Madaniy funksiyasi. Falsafa odamlar dunyoqarashini kengaytirish, ularda bilishga qiziqish uyg‘otish, nazariy fikrlash madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish orqali madaniy funksiyani ham bajaradi. U dunyoni o‘zlashtirish va bilishning universal shakli sifatida, insoniyatning eng yaxshi yutuqlarini o‘zida mujassamlashtiradi va ularni butun insoniyat mulkiga aylantiradi. Turli mamlakatlar va xalqlarning falsafa tarixini o‘rganish ularning o‘tmishdagi va hozirgi madaniyatini yaxshiroq tushunish imkonini beradi, g‘oyalar almashinuvi va madaniy an'analarning o‘zaro ta'siriga ko‘maklashadiki, bu madaniy meros bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ko‘pgina muammolarni echishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aksiologik funksiyasi. Falsafa hayotning ma'nosi, o‘lim va umrboqiylik masalalarini kun tartibiga qo‘yish, u yoki bu harakat, voqea, hodisaga «yaxshi», «yomon», «muhim», «foydali», «foydasiz» kategoriyalari bilan baho berish orqali yana bir muhim funksiya – aksiologik (yunon. axia - qadriyat) funksiyani ham bajaradi. U uzoq muddatli tendensiyalarni qisqa muddatli tendensiyalardan farqlash, yuzaki jarayonlarni fundamental jarayonlardan, muhim narsalar va hodisalarni ikkinchi darajali narsalar va hodisalardan ajratish orqali insonning qadriyatlarga munosabati bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan tegishli ehtiyojlarini shakllantiradi. SHu tariqa insonning muayyan qadriyatlari, mo‘ljallari va ustuvorliklari belgilanadi, ya'ni tegishli qadriyatlar tizimi tarkib topadi. Bu tizim odamlarning muhim xususiyati hisoblanadi, ularning hayotga munosabatini aks ettiradi va jamiyatdagi xulq-atvorini ko‘p jihatdan belgilaydi.
Falsafaning axloqiy funksiyasi odamlar xulq-atvori va u yoki bu jamiyatda yuzaga keluvchi munosabatlar bilan bog‘liq. Bunda, masalan, axloqiy qadriyatlar, ularning tabiati, asoslari va jamiyatdagi amaliy roli falsafaning tadqiqot predmeti hisoblanadiki, bu jamiyatda yuzaga keladigan va tabiiy yo‘l bilan, ya'ni real hayot amaliyotida o‘rnatiladigan me'yorlar va qoidalarga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatadi. Bunday me'yorlar ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi muhim dastak hisoblanadi va odamlarning o‘zaro aloqalari, ularning munosabatlari xususiyati va o‘zaro til topish darajasida namoyon bo‘ladi. Xulosa qilib aytish mumkinki, falsafa doimo axloqda, jamiyatning barcha a'zolari xulq-atvorida muxtasar ko‘rinishda namoyon bo‘ladi va shu tariqa yana bir muhim funksiya – axloqiy funksiyani bajaradi.
Falsafaning tarbiyaviy funksiyasi haqida fikr yuritilganda bu masalaning xalqaro darajadagi keng va har tomonlama muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda so‘z yuritish o‘rinli bo‘ladi. Bugungi kunda nafaqat ayrim xalqlar, balki butun jahon hamjamiyati o‘z-o‘zini anglab etishga yo‘naltirilgan falsafaga muhtojdir. Buni 2002 yildan YUnesko qaroriga binoan, butun dunyoda har yili noyabr oyining uchinchi payshanbasida o‘tkaziladigan “Jahon falsafa kunlari” ham, hozirgi kunda dunyo uchun eng muhim masalalarga e'tiborini qaratadigan Jahon falsafa kongresslari ham tasdiqlaydi. Darhaqiqat bunday kongress birinchi marta 1900 yilda Fransiyada o‘tkazilgan, 1948 yildan boshlab uni har besh yilda bir marta o‘tkazish an'anaga aylangan. Xususan, 1998 yilda Boston shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tgan XX jahon falsafa kongressi “Paydeyya: insoniyatni tarbiyalashda falsafa” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lsa, Turkiyaning Anqara shahrida o‘tkazilgan XXI Jahon falsafa kongressida “Falsafa jahon muammolari bilan yuzma-yuz” mavzusi atroflicha muhokama qilindi. XXII jahon falsafa kongressi birinchi marta Osiyo mamlakati bo‘lmish Koreya respublikasining Seul shahrida “Hozirgi davrda falsafani qayta anglash” degan umumiy mavzu ostida bo‘lib o‘tdi.
Kongresslarning mavzularidan ko‘rinib turganidek, falsafa real hayot bilan uzviy bog‘liq va eng muhim muammolarni anglab etishga xizmat qilib keldi. SHunday muammolardan biri – insonni shaxs sifatida tarbiyalash va kamol toptirishda falsafaning roli va ahamiyati masalasidir. Buning uchun esa, albatta, qadimgi davr mutafakkirlarining asarlariga yana bir bor murojaat etish taqozo etiladi. Qadimgi mutafakkirlar har tomonlama ta'lim va tarbiyani, ya'ni o‘z qobiliyatlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga qodir bo‘lgan jismoniy va ma'naviy jihatdan komil insonni voyaga etkazishni «paydeyya» (yunon. pais – bola) atamasi bilan ifodalaganlar. O‘sha zamonlarda paydeyya aristokratiyaning o‘ziga xos belgisi hisoblangan; endilikda faylasuflar ta'lim va tarbiya muammolarini yana birinchi o‘ringa qo‘yib, ularni hal qilishda falsafaning rolini aniqlashga harakat qilar ekanlar, bu tushunchani yana esga oldilar. Xususan, Boston kongressidagi asosiy ma'ruzalarning mualliflaridan biri fransuz faylasufi Per Obenk: «Insonning vahshiyona tabiatidan ma'rifatli tabiatga o‘tish imkoniyati qay darajada mavjud?», degan savolni o‘rtaga tashlaydi. Uning fikricha, insonning yagona tabiati ikki ma'noli bo‘lib, faqat ma'rifat (paydeyya) odamzotni so‘zning to‘liq ma'nosidagi insonga aylantiradi yoki, Platon ta'biri bilan aytganda, paydeyya uning ko‘zini ochadi.
Biroq ma'rifatning vazifasi ko‘zga ko‘rish qobiliyatini berishdan emas, balki unga to‘g‘ri qarashni o‘rgatishdan iboratdir. Demak, Platon, Demokrit, Zardusht va boshqa mashhur faylasuflar fikriga tayanib, ma'rifat yordamida, ta'lim va tarbiya jarayonini zo‘rlikka qarshi yo‘naltirish va odamzot aql-idrokini kamol toptirish orqali insonning boshqacha tabiatini yaratish mumkin. «Paydeyya» tushunchasi bolani tarbiyalab komil insonga aylantiruvchi ta'lim jarayoniga e'tiborni qaratadi. Qadimgi yunonlar «texne» va «paydeyya» kabi tushunchalarni farqlaganlar; birinchi atama bilimni, ya'ni o‘rganish mumkin bo‘lgan narsani anglatsa, ikkinchi atama bilim berish manbaini emas, balki to‘g‘ri fikr manbaini anglatadi. Bunda paydeyya, Aristotel ta'biri bilan aytganda, insonni o‘zini o‘zi kamol toptirishga rag‘batlantirishi lozim. SHu bois Protagor, Suqrot va Platon aytganidek, falsafadan saboq berishda ishontirish mahoratini emas, balki to‘g‘ri fikr yuritish mahoratini o‘rgatishga e'tibor qaratish muhim.