Turli valyutalardagi suzib yuruvchi foiz stavkalar almashinuvi (floating – for – floating) Tomonlardan biri ma’lum bir valyutadagi suzib yuruvchi foiz stavkasida aniqlangan summani boshqa bir valyutada aniqlanuvchi suzib yuruvchi foiz stavkasidagi summaga almashtiradi. Bitimni tuzishda muddat, turli valyutalar o’rtasidagi kurs, asosiy qarzning foiz to’lovlarini aniqlashda foydalaniladigan shartli summa inobatga olinadi. Bu jarayonni quyidagi misollar orqali to’liq o’zlashtirish mumkin. Aytaylik, siz xar chorakda 3 yil muddatga olingan 10 ming AQSh dollari miqdoridagi kreditga USD LIBOR 1M suzib yuruvchi stavka bo’yicha foiz to’lovlarini amalga oshirasiz. Turli sabablar bilan siz o’z foiz to’lovlaringizni boshqa bir valyutadagi suzib yuruvchi foiz stavkaga, masalan TIBOR 3M ga o’tkazmoqchisiz. Bunda siz turli valyutalardagi suzib yuruvchi foiz stavkalar almashinuvi ta’minlovchi foiz svopidan foydalanib o’z rejangizni amalga oshirasiz. Albatta bunda kredit muddati va valyuta kursini inobatga olasiz. Bitim tuzish kunida valyuta kursi, yoki hisoblangan forvard kursi USD/JPY = 120 bo’lsa, 10 ming AQSh dollaridagi kredit 1,2 mlrd Yaponiya yeniga teng bo’ladi va ushbu summa xar chorakda TIBOR 3M stavkadagi foiz to’lovlari uchun asos hisoblanadi.
Pul bozoridagi foiz fyucherslariga optsionlar(option on money market interest rate future). Bunday optsion o’z egasiga aniq bir narx bo’yicha foiz fyuchersini sotib olish yoki sotish huquqini beradi. Ular faqat birjalarda muomalada bo’ladi, masalan LIFFEda. Evrodollar va EURIBOR bo’yicha qisqa muddatli funt sterling fyucherslariga optsionlardan amaliyotda keng foydalaniladi.
Foiz kafolatlari, “shift” va “pol” shaklidagi shartnomalar(interest rate guarantee, cap, floor). FRAlarga optsionlar “foiz kafolati” (IRG) yoki “foiz kapleti” (interest rate caplet) deb nom olgan. FRAlarga evropacha koll optsion yoki “IRG qarzdor” kredit oluvchiga ssuda bo’yicha kelajakda maksimal foiz stavkani qat’iy belgilash huquqini taqdim etadi. FRAlarga put optsion yoki “IRG kreditor” aksincha kredit beruvchiga ssuda bo’yicha kelajakda minimal foiz stavkani qat’iy belgilash huquqini taqdim etadi.
“Shift” (inglizcha “cap” – shapka, bosh kiyim) foiz shartnomalari kelishilgan maksimal stavka va aktivlar bo’yicha suzib yuruvchi foiz stavkasi orasidagi farqni to’lash uchun tuziladi. Bunday optsion shartnomasini tuzish orqali qarzdor o’z majburiyatlari bo’yicha foizlarni oshish riskidan holi bo’ladi.
“Pol” (inglizcha “floor” – pol (er yuzida o’rnatilgan taxtali qoplama)) foiz shartnomalari esa aksincha, kelishilgan minimal stavka va aktivlar bo’yicha suzib yuruvchi foiz stavkasi orasidagi farqni to’lashni talab qiladi, ya’ni kafolatlaydi. Bu shakldagi optsionni tuzish orqali kreditor (qarz bergan shaxs) taqdim etgan krediti bo’yicha foiz stavkasini tushish riskidan himoyalanadi
“Shift” va “pol” shartnomalarining kombinatsiyasi “kollar” (inglizcha “collar” - bo’yinbog’) nomlanadi. Foiz stavkasiga tuzilgan bunday optsion investorni foiz stavkalarning keskin tebranishidan himoyalaydi, ya’ni ma’lum muddat davomida foiz stavkalarning maksimal va minimal chegarada tebranishini ta’minlaydi.