1-Mavzu: Falsafa: uning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli. Reja


Axloqshunosliknig tadqiqot doirasi, maqsadi va vazifalari. Axloqning kelib chikishi va uning tuzilmasi. Kadimgi dunyo va o`rta asrlarda axloqiy qarashlar



Yüklə 145,15 Kb.
səhifə46/57
tarix02.01.2022
ölçüsü145,15 Kb.
#36764
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   57
Лекция текст узб СБ ушын (2)

Axloqshunosliknig tadqiqot doirasi, maqsadi va vazifalari. Axloqning kelib chikishi va uning tuzilmasi. Kadimgi dunyo va o`rta asrlarda axloqiy qarashlar.


Reja:

1. Axloqshunoslik fanining tadqiqot doirasi, maqsadi va boshqa fanlar bilan aloqasi.



2. Axloqning kelib chikishi va uning tuzilmasi. Qadimgi Sharq va Markaziy Osiyoda axloqiy tafakko`rning rivojlanishi.

3. 


1. Axloqshunoslik bir necha ming yillik tarixga ega bo`lgan qadimiy fan. U bizda «Ilmi ravish»,»Ilmi axloq»,»Axloq ilmi»,»Odobnoma» singari nomlar bilan atab kelingan. Ovro`poda esa «Etika» nomi bilan mashhur, biz ham yaqin-yaqingacha shu atamani qo`llar edik. Uni birinchi bo`lib yunon faylasufi Arastu muomalaga kiritgan. Arastu fanlarni tasnif qilarkan, ularni uch guruhga bo`ladi: nazariy, amaliy va ijodiy. Birinchi guruhga u falsafa, matematika va fizikani; ikkinchi guruhga – etika va siyosatni; uchinchi guruhga esa – san`at, hunurmandchilik va amaliy fanlarni kiritadi. Shunday qilib, qadimgi yunonlar axloq haqidagi ta`limotni fan darajasiga ko`targanlar va «Etika» (ta ethika) deb ataganlar.

Hozirgi kunda bu fanni ilmiy va zamonaviy talablar nuqtai nazaridan «Axloqshunoslik» deb atashni maqsadga muvofiq deb o`ylaymiz.

Axloqshunoslik axloqning kelib chiqishi va mohiyatini, kishining jamiyatdagi axloqiy munosabatlarini o`rganadi. «Axloq» so`zi arabchadan olingan bo`lib, «hulq» so`zining ko`plik shaklidir. «Axloq» iborasi ikki xil ma`noga ega: umumiy tushuncha sifatida fanning tadqiqot ob`ektini anglatsa, muayyan tushuncha sifatida inson fe`l-atvori va xatti-harakatining eng qamrovli qismini bildiradi. Axloqni umumiy tushuncha sifatida olib, uni doira shaklida aks ettiradigan bo`lsak, doiraning eng kichik qismini odob, undan kattaroq qismini xulq, eng qamrovli qismini axloq egallaydi.

Odob – inson haqida yoqimli taassurot uyg`otadigan, lekin jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida u qadar muhim ahamiyatga ega bo`lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli xatti-harakatlarni o`z ichiga oladi.

Xulq – oila, jamoa, mahalla-ko`y miqyosida ahamiyatli bo`lgan, ammo jamiyat va insoniyat hayotiga sezilarli ta`sir ko`rsatmaydigan yoqimli insoniy xatti-harakatlarning majmui.

Axloq esa – jamiyat, zamon, insoniyat tarixi uchun namuna bo`la oladigan ijobiy xatti-harakatlar yig`indisidir.

Bu fikrlarimizni misollar orqali tushuntirishga harakat qilamiz. Deylik, metroda yoshgina yigit, talaba hamma qatori o`tiribdi. Navbatdagi bekatdan bir keksa kishi chiqib, uning ro`parasida tik turib qoldi. Agar talaba darhol: «O`tiring, otaxon!» deb joy bo`shatsa, u chiroyli a`mol qilgan bo`ladi; chetdan qarab turganlar unga ich-ichidan minnatdorchilik bildirib: «Baraka topgur, odobli yigitcha ekan», deb qo`yadi. Aksincha, talaba yo teskari qarab olsa, yoki o`zini mudraganga solib, qariyaga joy bo`shatmasa, g`ashimiz keladi, ko`nglimizdan: «Buncha beodob, surbet ekan!» degan fikr o`tadi, xullas, u bizda yoqimsiz taassurot uyg`otadi. Lekin, ayni paytda, talabaning qariyaga joy bo`shatgani yoki bo`shatmagani oqibatida vagondagi yo`lovchilar hayotida biror-bir ijobiymi, salbiymi – muhim o`zgarish ro`y bermaydi.

Xulqqa quyidagicha misol keltirish mumkin: mahallamizdagi oila boshliqlaridan biri imkon boricha qo`ni-qo`shnilarning barcha ma`rakalarida xizmatda turadi, hech kimdan qo`lidan kelgan yordamini ayamaydi, ochiq ko`ngil, ochiq qo`l, doimo o`z bilimini oshirib borishga intiladi, tirishqoq, oila a`zolariga mehribon va h. k. Unday odamni biz hushxulq inson deymiz va unga mahallamizning namunasi sifatida qaraymiz. Bordi-yu, aksincha bo`lsa, u qo`ni-qo`shnilar bilan qo`pol muomala qilsa, to`y- ma`rakalarda janjal ko`tarsa, sal gapga o`dag`aylab, musht o`qtalsa, ichib kelib, oilada xotin-bolalarini urib, haqoratlasa, uni badxulq deymiz. Uning badxulqliligidan oilasi, ba`zi shaxslar jabr ko`radi, mahalladagilarning tinchi buziladi, lekin xatti-harakatlari jamiyat ijtimoiy hayotiga yoki insoniyat tarixiga biror bir ta`sir o`tkazmaydi.

Axloqqa kelsak, masala jiddiy mohiyat kasb etadi: deylik, bir tuman yohud viloyat prokurori o`zi mas`ul hududda doimo qonun ustuvorligini, adolat qaror topishini ko`zlab ish yuritadi, lozim bo`lsa, hokimning noqonuniy farmoyishlariga qarshi chiqib, ularning bekor qilinishiga erishadi; oddiy fuqaro nazdida na faqat o`z kasbini e`zozlovchi shaxs, balki haqiqiy huquq posboni, adolatli tuzum timsoli tarzida gavdalanadi; u – umrini millat, Vatan va inson manfaatiga bag`ishlagan yuksak axloq egasi; u, o`zi yashayotgan jamiyat uchun namuna bo`laroq, o`sha jamiyatning yanada taraqqiy topishiga xizmat qiladi. Agar mazkur prokuror, aksincha, qonun himoyachisi bo`laturib, o`zi qonunni buzsa, shaxsiy manfaati yo`lida oqni qora, qorani oq deb tursa, u axloqsizlik qilgan bo`ladi: oddiy fuqoro nazdida birgina kishi prokuror-amaldor emas, balki butun jamiyat adolatsiz ekan, degan tasavvur uyg`onadi. Bu tasavvo`rning muntazam kuchayib borishi esa, oxir-oqibat o`sha jamiyat yoki tuzumni tanazzulga olib keladi.

