Tashqi savdo balansi.To’lov balansining birinchi bo’limi bo’lgan joriy operatsiyalarning dastlabki moddasi mamlakatning tashqi savdo balansi hisoblanadi. XVF eksport va importni bir xil tartibda baholashni taklif etgan bo’lib, unga ko’ra eksport qiluvchi mamlakat chegarasidagi bahoda aniqlanadi. Shuning uchun, eksport va import baholash uchun FOB (free on board) baholardan foydalanish talab etiladi. CIF (Cost, Insurance and Freight) baholaridan esa, import operatsiyalarida kengfoydalaniladi va ba’zan ularga tegishli to’g’irlashlar ham kiritiladi.Bunday to’g’irlashlar AQSh, Germaniya, Frantsiya kabi mamlakatlar to’lov balanslarida bo’lib, 1990 yillarda mazkur mamlakatlar importining 3-4 foizi FOB narxlarida amalga oshirilgan. O’sha paytda Yaponiyaning tashqi savdosida dengiz orqali yuklarni o’tkazish qariyb 10%dan yuqori bo’lgan.
Bir tomonlama o’tkazmalar va xizmatlar balansi.Joriy operatsiyalar hisobining ikkinchi asosiy qismi xizmatlar balansi hisoblanadi. Xalqaro savdoda xizmatlar muhim ahamiyatga ega. Xizmatlar balansida transport xizmatlari, jumladan yuk yo’lovchilarni tashish, sug’urta, elektron, tele-kosmik, telegraf, telefon, pochta va boshqa turdagi aloqa xizmatlari, xalqaro turizm, ishlab chiqarish va ilmiy-texnik tajribalarni o’zaro almashish, ekspert xizmatlari, chet elda diplomatik, savdo va boshqa vakolatxonalarni saqlash, ma’lumotlar berish, ilmiy-ma’naviy va madaniy hamkorlik xizmatlari, reklama, yarmarka va turli yig’inlar uchun yig’imlar va h.k. bo’yicha to’lovlar va tushumlar aks etadi.
Shuningdek, joriy operatsiyalar balansida bir tomonlama o’tkazmalar, xususan olingan daromadlar, ya’ni xorijga qo’yilgan investitsiyalardan olingan daromadlar yoki chet el investitsiyalariga to’lovlar ham asosiy rol o’ynaydi. To’lov balansining aynan ushbu moddasi mamlakatda xorijiy tadbirkorlikni rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Mamlakatdan tashqarida olingan daromadlarni investor o’z mamlakatiga o’tkaza olmasligi davlatga xorijiy investitsiyalarni kirib kelishiga keskin to’siq bo’lishi mumkin. Shuning uchun ham, XVF ustavida alohida 8-kelishuv moddasi (2 (a), 3 va 4 qismlari) bo’lib, unga ko’ra o’ziga xalqaro operatsiyalar bo’yicha majburiyat oluvchi mamlakat XVF bilan kelishmasdan turib, joriy operatsiyalar bo’yicha to’lovlar va turli o’tkazmalarni amalga oshirishda diskriminatsion valyuta cheklovlarini o’rnatishi mumkin emas. XVF a’zosi bo’lgan jahondagi ko’plab mamlakatlar (hozirgi kunda 150dan ortiq mamlakatlar) XVFning 8-kelishuv moddasini qabul qilishgan. O’zbekiston esa, mazkur moddani 2003 yilda o’zida qo’llash bo’yicha majburiyat olgan, ya’ni qabul qilgan.
Joriy o’tkazmalarga turli ko’rinishdagi bir tomonlama o’tkazmalar, shuningdek, qaytarmaslik sharti bilan bilan beriladigan mablag’lar, to’lovlar ham qo’shiladi. Ularni ikki ko’rinishga bo’lish mumkin, ya’ni davlat operatsiyalari va shaxsiy maqsadlar uchun bir tomonlama o’tkazmalar. Davlat operatsiyalari bilan bog’liq bir tomonlama o’tkazmalarga bir mamlakatning boshqa bir mamlakatga iqtisodiy yordam tariqasida bergan subsidiyasi, yoki beg’araz yordami, xalqaro tashkilotlarning to’lovi, moliyaviy grantlari, foizsiz ajratmalari va.h.k. kiradi. Shaxsiy maqsadlarda foydalaniladigan operatsiyalar xorijdagi ishchilarning, mutaxassislarning,qarindoshlarning o’z vataniga, oilasiga shaxsiy extiyoj yoki boshqa turli maqsadlar uchun yuborgan mablag’lari bilan bog’liq faoliyatni o’z ichiga oladi.