Nazorat uchun savollar:
1. XVI–XVIII asrlarda matn ko‘chirishning yangi bosqichi nimalarda ko‘rinadi?
2. “Nasri Xamsai benazir” asariga qisqacha izoh bering.
3. XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida Xiva xonligi madaniy va ijtimoiy hayoti haqida gapiring.
4. Ashurali Zohiriyning Navoiy asarlarini nashrga tayyorlashdagi xizmatlari.
5. Abdumannof Qorining matnshunoslikdagi xizmatlari.
7-mavzu. Lug‘atlar va ularning asar matnlari sharhidagi o‘rni
Reja:
1. Lug‘atlar va ularning tasnifi.
2. Lug‘atlar adabiy manba sifatida.
3. Lug‘atlarning asar matni sharhidagi o‘rni.
4. Matnshunoslik ilmiga doir lug‘atlarning ahamiyati.
Matnshunoslikda devon, bayoz, tazkiralar va badiiy-tarixiy nasr namunalari bo‘lgan memuar-qissalardan (masalan, Bobur va Ogahiy asarlari) so‘ng lug‘atlarning ahamiyati ham kattadir. Ma’lumki lug‘atlar o‘z maqsadi va vazifasiga ega bo‘lib, ular turli fan sohalari bo‘yicha turli yo‘nalish va metodlarda tuziladi. Matnshunoslikda tarixiy filologik lug‘atlarning ahamiyati kattaroq. Shuning uchun biz lug‘atlar deyilganda ana shunday lug‘atlarni nazarda tutamiz. Bundan tashqari, matnshunoslik fani uchun maxsus tuzilgan lug‘atlar ham juda muhimdir. Shu nuqtai nazardan biz ularni quyidagicha tasnif qilishni ma’qul hisoblaymiz:
1. Tilga doir izohli lug‘atlar.
2. Ikki tilli lug‘atlar.
3. Qomusiy lug‘atlar.
Shuni ta’kidlash lozimki, bizning filologiyamizda turkiy tilda lug‘at tuzish ishi nisbatan keyingi asrlarda yuzaga kelgan. Asosan, arab va fors tillarida yaratilgan lug‘atlardan ilmiy istifoda qilib kelingan.
Tilga doir izohli lug‘atlar ma’lum bir tildagi so‘zlarni izohlashni nazarda tutadi va bunda ularning ma’nolarini tushuntirish uchun misol sifatida adabiy parchalardan foydalaniladi. Ikki tilli (ba’zan ko‘p tilli) lug‘atlarda ham adabiy parchalardan misol sifatida foydalaniladi. Qardosh xalqlar tillari uchun tuzilgan lug‘atlarda bunday misollar ko‘proq uchraydi. Masalan, Sulaymon Buxoriyning “Lug‘ati chig‘atoiy va turki usmoniy” (“Chig‘atoycha-turkcha lug‘at”)da (XIX asr) deyarli barcha mumtoz shoirlar ijodidan namunalar keltirilgan. Qomusiy lug‘atlar, asosan, matnda uchraydigan tushunchalar haqida ma’lumot beradi. Lekin ma’lum ijodkor va uning faoliyati haqidagi qomusiy lug‘atlar matn tarixi tadqiqi yoki ijod fenomenologiyasi bo‘yicha ehtiyojlarni qondirishga katta yordam beradi.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, har bir fan nazariyasi shu soha terminlari (istilohlari)ga asoslanib ish ko‘radi. Matnshunoslik to‘laligicha filologiya ilmi – tilshunoslik va adabiyotshunoslikning yutuqlari asosida ish olib boriishini e’tiborga olsak, adabiy manbashunoslik va matnshunoslik terminlarini, hozircha, tilshunoslik va adabiyotshunoslik sohasi terminlari orasidan terib, o‘zlashtirish kerak bo‘ladi. Ular jumlasida quyidagi nashrlarni keltirishimiz mumkin:
Lingvistik terminlar lug‘ati (Ахманова О.С. Словарь лингвистических терминов. –М.: Советская энциклопедия, 1966). –607 с.
Adabiyotshunoslik terminlari lug‘ati (Ҳомидий Ҳ., Абдуллаева Ш., Иброҳимов С.).-Т.:Ўқитувчи, 1970.–300 б.
Adabiyotshunoslik terminlari lug‘ati (Ҳотамов Н., Саримсоқов Б. Адабиётшунослик терминларининг русча-ўзбекча изоҳли луғати. – Т.: Ўқитувчи, 1983. – 376 б.)
Энциклопедиялар. Ўз СЭ; ЎзМЭ; Краткая литературная энциклопедия. Том 7. – М. 1972; Литературний энциклопедический словарь. – М., 1987.
Адабиётшунослик луғати / Дилмурод Қуронов, Зокиржон Мамажонов, Машҳура Шералиева. ф.ф.д. Д.Қуроновнинг умумий таҳрири остида. - Тошкент: Академнашр, 2010.– 400 б.
Mazkur nashrlar hozirgi kunda sohada faol qo‘llaniladigan atamalarning hammasini qamrab olgan deb bo‘lmaydi. Ayniqsa, qadimdan ishlatib kelgan istilohlarning ko‘pini hozirgi lug‘atlardan topib bo‘lmaydi. Ulardan ayrimlarining izohi manbashunoslik va matnshunoslik tadqiqotlarida, ba’zi hollarda yo‘l-yo‘lakay uchrab qoladi.
Matnshunoslik O‘rta asrlarda xattotlik va kitobat san’ati bag‘rida yuzaga kelgan va o‘zining barqarorlashgan an’analariga ega bo‘lgan. Bu an’analar ko‘plab terminlarni yuzaga keltirgan. Hozirgi zamon matnshunosligida ularning ko‘pchiligi hamon muomalada. Ulardan qog‘oz ishlab chiqarish va kitobatga oid atamalar hozir birmuncha kam ishlatiladi. Bevosita matn bilan aloqador (muqova, unvon, jadval, hoshiya, poygir, basmala, hamd, na’t, ammo ba’d..., tammat
kabi) atamalar esa hozir ham muomalada bo‘lgan faol qatlamni tashkil etadi. Hali ular bir joyga yig‘ilib, terminologik lug‘at yaratilmagan. Ammo bu ishga urinishlar bo‘lgan (Hakimov M. Sharq qo‘lyozmalariga doir terminlarning qisqacha izohli lug‘ati. Adabiy meros. 1985, № 2 (33).
O‘zbek matnshunosligi jahon faniga integratsiyalasha boshlagan o‘tgan asrning 20 yillarida atamalar sohasida, asosan, rus matnshu nosligiga suyanib ish ko‘rila boshlandi. Soha ruscha-internatsional atamalar bilan boyitildi (fond, arxiv, tekst, tekstologiya, annota siya, atributsiya, ilmiy apparat, interpolyatsiya, katalog, kartoteka, kartochka, paginatsiya, kolofon, kinovar, inventar nomeri, transkripsiya, transliteratsiya kabi).
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bilan ayrim atamalar tilimizda mavjud so‘zlar bilan almashtirildi (tekst – matn, inventar raqam – ashyo raqami // saqlanish raqami, titul varag‘i –
sarvaraq kabi).
Atamalarning o‘z o‘rnida ishlatilishida sohaning nazariy masalalarini yoritib beruvchi tadqiqotlarning bo‘lishi juda muhim. Afsuski, bizda bu yo‘nalishda maxsus shug‘ullanuvchilar kam topiladi. Natijada yetuk matnshunos olimlarning tadqiqotlarida ham har xilliklarga duch kelamiz. Jumladan, I. Abdullayevning «Meros va talqin» asarida (349-b.) manbashunoslik shunday ta’riflanadi: “Ana shu arab, fors va qadimgi arab yozuvidagi qo‘lyozmalar va keyinchalik nashr etilgan bosma manbalarni o‘rganish, asarni tarjima qilish, tadqiq qilish, izohlar tuzish, terma va tanqidiy matnlarini tayyorlash, ularni nashr etish manbashunoslik deb, bu fan bilan shug‘ullanuvchi olimni manbashunos olim deb ataladi». Holbuki, bu yerda gap matnshunoslik haqida boradi; «terma matn» atamasi ham hozir «yig‘ma matn» tarzida barqarorlashgan.
Aytilganlardan ko‘rinib turibdiki, adabiy manbashunoslik va matnshunoslik terminlarining izohli lug‘atini tuzish hozirda soha oldida turgan dolzarb masalalardan biridir. Bu lug‘at leksikografiya talablariga javob beradigan izohli terminologik lug‘at shaklida bo‘lishi kerak. Soha atamalari lug‘atlarini tuzish bo‘yicha o‘zbek leksikografiyasi boy tajribaga ega. Ishni amalga oshirish uchun, hozirgi paytda kompyuter texnologiyalaridan foydalanish imkoni bor. Lug‘at uchun uning mazmunini tashkil qiluvchi so‘zlik (tanlangan so‘zlar ro‘yxati), kompyuterda tuziladi. Bu ishga sohabo‘yicha e’lon qilingan tadqiqotlar imkon boricha ko‘proq jalb etish lozim bo‘ladi. Bu ish jarayonida so‘zlar izohidagi farqlarni tahlil qilish osonlashadi.