Albatta, har uchala axloqiy hodisa va ularning ziddi nisbiylikka ega. Chunonchi, hozirgina misol keltirganimiz prokurorning axloqsizligi darajasi bilan o`z yakka hukmronligi yo`lida millionlab begunoh insonlarni o`limga mahkum etgan Lenin, Stalin, Hitler, Pol Pot singari shaxslar orasida farq bor: agar prokurorning axloqsizligi bir millat yoki mamlakat uchun zarar qilsa, totalitar tuzum hukmdorlari xatti-harakatlari umumbashariy miqyosdagi fojialarga olib keladi.



Bu o`rinda shuni alohida ta`kidlash joizki, axloqiy tarbiya natijasida odoblilik-xushxulqlilikka, xushxulqlilik – yuksak axloqiylikka aylangani kabi, axloqiy tarbiya yo`lga qo`yilmagan joyda muayyan shaxs, vaqti kelib, odobsizlikdan – badxulqlilikka, badxulqlilikdan – axloqsizlikka o`tishi mumkin.

Shunday qilib, axloqshunoslik mazkur uch axloqiy hodisani bir-biri bilan uzviylikda va nisbiylikda o`rganadi.

 Axloqshunoslik qadimda fizika va metafizika bilan birgalikda falsafaning uzviy (uchinchi) qismi hisoblanar edi. Keyinchalik (Arastudan so`ng) alohida falsafiy yo`nalishdagi fan maqomini oldi. Bu fikrni quyidagicha kengaytiribroq talqin etish mumkin. Ma`lumki, falsafaning fanlar podshosi sifatidagi vazifasi barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, insoniyatni xaqiqatga olib borishdir. Shundan kelib chiqqan holda, falsafaning tadqiqot ob`ektini tafakkur deb belgilash maqsadga muvofiq. Axloqshunoslik axloqiy tafakkur taraqqiyotini tadqiq etadi va amaliyotda insonni ezgulik orqali haqiqatga olib borishga xizmat qiladi. Shu bois uni axloq falsafasi yoxud ezgulik falsafsi deb atash mumkin.

Hozir u falsafiy fan sifatida uch yo`nalishda ish olib boradi, ya`ni axloqiy tafakkur taraqqiyotini tadqiq etar ekan, u axloqni: 1) bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o`rgatadi. Shunga ko`ra, u tajribaviy-bayoniy, falsafiy-nazariy va rasmona-me`yoriy tabiatga ega. Qadimgilar uni amaliy falsafa deb ataganlar. Zero sof nazariy axloqshunoslikning bo`lishi mumkin emas. U insoniyat o`z tajribasi orqali erishgan donishmandlik namunalarini hikmatlar, naqllar, matal-maqollar tarzida bayon etadi, kishilarni axloqiy qonun-qoidalarga o`rgatadi, ularga axloqning mohiyatini tushuntiradi va falsafiy xulosalar chiqaradi

 Axloqshunoslik boshqa ijtimoiy-falsafiy fanlar bilan o`zaro aloqadorlikda rivojlanib kelmoqda. Ayniqsa, uning nafosatshunoslik (estetika) bilan aloqasi qadimiy va o`ziga xos. Avvalo, insonning har bir xatti-harakati va niyati ham axloqiylikka, ham nafosatga tegishli bo`ladi, ya`ni muayyan ijobiy faoliyat ham ezgulik (ichki go`zallik) ham nafosat (tashqi go`zallik) xususiyatlarini mujassam qiladi. Shu bois Suqrot, Aflotun, Forobiy singari qadimgi faylasuflar ko`p hollarda axloqiylikni ichki go`zallik, nafosatni tashqi go`zallik tarzida talqin etganlar. Bundan tashqari, ma`lumki, san`at nafosatshunoslikning asosiy tadqiqot ob`ekti hisoblanadi. Har bir san`at asarida esa axloqning dolzarb muammolari ko`tariladi va san`atkor doimo o`zi yashayotgan zamonda erishilgan eng yuksak axloqiy darajani badiiy qiyofalar orqali bevosita yohud bilvosita aks ettiradi. Demak, nafosatshunoslik o`rganayotgan har bir badiiy asar ayni paytda, ma`lum ma`noda, axloqshunoslik nuqtai nazaridan ham tadqiq etilayotgan bo`ladi.

Axloqshunoslikning dinshunoslik bilan aloqasi shundaki, har ikkala fan ham bir xil muammo – axloqiy mezon muammosini hal etishga qaratilgan. Chunki umumjahoniy dinlar vujudga kelguniga qadar mavjud bo`lgan ma`lum urf-odatlar va qadriyatlar muayyan diniy qonun-qoidalarga, muqaddas diniy kitoblarga katta ta`sir ko`rsatgan. Ayni paytda, dinlar ham axloqqa ana shunday ta`sir o`tkazganlar.

Chunonchi, islom dinini oladigan bo`lsak, Qur`oni karim, Hadisi sharif, Ijmo` va muayyan fatvolardagi mezonlar hamda talablar musulmon Sharqi millatlari axloqiy darajasining shakllanishida katta ahamiyat kasb etgan. Shuningdek, komil inson muammosi har ikkala fan uchun umumiy hisoblanadi. Farq shundaki, axloqshunoslik bu muammoga zamonaviy tarbiya nuqtai nazaridan yondoshadi.

Axloqshunoslikning huquqshunoslik bilan aloqasi uzoq tarixga ega. Ma`lumki, juda ko`p hollarda axloq me`yorlari bilan huquq me`yorlari mohiyatan va mazmunan bir xil bo`ladi. Shunga ko`ra, axloqni jamoatchilik asosdagi huquq, huquqni esa qonuniylashtirilgan axloq deb atash mumkin. Zero, axloqshunoslik bilan huquqshunoslikning tadqiqot ob`ektlari ko`p jihatdan o`xshash, ular faqat yondoshuv usuli nuqtai nazaridan farq qiladi, ya`ni huquq me`yorlarining bajarilishi, odatda, maxsus adliya idoralaridagi lavozimli kishilar orqali, majburiy sanktsiyalar vositasida yo`lga qo`yiladi: axloq me`yorlari esa umumiy qabul qilingan milliy urf-odatlar, jamoatchilik fikri yordamida, alohida belgilangan kishilar tomonidan emas, balki muayyan ijtimoiy guruh, jamiyat tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, huquqshunoslik kasbi uchun muhim bo`lgan amaliy axloq jihatlarini axloqshunoslikning huquqshunos odobi deb ataladigan maxsus sohasi tadqiq qiladi va tavsiya etadi.

