1-mavzu: dinshunoslik faniga kirish. Reja: Dinshunoslik fanining predmeti, maqsadi va vazifalari



Yüklə 82,37 Kb.
səhifə1/3
tarix19.12.2023
ölçüsü82,37 Kb.
#186199
  1   2   3
1-mavzu dinshunoslik faniga kirish. Reja Dinshunoslik fanining-fayllar.org


1-mavzu: dinshunoslik faniga kirish. Reja: Dinshunoslik fanining predmeti, maqsadi va vazifalari

1-MAVZU: DINSHUNOSLIK FANIGA KIRISH.

REJA:

1. Dinshunoslik fanining predmeti, maqsadi va vazifalari.

2. Dinshunoslikning ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan aloqadorligi.

3. Dinshunoslik fanini o’rganishning jamiyat barqarorligini mustahkamlash, diniy bag’rikenglikni tarbiyalash, vijdon erkinligini ta’minlashdagi ahamyati.

Tayanch tushunchalar: Dinshunoslik fanining predmeti, maqsadi va vazifalari. Dinshunoslikning ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan aloqadorligi. Dinshunoslik fanini o’rganishning jamiyat barqarorligini mustahkamlash, diniy bag’rikenglikni tarbiyalash, vijdon erkinligini ta’minlashdagi ahamyati. Dinshunoslikda shakllangan mifologik, tarixiy, sotsiologik, antropologik va boshqa maktablar.

