1-MAVZU. BANKLARDA BUXGALTERIYA HISOBINI TASHKIL QILINISHI Reja:
1. Banklarda buxgalteriya hisobining mazmuni va uni tashkil etishning ahamiyati.
2. Banklar hisob-operatsion apparatining tuzilishi.
3. Buxgalteriya xodimlarining huquq va majburiyatlari
4. Banklarda buxgalteriya provodkalarni bajarish asoslari
5. O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari buxgalteriya hisobining hisobvaraqlar rejalari va ularning tavsifi.
6. Bank balansi va uning tuzilishi
Banklar o‘zining faoliyati jarayonida hujjatlar bilan ish olib boradi. Buxgalteriya hisobida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan hech bir operatsiya hujjatsiz amalga oshirilishi mumkin emas, chunki hujjatlar mol-mulkning talon-taroj qilinmasdan to‘liq saqlanishini ta’minlashda asosiy rol o‘ynaydi. Misol uchun, pul mablag‘larini bankka topshirish yoki bankdan olishni to‘liq to‘ldirilgan va oldindan tekshirilgan maxsus hujjatlar asosida amalga oshirilishi mumkin, o‘tkazib bo‘lingan operatsiyalarning naqadar to‘g‘riligi yoki qonuniyligi keyinchalik shu hujjatlar asosida tekshiriladi.
Hujjatlardagi operatsiyaning mazmuni, uni hisobga olish uchun kerak bo‘lgan barcha belgilar hujjatlarning rekvizitlari yoki ko‘rsatkichlari deyiladi. Hujjatlar va korxonalarda buxgalteriya hisobini olib borish haqidagi Nizomga muvofiq barcha
hujjatlar uchun majburiy bo‘lgan rekvizitlar o‘rnatilgan. Hujjatlarning asosiy revizitlari quyidagilar:
Hujjatning to‘liq nomi (masalan: to‘lov talabnomasi, to‘lov topshirig‘i)
Hujjatning to‘ldirish sanasi va uning nomeri.
Mahsulot sotuvchi va mahsulot oluvchi korxonalarning to‘liq nomi.
Shu korxona va tashkilotlarning bankdagi hisobvaraq nomerlari.
Ularga xizmat ko‘rsatuvchi banklarning nomi, ularning kodi.
Operatsiyaning mazmuni.
To‘lanadigan summa (raqamlar va yozma ravishda).
Rahbar shaxslarning imzolari va korxonaning muhri.
Har bir hujjat xatosiz, yozuv mashinkalarida bir yo‘la bir necha nusxada to‘ldirilishi yoki komputerda terilishi kerak. Kassa operatsiyalari bo‘yicha ishlatiladigan hujjatlar bundan mustasno, bunday hujjatlar qo‘lda, ruchkalar yordamida to‘ldiriladi.
Bankda ishlatiladigan barcha hujjatlarni biz shartli ravishda 2 qismga bo‘lamiz.
Korxonalar tomonidan rasmiylashtiriladigan hujjatlar.
Banklar tomonidan rasmiylashtiriladigan hujjatlar.
Hujjatlarning asosiy qismi korxona va tashkilotlar tomonidan rasmiylashtirilib, banklarga topshiriladi. Korxona va tashkilotlar tomonidan to‘ldiriladigan hujjatlarga asosan naqd pulsiz hisob-kitob bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlar: to‘lov talabnomasi, to‘lov topshiriqnomasi, to‘lov talabnomasining ro‘yxati, cheklar ro‘yxati, kassa operatsiyalari bo‘yicha esa pul topshirish haqidagi hujjat (e’lon) pul cheki kabilar kiradi. Har bir hujjatlarga korxona rahbari va buxgalterining imzolari qo‘yilib, ular muhr bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
Hujjatlar sodir etiladigan operatsiyalarning hajmiga ko‘ra oddiy va yig‘ma bo‘lishi mumkin. Oddiy hujjatlarda faqat bitta xo‘jalik operatsiyasi aks etadi, yig‘ma hujjatlarda esa bir necha operatsiyalar jamlangan bo‘ladi. Oddiy hujjatlarga to‘lov talabnomasi, to‘lov topshiriqnomasi, akkreditiv ochish uchun ariza, kirim orderi va pul chekini misol qilish mumkin. Yig‘ma hujjatlarga esa yig‘ma to‘lov topshiriqnomasi, to‘lov talabnomasining ro‘yxati, cheklar ro‘yxati, kassa kirim jurnali, kassaning chiqim jurnalini kiritish mumkin.