Axloqshunoslik pedagogika bilan ham chambarchas aloqada. Pedagogikadagi shaxsni shakllantirish, tarbiyalash, ta`lim berish jarayonlarini pand-nasihatlarsiz, odobnoma darslarisiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Shu bois axloqshunoslik o`zining nazariy va, ayniqsa, amaliy jihatlari bilan pedagogikaning asosi hisoblanadi. Zero, maorif tizimidagi ta`lim-tarbiya o`zini har bir qadamda axloqiy tarbiya sifatida namoyon qiladi.

Qadimdayoq axloqshunoslikning ruhshunoslik (psihologiya) bilan aloqasi alohida ahamiyatga ega bo`lgan. Zotan, bu ikkala fan kishilar xatti-harakati, fe`l-atvori va mayl-istaklarini o`rganadi. Lekin bu o`rganish ikki xil nuqtai nazardan olib boriladi: ruhshunoslik u yoki bu xatti-harakat, fe`l-atvor, sababiy asos (motiv) larning ruhiy tabiati va shakllanish shart-sharoitlarini ochib beradi, axloqshunoslik ruhshunoslik tadqiq etgan hodisalarning axloqiy ahamiyatini tushuntiradi.

Axloqshunoslikning ijtimoiyshunoslik (sotsiologiya) bilan aloqasi o`ziga xos. Bu ikkala fan inson faoliyatini boshqarishning ijtimoiy muruvatlaridan bo`lmish axloqni o`rganadi. Lekin axloqshunoslikning miqyosi bu borada keng. Ma`lumki, sotsiologiya insonlarning ommaviy xatti-harakati va ularning qonuniyatlarini faqat muayyan ijtimoiy tuzum doirasidagina tadqiq etadi. Axloqshunoslik esa, o`z mohiyatiga ko`ra, lozim bo`lganda, muayyan ijtimoiy tuzum yoki davr doirasidan chiqib, inson axloqining yuksak yutug`i sifatida kelgusi davrlar uchun ham tarixiy va axloqiy ahamiyat kasb etgan shaxsiy, istisnoli xatti-harakatlarni hamda ularning sababiy asoslarini o`rganadi.

Axloqshunoslikning siyosatshunoslik bilan aloqasi, ayniqsa, o`ziga xos va murakkab. Chunki siyosiy ko`rash qarama-qarshi axloqiy qoidalar va talablar ko`rashini taqazo etadi. Shaxsiy intilishlar bilan davlat va jamiyat manfaatlarining mosligi, maqsadlar va vositalarning pok yoki nopokligi muammolari o`rtaga chiqadi. Lekin, aslida siyosat qay darajada axloqiylik kasb etsa, shunchalik u oqilona bo`ladi. Bu hozirgi kunda axloqshunoslik ham, siyosatshunoslik ham jiddiy tadqiq etadigan eng muhim umumiy muammolardan biridir. Shuningdek, rahbarlik odobi, partiyaviy odob, etiket singari axloqshunoslikning muomala madaniyati doirasiga kiruvchi maxsus sohalari ham siyosatshunoslik bilan chambarchas bog`liq.

Bundan tashqari, keyingi paytlarda axloqshunoslikning ekologiya bilan aloqasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Tarixan axloqshunoslik ko`proq insonning o`zi, o`zgalar va jamiyat oldidagi majburiyatlarini tahlil etish bilan shug`ullangan, uning tabiatga bo`lgan munosabati diqqat markazidan chetda qolib kelgan. Lekin, keyingi davrlarda, ayniqsa, XX asrda tabiatga nisbatan tor manfaatparastlik doirasidagi yondoshuvlar oqibatida paydo bo`lgan ekologik buhron manzarani o`zgartirdi. Endilikda global ekologik muammolar ko`proq odamlarning ijtimoiy-axloqiy nuqtai-nazarlariga bog`liq ekani ma`lum bo`lib qoldi. Shunday qilib, hozirgi kundagi ekologik muammolarni hal etish axloqshunoslikka borib taqalmoqda. XX asrda ekologik axloqshunoslik degan maxsus soha ham yuzaga keldi. Lekin, bu - axloqshunoslik ekologiyani to`liq o`z ichiga oladi, degan so`z emas. Chunki bunda axloqiy baholash va boshqarish ob`ekti sifatida tabiatning o`zi emas, balki odamning tabiatga bo`lgan munosabati maydonga chiqadi.

Ma`lumki, yuzlab asrlar mobaynida inson kichik biologik olam sifatida katta biologik olam ichida, uning bir parchasi, jonli organizmlar podshosi, oqil va hukmron qismi sifatida yashab keldi. XIX asrning oxiridan boshlab, ayniqsa XX asrda u o`z tafakkur quvvati bilan, ilmiy-texnikaviy inqiloblar tufayli ana shu biosfera ichida noosferani-texnikaviy muhitni yaratdi. Mana, hozirgi kunda, qarang, ertalabdan kechgacha biz o`z texnikaviy kashfiyotlarimiz ichida yashaymiz-eymiz, ichamiz, yuramiz, uxlaymiz ularsiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Bular metro, avtobus, televizor, radio, telefon, eskalator, pleyer, lift, komp`yuter, poezd, tayyora, teploxod, gaz plitalari, elektr asboblari, zavodlar, lokatorlar, kimyoviy dori-darmonlar va h. k. Bugun video telefonda gaplashar ekanmiz, yuzlab chaqirim naridagi suhbatdoshimizni ko`rish va u bilan gaplashish uchun ot-ulovda yoki piyoda boradigan bo`lsak, necha kunlab yo`l bosishimiz kerakligi haqida o`ylab o`tirmaymiz, to`g`rirog`i, bu esimizga ham kelmaydi. Chunki texnika bizning yashash muhitimizga aylanib qolgan.

Faqat bugina emas. Inson endilikda o`zi yashayotgan butun boshli sayyoraga ta`sir ko`rsata boshladi. er tarixida inson birinchi marta ulkan geologik kuch bo`lib maydonga chiqdi. Insoniy tafakkur biosferadagi o`zgarishlarning asosiy sababiga aylandi. Bu haqda noosfera ta`limoti asoschilaridan biri buyuk rus olimi V.I. Vernadskiy shunday degan edi: «Butun geologik davr mobaynida yaratilgan, o`z muvozanatlarida barqarorlashgan biosfera inson ilmiy tafakkuri bosimi ostida tobora kuchliroq va teranroq o`zgarishga kirishdi... Aftidan, inson ilmiy tafakkuri harakatining bu tomoni tabiiy hodisa bo`lsa kerak... Hozir biz biosferadagi yangi geologik evolyutsion o`zgarishlarni boshdan kechiryapmiz. – Biz noosferaga kirib boryapmiz». Ammo noosfera faqat ijobiy emas, balki salbiy hodisa sifatida ham namoyon bo`lmoqda. Atom, vodorod, neytron bombalarining kashf etilishi, yadro kallakli baleistik raketalarning yaratilishi ana shunday salbiy hodisalardandir. Bundan tashqari, noosferaning vujudga kelishi atmosferani, olamiy okeanni, er osti va er usti suvlarini, nabototni, hayvonotni, hatto insonni ich-ichidan kimyoviy zaharlanishga olib keldi. Hozirgi kunda tirik organizmlarning, o`simliklarning, hayvonlarning ko`pgina turlari jisman yo`q bo`lib ketish arafasida turibdi. Ayniqsa joy topolmay, okeanda, kemalarda so`zib yurgan radioaktiv chiqindilar yoki ularning kimsasiz go`zal orollarga ko`mib tashlanishi, kislota yomg`irlarining ko`payib borishi singari hodisalar bag`oyat xatarli. Afsuski, inson ko`ra-bila turib, o`zi o`tirgan shoxga bolta urishni to`xtatmayotir. Bu muammolarning hal etilishi faqat atrof-muhitni kimyoviy zahardan ekologik tozalashnigina emas, balki, eng avvalo, global ma`noda, XXI asr kishisi ongini texnokratiya zaharidan forig`lantirishni taqozo etadi. Ya`ni, ular insoniyat oldida endilikda ekologik hodisa emas, balki tom ma`nodagi axloqiy muammolar sifatida ko`ndalang bo`lib turibdi. Mashhur avstriyalik etolog olim, Nobel` mukofoti laureati Konrad Lorents: «Yoppasiga va tez yoyilib borayotgan jonli tabiatga begonalashish hodisasining asosiy sababi tsivilizatsiyamiz kishisidagi estetik va axloqiy to`poslikdir», degan so`zlari shu nuqtai nazardan ayni haqiqat.

Yuqorida aytilganlardan chiqadigan xulosa bitta: kelajakda inson o`zini va o`z sayyorasini muqarrar haloqatdan qutqaraman desa – XXI asrdan boshlab etosfera davriga o`tishi kerak; axloqiylik har birimiz uchun har qadamda bugungi texnikaviy muhit kabi zaruratga aylangandagina bunga erishish mumkin. Bunda axloqshunoslik fanining o`rni nihoyatda beqiyos.

Shuningdek, yana bir muhim muammo bu – biologik axloqshunoslik. Mazkur hodisa so`nggi bir necha o`n yillik ichida sof tabobat muammosidan to`laqonli axloqiy muammoga aylandi: endilikda, birovning muayyan a`zosini boshqa bemorga jarrohlik operatsiyasi yo`li bilan o`tkazish orqali kishi hayotini saqlab qolish axloqiy nuqtai nazardan qanday baholanadi, degan savol kun tartibida dolzarb bo`lib turibdi.

 Axloq haqida gap borganda, albatta uning muayyan tuzilmasi, unga asos bo`lgan omillar, unsurlar to`g`risida to`xtalmaslik mumkin emas. Axloq tuzilmasini, odatda, uch omil-asosdan iborat deb hisoblaydilar. Bular-axloqiy anglash (axloqiy ong), axloqiy his etish (axloqiy hissiyot) va axloqiy munosabatlar (axloqiy xatti-harakatlar). Ba`zi mutaxassislar (chunonchi, mashhur rus axloqshunosi A.I. Titarenko) axloqshunoslik mezoniy tushunchalarini (kategoriyalarini), axloqiy me`yorlar va tamoyillarni axloq tuzilmasi tarzida taqdim etadilar. Bizning nuqtai nazarimizdan bu fikr unchalik to`g`ri emas. Chunki mazkur tushunchalar, tamoyillar va me`yorlar ko`proq axloqqa emas, balki uni o`rganadigan fanga – axloqshunoslikka taalluqlidir. Umuman, shuni aytish kerakki, axloqshunoslik fanida ancha-muncha chalkashliklar mavjudki, ularning sababini mazkur fanning boshqa fanlarga nisbatan alohida xususiyatlarga egaligidan, ya`ni unda ko`p hollarda ilmiy-nazariy jihatlarning ilmiy-amaliy tomonlar bilan omuxtalashib ketganidan qidirmoq lozim.

Shunday qilib, axloq tuzilmasi uch asosiy omilni: axloqiy anglash, axloqiy his etish va axloqiy munosabatlarni o`z ichiga oladi. Ayni paytda ana shu omillarning tuzilmadagi o`rni, to`g`rirog`i, mavqei masalasida ham turli xil qarashlar mavjud. Ba`zi axloqshunoslar axloqiy anglashni, boshqa birovlar axloqiy hissiyotning o`zini asosiy unsur deb talqin etadilar. Yana ba`zi birovlar axloqiy anglash-axloqiy ongga etakchilik mavqeini beradilar. Xo`sh, aslida qanday qarash haqiqatga yaqinroq?

Avvalo, shuni ta`kidlash kerakki, juda ko`p hollarda axloq tuzilmasidagi mazkur uch omil-unso`rning birortasisiz axloq tushunchasini tasavvur qilib bo`lmaydi. Boshqacha aytganda, axloqni inson ko`zi oldida gavdalantiruvchi axloqiy munosabatlarning his etish va axloqiy anglashsiz yuzaga chiqishi, ya`ni mavjud bo`lishi mumkin emas. Bunday holat axloqiy his etishga ham, axloqiy anglashga ham taalluqli. Zero tuzilmadagi bu uch unsur-omil bir-birisiz kamdan-kam mavjud bo`ladi, doimo bir-birini taqozo qiladi.

Endi axloqiy anglashning tuzilmadagi etakchilik mavqeiga, to`g`rirog`i, asosiy unsur sifatidagi o`rniga kelsak, uni bu tarzda talqin etish, bizningcha, to`g`ri emas. Vaholanki, sho`rolar davrida va hozirdagi rus olimlari orasida ba`zi G`arbdagi zamonaviy axloqshunoslik yo`nalishlarida ana shunday qarash hukmron ekanini ko`ramiz. Aslida esa, tuzilmada poydevor unsur sifatida axloqiy hissiyot yoki axloqiy his etish namoyon bo`ladi. To`g`ri, juda ko`p hollarda biror bir axloqiy qarorning amalga oshuvi uzoq yoki qisqa vaqt mobaynida o`sha qaror oqibatlari to`g`risida ongli ravishda xulosa chiqarishga, ularni avvaldan anglab etishga urinish bilan bog`liq bo`ladi, ya`ni biz o`z xatti-harakatlarimizni axloqiy anglash elagidan o`tkazib, faoliyat ko`rsatamiz. Lekin o`sha anglab amalga oshirilgan axloqiy qaror tubida, so`zsiz, axloqiy hissiyot yotadi. Demak, axloqiy his etish axloqiy anglash uchun material vazifasini o`taydi.