1.1. Dinshunoslik fanining predmeti, maqsadi va vazifalari. Din insoniyat ma’naviy hayotining tarkibiy qismidir. O’zbekiston Respublikasida ziyolilar oldiga ma’naviy barkamol insonni shakllantirish vazifasi qo’yilgan bir paytda din masalasini chetlab o’tish mumkin emas. Mazkur masalani hal etishda ilgarigi dinga agressiv hujum etish uslubining salohiyatsizligi hammaga ochiq-oydin. Lekin keyingi paytda paydo bo’lgan diniy bo’lmagan masalalarni diniy deb atash, har qanday, hatto bir-biriga zid bo’lgan, fikrlarni tahlil qilmasdan turib maqtash uslubi ham o’zini oqlamaydi. Demak, ushbu masalaga prinsipial, professional, ilmiy yondashuv darkordir.
O’zbekiston Rossiya imperiyasi va Sovet Ittifoqi tarkibida bo’lgan va jahon hamjamiyatidan ajratilib yashagan bir davrda, G’arbda XIX asrning o’rtalarida vujudga kelgan dinshunoslik fani ancha yo’l bosib o’tib, ko’plab ilmiy natijalarga erishdi. Mustaqillik yillarida O’zbekiston tadqiqotchilari bu yangi soha bilan yaqindan tanishib, mutaxassis-kadrlarni tarbiyalay boshladilar.
Din - e’tiqod hamdir, bu esa har bir kishining shaxsiy ishi. Lekin shaxsni har qanday missioner tashkilotlar ixtiyoriga ham tashlab qo’yib bo’lmaydi. Ozod jamiyatda har bir inson o’z shaxsiy munosabatini belgilab olishi uchun unga har tomonlama, boy, xolis-ilmiy axborot zarur. Bunday axborot ko’p qirrali bo’lmog’i, birovning g’arazli sharhisiz asl matnlar shaklida bo’lsa maqsadga muvofiqdir. Eskirgan ma’lumotlar asosida mutaxassis bo’lmagan mualliflar tomonidan yozilgan asarlar hozirgi zamon axborot erkinligi va uning etib kelishi oson bo’lgan sharoitlarda o’quvchilarning ko’z o’ngida mazkur mualliflarning obro’sizlanishiga yoki o’quvchini noto’g’ri tasavvurga ega bo’lib qolishiga olib keladi.
Din va Qonun o’zaro munosabatlarini yaxshi bilish demokratik jamiyat poydevorini mustahkamlaydi. O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni turli diniy jamoa a’zolarining huquqlari, majburiyatlari haqida to’la ma’lumot beradi. O’quvchilarda qonunga hurmat hissini, o’zininggina emas, boshqalarning ham diniy his-tuyg’ularini hurmat qilish, tushunishga harakat qilish, o’z shaxsiy fikrlarini boshqa kishilarga tazyiq bilan o’tkazish g’ayriqonuniy xatti-harakat ekanligi, jamoat joylarida diniy masalalarda zo’ravonlik, tajovuzkorlikka yo’l qo’ymaslik dunyoqarashini shakllantiradi.
O’zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatiga kirib borayotgan bir sharoitda uning fuqarolari turli konfessiyalar vakillari bilan muloqot etishning yuksak madaniyatiga ega bo’lishi ham juda muhimdir.
Din tabiat, jamiyat, inson va uning ongi, yashashdan maqsadi hamda taqdiri insoniyatning bevosita qurshab olgan atrof-muhitdan tashqarida bo’lgan, uni yaratgan, ayni zamonda insonlarga to’g’ri, haqiqiy, odil hayot yo’lini ko’rsatadigan va o’rgatadigan ilohiy qudratga ishonch va ishonishni ifoda etadigan maslak, qarash, ta’limotdir.
Din muayyan ta’limotlar, his-tuyg’ular, toat-ibodatlar va diniy tashkilotlarning faoliyatlari orqali namoyon bo’ladi. U olam, hayot yaratilishini tasavvur qilishning alohida tariqasi, uni idrok etish usuli, olamda insoniyat paydo bo’lgandan to bizgacha o’tgan davrlarni ilohiy tasavvurda aks etishidir. Din komil insonni tarbiyalashda salmoqli tarbiyalovchi qudratga ega bo’lgan ma’naviy-axloqiy kuchdir.
Din nima ekanligi turlicha izohlansa-da, umumiy nuqtai nazar shuki, din ishonmoq tuyg’usidir. Ishonmoq tuyg’usi insoniyatning eng teran va eng go’zal ruhiy-ma’naviy ehtiyojlaridandir. Dunyoda dini, ishonchi bo’lmagan xalq yo’q. Chunki muayyan xalq dinsiz, e’tiqodsiz, biror-bir narsaga ishonchsiz holda yashay olmaydi.
Dinshunoslikda dinga «dinning o’zi nima?», «uning mohiyati nimadan iborat?» degan savol nuqtai nazaridan yondashishdan tashqari «din qay tarzda faoliyat olib boradi?» degan savol nuqtai nazaridan ham yondashuv mavjud. Bu masala bilan ko’proq din sosiologiyasi shug’ullanadi.
Sosiologik nuqtai nazardan qaralganda din jamiyat uchun zaruriy narsa, ijtimoiy hayotning ajralmas qismidir. U ijtimoiy munosabatlarni yuzaga keltiruvchi va amalga oshiruvchi omil sifatida namoyon bo’ladi. Bu degani dinni jamiyatdagi bajaradigan vazifalariga ko’ra o’rganish mumkin demakdir.
Dinning vazifalari deganda uning alohida shaxsga va jamiyatga ta’sir qilish yo’li va tabiati nazarda tutiladi. Bunda har bir din unga e’tiqod qiluvchi muayyan bir shaxsga u yoki bu jamoaga va umuman jamiyatga nima beradi? Insonlar hayotiga qanday ta’sir ko’rsatadi? Shunga o’xshash masalalar o’rganiladi.
Dinning ijtimoiy vazifalari haqidagi ta’limotni dinshunoslikda funksionalizm rivojlantiradi. Funksi-onalizm jamiyatga ijtimoiy tizim sifatida qaraydi: unda jamiyatdagi har bir element muayyan funksiyani bajaradi. Dinning jamiyatda bajaradigan ijtimoiy, ma’naviy, ruhiy vazifalari quyidagilardan iboratdir:
Birinchidan, har qanday din o’z e’tiqod qiluvchilari uchun to’ldiruvchilik, tasalli beruvchilik - kompensatorlik vazifasini bajaradi. Masalan, insonda doimiy ehtiyoj hosil bo’lishi hodisasini olaylik. Inson o’z hayoti, turmush tarzi, tabiat va jamiyat bilan bo’lgan munosabatlari jarayonida hayotiy maqsadlariga erishishi ilojsiz bo’lib ko’ringanida, unda qandaydir ma’naviy-ruhiy ehtiyojga zaruriyat sezgan. Ana shunday ehtiyoj diniy ehtiyoj edi. Din bu o’rinda ma’naviy-ruhiy ehtiyojni qondiruvchi, tasalli beruvchilik vazifasini bajargan va hali ham bajarmoqda.
Masalan, buddaviylik dini rohiblikni targ’ib qilar ekan, bu dunyoda orzu-havaslardan, rohat-farog’atdan voz kechgan inson nirvana holatiga erishgach, abadiy rohatda bo’lishini ta’kidlaydi.
Shuningdek, xristianlikda har bir xristian Iso Masihning qaytishiga umid qilgan holda hayotning turli muammolarini yengib, sabr-bardosh bilan hayot kechiradilar. Chunki xristianlik Iso Masih qaytib kelgach barcha izdoshlarini saodatli hayotga etkazishi haqidagi ta’limotni ilgari suradi.
Shuningdek, islom dinida ham har bir musulmon bu dunyoda erishmagan moddiy yoki ruhiy orzu-istaqlariga oxiratda erishishga ishongan holda dunyo orzu-havaslariga ortiqcha berilmay, turmush mashaqqatlariga sabr qiladi.
Ikkinchidan, muayyan din o’z ta’limot tizimini vujudga keltirgach, o’ziga e’tiqod qiluvchilar jamoasini shu ta’limot doirasida saqlashga harakat qilgan va hozirda ham shunday. Bu ijtimoiy hodisa dinning birlashtiruvchilik - integratorlik vazifasi deb ataladi. Din hamisha muayyan ijtimoiy, etnik va ma’naviy hayotning o’z ta’sirida bo’lishiga intiladi. Bu ta’sirning muntazamligini ta’minlash maqsadida din xalqlarning ijtimoiy hayotiga, axloqiy munosabatlariga, shuningdek adabiyoti va san’atiga ham ta’sir o’tkazadi.
Masalan, yahudiylikda mazkur din vakillarini bir mafkura atrofida saqlab turish uchun ularni bir millat va yagona maslak egalari ekanliklari, yagona xudo - Yahvening eng sevimli bandalari ekanliklari uqtiriladi.
Xristianlikda ham e’tiqod qiluvchilarni bu dinga yanada ko’proq jalb etish uchun diniy memoriy, tasviriy, musiqa san’ati turlaridan unumli foydalaniladi. Xristianlikda maxsus ikona chizuvchilik maktablari faoliyat olib boradi.
Uchinchidan, har bir din o’z qavmlari turmushini tartibga solib, nazorat qiluvchilik - regulyatorlik vazifasini bajaradi. Dinlar o’z urf-odatlarining, marosim va bayramlarining qavmlari tomonidan o’z vaqtida, qat’iy tartibga amal qilgan holda bajarilishini shart qilib qo’yadi.
Masalan, islomda kuniga 5 mahal namoz o’qilishi, har hafta juma namozini jome masjidlarda ado etilishi, Ramazon oyida bir oy ro’za tutilishi, ro’za (iyd al-fitr) va qurbon (iyd al-adho) hayitlarining nishonlanishi musulmonlarning hayot tarzini tartibga solib turadi.
To’rtinchidan, din aloqa bog’lashlik, birlashtiruvchilik - integratorlik vazifasini ham bajaradi, ya’ni har bir din o’z qavmlarining birligini, jamiyat bilan shaxsning o’zaro aloqadorlikda bo’lishini ta’minlashga intiladi. Bunda u yoki bu dinga e’tiqod qiluvchi kishilarning o’z dinidagi boshqa kishilar bilan aloqador ekanligi, o’zaro huquq va burchlarining borligi, urf-odat va ibodatlarni jamoa bo’lib bajarilishi lozimligi nazarda tutiladi.