Bundan tashqari bajariladigan operatsiyalarning mazmuniga ko‘ra bank operatsiyalari bo‘yicha barcha hujjatlarni 3 guruhga bo‘lish mumkin:
Naqd pulsiz hisob-kitoblarda ishlatiladigan hujjatlar;
Naqd pul bilan bog‘liq bo‘lgan kassa hujjatlari;
Balansdan tashqaridagi hisobvaraqlarlar bo‘yicha hujjatlar.
Ma’lumki, har bir xo‘jalik yurituvchi subyekt o‘z pul mablag‘larini biror bankda ochgan hisobvaraqda saqlaydi va barcha naqd pulli hamda naqd pulsiz operatsiyalari (pul to‘lash va pul kelib tushishi bo‘yicha) mana shu hisobvaraqlar orqali o‘tkazadi. Pul o‘tkazish mijozning topshirig‘i yoki mol jo‘natuvchi korxonaning to‘lov talabnomasi orqali bank xodimlari tomonidan bajariladi. Bu holda naqd pul ishlatilmaydi. Operatsiyalar hisobvaraqlardan yozuvlar bajarish orqali o‘tkaziladi. Shuning uchun bunday operatsiyalarda ishlatiladigan hujjatlarni naqd pulsiz hisob-kitoblarda ishlatiladigan hujjatlar guruhiga kiritamiz. Bankda balans ichidagi hisobvaraqlar bilan bir qatorda balansdan tashqari hisobvaraqlar ham yuritiladi. Bunday hisobvaraqlarda asosan qimmatbaho hujjatlar hamda ba’zi bir bank operatsiyalari bo‘yicha hujjatlar hisobga olinadi. Masalan, to‘lanadigan akkreditivlar, to‘lov muddatini kutayotgan hisob-kitob hujjatlari, o‘z vaqtida to‘lanmagan hujjatlar balans tashqaridan hisobvaraqlar bo‘yicha yuritiladigan hujjatlar jumlasidandir. Bu hisobvaraqlardagi qoldiq bank balansiga ta’sir etmaydi. Shuning uchun bunday hujjatlar balansdan tashqari hisobvaraqlar bo‘yicha hujjatlarga kiritiladi. Bu guruhlarning har biriga korxona va tashkilotlar tomonidan to‘ldirilgan hujjatlar hamda bank tomonidan to‘ldirilgan hujjatlar kiradi. Bu hujjatlarning har biri haqida bundan keyingi mavzularda to‘xtalib o‘tamiz.
O‘zbekiston Respublikasi milliy iqtisodiyotining rivojlanishida banklar alohida o‘rin egallaydi. “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan, “Bank – tijorat tashkiloti bo‘lib, bank faoliyati deb hisoblanadigan quyidagi faoliyat turlari majmuyini amalga oshiradigan yuridik shaxsdir:
– yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar qabul qilish hamda qabul qilingan mablag‘lardan tavakkal qilib kredit berish yoki investitsiyalash uchun foydalanish;
to‘lovlarni amalga oshirish”
Banklar o‘z faoliyatida ko‘plab operatsiyalarni bajaradi. Ularga yuridik va jismoniy shaxslarning, banklarning hisobvaraqlarini ochish, yuritish, hisobvaraqlar bo‘yicha hisob-kitoblar o‘tkazish, omonatlar jalb etish, kreditlar berish, qimmatli qog‘ozlar chiqarish, xarid qilish va sotish, moliyaviy lizing xizmatini ko‘rsatish, kassa operatsiyalarini bajarish, chet el valutasini sotish va xarid qilish, pul mablag‘lari, hisob-kitob hujjatlarini inkasso qilish va bir qator boshqa operatsiyalarni kiritish mumkin.
Banklarda buxgalteriya hisobini yuritishning metodologik asoslari
Banklarda buxgalteriya hisobini tashkil etish asoslari milliy iqtisodiyotimizning turli tarmoqlariga qarashli korxona va tashkilotlarning buxgalteriya hisobi asoslari bilan deyarli o‘xshash. Ular O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonunida o‘z ifodasini topgan. Ushbu qonundan kelib chiqqan holda banklarda buxgalteriya hisobini yuritishning metodologik asoslari quyidagilar hisoblanadi:
xo‘jalik faoliyati haqidagi ma’lumotlarni dastlabki hujjatlarda aks ettirish;
xo‘jalik operatsiyalarini, bank mulkini puldagi ifodasini belgilash;
v) barcha operatsiyalarni ikkiyoqlama yozuv asosida guruhlash, bunda yozuvlarni hisobvaraqlar rejasidagi hisob raqamlari asosida olib borish;
g) hisob-kitob va boshqa operatsiyalar yakunida ma’lum sanaga bank xo‘jalik faoliyatiga tavsif berish, ya’ni bank balansini tuzish.
Banklarda buxgalteriya ishini tashkil etish asoslari korxonalar buxgalteriya hisobiga o‘xshash bo‘lsada, ba’zi bir o‘ziga xos xususiyatlari ham mavjud. Shu sababli banklarda buxgalteriya hisobini tashkil qilishda quyidagi huquqiy va me’yoriy hujjatlar asos qilib olinadi:
Banklarda buxgalteriya hisobini tashkil qilish qoidalari “O‘zbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008 yil 3 maydagi 11/5-sonli qarori bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada batafsil yoritilgan. Ushbu yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2008-yil 11-iyulda 1834-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Banklarda buxgalteriya hisobi oldiga bir qator vazifalar qo‘yilgan bo‘lib, ularni quyida sanab chiqamiz.
Bank buxgalteriya hisobining vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
hisob-kitoblardagi mablag‘lar aylanishini tezlashtirish, mijozlarga tez va puxta xizmat ko‘rsatish;
hisob-kitob, kassa, valuta, kredit hamda boshqa bank operatsiyalarini to‘g‘ri bajarish;
bajarilgan operatsiyalar buxgalteriya hisobi va hisobotida o‘z vaqtida hamda aniq aks ettirilishini ta’minlash;
bankdan chiqadigan hujjatlarni tegishlicha rasmiylashtirish va buning natijasida bu hujjat borgan joyda ulardan foydalanishni yengillashtirish, shuningdek, boshqa banklarda ana shu hujjatlar bilan operatsiyalar bajarilayotganda hamda ular tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan mijozlar hisobvaraqlarining hisobi yuritilayotganda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatolarning, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish;
bankda turgan pul mablag‘lari, moddiy boyliklar, shuningdek, qat’iy hisobi yuritiladigan blankalar kam chiqish yoki ortiqcha sarflab yuborilishining oldini olish;
operatsiyalar bajarilayotganda bank mansabdor shaxslari qonunga zid xatti-harakatlar qilgan, boyliklar va hujjatlar yo‘qotib qo‘yilgan hollarda ular javobgarligini hujjatlar bilan asoslash;
zamonaviy komputer texnikasi vositalaridan keng foydalanish asosida bank operatsiyalarini bajarish uchun mehnat va mablag‘ sarfini kamaytirish, ular hisobini yuritish, hisobotlar tuzish va hokazo.
Banklarda buxgalteriya hisobini tashkil etishda hisob ishlari hajmini aniqlab olish, buxgalteriya xodimlari sonini, ular o‘rtasida hisob ishlari taqsimotini, qo‘llaniladigan hisob shaklini, hisob ishlarida hisoblash texnikalaridan foydalanishini belgilab olish kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, bank faoliyatiga taalluqli qarorlarni to‘g‘ri qabul qilinishi buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisob ma’lumotlarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri tuzilganligiga bog‘liq bo‘ladi. O‘z vaqtida olinmagan yoki noto‘g‘ri yuritilgan buxgalteriya hisob ma’lumotlari noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinishiga, natijada banklarning zarar ko‘rishiga, ba’zi hollarda esa bankrotlik holatiga kelishga ham sabab bo‘lishi mumkin.