Xulosa qilib aytganda, bizning axloqiy hayotimiz, barcha axloqiy tajribalarimiz, axloqiy faoliyatimiz ana shu uch omil asosida ro`yobga chiqadi. Axloqiy kodekslarimiz, me`yorlarimiz va tamoyillarimiz ularga asoslanadi. Lekin aldov, yolg`on, soxtalik va totalitar axloqiy zug`um hukmronlik qilgan davrlarda yoki mamlakatlarda axloqiy hissiyot, axloqiy anglash, axloqiy munosabatlar qabul etilgan kodekslar, me`yorlar hamda tamoyillarga ko`pincha to`g`ri kelmaydi. Rasmiy axloqiy qonun-qoidalar bilan haqiqiy axloqiy intilishlar orasida ma`naviy jarlik paydo bo`ladi. Tilda bu qonun-qoidalar ko`klarga ko`tarilgani holda, dilda, ich-ichdan ularga qarshilik hukm suradi. Natijada jamiyat uchun fojea bo`lgan axloqiy so`z bilan axloqiy faoliyatning alohida-alohida mavjudligi ro`y beradi. Buni biz sho`rolar davridagi «kommunizm quruvchisining axloqiy kodeksi» bilan shu kodeksni hayotga tatbiq etishga yo`naltirilgan guruhlarning, «shu kodeks asosida yashayapmiz» degan odamlarning poraxo`rligida, tashmachiligida, xudbinligida, yolg`onchiligida ko`rganmiz.

Vedachilik axloqshunosligi qadimgi hind jamiyatini to`rt tabaqa-varnaga bo`ladi; brahmanlar (kohinlar), kshatariylar (harbiylar), vayshchilar (dehqonlar, kosiblar), shchudralar (qullar). Mashhur «Manu qonunlari» da yozilishicha, brahmanning mashg`uloti – ta`lim berish, Vedani o`rganish, qurbonlik qilish, sadaqa ulashish va tuhfalar olish; kshatariylar fuqarolarni qo`riqlaydilar; vayshchilar chorva, tijorat, sudxo`rlik va dehqonchilik bilan shug`ullanadilar; shudralar esa ana shu uch ijtimoiy guruhga xizmat qiladi. Vedachilik axloqiga ko`ra, braxmanlar tug`ma axloqiy yuksak odamlar, shchudralar esa tug`ma tuban axloq egalari hisoblanadi.

Lekin keyingi oqimlarda, yo`ga, jaynchilik, ayniqsa, buddhachilik axloqshunosligida, axloqiy fazilatlar egasi bo`lish insonning zoti ijtimoiy kelib chiqishi bilan emas, balki uning shaxsiy kamoloti bilan bog`liq, degan fikr ilgari suriladi. Buddha ta`limotiga ko`ra, dunyo iztirobga to`la va eng muhim muammo ana shu iztiroblardan qutilishning yo`lini topish. Naql qilishlaricha, o`z tengdoshlari bilan ayshu ishratda umr kechirgan shahzoda Sidharta Gautama kunlardan birida sayr qilib yurib, kasal cholni va janoza marosimini ko`radi. Har bir kishini kasallik, qarilik va o`lim kutishini eshitib, larzaga tushadi, odamlardan qochib, tarki dunyo qiladi va to`rt ezgu haqiqatni anglab etadi hamda uni odamlarga etkazadi. Uning qisqacha bayoni shunday:

1. Bu dunyodagi hayot iztiroblarga to`la.

2. Bu iztiroblarning sabablari bor.

3. Bu iztiroblarga barham berish mumkin.

4. Iztiroblarga barham berishga olib boradigan yo`llar mavjud.

Buddhaning to`rtinchi haqiqati, ayniqsa, axloqshunoslik nuqtai nazaridan muhim. U Buddha o`tgan va hammaning o`tishi mumkin bo`lgan nirvanaga (ehtiros, nafrat, pushaymon asta-sekinlik bilan so`nib bo`lgandan keyingi holatga) etishish yo`lidir. U sakkiz fazilatga erishuvdan iborat: 1) to`g`ri qarashlar; 2) to`g`ri jur`at; 3) to`g`ri xatti-harakat; 4) to`g`ri nutq; 5) to`g`ri hayot tarzi; 6) to`g`ri jahd-jadal; 7) fikrni to`g`ri yo`naltirish; 8) diqqatni to`g`ri qaratmoq. Shunday qilib, sakkiz yo`l bir-birini taqazo etuvchi uch omil – bilish, xatti-harakat va diqqatning birligidan iborat. Bilim va axloq bu o`rinda yaxlitlikka ega; fazilat bilimdan (illat esa bilimsizlikdan) kelib chiqadi, shu sababdan bilimni fazilatsiz takomillashtirish mumkin emas. Shunday qilib, buddhachilik tomonidan vedalar obro`si, brahmanlarning istisnoli holati inkor etiladi, jamiyatni varnalarga bo`lish qoralandi. Shubhasiz, bu axloqiy taraqqiyot ko`rinishlaridan biri edi.

Buddhachilik axloqshunosligi nafaqat Hindistonda, balki Qadimgi Xitoyda ham o`ziga xos mavqe egalladi. Lekin u erda yana ikki axloqshunoslik yo`nalishi katta ahamiyatga va qamrovga ega edi. Ulardan biri daochilik.

Daochilik ta`limotining asoschisi Lao-tszi (miloddan avvalgi VI-V asrlar) yirik namoyondasi Chjuan-tszi (miloddan avvalgi 369-286 yilar) hisoblanadi. Lao-tsziga nisbat beriladigan «Dao de tszin» kitobida daochilikdagi asosiy yo`nalishlarning mohiyati aks etgan. «Dao – hamma narsadan ustun», «ildiz», «er va osmonning onasi». «dunyoning ilk asosi», «tsi» esa moddiy asos, dao «de» ni – fazilatni undan yaratadi. Shuningdek, «dao» yo`l ma`nosini ham anglatadi. «Dao de tszin» ni «fazilat yo`li» deb ham atash mumkin.

Inson mavjud olam kabi dao qonunlari asosida vujudga kelgan, u tabiatning bir qismi, uning vazifasi fazilat (de) yo`lidan borish. har qanday sun`iy aralashuv, tabiatning muvofiqlik tartibini o`zgartirishga intilish-odamlar uchun haloqatli, barcha yovuzliklarning, son-sanoqsiz baxtsizliklarning manbai tabiat joriy etgan qonunlardan chekinishdadir. Shu sababli Lao-tszi nazdida faoliyat daoga qarshi qaratilgan va xalqqa zarar keltiradi, uning asosiy axloqiy tamoyili «uvey» – faoliyatsizlik; donishmand kishining «dao»si, bu – ko`rashsiz faoliyat. Lekin bu ko`rashsiz faoliyat aslida tabiatga qarshi bo`lmagan faol xatti-harakat, faqat daoga xos, tabiat qonunlariga mos faoliyat.

Ayni paytda, Lao-tszыning fikricha, donishmand bilimini oshira borib, uni odamlarga tarqatmaydi, faqat xalqning farovonligi uchun ishlatadi; «Xalqning bilimi kuchli bo`lsa, uni boshqarib bo`lmaydi. Uning emagini totli, kiyimini chiroyli, uy-joyini tinch, hayotini quvonchli qilish kerak». Ana o`shanda, ya`ni ilm fan taraqqiy etmasa, tsivilizatsiya kirib kelmasa, bir davlat qo`shni davlatga ko`z olaytirmaydi, urush bo`lmaydi. Xullas, donishmand ibtidoiy davrlarni ideallashtiradi.

Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, daochilik axloqshunosligidagi asosiy maqsad – odamlarning tabiat ko`rsatgan yo`ldan borishiga erishish; tamoyili – faoliyatsizlik; xalqning baxti – uning urug`chilik, qabilachilik munosabatlaridagi tenglik va soddalikka qaytishida; donishmandlarning baxti esa mo``tadillik; xotirjamlik, tabiatga yaqinlikdadir.

Daochilikning asosiy raqibi hisoblanmish konfutsiychilik esa qora xalqdan nodonligi uchun jirkanadi, uni axloqiy hayotga nomunosib deb biladi. Zero, konfutsiychilikning axloqiy ideali tszyun-tszi himmatli jo`mard. Uning yuksak fazilatlari – fidoyilik, sofdillik, sadoqat, adolat. U muomala bobida muloyim, yuksak martabalilarga hurmat bilan murojaat qiladi, xalqqa nisbatan esa himmatli, adolatli munosabatda bo`ladi.

Konfutsiy ta`limotida asosiy axloqiy qonun, asosiy axloqiy tushuncha-jen` (insoniylik). «Lun` yuy» («Hikmatlar») kitobida shunday deyiladi; «Kimki chin dildan insonni sevishga intilsa, u yovuzlik qilmaydi». «o`zingga ep ko`rmagan narsani o`zgaga munosib ko`rma, shunda davlatda ham, oilada ham o`zingga nisbatan yovlik his qilmaysan». Demak, jen` – ham jamiyat, ham oila a`zolari orasidagi munosabatlarni belgilaydigan axloqiy tamoyil. U bilan «syao» – ota-onani, kattalarni hurmat qilish, «li» – urf-odat, marosimlarni e`zozlash tushunchalari mustahkam bog`liq. Ayni paytda «li» tushunchasining ma`nosi ancha keng, u davlatga bo`lgan munosabatni ham o`z ichiga oladi. Hoqon (imperator) – Osmon o`g`li, u Osmon ostidagilarning barchasiga ota. Osmon ostidagi tartib-qoida esa quyidagicha: «Podsho–podsho, ota—ota, mulozim–mulozim, o`g`il–o`g`il bo`lishi kerak».



Fazilat egasi bo`lishning konfutsiychilikda ikki xil yo`li aniq ko`zga tashlanadi: xalq uchun – urf-odatlarga so`zsiz, o`ylab o`tirmasdan bo`ysunish; himmatli jo`mard uchun esa o`zini axloqiy jihatdan takomillashtira borish va axloqiy burchini ongli ravishda bajarish. Konfutsiychilikning himmatli jo`mard tarbiyasi tizimidagi hikmatlari hozir ham o`z ahamiyatini yo`qotgan emas.; «Ustoz, debdi: Yu, sen olti illatning olti bosqichini bilasanmi?» Tszin-lu: «Yo`q,» deb javob beribdi. Ustoz debdi; «Unday bo`lsa, o`tir, aytib beraman. Insonparvarlikni sevish-u, ilm olishni sevmaslik, illat shundaki, bu – befarosatlikka olib keladi, donishmandlikni sevish-u, ilm olishni sevmaslik illat shundaki, bunda inson o`z umrini mayda ishlarga sarflaydi, haqiqatgo`ylikni sevish-u, ilm olishni sevmaslik, illat shundaki, bu – o`ziga zarar etkazishga olib keladi, to`g`rilikni sevish-u, ilm olishni sevmaslik, illat shundaki, bu – qo`pollikka olib keladi; mardlikni sevish-u ilm olishni sevmaslik, bu-isyonkorlikka olib keladi, qat`iylikni sevish-u, ilm olishni sevmaslik, bu-boshboshdoqlikka olib keladi».

Qadimgi Sharq axloqshunosligi erishgan yutuqlar shunchaki tarix bo`lib qolmadi. Ularni o`zlashtirish natijasida, Sharq bilan yaqin aloqa qilish uchun jug`rofiy qulayliklarga ega bo`lan Qadimgi Yunonistonning polislarida (shahar-davlatlarida) axloqshunoslik yangi bosqichga ko`tarildi. Keyinchalik Qadimgi Sharqda ilgari surilgan g`oyalar, qo`llangan tushunchalar, nazariy-amaliy tajriba bilvosita butun Ovro`po uchun ham ahamiyat kasb etdi.

 Qadimgi Yunon axloqshunosligi haqida gap ketar ekan, asosan, to`rt buyuk faylasufning nomini tilga olish odat bo`lib qolgan; Suqrot, Aflotun, Arastu, Epikur. Lekin, aslida, ulargacha ham Qadimgi Yunonistonda axloqshunoslik borasida ancha-muncha ishlar qilingan. Chunonchi, Demokrit, Pifagor, Gippiy, Gorgiy singari sofistlar (donishmandlar) oqimiga mansub faylasuflarning qarashlari diqqatga sazovor. Misol tariqasida Demokritning (taxminan miloddan avvalgi 450-370 yillar) qarashlarini olib ko`raylik. U donishmandlikni eng yuksak fazilat, aqlni esa axloqiy xatti-harakatning mezoni deb biladi va donishmandni axloqli, nodonni axloqsiz odam sifatida ta`riflaydi. Demokritning fikriga ko`ra, inson uchun hayotdagi birinchi ustoz ehtiyoj va tajribadir. Aynan shular insonni foydali va zararli narsalarni farqlash darajasiga olib keladi.

Demokrit Qadimgi Yunon faylasuflari ichida birinchi bo`lib insonning ichki dunyosiga murojaat qildi. U niyatni (xatti-harakat sababini) harakatdan ajratadi. Ayni paytda; «Nomusli va nomussiz odamni nafaqat qilmishi, balki niyati orqali ham bilib olsa bo`ladi», deydi mutafakkir. Demokrit hayo va ishonchni insonni qing`ir ishlardan qaytarib turuvchi kuch tarzida ta`riflaydi. Faqat ruhan zaif va gumroh odamlargina o`z muvaffaqiyatsizliklarini ma`budlar, taqdir va tasodifdan ko`radilar. Nodon va yomon odam lazzat, baxt hamda hayotning maqsadi haqida noto`g`ri tasavvurga ega bo`lgani uchun o`zini baxtsizlikka mubtalo qiladi.

Suqrot (miloddan avvalgi 470-399 yillar) qarashlariga kelsak, u, Konfutsiyga o`xshab, axloq bilan huquqni bo`linmas yaxlitlikda olib qaraydi: «Nimaiki qonuniy bo`lsa, o`sha adolatdandir». Ikkala mutafakkir ham hukmronlikning yaxshi yoki yomon deb baholanishini fuqarolar tarbiyasi bilan bog`laydi, jasorat va betama` xizmat namunalarini o`z davlatlari o`tmishidan topadi.

Suqrotning fikricha, polis bilan fuqaro o`z huquqlari jihatidan teng emas; ular ota bilan o`g`ilga o`xshaydi. Axloqning asosiy mohiyati-o`zgarmas va abadiy asl fazilat bo`lmish donishmandlik. U axloqiy xatti-harakat mezoni hisoblangan ilohiy yozmishga mos keladigan benuqson faoliyatdir. Axloqning manbai esa insondan tashqarida, ilohiydir.

Suqrotdan farqli o`laroq, Aflotun (miloddan avvalgi 427-347) axloqshunosligi uchun, aksincha, g`oyalar va ruh haqidagi ta`limotlar asos bo`lib xizmat qiladi. Aflotunning g`oyalar ta`limotiga ko`ra, bizga ko`rinib turgan, biz qilayotgan dunyo bor-yo`g`i soyalar o`yini, haqiqiy dunyoni ko`rish uchun esa inson aqli ojizlik qiladi. Inson g`or devoriga kishanband qilib qo`yilgan tutqunga o`xshaydi, u faqat haqiqiy borliqning noaniq soyalarini kuzatadi, haqiqiy borliq esa soyalar orqasida, ko`rinmaydi. Uni inson ko`rmaydi, biroq o`sha asl borliqni ko`ra oladigan mangu – o`lmas ruh mavjud. Barcha bilimlar xotira natijasidir; ruh g`oyalar dunyosidan bilganlarining ba`zilarini eslaydi va vujuddagi hayotida biror-bir diqqatga sazovor yangilikni o`ziga kasb etmaydi. Shunday qilib, Aflotunning fikricha, axloq, ilohiy asosga ega va axloqiy fazilat insonga azaldan berilgan.

Aflotun donishmandlikni oliy fazilat, ruhdagi aqliy qismning namoyon bo`lishi deb biladi va davlatni boshqarishga loyiq yagona toifa sifatida donishmand-faylasuflarni tan oladi. Yovqurlik – qo`riqchilarga, davlatni himoya qiluvchi askarlarga xos. Ruhning hirsli qismi bilan bog`liq bo`lgan mo``tadillik hunarmand-kosiblar, dehqonlarga, ya`ni. xalqqa xos. Ular avvalgi tabaqaga bo`ysunishi shart. Ulardan so`ng qullar turadi. Qullar axloqdan tashqarida, har qanday fazilatdan yiroq, zotan ularning ruhga egaligi gumon. Xullas, Aflotunning axloqshunosligi qat`iy diniy tabiatga ega. Ayni paytda u ko`p jihatdan vedachilik axloqshunosligidagi g`oyalarni o`z ichiga oladi va ularni rivojlantiradi.

Aflotundan so`ng ikki qadimgi yunon allomasi – Arastu (miloddan avvalgi 384-322 yillar) va Epiko`rning (milodan avvalgi 341-270 yillar) axloq nazariyalari diqqatga sazovor. Aflotunning shogirdi Arastu birinchi bo`lib axloqshunoslikni ruhshunoslik bilan siyosatshunoslik oralig`idagi alohida falsafiy fan sifatida taqdim etdi va unga (keyinchalik Ovro`poda qabul qilingan) « Etika « degan nomni berdi.

Arastuning axloqiy qarashlari, asosan o`g`liga bag`ishlangan «Nikomaxning axloq kitobi» va «Evdemning axloq kitobi» hamda «Katta axloq kitobi» risolalarida o`z aksini topgan. Arastu Qadimgi Yunon mutafakkirlari ichida birinchi bo`lib ixtiyor erkinligini axloqning asosi sifatida olib qaraydi va axloqiy fazilatni Aflotunga qarama-qarshi o`laroq, ruhning tug`ma xususiyati emas, balki kasb etiladigan (hosil qilinadigan) sifat ekanini aytadi. U barcha fazilatlarni ikkiga bo`ladi: birinchisi, ruhning donishmandlik, tajribakorlik, topqirlik singari ma`naviy soha bilan bog`liq aqliy qismiga oid fazilatlar va, ikkinchisi, ruhning intiluvchan (ixtiyoriy) qismi – sof axloq bilan bog`liq fazilatlar. Uning fikricha, asosiy fazilat adolatdir. «Fazilat, – deydi Arastu, – ma`lum ma`noda o`rtalikdir, zero, doimo o`rtalikka intiladi». Masalan, mardlik telbavor jasorat bilan qo`rqoqlik orasidagi o`rtalik va hokazo. Shuningdek, mutafakkir niyatga katta ahamiyat beradi va uni harakatning tamoyili, boshlanishi deb ataydi. Lekin u pirovard maqsad emas, niyatning tamoyili esa intilish va aql, shu sababli niyat aqldan, es-hushdan va odobdan tashqarida bo`lmaydi.

Arastu aql-idrok faoliyatini hayot va faoliyatning oliy shakli, hech bir narsa bilan qiyoslab bo`lmaydigan qadriyat deb hisoblaydi. Oliy aql doirasida sub`ekt va ob`ekt, fikr va fikrning narsa hodisasi bir-biriga mos, ya`ni Oliy aql (Xudo) tafakkur haqidagi Tafakkurdir. Garchand inson hech qachon ilohiy hayot darajasiga etisha olmasa-da, lekin unga, ideal sifatida imkon boricha intilishi kerak; inson erishgan komillik doimo nisbiy bo`ladi.

Shunday qilib Arastuning fikricha, axloqli inson aqliy fazilatlar bilan yo`g`rilgan kishidir; aqlni inson emas, insonni aql belgilaydi. Ayol zoti esa past darajali, zaif, ko`z yoshiga erk beradigan, o`zini tutolmaydigan inson, ularda ehtiros aql-idrokdan yuksak turadi, illatlarga erkaklarga nisbatan ko`proq moyil bo`ladilar, shuning uchun ham donishmandlik ularga xos emas; xotin erga bo`ysunishi adolat tamoyilini buzmaydi. San`at, siyosat va ilm fan ozod kishilar uchun. Qul, umuman, axloqdan tashqaridagi mavjudot.

Qullarni past tabaqali kishilar, xatto jonli narsalar qatoriga kiritish Arastuning inson mohiyatini ijtimoiy-siyosiy mavjudot sifatida tushunishidan kelib chiqadi. Uning uchun jamiyatdan, qabila, jamoa, davlatdan tashqaridagi odam – yo Xudo, yoki hayvon. Shu bois yot qabiladan kelgan, polis fuqaroligi huquqiga esa bo`lmagan qullar odam hisoblanmaydi. Qul faqat ozodlikka erishgandagina insonga aylanadi.

Yuqorida ko`rganimizdek, uning nazdida odamlar teng emas, tenglik tushunchasi Arastuga yot. U faqat odamlar o`rtasidagi do`stlik va xayrixohlikni tan oladi.

Epikur esa o`z qarashlarida falsafaning amaliy maqsadini, axloqiy mazmunini ta`kidlaydi: «Insonning biror bir iztirobiga davo topolmaydigan faylasufning so`zlari ma`nosizdir. Badandan kasallikni quva olmaydigan tabobatdan hech qanday foyda bo`lmagani kabi, ruhni (qalbni) davolay olmaydigan falsafadan ham foyda yo`q«.

Epiko`rning fikriga ko`ra, insonda tanlov ixtiyori bor. U ham Demokrit kabi ezgulik haqidagi ta`limotni lazzat va iztirob muammosidan boshlaydi. Uning uchun eng muhimi ruhiy hotirjamlik. Do`stlaridan biriga u shunday deb yozadi; «Zarrin to`shagu to`kin dasturxoning bo`lib, behalovat yashagandan ko`ra, poxol to`shakda xotirjam yotganing afzal!» Fazilatlar orasida Epikur adolat bilan donishmandlikka alohida e`tibor bilan qaraydi. Adolat tushunchasida mutlaqlik va nisbiylik hollari mavjudligini ta`kidlab o`tadi: «Umuman, adolat hamma uchun bir xil, chunki u odamlararo munosabatlardagi foydali hodisa; lekin muayyan mamlakatlarning o`ziga xosligi nuqtai nazaridan va shunga o`xshash boshqa sharoitlarda adolat barcha uchun bir xilda bo`lolmay qoladi.» Fazilatlarning mohiyati insonni lazzatga olib borishdan, xotirjamlikka hamda ruhning faoliyatli holatiga xizmat qilishdan iboratdir. Baxt esa axloqiy va jismoniy sog`lomlikdan yuzaga keladi.

Epikur iztirobdan qochishni emas, uni engish kerakligini ta`kidlaydi. Buning uchun axloqiy qat`iyat, fikr yorqinligi, fikr qudrati iztirobga qarshi qo`yilishi kerak. Uning axloqiy ideali – erdagi hayotga nafrat bilan qaramaydigan, aksincha, tabiat bilan hamnafas bo`lib, ya`ni tabiat belgilab bergan hayotiy maqsadga muvofiq yashaydigan donishmand, faylasuf. Aynan tabiatga muvofiqlikda, turli bid`at va aldamchi fikrlardan qutilib, o`z ehtiyojlarini tabiiy zarurat bilan moslashtirgan holdagina donishmand tafakkur va ichki erkinlik borasida oliy darajadagi lazzatga erishadi. Donishmand o`z kuchi me`yorini biladi va undan oqilona foydalanadi. Unga baxt manbai-faqat ma`naviy ezgulikda, do`stlik bilan bilimda bo`lgan nisbatan mustahkam va uzoq muddatli lazzatda ekani ayon. Epikur odamlarning munosabatlarida hammasidan avval tenglik va hamfikrlilikka asoslangan do`stlikni qadrlaydi. Falsafa bilan shug`ullanish ham xuddi do`stlik singari ruhan xotirjamlikka etishishga olib keladi.

Qadimgi Sharq axloqshunosligi erishgan yutuqlarni yuksak nazariy darajaga ko`targan Qadimgi Yunon axloqshunosligi jahonshumul ahamiyat kasb etdi. Yunonlik mutafakkirlar ilk bor inson shaxsini, inson xatti-harakatiga asoslangan niyatni tadqiq etishga va axloqiy qilmish muammolarini tushuntirishga urindilar.



Qadimgi Yunon axloqshunoslari ilmiy an`analarini Tsitseron, Lukretsiy Kar, Seneka, Epiktet, Mark Avreliy, Sekst Empirik singari Qadimgi Rumo mutafakkirlari davom ettirdilar.

Tit Lukretsiy Kar (miloddan avvalgi 99-44 yillar), Epikur axloqiy ta`limotining izchil himoyachisi sifatida, mashhur «Narsalarning tabiati haqida» degan dostonida ruh va vujudning ajralmas aloqasini ta`kidlaydi, ruhning o`lishi to`g`risida fikr yuritadi, insonning o`lim qo`rquvidan xalos bo`lishida axloqiy ma`no borligini aytib o`tadi. O`lim qo`rquvidan va ma`budlar oldidagi qo`rquvdan xalos bo`lgan kishi baxtli yashashi mumkin, aql-idrok va his-tuyg`ular sharofati bilan narsalar haqida u haqiqiy tasavvurga erishadi.

Lutsiy Anney Seneka (miloddan avvalgi 5-milodiy 65 yillar) ham yozuvchi, ham axloqshunos faylasuf. Uning «G`azab haqida», «Shafqat haqida», «Baxtli hayot haqida» singari axloqshunoslikka doir risolalari ko`pchilikka ma`lum. Ayniqsa, «Lutsiliyga axloqiy maktublar» asari mashhur. Senekaning fikriga ko`ra, dunyo moddiy, biroq, unda qandaydir jonli ibtido hukmron: uni aql-idrok deymizmi, tabiat, bashorat yoki taqdir deymizmi-ahamiyati yo`q. Muhimi shuki, uning yozig`i albatta amalga oshadi. Faylasuf fazilatlarning ma`nosini taqdirdan rozilikda, uning zarbalariga insoniy qadr-qimmatni yo`qotmay, mardona va chidam bilan dosh berishda ko`radi.

Shunday qilib, Qadimgi Rumo axloqshunoslari ham inson xatti-harakatlari muammosini o`rtaga tashlaydi va insonning olamdagi o`rni hamda hayotning maqsadini belgilashga intiladilar. Bunday intilish, ayni paytda, butun Qadimgi dunyo mumtoz axloqshunoslariga xosdir. Xullas, Qadimgi dunyoning mumtoz axloqshunoslari oddiy axloq-odob qoidalari, pand-o`gitlar va hikmatlardan tortib, to axloqshunoslik nazariyasi tizimigacha yaratdilar. Bu meros hanuzgacha o`z ta`sir kuchini yo`qotgani yo`q, hanuzgacha jahon axloqshunosligi ko`p hollarda o`sha tushunchalar va tamoyillarga yangicha yondoshuv asosida taraqqiy etib kelmoqda.



Yüklə 145,15 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   57




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin