Ma’ruza materiallari 1-mavzu Falsafa fanining predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli Reja



Yüklə 130,04 Kb.
səhifə1/17
tarix02.01.2022
ölçüsü130,04 Kb.
#35811
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17
Ma’ruza materiallari 1-mavzu Falsafa fanining predmeti, mazmuni (1)


MA’RUZA MATERIALLARI

1-mavzu

Falsafa fanining predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli

Reja

1. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi

2. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G’arb falsafasi

3. Borliq – falsafaning fundamental kategoriyasi.

4. Olamning universal aloqalari va rivojlanish. Falsafaning qonun va

kategoriyalari
Tayanch so`zlar

Falsafa, faylasuf, falsafiy muammolar, falsafaning milliyligi, falsafaning umuminsoniyligi, falsafiy nazariyalar, falsafiy fanlar, falsafaning asosiy vazifalari. Asotir tafakkur, Qadimgi Misr, Bobil, Tavrot, Uyg’onish davri, Sharq renessansi, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, tasavvuf falsafasi, temuriylar davri, gumanizm, Alisher Navoiy, Jomiy, jadidchilik. Qadimgi Yunon, Qadimgi Rim, Suqrot, Milet maktabi, Eley falsafasi, Demokrit, Aflotun, Arastu, g’oyalar va soyalar dunyosi, sxolastika, patristika, dualism, realism, Avgustin Avreliy, foma Akvinskiy, uyg’onish davri, Renesans, Gegel, Bekon, Dekard, Yum, Borliq, yo`qlik, mavjudlik, reallik, materiya, harakat, rivojlanish, fazo, vaqt, Bog’lanish, aloqadorlik, takrorlanish, qonun, qonuniyat, ayniyat, tafovut, qarama-qarshilik, ziddiyat, miqdor, sifat, inkor, inkorni inkor, vorislik, yangilanish, Kategoriyalar, alohidalik, umumiylik, sabab va oqibat, mazmun va shakl, sistema va element, butun va bo`lak, mohiyat va hodisa, zaruriyat va tasodif, imkoniyat va voqelik.
Bashariyat milodiy XX asr bilan xayrlashib, uchinchi ming yillikka qadam qo`ymoqda. Insoniyat bugungi kunga kelib, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida ulkan yutuqlarga erishdi. Fan va texnika, madaniyat va maorif beqiyos rivojlandi. Odamzod o`zining aql-zakovati va mehnati bilan juda ko`p yangiliklar yaratdi. Dunyoning ko`plab sir-asrori kashf etildi, buyuk ixtirolar qilindi.

Ma’naviy boyliklar orasida falsafa ilmida to`plangan hikmatlar xazinasi eng muhim o`rin tutadi. Har bir davrning buyuk donishmandlari bo`ladi. Ular o`z yurti va xalqining tafakkuri, ruhiyati hamda orzu-intilishlarini falsafiy ta’limotlarida, muayyan darajada, ifoda etganlar, jamiyat farovonligi va millat ravnaqi uchun xizmat qiladigan yuksak g’oyalarni o`rtaga tashlaganlar. Xalqni buyuk maqsadlar sari etaklovchi bayroq sifatida namoyon bo`ladigan bu g’oyalarning muayyan davr mafkurasiga aylanishida falsafiy bilimlar katta ahamiyat kasb etadi.

Avvalo, falsafa o`zi nima, degan masalaga to`xtalib o`taylik. U insoniyat tarixidagi eng qadimiy ilmlardandir. Falsafiy mulohaza yuritish, fikrlash inson tabiatiga xos, demak, uning o`zi kabi qadimiydir. U olam va uning yashashi, rivojlanishi va taraqqiyoti, hayot va inson, umrning mohiyati, borliq va yo`qlik kabi ko`plab muammolar haqida bahs yuritadigan fandir.

Falsafa asoslari bayon qilingan aksariyat darsliklarda ushbu atama qadimgi yunon tilidagi «filosofiya» so`zidan olingani va u «donishmandlikni sevish» («filo» — sevaman, «sofiya» — donolik) degan ma’noni anglatishi ta’kidlanadi. Bu — ushbu so`zning, atamaning lug’aviy ma’nosi bo`lib hisoblanadi. Asrlar davomida filosofiya so`zining ma’no-mazmuniga xilma-xil qarashlar, uning jamiyat, inson va fanlar tizimidagi o`rniga nisbatan turlicha munosabat va yondashuvlar bo`lgan, bu atamaning mohiyat-mazmuni ham o`zgarib borgan.

«Filosofiya» atamasi va u ifoda etadigan bilimlar majmui Qadimgi Yunoniston va Rimda eramizdan avvalgi VII-III asrlarda yuz bergan buyuk yuksalish natijasi sifatida yuzaga kelgan edi. O`sha davrda endigina shakllanib kelayotgan nazariy fikrning ifodasi falsafiy tafakkur olamni yaxlit va bir butun holda tushunish mujassamiga aylangan edi.

Qadimgi Yunonistonda «Filosofiya» atamasini dastlab, matematika fani orqali barchamizga yaxshi ma’lum bo`lgan, buyuk alloma Pifagor ishlatgan. Evropa madaniyatiga esa, u buyuk yunon faylasufi Aflotun asarlari orqali kirib kelgan. Shu tariqa, u avvalo, qadimgi Yunonistonda alohida bilim sohasiga, to`g’rirog’i, «fanlarning otasi», ya’ni asosiy fanga aylangan.

Qadimgi dunyoda fanlarning barchasini, ular qanday ilmiy masalalar bilan shug’ullanishidan qat’i nazar, filosofiya deb ataganlar. U ham ijtimoiy borliq, ham tabiat to`g’risidagi ilm hisoblanar edi. Shu ma’noda, dastlabki filosofiya olam va unda insonning tutgan o`rni haqidagi qarashlar tizimi bo`lib, dunyoni ilmiy bilish zaruratidan vujudga kelgan edi. Bundan tashqari, qadimgi Yunonistonda yuz bergan buyuk uyg’onish davri o`ziga xos falsafiy mafkurani ham yaratganligi shubhasiz. Uning eng asosiy qadriyati erkinlik tushunchasi ekanini, ana shu erkin hayot to`g’risidagi qarashlar buyuk madaniy yuksalishga asos bo`lganini aksariyat olimlar alohida ta’kidlaydi.

Sharqda «Ikkinchi Arastu», «Ikkinchi muallim» deya e’tirof etilgan buyuk mutafakkir Abu Nasr Farobiy filosofiya so`zini «Hikmatni qadrlash» deb talqin etgan. Falsafa Sharq xalqlari ijtimoiy tafakkurida «donishmandlikni sevish» degan mazmun bilan birga, olam sirlarini bilish, hayot va insonni qadrlash, umr mazmuni haqidagi qarash va hikmatlarni e’zozlash ma’nosida ishlatilgan.

Hayot qonuniyatlarini yaxshi biladigan, umrning o`tkinchi ekani, abadiyat insonga emas, olamga xosligini yaxshi anglab etgan, o`zi va o`zgalar qadrini to`g’ri tushunadigan kishi hech qachon «Men — donishmandman» deya ochiq e’tirof etmaydi. Ayniqsa, Sharq xalqlari hayotida bu hol yaqqol ko`zga tashlanadi. Ammo, Farobiy ta’kidlaganidek, hikmatni qadrlash, olam va odam hamda hayotning qadriga etish — boshqa gap. Shu ma’noda, bizda qadim zamonlarda faylasuf deganda, ko`pdan-ko`p ilm sohalarini egallagan, ustoz va muallim sifatida shuhrat qozongan alloma va mutafakkir kishilar tushunilgan.

XIX asr nemis qadriyatshunosi I. Rikkert ham shunga o`xshash fikrni quyidagicha bayon qilgan: «Odamzod olam va odam hamda hayotning qadrini anglab, ular omonat bir narsa ekanini tushuna boshlagan davrlardan falsafiy fikrlashga kirishgan. Binobarin, birinchi faylasuf, kim bo`lganidan qat’i nazar, hayotni qadrlaydigan kishi bo`lgani shubhasiz».

Falsafa, avvalo, muayyan ilmiy bilimlar tizimidir. U, bir tomondan, insonning voqelikni aql vositasida idrok etishi, ikkinchi tomondan, ongning afsona va rivoyatlar asosidagi shakllardan uzil-kesil ajralish jarayoni natijasidir. Bu ikki jihat bir-biri bilan uzviy bog’liq. Chunki behuda xayolparastlik, havoyi va afsonaviy fikrlash tarzidan xalos bo`lish ilmiy bilimlarni egallash orqali ro`y beradi. Eng muhimi, falsafa kundalik turmushda uchrab turadigan eskilik asoratlari, bid’at va cheklanishlarga muxolif bo`lgan hurfikrlikdir. Falsafa aynan ana shunday yangi dunyoqarashning shakllanishi uchun asos bo`ldi.

«Falsafa» atamasi «filosofiya»ning Sharq ijtimoiy tafakkuridagi shaklidir. Odatda u tushuncha sifatida tor va keng ma’nolarda qo`llanadi. Xususan, keng ma’noda uni antik — qadimiy falsafada «donishmandlikni sevish» deb tushunilganini aytib o`tdik. Ayrim faylasuflar va falsafiy oqimlar, chunonchi, ingliz faylasufi T. Gobbs (1588—1679) uni «to`g’ri fikrlash orqali bilishga erishish», nemis faylasufi Hegel «umuman predmetlarga fikriy yondashish», Lyudvig Feyerbax «bor narsani bilish», pragmatizm ta’limoti namoyandalari esa, «foydali narsalarni bilish jarayoni» deya talqin etgan.

«Falsafa» tushunchasi tor ma’noda madaniyat, san’at, aqliy yoki hissiy bilish usuli, vositasi tarzida ta’riflanadi. Falsafaga bo`lgan munosabatning xilma-xilligiga asoslangan holda, unga yaxlit, umumlashgan ta’riflar ham berilgan. Falsafaga ijtimoiy ong shakli bo`lgan madaniyat, san’at, qadriyat nuqtai nazaridan qaraydigan bo`lsak, uning milliyligini aks ettirish imkoniyati tug’iladi. Ammo ontologiya, gnoseologiya, naturfilosofiya, antropologiya kabi fan sohalari nuqtai nazaridan qaralsa, ushbu ta’rifda umuminsoniylik va universallik falsafaning asosiy xususiyati ekanini ta’kidlash lozim bo`ladi.

Haqiqiy falsafa tafakkur mahsuli bo`lgan narsalarni oliy darajadagi haqiqat sifatida mutlaqlashtirmaydi. Bu borada Suqrotning «Men hech narsani bilmasligimni bilaman» degan e’tirofi haqiqat mezonidir. Holbuki, Suqrot qadimgi Yunonistonning eng bilimli faylasufi bo`lgan. U bilimdon, bahs-munozara chog’ida har qanday suhbatdoshni ham mot qilib qo`ya olgani haqida tarixda misollar ko`p. Falsafiy bilimlar rivoji uzluksiz jarayon bo`lib, u insoniyatning tafakkur bobida ilgari erishgan yutuqlarni tanqidiy baholashni taqozo etadi. Biroq bu — ularni tamoman rad etish, ko`r-ko`rona tanqid qilish lozim degani emas, balki ularga xos barcha xato va kamchiliklarni anglab, yaxshi va ijobiy jihatlaridan foydalanish demakdir. Ana shunday tanqidiy yondashuv va vorislik falsafaning muhim xususiyatlaridan biridir.

Bu fanning oldiga qo`yilgan vazifalarga va uning hayotdagi o`rniga qarab, ijtimoiy taraqqiyotning turli davrlarida unga bo`lgan munosabat ham o`zgarib borgan. Bu munosabatlar dastlabki fanlar paydo bo`lib va ularning ba’zilari falsafadan ajralib, alohida mustaqil fan sohasiga aylana boshlagan davrlardayoq shakllana boshlagan.

Falsafaning ijtimoiy ong tizimida tutgan o`rni, jamiyat va shaxs hayotidagi ahamiyati nimadan iborat, degan masala hamma davrlarda ham dolzarb bo`lgan. Ayniqsa, tarixiy taraqqiyotning tub burilish davrlarida falsafaning asl mohiyatini bilish, uning usul va g’oyalari kuchidan foydalanish muhim ahamiyat kasb etgan.

Falsafa, sirasini aytganda, ijtimoiy tafakkur rivoji yutug’i va insoniyat ma’naviy taraqqiyoti mahsulidir. U kishilarning olamni bilish, o`zlashtirish, farovon hayot kechirish va o`z insoniy salohiyatlarini namoyon etish ehtiyojlari bilan uzviy bog’liqdir. Falsafiy ta’limotlar hamma davrlarda ham insoniyatning ilg’or tajribalarini o`zida mujassamlashtirgan va insoniyat madaniyatini yanada yuksakroq bosqichga ko`tarishga xizmat qilgan.

Har bir falsafiy g’oya, mafkura, bilimlar tizimi asosan o`z davri xususiyatlarini aks ettirgan. Ular zamon ruhi va ma’naviyatini o`zida mujassamlashtirgan, davr muammolarini hal etishda qo`l kelgan. Shuning uchun Aflotun, Forobiy va Beruniy, Navoiy va Xegelning asar va ta’limotlarida ular yashab o`tgan davr g’oyalari aks etgan.

Kishilik jamiyati hech qachon bir tekis va silliq rivojlanmagan. Taraqqiyot ortidan inqirozlar, yutuqlar ketidan mag’lubiyatlar, farovonliklar izidan zavolga yuz tutishlar ta’qib etgan. Muayyan jamiyat iqtisodiy-siyosiy, axloqiy-diniy, badiiy-estetik taraqqiyot borasida inqirozga duch kelar ekan, undan chiqib ketish uchun ilg’or falsafiy ta’limotlarga ehtiyoj sezadi.

Shuning uchun ham buyuk falsafiy ta’limotlarni, bir tomondan, madaniy-intellektual rivojlanish samarasi, ikkinchi tomondan, tub ijtimoiy o`zgarishlar taqozosi deyish mumkin. Muayyan tarixiy burilish davrida «Falsafa nima o`zi?» degan masala dolzarb ahamiyat kasb etishi ham shundan. Ana shunday davrlarda kishilar falsafaning mohiyati, uning maqsad va vazifalarini yangicha idrok etganlar.

Taraqqiyot jarayonida falsafadan tabiatshunoslik fanlari bilan birga psixologiya, etika, estetika kabi ijtimoiy fanlar ham ajralib chiqdi. Keyinchalik madaniyat, qadriyatlar va huquq kabi sohalarni o`rganadigan alohida yo`nalishlar ham paydo bo`ldi. Ular olamni o`z predmeti doirasida yaxlit bilish, uning xususiy qonuniyatlarini o`rganishga yordam beradi.

Falsafiy yo`nalishlar, tadqiqot olib boradigan sohasiga ko`ra, o`ziga xos bo`lib, asosiylari quyidagilardir:

Ontologiya — olam, inson va jamiyatning ob’ektiv-universal mohiyati to`g’risidagi falsafiy ta’limotdir. Boshqacha aytganda, u borliq to`g’risidagi, insonning olamga bo`lgan munosabati haqidagii falsafiy bilim sohasidir.

Gnoseologiya — bilish falsafasi bo`lib, olamni anglash, bilish nazariyasi, bilishning shakli, usullari va imkoniyatlari to`g’risidagi ta’limotdir.

Aksiologiya — qadriyatshunoslik yoki qadriyatlar to`g’risidagi falsafiy ta’limot.

Praksiologiya — insonning predmetli-o`zgartiruvchan, amaliy faoliyati to`g’risidagi falsafiy ta’limot.

Metodologiya — bilish va o`zgaruvchan faoliyat usullari to`g’risidagi ta’limot.

Logika — tafakkur shakllari (tushuncha, hukm, xulosa) va tafakkur vositalarini (ta’rif, qoida, muhokama, tafakkur qonuniyatlari), ularning mazmunidan qat’i nazar, xolis o`rganuvchi ta’limot.

Etika — axloq falsafasi, insoniyatning axloqiy tamoyillari, talab va tartib-qoidalari to`g’risidagi fan.

Estetika — nafosat falsafasi, jamiyat va inson hayotida go`zallikning o`rni, qonun-qoidalari to`g’risidagi qarashlar majmui.

Bundan tashqari, inson falsafasi (antropologiya), ijtimoiy falsafa, tabiat falsafasi, madaniyat falsafasi (kulturologiya), san’at falsafasi, mafkura falsafasi (ideologiya), din falsafasi (teologiya), siyosat falsafasi (politologiya), huquq falsafasi, texnika falsafasi kabi sohalar ham mavjudki, ular bir so`z bilan ijtimoiy-falsafiy fanlar tizimi deyiladi.

Ikkinchi xil klassifikatsiya falsafiy fanlar tasnifida olam va odam, borliqning asosi bilan bog’liq masalalar qanday usulda hal qilinishiga qarab belgilanadi. Bunday tasniflash natijasida monizm, dualizm, plyuralizm, materializm, idealizi, teizm, ateizm kabi ko`plab yo`nalishlar ko`zga tashlanadi. Falsafani o`rganish jarayonida bu tushunchalarga hali ko`p duch kelamiz va o`rni kelganda ularga zarur izoh va ta’rif berishga harakat qilamiz.

Falsafaning vazifalari (funktsiyalari). Bu fanning ijtimoiy fanlar tizimidagi o`rni va ahamiyati uning dunyoqarashni shakllantirish, uslubiy, gnoseologik, evristik, pedagogik-didaktik, prakseologik vazifalari (funktsiyalari) bilan belgilanadi.

Bundan avvalgi ma’ruzamizda falsafiy dunyoqarashning genezisi, vazifasi va ahamiyati haqida ancha batafsil to`xtalib o`tgan edik. Ushbu ma’ruzada esa, unga qo`shimcha qilib, falsafa fan sifatida dunyoqarashni shakllantirish borasida qanday vazifani bajaradi, degan savolga javob topishga harakat qilamiz.

Falsafa fanining dunyoqarashni shakllantirish borasidagi vazifasi:

- birinchidan, inson qarashlarining shakllanish imkoniyatlari, usul va vositalarini, ularning kundalik ong darajasidan nazariy g’oyalar darajasiga ko`tarilish jarayonini, mifologik dunyoqarashdan farqlarini;

- ikkinchidan, milliy dunyoqarashni shakllantirishdagi turli fan yo`nalishlarining muayyan vazifalarini, ularning bir-biri bilan g’oyaviy hamkorlik qilish va uyg’unlashuv tamoyilini;

- uchinchidan, ilmiy dunyoqarashning milliy va umuminsoniy manfaatlarga mos kelishini aniqlashda namoyon bo`ladi.

Falsafa fanining uslubiy vazifasini izohlash uchun avvalo uslub (metodologiya) tushunchasini bilib olish lozim. Metodologiya — falsafa fanining tadqiqot ob’ektini o`rganishga yo`naltirilgan eng umumiy tamoyillar, usul va vositalar tizimidir. Metodologiya so`zining mantiqiy mazmuni ham borliqni bilishning usul va vositalari haqidagi ta’limot, degan ma’noni anglatadi. Shu ma’noda falsafa boshqa fanlar uchun metodologiyadir.

Falsafaning gnoseologik vazifasi, uning borliqni bilish uchun umumiy metodlar tizimini yaratishi bilan bog’liq. Bunda bilimlarning haqiqiyligi masalasi asosiy o`rin tutadi. Falsafaning gnoseologik funktsiyasi, ong va dunyoni bilish masalasiga bag’ishlangan ma’ruzalarimizda ancha batafsil ma’lumotlar berish ko`zda tutilgan.

Falsafaning evristik funktsiyasi («evrika» grekcha so`z bo`lib, kashf etish, degan ma’noni anglatadi) gnoseologik vazifasi bilan bog’liq bo`lib, tabiat, jamiyat va inson tafakkuri rivojlanishining umumiy yangi qonuniyatlarini kashf etishni xarakterlaydi. Shu bilan birgalikda bu funktsiyaga o`zini o`zi anglashni, milliy o`zlikni anglashni ham kiritish maqsadga muvofiq. Zero, inson va millatning o`zligini anglashi o`z tarixining haqqoniy qirralarini va kelajak istiqbollarini kashf etish bilan belgilanadi.

Falsafa tarbiyaviy vazifani bajaradi. Insonning ma’naviy barkamollikka etishishida falsafaning o`rni va ahamiyati kattadir. Xususan, «Axloq falsafasi» kishida yuksak axloqiy me’yorlar — vatanparvarlik, mehnatsevarlik, g’oyaviylik, e’tiqod, ijtimoiy-siyosiy faollik va mas’uliyatni his etish tuyg’ularini tarbiyalaydi. «Huquq falsafasi» huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni, ijtimoiy nazoratning boshqa xuquqiy usul va vositalarini nazariy-amaliy jihatlardan ishlab chiqadi. «Tabiatshunoslik falsafasi» ta’lim-tarbiya sohasida o`ziga xos ahamiyatga ega. Insonning tabiatni bilish borasidagi intilishlari mohiyatini yoritadi, tabiatga nisbatan oqilona munosabatni shakllantirib, uni muhofaza qilishning nazariy asoslarini belgilab beradi.

Falsafaning praksiologik funksiyasi falsafiy g’oya va nazariyaning ijtimoiy hayotga amaliy tatbiq etilishi bilan izohlanadi.

Har qanday amaliy faoliyat mustahkam ilmiy nazariyaga asoslanmasa, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, falsafaning bu funktsiyasi nazariyaning amaliyotga joriy etish uslub va vositalarini aniqlashni ham o`z ichiga oladi.

Yuqorida ko`rsatilgan funktsiyalarning o`zaro ichki bog’liqligi falsafaning mushtarak umumnazariy va uslubiy ahamiyatini belgilab beradi. Ularning o`ziga xos xususiyatlari hamda ahamiyatini har tomonlama o`rganish inson va jamiyatning ma’naviy kamolotiga nihoyatda katta ta’sir ko`rsatadi. Bu esa o`z navbatida, falsafiy bilimlar tizimini takomillashtirish yo`llarini topish imkonini beradi. Masalaning bu tarzda hal etilishi umuminsoniy tsivilizatsiya tamoyillariga ham mos keladi.


Yüklə 130,04 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin