Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari kursini predmeti maqsad va vazifalari
So’nggi yillarda dunyoning qator mamlakatlarida, xususan, Yaqin Sharq mamlakatlarida turli noqonuniy qurolli tuzilmalar tomonidan islomiy davlat qurish shiori ostida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilmoqda. Oqibatda, Iroq, Suriya, Liviya kabi aslida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega mamlakatlar chuqur ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy tanazzulni boshidan kechirmoqda. Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlariga ko’ra, turli to’qnashuvlar natijasida arab mamlakatlari iqtisodiyoti 2011-2014 yillar oralig’ida 800 mlrd AQSh dollari miqdorida zarar ko’rgan. Qonli fojealar tufayli ushbu davlatlar yalpi ichki mahsulotining o’sish sur’atlari keskin pasaygan, ishsizlik darajasi deyarli ommaviy tus olgan.
Eng dahshatlisi, hozirgi kunda Iroq va suriya davlatlari hududida qariyb 8,5 million kishi terrorchi guruhlar to’liq nazorat o’rnatgan hududda, har qanday fuqaroviy huquq va erkinliklardan marhum bo’lgan holda kun kechirishga majbur bo’lmoqda. Terrorchilar ushbu mamlakatlarda ommaviy qatl, garovdagilarni qiynab o’ldirish, xotin-qizlarni ayollarni zo’rlash yoki ularni qul qilib sotish kabi jirkanch va qabih ishlarga qul urib, o’zlarini e’tiqodi puch, imonsiz kimsalar ekanliklarini namoyon etmoqda. Yuzlab ziyoratgohlar, shia musulmonlarining masjidlari, xristianlarning cherkov va monastirlari, maktab va kutubxonalar vayron qilindi.
Ma’lumotlarga ko’ra, bugun dunyoda 500 ga yaqin terrorchilik tashkiloti faoliyat ko’rsatmoqda. Ularning 80 foizi islom niqobi ostida faoliyat yuritadi. Ular qatoriga “IShID (Iroq va Shom islom davlati)”, “Jabha an-Nusra”, “Ansaru ash-Sham” (Suriya), “al-Qoida”, “al-Jihod al-Islomiy”, “at-Takfir va-l-Hijra” (Misr), “Abu Sayyaf” (Filippin), “Ozod Achex”, “Lashkari jihod” (Indoneziya), “Qurolli islomiy harakat” (Jazoir), “Boko haram” (Nigeriya), “Islom jihodi uyushmasi”, “O’zbekiston islomiy harakati” Tolbion (Afg’oniston, Pokiston) kabi tashkilotlarni kiritish mumkin.
Siyosiy hokimiyatga intilayotgan, diniy shiorlarni niqob qilib olgan aqidaparast oqimlar Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O’zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga salbiy ta’sir o’tkazishga harakat qilmoqda. So’nggi yillarda “jihodchilar”, soxta “salafiylar” kabi diniy-siyosiy guruhlar, shuningdek, “Xizbut tahrir” diniy-ekstremistik guruhi respublikamizda faol harakat qilishga urinmoqdalar.
So’nggi yillarda mutaassib oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini xorijiy mamlakatlardagi mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, “Internet” orqali targ’ibot o’tkazish, oila a’zolari, yaqinlari va qo’shnilarini o’z guruhiga tortish, yashirin “hujralar” tashkil etish, diniy-ekstremistik mazmundagi materiallarni bosma, elektron ko’rinishda tarqatish kabi usullarda amalga oshirmoqda.
Mutaxassislarning fikricha hozirda 100 mingdan ortiq ekstremizmning turli ko’rinishlarini o’zida tashuvchi g’oyalar targ’iboti bilan shug’ullanuvchi saytlar faoliyat olib bormoqda. Internet orqali suhbat olib borish jarayonida yoshlarga kufr diyori, hijrat, jihod, shahidlik, xalifalikni tiklash kabi g’oyalar singdirlib, ular turli to’qnashuv va nizo o’choqlariga jalb qilinmoqda. Muayyan siyosiy kuchlarning nog’orasiga o’ynayotgan diniy-ekstremistik va terrorchi oqimlar tomonidan u erlarda amaliyotni o’tab kelgan aqidaparast, diydasi qotgan, mustaqil fikrlashdan mahrum, rahnamolarining har qanday buyruqlarini qonun deb biluvchi zombi jangarilardan tinch mintaqalarda ham turli nizolar va beqarorliklarni keltirib chiqarishda foydalanish maqsadi bugun ko’pchilikka ayon haqiqatdir.
Ayniqsa, “jihodchi” guruhlar o’z safiga yangi shaxslarni jalb etishda internet va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda. Turli internet saytlari, “Odnoklasnik”, “Tvitter” kabi ijtimoiy saytlarda tashkil etilgan turli nomlardagi forum va guruhlar, “YouTube” portalidan keng foydalanilmoqda. Mazkur guruhlarning targ’ibotchilari ko’p vaqtini internetda o’tkazuvchi, vaqtincha ishsiz, xorijda pul topish ilinjida yurgan va ijtimoiy holatdan norozi shaxslarni o’z saflariga qo’shish maqsadida ular bilan go’yoki “musulmonlarning azoblanayotgani” suhbatlar olib boradilar.
So’ngra islom olamidagi “muammolar” sanab o’tilib, aybdorlar sifatida dunyoviy davlat va jamiyat ko’rsatiladi. Bundan keyin esa barcha muammolarning “echimi” sifatida “kofirlarga” qarshi “jihod” qilish taklif etiladi. Buning uchun esa avvalambor “hijrat” qilish lozimligi uqtiriladi. Bilimsiz, o’z mustaqil fikri va atrofdagi hodisalarni tahlil etish malakasiga ega bo’lmagan yoshlar bunday da’vatlarga uchib, aqidaparast oqimlarga moyil bo’la boshlaydilar. Qisqa qilib aytganda “ijtimoiy tarmoqlar” “ekstremistik qarmoqlar” vazifasini o’tamoqda.
Aslida esa, yoshlarni o’z safiga chorlayotgan, o’zini “mujohid” deb tanitayotgan kimsalar tinch aholini qatl etmoqda, ayol-qizlarni xo’rlab, nomuslariga tajovuz qilmoqda. Norasida bolalarni o’ldirmoqda. Islomning beshinchi arkoni bo’lgan haj amalini bajarishga borayotganlarni “toshga sig’inuvchilar” deb e’lon qilib, ularga tahdid qilmoqda. Dinimiz qiblasi bo’lgan muqaddas Baytullohni vayron qilishga va’da bermoqda. Uy-joylar, maktab va kutubxonalar, qishlog’u-shaharlarni buzib, mo’ysafid otaxon, mushipar onalar, norasida go’daklarni ko’chalarda sargardon qilmoqda.
Ming taassufki, bizning yurtimizdan ham ayrim yoshlar ota-onasini qon yig’latib Suriya, Iroq kabi fitna o’choqlariga ketib qolmoqdalar. U erlarda diydasi qotgan jallodlarga aylangan bu johillar yurtiga qurol o’qtalib o’z xalqi, ota-onasi va dindoshlariga tahdid bilan dag’dag’a qilishdek tubanlikka yuz tutyaptilar.
Aqidaparastlik jamiyatimizdagi fuqarolarni “haqiqiy” va “soxta” dindorlarga ajratishi bilan ham tahdid solmoqda. Bunday harakatlarning oddiy misollari sifatida go’yoki islomiy libos deb ilgari surilayotgan “hijob” masalasiga haddan tashqari urg’u berish, dunyoviy hayot kechiruvchi fuqarolarni go’yoki “imoni sust” sifatida ko’rishni qayd etish mumkin. Ta’kidlash joizki, bunday fitna chiqarishlar qanday oqibatlarga olib kelishi Afg’oniston, Pokiston va Jazoirda sodir bo’lgan hamda hozirda Iroq va Suriya davlatlarida yuz berayotgan voqealardan bizga ma’lum. Barcha buyumlarni “halol” va “harom”ga ajratishda g’uluvga ketish oqibatida ba’zi qo’shni mamlakatlarimizda hattoki “halol taksi” chiqqanini qanday izohlash mumkin? Vaholanki, islom dini o’rtalik, mo’’tadillikka chaqiradi.