Shunday qilib, matnshunoslikning lug‘atlarga bo‘lgan ehtiyoji hamon mavjud va u davom etadi. Tarixiy lug‘atlarga kelsak, ularning boshida “Devonu lug‘ati-t-turk” turadi. U XI asrning buyuk tilshunos olimi Mahmud Koshg‘ariy tomonidan yozilgan bo‘lib, unda turkiy so‘zlarning ma’nolarini izohlash uchun badiiy matnlar parchalaridan keng ko‘lamda foydalanilgan. Bu badiiy asarlar qismlari turli ko‘rinishlarda keltiriladi. Nasr ko‘rinishidagi parchalar tarixiy doston, qissa va rivoyatlardan olingan. Shuni ta’kidlash lozimki, ularning ayrimlari Koshg‘ariydek yirik olim tomonidan qayta ishlangan bo‘lishi ham mumkin. Shunga qaramay, ularning ba’zilari o‘z isnodi, ya’ni hikoya qiluvchisi nomi bilan birga qayd etilsa, ba’zilari xalq og‘zida hikoya qilib yurilgani aytiladi.
“Devon”da keltirilgan Alp Er To‘nga – Afrosiyob hamda uning o‘g‘li Borman haqidagi parchalar ham badiiy qimmati katta rivoyatlardandir.
Mahmud Koshg‘ariy ba’zan juda kichik masallar (sav) ham keltiradiki, ular kichikligidan qat’i nazar o‘z qimmatiga ega. Masalan,
Ashich ayur: tubum altun,
Qamich ayur: men qaydaman?
Mazmuni: Qozon aytar: tubim oltin, Cho‘mich aytar: men qaydaman?
O‘rta Osiyoning qadimgi aholisi qo‘shiqlaridan namunalar ham «Devonu lug‘oti-t-turk»da kattagina qismni egallaydi. Unda so‘zlarni izohlash uchun, tabiiy ravishda, XI asrgacha avloddan-avlodga, og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan qo‘shiq matnlariga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Ularda o‘ta arxaik elementlarning ko‘pligi va musulmon e’tiqodiga doir arabiy jumlalarning deyarli uchramasligi qo‘shiqlarning asosi juda qadim davrlarga mansubligini ko‘rsatadi.
Masalan, yaboqu va basmil qabilalari urushi haqidagi parchalar Urxun-Enasoy yodgorliklarida ham uchraydi. Shuningdek, Alp Ertunga marsiyasi ham juda qadimiyligi ma’lum. Lekin «Devonu lug‘oti-t-turk» bilan bir davrda yoki undan oldin yaratilgan, qiyoslashga arzirli manbalarning yo‘qligi bois undagi adabiy parchalar xronologiyasini – qaysi matn qaysi davrda yaratilganini aniqlash juda qiyin ishdir. Ular aniqlanganda ham, mukammal holda bo‘lmagani uchun, qadimiy adabiy parchalar sifatidagina qimmatga egaligicha qolaveradi. Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» kitobidan «Yoz o‘yinlari» (6 ta to‘rtlik), «Ovdan urushqa» (12 ta to‘rtlik)ni ko‘rsatadi.
N.Mallayev “Devon”dagi parchalarni quyidagicha tasnif qilgan:
Mehnat qo‘shiqlari.
Qahramonlik qo‘shiqlari.
Marosim qo‘shiqlari.
Mavsum qo‘shiqlari va peyzaj lirikasi.
Ishqiy intim qo‘shiqlar.
«Devonu lug‘oti-t-turk»da qadimiy xalq maqollaridan ham keng foydalanilgan.
Bilik ari yog‘isin nolik savar?! (Bilimli er dushmanini qanday (nega) sevsin?!)
Kichikda qotig‘lansa, ulg‘ozu savinur (Kichiklikda qiyinchilik ko‘rgan ulg‘ayganda sevinar).
«Devonu lugotit turk»da keltirilgan ayrim maqollar ba’zi o‘zgarishlar bilan yoki aynan holida hozirgi kunda ham qo‘llanadi.
Dostları ilə paylaş: |