Dunyoqarashda ijtimoiy muhitning roli. Aql paydo bo‘lishi bilan inson o‘zini fikrlovchi mavjudot sifatida anglay boshlaydi, unda o‘z «meni» va o‘zgalar haqida tasavvuri shakllanadi va rivojlanadi. SHu tariqa u o‘zini va o‘zini qurshagan borliqni anglaydi, o‘zi va boshqa odamlarni, o‘zi va tashqi muhitni farqlaydi, ilgari o‘ziga ma’lum bo‘lmagan dunyoning yangi va yangi jihatlarini idrok etadi. Bunday qarashlar insonning o‘zi va o‘zini qurshagan borliq haqidagi tasavvurlari majmui sifatida shakllanadigan dunyoqarash negizini tashkil etadi. Bunda inson o‘ziga ma’qul va noma’qul narsalarni farqlaydi, baholar beradi, ustuvorliklar tizimini yaratadi va muayyan maqsadlarga erishishda tegishli tarzda ish ko‘radi.
Demak, dunyoqarashda bilish, qadriyatlarga munosabat va xulq-atvorni belgilash funksiyalari mujassamlashadi.
Dunyoqarashning bilish funksiyasi insonda qiziqish uyg‘otuvchi barcha savollarni, shuningdek muayyan yo‘l bilan topuvchi javoblarni o‘z ichiga oladi. Bilish odamlar dunyoqarashini boyitadi va kengaytiradi, u jamiyatning rivojlanishiga qarab yanada teranroq va mazmunan boyroq bo‘lib boradi.
Ammo dunyo juda rang-barang bo‘lib, muttasil o‘zgarish jarayonini boshdan kechiradi, qoniqarli javoblarga ega bo‘lmagan savollar esa, uzil-kesil javob berish mumkin bo‘lgan savollarga qaraganda, ko‘proqdir. SHu bois, muammolarga nisbatan muayyan tarzda yondashadigan har bir odamning dunyoqarashi, savollari va javoblari doim shaxsiy o‘ziga xoslik bilan ajralib turadi va hech bo‘lmasa shu sababga ko‘ra boshqa odamlar dunyoqarashiga hech qachon o‘xshamaydi.
Dunyoqarashning intellektual, emotsional va ruhiy asoslarning uzviy bog‘liqligi va ularning jamuljam holda har bir inson uchun mutlaqo muayyan, individual xususiyatlar sifatida amal qilishidir.
Intellektual, emotsional va ruhiy asoslar iroda bilan uyg‘unlikda e’tiqodlar – odamlar faol qabul qiladigan, ularning ong darajasi va hayotdagi mo‘ljallariga mos keladigan qarashlarni yuzaga keltiradi.
Dunyoqarashning muhim elementi shubha bo‘lib, u dunyoqarashni dogmatizm, ya’ni biryoqlama, notanqidiy fikrlash, u yoki bu qoidani shak-shubhasiz haqiqat deb qabul qilishdan asraydi. Dogmatizmning qarama-karshisi skeptitsizm bo‘lib, bunda shubha mutlaqlashadi, fikrlashning asosiy omiliga aylanadi, bilish va borliqni idrok etishning bosh tamoyili sifatida amal qiladi.