1-Mavzu Falsafa uning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli. R-fayllar.org
Bog`lanishlarning turlari. Biz narsa va hodisalarning harakati, o`zgarishi va rivojlanishiga ular o`rtasidagi bog`lanish va aloqadorlik, ta`sir va aks ta`sir asos bo`ladi, deymiz. Albatta, olamdagi har qanday bog`lanish ham rivojlanishga sabab bo`lavermaydi. Chunki bu bog`lanishlarning ko`lami, mohiyati, ta`sir kuchi va doirasi turlicha. Bog`lanishlarning ana shu xususiyatlariga qarab, zaruriy va tasodifiy, ichki va tashqi, bevosita va bilvosita, muhim va muhim bo`lmagan va hokazo bog`lanishlarga ajratish mumkin.
Shuningdek, olamda boshqa voqea yoki hodisalardan alohida, ular bilan bog`liq, o`zaro aloqadorlikda va ta`sirda bo`lmagan birorta ham voqea yoki hodisa mavjud emas. Demak, o`zaro bog`lanish va ta`sir natijasida narsa-hodisalarda o`zgarish sodir bo`ladi. Lekin, barcha o`zgarishni har doim ham birdaniga, yaqqol sezish mumkin emas. Chunki olamning namoyon bo`lishi turli darajada bo`lganligi sababli, o`zgarishlar ham turlichadir.
Masalan, yangi tug`ilgan chaqaloqning bir hafta, bir oy, yarim yil mobaynidagi o`zgarishini, ya`ni ulg`ayishini yoki bo`lmasa, tabiatdagi qish faslidan bahor fasliga o`tishdagi o`zgarishlarni oddiy ko`z bilan yaqqol sezish mumkin. Lekin biron jonsiz predmet, masalan, er qa`ridagi ichki jarayonlarni ma`lum davrdan keyin sezish mumkin. Ana shu sababdan ham odamlar zilzilalar, vulqonlar otilishi kabi ofatlar qarshisida lol, gohida esa g`aflatda qolib kelmoqdalar. Ya`ni tashqi faktorlar (inson faoliyati, yorug`lik, issiqlik, namlik, atmosfera bosimi) natijasida ro`y bergan o`zgarishlarni ko`z ko`radi, quloq eshitadi. Xullas, ular oson anglab olinadi, ochiq-oydin namoyon bo`ladi. ulardagi o`zaro bog`liqlikni ham oson ko`rish, ilg`ash mumkin. Ana shunday oson ko`rish va ilg`ash mumkin bo`lgan, ochiq-oydin ro`y beradigan voqea, hodisa, natijaga nisbatan «zohiriylik» tushunchasi, mohiyatini ilg`ash qiyin bo`lgan va murakkab ichki sabablar natijasida kechadigan jarayonlar va o`zgarishlarga nisbatan «botiniylik» tushunchasi qo`llaniladi. O`rta asrlarda, ayniqsa tasavvuf falsafasida bu ikki tushunchaga alohida e`tibor berilgan.
«Harakat» tushunchasi «Borliq falsafasi» mavzuida yoritilganligi sababli, bu erda uning quyidagi qisqa ta`rifi bilan cheklanamiz: harakat deb olamdagi har qanday o`zgarishga aytiladi. Rivojlanish tushunchasi esa quyidan yuqoriga, oddiydan murakkabga tomon ilgarilab boruvchi harakatni ifodalaydi. Lekin bu jarayon goh to`g`ri chiziqli, goh asta-sekin kengayib boradigan spiralsimon shakldagi harakatdan iborat bo`lishi mumkin.
Bunda doimiy bir tomonga, masalan, vaqtning o`tmishdan kelajakka tomon o`tishi ham, lekin makonda voqea va hodisalarning takrorlanishi, zamonda orqaga qaytishlar ham sodir bo`lib turadi. Ba`zida taraqqiyotning ma`lum bir bosqichida oldingi bosib o`tilgan davr takrorlangandek bo`ladi, ammo bu ilgarigidan farq qiladigan, boshqacharoq tarzdagi takrorlanishdir.
Hech qachon bir xil tong otmaydi, deb bejiz aytmaydilar. Holbuki, har kuni tongda o`sha Quyosh chiqadi, o`sha tog`u toshlarni, bog`u biyobonlarni, biz yashayotgan zaminni yoritadi. Odamlar ham, ish va tashvishlar ham hamon o`sha-o`shadek. Kimdir ishga shoshadi, kimdir o`qishga, kimdir yana ilgarigi kundek bekorchilikdan zerikadi... Ammo dunyo o`zgarmadimi bu bir kunning ichida? unda minglab bolalar tug`ilmadimi, son-sanoqsiz jarayonlar ro`y berib, er sayyorasining turli burchaklaridan boshqa joylarga qanchadan-qancha axborotlar tarqatilmadimi? Ona zamin o`z o`qi va Quyosh atrofida aylanishini davom ettirmadimi? Bularning barchasi bir kunu-tunda ro`y bergan botiniy va zohiriy o`zgarishlarning namoyon bo`lishidir.