«Mohiyat va hodisa» kategoriyasini olib ko`raylik. Mohiyat-o`zida alohidalik, maxsuslik, umumiylikning mazmunini, sababini, zaruriyatini, imkoniyatini, butun, qism, sistema, struktura, element tarzida namoyon qiladi. Hodisa esa, ularning bog`lanishi, aloqadorlik va munosabatlarining namoyon bo`lishidir. Mohiyatni alohidalik, maxsuslik, umumiylik, butun, qismga mos kelishiga qarab, turkumlashtirib o`rganish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, sub`ekt nazarida ahamiyatiga va funktsiyasiga ko`ra, asosiy va asosiy bo`lmagan, nisbatan barqaror yoki o`zgaruvchan mohiyatlarga ajratib, ularning rivojlanishi jarayonida o`rnini almashtirib turishlarini e`tiborga olish zarur.
Narsa va hodisalarning mohiyatini bilish ularning inson ehtiyojlarini qondirish vazifasi va maqsadlarini konkretlashtirishdan iborat. Masalan, jamiyat ustqurmasining siyosiy elementi bo`lgan davlatning maqsadi va vazifasi, ularni amalga oshirish usul hamda vositalari mamlakat hududida yashayotgan kishilarning muayyan hayot sharoitlarini ta`minlashdan iborat bo`lib, uning mohiyatini tashkil qiladi. Shunga ko`ra, har qanday mohiyatni odamlarning manfaatlari va ehtiyojlariga, tsivilizatsiya kelajagiga bog`lab tahlil qilgandagina, u ahamiyatga ega bo`ladi.
Narsa va hodisalarni bilish hamda o`zgartirishga inson muayyan ehtiyojlar asosida yondoshadi. Bu yondoshish sub`ektiv harakterga ega bo`lib, uning konkret ehtiyojlari va manfaatlari nuqtai nazaridan baholanadi. Masalan, chanqagan kishi uchun suv uning chanqog`ini qondirish, fizik uchun-agregat holati, elektr tokini o`tkazishi yoki optik xususiyatlari, ximik uchun, uning N2O kimyoviy birikma sifati, tegirmonchi uchun-tegirmon parragini aylantirish xususiyatlari asosiy mohiyat hisoblanadi.
Narsa va hodisalar doimiy rivojlanib turishi jarayonida, ularning mohiyati ham, shunga mos tarzda hodisa ham o`zgarib turadi. Mohiyatdagi har qanday juz`iy o`zgarish ham, uning muqarrar o`zgargan hodisasida ifodalanadi. Masalan, suvning elektr tokini o`tkazish xususiyati, uning temperaturasiga bog`liqligi aniqlangan. Agar biz suvning temperaturasini ma`lum darajada ko`tarsak, uning elektr tokini o`tkazish xususiyatini o`lchaydigan asboblar bu o`zgarishlarni qayd qilmasligi mumkin. Lekin, bundan suvning mohiyatini ifodalaydigan elektr tokini o`tkazuvchanlik xususiyati yo`qolgan, degan xulosa kelib chiqmaydi.
Narsa va hodisalarning mohiyat va hodisa tarzida bog`lanishlari makon va zamondagi muayyan konkretligi bilan ajralib turadi. Mohiyat va hodisa o`z xususiyatlariga ko`ra sistema, struktura va elementlarda o`ziga xos tarzda namoyon bo`ladi. Shuning uchun har qanday hodisani va mohiyatni tahlil qilishda aniq tamoyillarga asoslanish lozim.
Dostları ilə paylaş: |