Manba va matn. Manbashunoslik va matnshunoslikda matn ma’nosi keng qamrovli tushuncha. Matn deganda, muallif ijod etmoqchi bo‘lgan fikr va g‘oyaning yozuvdagi in’ikosi tushuniladi. Matn deganda yaxlit bir asar, qo‘lyozma nusxa ham anglashiladi. Qadimiy matnlar tadqiqi bilan matnshunoslar (manbashunoslar) shug‘ullanadilar. Ularning vazifalariga adabiyotshunoslik va tilshunoslikka xos bo‘lgan, tarixchilarning manbashunoslik va istoriografiya sohalaridagi barcha tadqiq usullarini qo‘llash kiradi. Matnshunoslik qo‘lyozma nusxaning matn xususiyatlaridan tortib nashr ko‘rinishidagi barcha yutuq va kamchiliklari haqida tasavvur uyg‘otuvchi tadqiqotni amalga oshiradi. Matn taqdiri, saqlanish darajasi, nashr bezaklari va tavsifiy belgilarini o‘rganish matn tushunchasining klassik ta’rifiga sig‘masa-da, matnshunoslikda qabul qilingan matn tushunchasi, uni o‘rganish doirasiga kiradi.
Hozirgi zamon filologiyasida matn ustida ishlash masalalarida ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan yagona qoida yo‘q. Manbashunoslar matn tarixi, tadqiqi va tavsifi ustida ko‘proq bosh qotirsalar, matnshunoslar ularga qo‘shimcha ravishda matn talqini tadqiqiga alohida e’tibor qaratadilar. Shuning uchun ham manbashunoslik tarixiy va tabiiy fanlar sohasiga, matnshunoslar asosan filologiya sohasiga tegishliligi bilan farqlanib turadi. O‘z navbatida matnlarni badiiy va lingvistik tadqiq etish masalarida ham matnshunoslar o‘rtasida bir to‘xtamga kelinmagan. Bu matn interpretatsiyasi ustida ishlayotgan olimning qaysi fan sohasida ish olib borishiga bog‘liq.
Dostları ilə paylaş: |