F – asosiy faoliyatdan olingan foyda; AV – ishlab chiqarish asosiy vositalari; MM – moddiy aylanma mablag‘lar.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, korxona faoliyatini kompleks baholash murakkab vazifa bo‘lgani uchun mazkur maqsadda ko‘plab ko‘rsatkichlardan foydlanish hamda ular asosida yagona xulosaga kelish tahlil natijasining yanada obyektivligini ta’minlaydi.
Mahsulot ishlab chiqarish va sotishning muhim ko‘rsatkichlari tahlili
Mahsulot ishlab chiqarish va sotish tahlilida bir qator ko‘rsatkichlardan foydalaniladi.
Ularning iqtisodiy mazmuni bo‘yicha quyidagi turlarini ajratish mumkin.
Yalpi mahsulot hisobot davrida jami ishlab chiqarilgan mahsulot hajmini ifodalaydi. U tayyor mahsulot (bajarilgan ish, ko‘rsatilgan xizmat) va tugallanmagan ishlab chiqarish qiymatidan iborat. Yalpi mahsulot asosida mikro darajada, ya’ni korxona bo‘yicha iqtisodiy rivojlanish darajasiga baho beriladi. Mazkur ko‘rsatkichdan foydalanib moddiy, mehnat va moliyaviy resurslarning samaradorlik darajalari o‘rganiladi.
Yangidan yaratilgan qiymat korxona darajasida sof mahsulot, deb yuritiladi.
Sof mahsulot mehnat haqi hamda foyda qiymatidan iborat bo‘ladi. Yalpi mahsulotdan eskirish hamda moddiy xarajat sarflari ayirib tashlansa korxonada yangitdan yaratilgan qiymat – sof mahsulot hisoblab topiladi. Ushbu ko‘rsatkich asosida mahsulot ishlab chiqarishning samaradorligini tavsiflovchi resuruslar samaradorligi ko‘rsatkichlarini aniqlashda, asosiy vositalar qaytimini baholashda, korxona faoliyat natijaviyligi ko‘rsatkichlariga baho berishda foydalaniladi.
Sof mahsulotning qiymat ifodasi yangidan yaratilgan qiymatga teng deb olinadi.
Me’yoriy sof mahsulot yangidan yaratilgan qiymatning o‘zidan iborat. Faqat,
bunda o‘zgaruvchi (mehnat haqi) qiymat ham foyda summasi ham me’yorlar chegarasida olinadi. Demak, me’yoriy ish haqi va me’yorlashtirilgan foyda summasi me’yoriy sof mahsulotni ifodalaydi. Bu ko‘rsatkichdan foydalanib mehnat unumdorligi, resurslar samarasi va boshqa samaradorlik ko‘rsatkichlari hisoblanadi.