1-mavzu. Falsafa fanining predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli



Yüklə 112,06 Kb.
səhifə11/13
tarix28.11.2023
ölçüsü112,06 Kb.
#167186
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13
1-Falsafa fanining predmeti. Qadimgi dunyo falsafasi.

XVI-XVII asrlar – 1 ilmiy inqilob davri bo‘lib, u klassik fan bosqichi deb nomlanadi va XIX asrgacha davom etadi. U Kopernik va Galiley tadqiqotlaridan boshlanib, Nyuton va Leybnitsning fizika va matematika sohasidagi fundamental asarlari bilan o‘z cho‘qqisiga ko‘tarilgan. Fanning buyuk ijodkorlari Galiley va Nyuton yashagan davr –kashfiyotlar, shuningdek sxolastika va diniy dunyoqarash dogmatizmiga qarshi kurash olib borilgan romantik davrdir. Bu davrda hozirgi vaqt tabiatshunosligining asoslari yaratilgan. Hunarmandlar, tabiblar, alximiklar tomonidan qo‘lga kiritilgan ayrim dalillar tizimli tahlil qilinib, umumlashtirila boshlagan. Ilmiy bilim tuzishning tabiat qonunlarini matematik ta’riflash, nazariyalarni tajribada sinash, tajribada asoslanmagan diniy va naturfalsafiy dogmalarga tanqidiy qarash bilan bog‘liq bo‘lgan yangi me’yorlari va ideallari vujudga kelgan. Fan o‘z metodologiyasini yaratgan va amaliy faoliyat ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni echishga tobora faolroq yo‘naltirilgan. Biroq fan o‘zining yangi metodologiyasini yaratib, amaliyot ruhi bilan sug‘orilgani sari – falsafadan uzoqlasha boshlaydi. Bu davrda fan falsafiy, diniy, teologik aqidalardan qat’iy nazar rivojlanishi mumkin bo‘lgan ilmiy bilimlar tizimi sifatida tushunila boshlaydi. Natijada fan faoliyatning alohida, mustaqil sohasiga aylanadi. Professional olimlar paydo bo‘ladi, ularni tayyorlash amalga oshiriluvchi universitet ta’limi tizimi rivojlanadi. O‘z faoliyati, muloqot va axborot ayirboshlashning alohida shakllari va qoidalariga ega bo‘lgan ilmiy hamjamiyat vujud keladi. XVII asrda dastlabki ilmiy akademiyalar: London qirollik jamiyati (1660), Parij Fanlar akademiyasi (1666) tashkil topadi. Keyinroq Berlinda (1700), Sankt-Peterburgda (1724), Stokgolmda (1739) va Evropaning boshqa poytaxt shaharlarida ilmiy akademiyalar ta’sis etiladi. Bu akademiyalarning eng yirigi - London qirollik jamiyati bo‘lib, u tashkil etilgan paytda 55 a’zodan iborat bo‘lgan. Parij Fanlar akademiyasi 21 kishidan iborat tarkibda ish boshlagan. Sankt-Peterburg akademiyasining a’zolar shtatida dastlab 11 kishi belgilangan. Evropa mamlakatlarida XVIII asr boshiga kelib olimlar soni bir necha ming kishiga etgan bo‘lsa kerak, chunki ilmiy jurnallarning (bu davrda bir necha o‘n ilmiy jurnallar nashr etilgan) tirajlari ming nusxagacha borgan. 1825 yilda nemis kimyogari YU. Libix ilmiy laboratoriya tashkil qiladi va u olimga ko‘p miqdorda daromad keltira boshlaydi.
3. XIX asr oxiri XX asrning 70 yillar fani noklassik fan bosqichi deb ataladi. Bu davrda fanlar vujudga keladi, ularda ulkan dalilik material to‘planadi va tizimga solinadi. Matematika, fizika, kimyo, geologiya, biologiya, psixologiya va boshqa fanlarda fundamental nazariyalar yaratiladi. Texnika fanlari vujudga keladi va moddiy ishlab chiqarishda yanada sezilarliroq rol o‘ynay boshlaydi. Fanning ijtimoiy roli ortadi, uning rivojlanishi o‘sha davr mutafakkirlari tomonidan ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili sifatida e’tirof etiladi. XVIII asrning o‘rtalarida jahonda fan bilan shug‘ullanuvchi kishilar 10 ming kishidan oshmagan bo‘lsa, XIX asr oxiriga kelib olimlar soni 100 ming kishiga etadi. XVI asrda «olim odamlar»ning yarmidan ko‘prog‘i diniy ma’lumot olgan kliriklar edi. XIX asrda fan ijtimoiy mehnatning mustaqil tarmog‘iga aylanadi va u bilan universitetlar va institutlarning maxsus fakultetlarini tamomlagan «dunyoviy» professional olimlar shug‘ullanadi. 1850 yilda jahonda mingga yaqin ilmiy jurnallar nashr etiladi, 1950 yilga kelib esa ularning soni 10 mingdan oshadi. XIX asr oxiriga kelib ilmiy laboratoriyalar soni ko‘payadi. Fan tijoratchilar, tadbirkorlar e’tiborini o‘ziga tobora ko‘proq torta boshlaydi. Ular olimlarning ishlab chiqarish, sanoat ahamiyatiga molik bo‘lgan ishlarini mablag‘ bilan ta’minlay boshlaydilar.
4. XX asrning 70 yillarida fan rivojlanishida yangi postnoklassik bosqich boshlanadi, chunki mazkur asr bo‘sag‘asida fanda inqilob yuz beradi va buning natijasida u oldingi davrning klassik fanidan sezilarli darajada farq qila boshlaydi. XIX-XX asrlar chegarasida amalga oshirilgan inqilobiy kashfiyotlar bir qancha fanlarning asoslarini larzaga soladi. Matematikada to‘plamlar nazariyasi va matematik tafakkurning mantiqiy asoslari tanqidiy tahlil qilinadi, bir qancha yangi fanlar vujudga keladi. Fizikada klassik fizikaning falsafiy asoslarini qayta ko‘rishga majbur qilgan fundamental nazariyalar – nisbiylik nazariyasi va kvant mexanikasi yaratiladi. Biologiyada genetika rivojlanadi. Tibbiyot, psixologiya hamda inson haqidagi boshqa fanlarda yangi fundamental nazariyalar paydo bo‘ladi. Ilmiy bilimning shakl-shamoyilida, fan metodologiyasida, ilmiy faoliyatning shakl va mazmunida, uning me’yorlari va ideallarida olamshumul o‘zgarishlar yuz beradi. XX asrning ikkinchi yarmi fanni yangi inqilobiy o‘zgarishlarga olib keladi. Bu o‘zgarishlar adabiyotlarda ko‘pincha fan-texnika inqilobi sifatida tavsiflanadi. Bu o‘zgarishlar shu bilan bog‘liqki, Ikkinchi jahon urushidan keyin iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda fan yutuqlari ilgari misli ko‘rilmagan miqyosda amaliyotga – sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, kundalik hayotga joriy etiladi. Fan energetikada (atom elektrostansiyalari), transportda (avtomobilsozlik, aviatsiya), elektronikada (televidenie, telefoniya, kompyuterlar) ayniqsa ulkan o‘zgarishlar yasaydi. Fanning rivojlanishi eng yangi harbiy texnikani yaratishning asosiy omiliga aylanadi va «ikki lager»ning urushdan keyingi qarama-qarshiligi sharoitida avj olgan qurollanish poygasi yirik davlatlarni ilmiy-texnikaviy tadqiqotlarga ulkan mablag‘larni sarflashga majbur qiladi. XX asrning so‘nggi o‘n yilliklarida fan texnika taraqqiyoti axborot (kompyuter) inqilobi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu bosqichning o‘ziga xos xususiyati shundaki, axborot jamiyat rivojlanishining muhim resurslaridan biriga aylandi. SHu tariqa fan bilan bog‘liq yuksak texnologiyalar, ular bilan mushtarak ta’lim endilikda har qanday jamiyatning sivilizatsion rivojlanish darajasini belgilamoqda. Ilmiy kashfiyotlar va ularning amalga tatbiq etilishi o‘rtasidagi masofa mumkin qadar qisqaradi. Ilgari fan yutuqlaridan amalda foydalanish usullarini topish uchun 50-100 yil vaqt sarflangan bo‘lsa, endilikda bunga 2-3 yilda yoki hatto bundan ham qisqaroq vaqt ichida muvaffaq bo‘linmoqda.
Davlat ham, xususiy firmalar ham fan rivojlanishining istiqbolli yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga katta xarajatlar qilishi tabiiy bir hol bo‘lib qoldi. Natijada XX asrning oxirida fan jadal sur’atlarda o‘sib, ijtimoiy mehnatning muhim tarmoqlaridan biriga aylandi. «Katta fan» davri boshlandi. Ko‘p sonli ilmiy muassasalar ishiga son-sanoqsiz odamlar ommasi jalb qilindi. Olim kasbi kam uchraydigan kasb bo‘lmay qoldi. Hozirgi vaqtda ilmiy faoliyat o‘zlarini qiziqtirgan muammolarni echishga buning butun xavf-xatarini o‘z bo‘yniga olib qo‘l urgan ayrim mutafakkirlarning mashg‘uloti emas, balki buyurtmaga, rejali topshiriqqa binoan ishlaydigan, uni belgilangan muddatda bajarish va o‘z ishi haqida hisobot berishga majbur bo‘lgan yirik jamoalarning ishi. Hozirda ilmiy mehnat – industrial mehnatning bir turi. Fan bilan shug‘ullanuvchi kishilar hozir «ilmiy xodimlar» deb atalishi bejiz emas.
Hozirgi zamon fani Katta fan deb ataladi. XX asr oxirida er yuzidagi olimlar soni 5 mln. kishidan oshgan bo‘lsa, XXI asrning birinchi o‘n yilligida 6 milliondan oshib ketdi. Fanda 15 ming yo‘nalish va bir necha yuz ming ilmiy jurnallar mavjud. YAngi energiya manbalari va axborot texnologiyalari – hozirgi zamon fanining istiqbolli yo‘nalishlari. Fanning internatsionalizatsiyalashuvi tendensiyalari kuchayib bormoqda, fanning o‘zi fanlararo kompleks tahlil predmetiga aylanmoqda. Uni o‘rganishga nafaqat fanshunoslik, fan falsafasi, balki sotsiologiya, psixologiya va tarix ham kirishmoqda. Bu davrda fanning o‘rni va ahamiyati tinimsiz o‘sib bordi. Natijada uni ichki differensiatsiyalashning yangi shkalasiga ehtiyoj tug‘ildi. Katta fanda ayrim olimlar evristik izlanish faoliyatiga – yangi g‘oyalarni ilgari surishga, ayrim olimlar analitik va eksplikatsion faoliyatga – mavjud g‘oyalarni asoslashga, ba’zim olimlar – ularni tekshirishga, yana bir toifa olimlar esa – olingan ilmiy bilimni amalga tatbiq etishga ko‘proq moyil ekanligi ayon bo‘lib qoldi. Sotsiologlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, fan bilan aholining faqat 6-8% shug‘ullanishga qodir. Ba’zan tadqiqotchilik faoliyati va oliy ta’limni qo‘shib olib borish fanning asosiy va empirik jihatdan aniq belgisi hisoblanadi. Bu fan kasbiy faoliyatga aylanib borayotgan sharoitda juda o‘rinlidir. Ilmiy-tadqiqotchilik faoliyati zarur va barqaror ijtimoiy-madaniy an’ana sifatida e’tirof etiladi. Bu faoliyatsiz jamiyat normal mavjud bo‘lishi va rivojlanishi mumkin emas. Fan har qanday ma’rifatli davlat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan birini tashkil etadi. SHuni alohida qayd etish lozimki, mustaqillikning dastlabki kunlaridayoq O‘zbekistonda fanning barcha sohalari rivojlanishiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi (O‘zFA) mamlakatimizning bosh ilmiy tashkiloti bo‘lib, uning tarkibida 36 ta ilmiy tadqiqot muassasalari, 4 ta davlat muzeyi, 3 ta hududiy bo‘lim: Xorazm Ma’mun akademiyasi, Qoraqolpog‘iston va Samarqand bo‘limi, 4 ta Andijon-Namangan, Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo va Surxondaryo ilmiy bo‘limlari kiradi, bugungi kunda ularning moddiy texnika bazasi yangi texnologiyalar bilan ta’minlandi.

Yüklə 112,06 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin