1-mavzu. Banklarda buxgalteriya hisobini tashkil qilinishi
3.Buxgalteriyahujjatlarinisaqlashtartibi. Banklar buxgalteriya hujjatlarini but saqlanishini ta’minlashlari shart. Buxgalteriya hujjatlarini saqlash yuzasidan belgilangan tartibga rioya etilishi hamda bu ishlar to‘g‘ri tashkil qilinishi uchun javobgarlik banklar rahbarlari va bosh buxgalterlari zimmasiga yuklatiladi. Rahbar va bosh buxgalter bank xodimlariga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishi, xodimlarga hujjatlarni javonlar va boshqa omborlarda saqlash uchun muayyan joylarni ajratib berishi va biriktirib qo‘yishi, zarur hollarda hujjatlarni bexatar joylarga olib chiqish tartibi va navbatini belgilashi lozim.
Banklarda har kuni bank amaliyoti kuni tugallanganidan keyin axborotlar o‘rnatilgan tartibda arxivlanadi. Bank amaliyot kuniga tegishli buxgalteriya hujjatlari ularni ularning saqlash muddatlari bo‘yicha alohida yig‘majildlarga tikilgan holda saqlanadi. Hujjatlarni tayyorlash bilan yig‘majildlarni rasmiylashtirish vazifasi topshirilgan xodim shug‘ullanadi.
Kunlik yig‘majildga quyidagi hujjatlar tikiladi:
bank mijozlari to‘lov hujjatlarining hamda qisman amalga oshirilgan to‘lovlarda, shuningdek, bank mijozlar bilan shartnomada belgilangan hisob- kitoblar bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lovlar uchun qo‘llanilgan memorial orderlarning birinchi nusxasi;
Bank-mijoz dasturiy majmuasi bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lov hujjatlarining ro‘yxati;
banklararo va filiallararo to‘lovlar bo‘yicha bank hisobvaraqlarining kreditlanishiga asos bo‘lgan elektron to‘lov hujjatlarning ro‘yxati;
bankning ichki hisobvaraqlari bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalari uchun asos bo‘lgan memerial orderlar ro‘yxati;
ko‘zda tutilmagan holatlar hisobvaraqlari bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalar uchun asos bo‘lgan memorial orderlarning mas’ul ijrochilar bo‘yicha tuzilgan ro‘yxati;
kunlik balans hisoboti va hisobvaraqlar bo‘yicha aylanma va qoldiq summalar;
kunlik buxgalteriya jurnali.
Hujjatlar ro‘yxati kunlik buxgalteriya jurnalining tegishli qismidan dasturiy yo‘l bilan olinadi.
Taxlanib tikilgan (broshyuralangan) hujjatlar kunlik buxgalteriya jurnalidagi ro‘yxat bilan solishtirilib chiqiladi va ularning summasi aylanmalarining yig‘ma ma’lumotlarini aylanmalar yakunlari bilan taqqoslanadi. Bosh buxgalterning xohishiga ko‘ra, axborotni shaxsiy komputerga kiritish uchun tayyorlangan hujjatlar bog‘lamlari shakllantirilishi mumkin. Bunda hujjatlar yig‘majildiga ularni dasturiy yo‘l bilan chiqarilgan ro‘yxati (kunlik buxgalteriya jurnali)ning tegishli qismi bilan joylashtiriladi.
Taxlangan hujjatlarga shu hisobvaraqni yurituvchi mas’ul ijrochi buxgalteriya xodimi imzolagan kunlik buxgalteriya operatsiyalari ro‘yxatining tegishli qismi ilova qilinadi. Agar hujjatlar dastalangan bo‘lsa, ular dastalarni mas’ul ijrochi buxgalterlar qirqimi bo‘yicha kunlik buxgalteriya jurnaliga qarab hisoblab chiqilishi mumkin, biroq bu hujjatlarni tayyorlagan xodim kun davomida o‘tkazilgan buxgalteriya operatsiyalariga doir barcha hujjatlarning shu dastada borligiga ishonch hosil qilishi kerak.
Hujjatlarni tayyorlash topshirilgan mas’ul xodim ilovasi bor bo‘lgan hujjatlarda bu ilovalar qanchaligi ko‘rsatilganini va ular haqiqatan ham mavjudligini sinchiklab tekshirishi lozim.
Yakunlangan kun hujjatlari keyingi bank ish kundan kechiktirilmay, yuqorida qayd etilgan tartibda rasmiylashtirilishi lozim. Qoida bo‘yicha bu hujjatlar har kuni tayyorlanadi. Muqovada buxgalteriya hujjatlari soni va umumiy summasi bo‘yicha ma’lumotlarni tayyorlagan xodim, bosh buxgalter yoki uning o‘rinbosari imzolari bilan tasdiqlanadi.
Buxgalteriya hisobiga tegishli barcha materiallar (o‘tgan oylar uchun) buxgalteriya hujjatlari bank arxiviga topshirilgunga qadar, buxgalteriyaning stellajlar va temir javonlar bilan jihozlangan joriy arxiv hujjatlar but saqlanishi uchun javob beradigan maxsus ajratilgan xodim qo‘l ostida bo‘ladi.
Agar omborda joy yetmasa, aynan shu xodim buxgalteriyadagi temir javonlarda saqlanadigan hujjatlarning daxlsizligiga javob beradi.
Omborda va joriy arxivda saqlanayotgan buxgalteriya hujjatlarga doir ma’lumotlar kassa hujjatlari bo‘yicha javobgar xodim huzurida, bosh buxgalter yoki uning o‘rinbosari (bo‘lim boshlig‘i) imzolagan talabnomalar asosida olinadi. Ma’lumot olish uchun ruxsat berilgan bank xodimi kassir yoki joriy arxivni boshqaruvchi xodim kuzatuvida ishlashi lozim. Hujjatlar uchun javobgar shaxslar ma’lumot olishga ruxsat berilgan xodimlar tomonidan hujjatlarga biror-bir tuzatishlar va yozuvlar kiritilmasligini kuzatib turishlari shart.
Ombor va joriy arxivdan kirim-chiqim hujjatlari bosh buxgalterning yozma ruxsati bo‘yicha beriladi. Kun oxirida hujjatlar qaytarilishi shart.
Bank bosh buxgalterining vazifalari, huquqlari va javobgarligi. Bank bosh buxgalteri bankda hisob-operatsion ishlarni tashkil etadi, bankning moddiy va moliyaviy resurslarining to‘la saqlanishini ta’minlaydi. U bank rahbari tomonidan bosh buxgalter vazifasiga tayinlanadi va vazifasidan bo‘shatiladi. Agar bankning yuqori bank tashkiloti bo‘lsa, yuqori bank tashkiloti rahbari, buxgalteriya hisobi boshqarmasi boshlig‘i bilan kelishiladi va Markaziy bank boshqaruvi qoshidagi Komissiya taqdimotidan o‘tkaziladi.
Har bir bankda xodimlarning lavozim vazifalari ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Bankning bosh buxgalteri “Bank tizimining bosh buxgalterlari to‘g‘risidagi” Nizom asosida ish olib boradi.
Bank bosh buxgalterining vazifalari. Bosh buxgalter buxgalteriya hisobini bank hisob siyosatida va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan qoidalar asosida tashkil etib, quyidagi vazifalarni bajaradi:
buxgalteriya hisobi ishlarini zamonaviy texnik vositalari va axborot texnologiyasidan foydalangan holda oqilona tashkil etilishi, buxgalteriya hisobi hisobvaraqlarida bank operatsiyalarini to‘g‘ri va haqqoniy aks ettirilishi hamda foydalanuvchilar uchun ishonchli moliyaviy hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim qilish;
bankka kelib tushgan pul hisob-kitob hujjatlari bo‘yicha operatsiyalarning tegishli hisobvaraqlarida aks ettirilib, kunlik balans tuzilishi va tegishli joyga topshirilishini tashkil etish;
mijozlarga hisobvaraqlar ochish va hisobvaraqlarni yopish;
mijozlardan kelib tushadigan pul hisob-kitob hujjatlarining shakli va mazmuni bo‘yicha to‘g‘ri rasmiylashtirilishi va ular bo‘yicha operatsiyalarni o‘z vaqtida o‘tkazilishi;
ichki bank operatsiyalarining qonuniy bajarilishini va ular ustidan monitoring o‘rnatish, mablag‘ va qimmatliklar but saqlanishi;
elektron to‘lov hujjatlarining to‘g‘ri shakllantirilishini ularning asl nusxasi bilan solishtirish orqali tekshirish;
bank amaliyot kunini yakunlash va kun oxiriga kunlik balans tuzish;
hujjatlarining asl va elektron nusxalarini ish kuni oxirigacha yoki keyingi bank ish kuni ertalab soat 10.00 dan kechiktirmasdan belgilangan tartibda
taxlanishini va arxivga topshirishni ta’minlash;
o‘z tasarrufida bo‘lgan bank filiallari, sho‘ba va qaram xo‘jalik jamiyatlarining buxgalteriya ko‘rsatkichlari bo‘yicha belgilangan tartibda yillik jamlangan moliyaviy hisobotlar;
bank daromadlari va xarajatlarini hisoblash usulini qo‘llagan holda Bosh kitob va hisobotlarda to‘g‘ri aks ettirilishi;
buxgalteriya hisobi, hisoboti, nazorat va iqtisodiy tahlil masalalari yuzasidan xodimlarga o‘z vaqtida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish;
ish haqi fondining to‘g‘ri sarflanishi, mansab maoshlarining to‘g‘ri belgilanishi, shtatlar, moliya va kassa intizomiga qat’iy rioya etilishini ta’minlash.
Bank bosh buxgalterining huquqlari. Bankning barcha hisob-operatsion apparat xodimlari bosh buxgalterga bo‘ysunadilar. Bosh buxgalter hisob- operatsion apparat xodimlari uchun majburiyatlar belgilab, o‘z vazifalarini bajarish uchun shart-sharoit yaratadi. Operatsiyalarni bajarish yoki rasmiylashtirish bo‘yicha buxgalterning ko‘rsatmalarini bajarish barcha bank xodimlari uchun majburiy hisoblanadi.
Bosh buxgalterning ko‘rsatmalarini bajarmaganligi yoki noto‘g‘ri ba- jarganligi uchun mukofotdan butunlay, qisman mahrum bo‘lishi, alohida hollarda jinoiy javobgarlikka tortilish mumkin. Bundan tashqari, bosh buxgalter bank rahbaridan buxgalteriya hisobini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha choralar ko‘rishni talab qilish, kassalarda pul qabul qilish, saqlash, ishlatish bo‘yicha o‘rnatilgan qoidalarni to‘g‘ri bajarish ustidan nazorat qilish, mukofotlar miqdorini ko‘paytirish yoki kamaytirish bo‘yicha takliflar kiritish huquqiga ega.
Moddiy javobgar shaxslarni, kassir, ombor mudirini lavozimga tayinlash, ishdan bo‘shatish va boshqa ishga o‘tkazish masalasi ham bosh buxgalter bilan kelishib hal qilinadi. Xodimlarga mansab maoshlari, ish haqiga ustamalar belgilash hamda ularni mukofotlash to‘g‘risidagi buyruqlar va farmoyishlarni dastlab bosh buxgalter ko‘rib chiqadi va ularga imzo chekadi.
Bank bosh buxgalteri quyidagi hollarda javobgardir:
buxgalteriya hisobining noto‘g‘ri olib borilish natijasida hisobotlarda noto‘g‘ri ma’lumotlar berilishida;
depozit va boshqa hisobvaraqlar, debitorlar va kreditorlar bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumotlar berilsa, hisob ishlari o‘z vaqtida olib borilmasa;
buxgalteriya xodimlarining aybi bilan noto‘g‘ri hisobot berilsa;
Markaziy bankning me’yoriy hujjatlari bo‘yicha xatoliklarga yo‘l qo‘yilsa;
bank rahbari bilan teng ravishda bankning moliyaviy, xo‘jalik faoliyatini tashkil qilishda qo‘pol xatolikka yo‘l qo‘yilsa, javobgar hisoblanadi.
Umuman, bosh buxgalterlarning intizomiy, moddiy va jinoiy javobgarligi amaldagi qonunlarga muvofiq belgilanadi.
Bank mas’ul ijrochilarining vazifalari. Hisob operatsion apparatining asosiy xodimlari – bu mas’ul ijrochilardir. Bank mijozlarining asosiy hisob-kitob va boshqa operatsiyalarining hisobini yuritish, mijozlar bilan muloqotda bo‘lishi aynan mas’ul ijrochilarga yuklatilgan. Mas’ul ijrochilar quyidagi vazifalarni bajaradi:
biriktirib qo‘yilgan bank mijozlari va xodimlardan qabul qilingan hisob- kitob va pul hujjatlariga tegishli ishlov berish;
taqdim etilgan hujjatlar bo‘yicha pul o‘tkazish yoki pul to‘lash mumkin yoki mumkin emasligini hisobvaraqlardagi pul mablag‘larining yetarliligi asosida aniqlash;
kelib tushgan barcha hisob-kitob hujjatlarini operatsiyalar qonuniyligi hamda ularning kreditlash va hisob-kitob qilish qoidalariga muvofiqligini tekshirish;
akkreditiv, chek, to‘lov topshirig‘i, to‘lov talabnomasi, inkasso topshirig‘i va boshqa hujjatlarning hamda ularga ilova qilingan tovar transport hujjatlarining to‘g‘ri rasmiylashtirilganini tekshirish, barcha rekvizitlarning mavjudligini aniqlash;
pul chekining nomeri imzolar va muhr namunasi tushirilgan kartochkada qayd etilgan chek daftarchasining nomeriga to‘g‘ri kelishini tekshirish;
chek bo‘yicha ish haqi uchun mablag‘larni belgilangan hajm doirasida berishini nazorat qilish, bu mablag‘lar hisobini yuritish;
mijozlarning ish haqidan ushlab qolinadigan soliqlar, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar summalarining o‘z vaqtida o‘tkazilishini nazorat qilish;
hisob-kitob hujjatlari bo‘yicha inkasso kartotekasini, o‘z vaqtida to‘lanmagan hujjatlar kartotekasini yuritish.