Beshinchidan, dinning integratorlik vazifasi bilan legitimlovchilik-qonunlashtiruvchilik vazifasi chambarchas bog’liq. Dinning bu funksiyasining nazariy asosini yirik amerikalik sosiolog T. Parsons ishlab chiqdi. Uning fikricha, «har qanday ijtimoiy tizim muayyan cheklovlarsiz mavjud bo’la olmaydi. Buning uchun u qonun darajasiga ko’tarilgan axloq normalarini ishlab chiqishi kerak. Din bunday normalarni qonunlashtiribgina qolmay, ularga bo’lgan munosabatni ham belgilaydi».
Oltinchidan, din vazifalarining falsafiy, nazariy jihatlari ham mavjud. Bu vazifa insonga yashashdan maqsad, hayot mazmunini, dorulfano va dorulbaqo dunyo masalalariga o’z munosabatini bildirib turishidan iboratdir.
Kishilik jamiyatida din doimo u bilan birga bo’lganmi yoki qandaydir davrda jamiyat dinsiz yashaganmi, degan savolga turli fikrlar bildirilgan. Bu - dinning tarixiyligi masalasi bo’lib, unga ikki xil javob berganlar. Birinchisi, marksistik ta’limotning sobiq tarafdorlari fikricha, «qandaydir muddat insoniyat dinsiz yashagan va jamiyatning muayyan bosqichida - yuqori paleolit davrida, bundan 20-40 ming yil avval din paydo bo’lgan», deyilgan. Ikkinchisi, «dinning kelib chiqishi insoniyatning paydo bo’lishi bilan bevosita bog’liq», degan fikrdir.
Diniy tafakkurning shaxsiy yoki ijtimoiy ildizlari muammosini hal qilish bilan dinning kelib chiqishi muammosini hal qilish mumkin bo’ladi. E.Taylor kabi evolyusion yo’nalishdagi pozitivistlarning chiqargan xulosasiga ko’ra, dinning ildizini «faylasuflik qilgan yovvoyi odam»ga taqaydilar. Ya’ni, «u o’z-o’ziga borliq, o’zini o’rab turgan olamning paydo bo’lishi va o’zi kuzatgan hodisalarning haqiqati haqida savol bergan. Unda fikrlash yuqori darajada bo’lmagan. Shundan so’ng unda ruhlar, xudolar, farishtalar haqida tasavvurlar paydo bo’lgan».
Dinning kelib chiqishi haqida yana bir nazariya mavjud: «Birinchi yolg’onchi birinchi nodonni uchratganda din paydo bo’ldi». Bunda din yomon niyatli kishilarning o’ylab topgan narsasi bo’lib chiqadi. Bu ikkala nazariya ham hech qanday ilmiy asosga ega emas.
Faylasuflik qilgan yovvoyi odam konsepsiyasi bo’yicha «ibtidoiy odam yolg’iz holdagi chuqur fikr yurituvchi bo’lgan. U o’z oldiga ulkan savollarni qo’ygan. Bu savollar uning kundalik hayotida kerak emas edi. Shuni ham unutmaslik kerakki, ibtidoiy odamning fikr yuritishi uning kundalik ishlab chiqarish faoliyati bilan bog’liq bo’lgan. Bu faoliyatning tabiati, shart-sharoitlari birgina odamga tegishli bo’lib qolmay, barchaga barobar, ijtimoiy gruppa, qabila, urug’, xalqqa tegishli edi».
Dinning kelib chiqishi «bir odam boshqalarni aldashi natijasida kelib chiqqan», degan fikr ham tanqidga uchragan. Boshqa fikrga ko’ra, «din - bu jamiyatdagi kishilarning baravariga o’z-o’zini aldashi natijasida kelib chiqqan. Shuning uchun ham din ijtimoiy hodisadir degan xulosaga kelish mumkin», deydilar.
Din insonning ruhiy dunyosi bilan chambarchas bog’liq bo’lib, uning ijtimoiy hayotida doimo u bilan birga bo’ldi. Shuning uchun ham dinni o’rganish - bu insoniyatni o’rganish demakdir. Dinni insoniyatdan, insoniyatni dindan ajratib bo’lmasligini tarixning o’zi isbotladi. «Kommunistik jamiyatda din yo’q bo’lib ketadi» deyilgan fikrning aksicha kommunizm xayoliy narsa­yu, din doimiy ekanligi amalda isbotlandi. Demak, din insoniyat bilan birga dunyoga kelgan. muqaddas tushunchalar borki, ular Vatan va xalqman, ezgulik va insoniylik tamoyillari bilan uzviy bog’liqdir. Agarki har qaysi ijodkor o’z asarlarida ana shu o’lmas g’oyalarni bosh maqsad qilib qo’ysa, ularni badiiy mahorat bilan ifoda eta olsa, hech shubhasiz, adabiyot ham, madaniyat va san’at ham tom ma’noda ma’naviy yuksalishga xizmat qilib, o’zining ijtimoiy vazifasini to’liq ado etishga erishgan bo’ladi.



Yüklə 82,37 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin