1. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: Sharq falsafasi
Sharq qadimiy madaniyat o`chog‘i va jahon sivilizatsiyasining beshigi deya bejiz ta’riflanmagan. Farb madaniyati tarixini o`rganish jarayonida Ovrupotsentrizm nazariyasiga og‘ib ketish g‘ayriilmiy bo`lgani kabi, masalaning Sharq bilan bog‘liq jihatini tahlil etganda ham Osiyosentrizm g‘oyalari ta’siriga tushmaslik lozim.
Shu bilan birga, Sharqning o`ziga xosligi, unga mansub bo`lgan madaniy taraqqiyot jahon sivilizatsiyasining beshigi, dunyo xalqlari rivojiga qo`shilgan munosib hissa ekani ham sir emas. Bu hol jahonning barcha xolis mutaxassis olimlari tomonidan e’tirof etiladi. Qolaversa, Vatanimiz sivilizatsiyasining Sharq sivilizatsiyasi quchog‘ida voyaga yetgani va uning qadriyatlarini o`zida aks ettirganini, unga va butun dunyo madaniyatiga ulkan ta’sir ko`rsatganini doimo esda tutish darkor.
Sharq madaniyati taraqqiyotining ilk davrlari deganda, ko`pgina mutaxassislar bizning Vatanimiz o`tmishini, Misr, Bobil va insoniyat tarixining eng qadimgi sivilizatsiyalaridan biri bo`lgan Shumer davrlarini esga oladi. Bularning har biri insoniyat tarixida jamiyat hayoti, qadriyatlar tizimining o`ziga xosligi, boshqarish va iqtisodiy jarayonlarning muayyan tarzda namoyon bo`lishi bilan tavsiflanadi. Ushbu madaniyat o`choqlari haqida maktab ta’limi jarayonida «Eng qadimgi tarix» darsliklari orqali ma’lumot berilgan. Zukko talabalar o`sha davrlarda qanday siyosiy jarayonlar kechgani, qanday podsholik va imperiyalar bo`lganini yaxshi biladi. Biz bugun o`sha davrlardagi falsafiy dunyoqarash, qadimgi ajdodlarimizning fikr-mulohazalari, o`ziga xos ta’limotlarining asosiy tamoyillari bilan yaqinroq tanishmoqchimiz. Ko`hna Sharq sivilizatsiyasining beshiklaridan biri bo`lgan Misr, qadimgi zamonda ilk o`troq hayot va o`ziga xos dehqonchilik an’analari boshlangan Nil daryosi bo`ylaridagi madaniyat dunyo olimlari diqqatini tortib keladi.
Dostları ilə paylaş: |