eng kam oylik ish haqining to'rt baravari miqdorida davlat boji undiriladi;
litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgorining arizasi ko'rib chiqilganligi uchun ariza berilgan kunda qonun hujjatlarida belgilangan bitta eng kam oylik ish haqi miqdorida yig'im undiriladi;
lombardlar faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berilganligi uchun to'lov kunida qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Lombardlar davlat ro'yxatidan o'tkazilganligi uchun to'lanadigan davlat boji summasi belgilangan tartibda taqsimlanadi.
O‘zbekiston Respublikasida nobank kredit muassasalarining ustav kapitalini eng kam miqdoriga nisbatan talab 2017 yilning 1 oktyabridan boshlab quyidagicha belgilandi:
* mikrokredit tashkilotlari uchun – 2 mlrd. so‘m
* lombardlar uchun – 500 mln. so‘m
Kredit uyushmalari faqat o‘zining a'zolaridan depozitlar qabul qilish huquqiga ega.
Demak, kredit uyushmalarida 2 ta resurs manbai mavjud:
* ustav kapitali
* a'zolaridan qabul qilingan depozitlar
Mikrokredit tashkilotlari depozitlar qabul qilish huquqiga ega emas. Ular ustav kapitali va moliyaviy grantlar hisobidan faoliyatini amalga oshiradilar.
O‘zbekiston Respublikasining “Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunining 3-moddasiga muvofiq,
mikrokredit, mikroqarz, mikrolizing berish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va ushbu Qonunga muvofiq boshqa mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxs mikrokredit tashkilotidir
Mikrokredit tashkiloti:
qarz majburiyatlarini chiqarishga hamda yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar (depozitlar) qabul qilishga;
jismoniy shaxslardan qarz mablag‘larini jalb qilishga, bundan o‘z muassislari (ishtirokchilari, mulkdorlari) mustasno;
o‘z muassislarining (ishtirokchilarining, mulkdorlarining) majburiyatlari bo‘yicha kafil bo‘lishga yoki kafolat beruvchi bo‘lishga, shuningdek ularga o‘z majburiyatlari bajarilishini ta'minlashning boshqa usullarini taqdim etishga haqli emas.
Mikrokredit - bu qarz oluvchiga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun eng kam ish haqining ming barobari miqdoridan oshmaydigan summada beriladigan kredit.
Mikroqarz - mikrokredit tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxs bo‘lgan qarz oluvchiga eng kam ish haqining yuz barobari miqdoridan oshmaydigan summada beriladigan qarz.
Mikrolizing - tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun eng kam ish haqining ikki ming barobari miqdoridan oshmaydigan summadagi lizing kreditidir.
Lombardlar, faktoring kompaniyalari, kredit kooperativlari ta'sischilarining ustav kapitaliga qo‘ygan pul mablag‘lari hisobidan faoliyatini amalga oshiradilar. Ular depozitlar jalb qilish huquqiga ega emas.
Kredit agentliklarining resurs manbalari bo‘lib, ustav kapitali va qimmatli qog‘ozlarni sotishdan olingan mablag‘lar hisoblanadi.
Kredit agentliklari ipoteka qimmatli qog‘ozlarini chiqarish yo‘li bilan resurslar jalb qiladi va ushbu resurslar hisobidan tijorat banklarining ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtiradi.
Hisob-kitob muassasalari ustav kapitali va hisob-kitoblarda ishtirok etuvchi banklardan olingan avans to‘lovlari hisobidan faoliyatini amalga oshiradi.
Kredit uyushmalari o‘zining a'zolariga kreditlar beradi.
Kreditlar qaytarib berishlik, muddatlilik, foiz to‘lashlilik shartlari asosida beriladi.
Taraqqiy etgan davlatlarda kredit uyushmalari kredit berishda ta'minlanganlik va maqsadlilik prinsiplariga e'tibor qaratishmaydi.
Mikrokredit tashkilotlarining aktiv operatsiyalari mikrokreditlar,mikroqarz va mikrolizing operatsiyalaridan iborat.
2018 yilning 1 yanvar' holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi kredit tizimida faoliyat yuritayotgan mikrokredit tashkilotlari soni 30 tani tashkil etdi. Ular tomonidan berilgan mikrokreditlar va mikrolizingning jami summasi 126 999 mln. so‘mni takshil qildi.
Dostları ilə paylaş: |