1.1-rasm. MITQning korxona faoliyatiga ta’siri Bozor, asosan, rivojlangan raqobat sharoitida asosiy samaradorlikning omili sifatida korxonalarni zamonaviy texnika va yangi texnologiyalar bilan jihozlash bo’lib, korxonalar bundan manfaatdor bo’lishi kerak. Bozor sharoitida ishlab chiqarishda qaysi korxona o’z raqobatchilaridan oldin texnika va texnologiya bilan jihozlansa, u yutadi. Har qanday korxonaning ilg’or texnika va texnologiya ta’minotining o’sishi uning faoliyat yuritishidagi asosiy qonundir.
Agar jamoada ishlab chiqarishning texnika darajasi o’sishi bo’lsa, bu o’z navbatida vaqt birligining oshishiga va vaqtni iqtisod qilishda mehnatni ilmiy tashkil qilishning ahamiyati o’sishiga olib keladi.
Ishlab chiqarishni texnik jihatdan jihozlash qanchalik yuqori bo’lsa, ish vaqtidan iqtisod qilish bo’yicha yutuq ham shunchalik yuqori bo’ladi, lekin korxonalarda texnologik jihozlarning bekor turib qolishi yoki ulardan unumli foydalanmaslik hollari ham uchrab turadi, ish vaqtidan foydalanish mehnatni tashkil qilish darajasiga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir ko’rsatadi, shu sababli bozor iqtisodiyoti sharoitida uning ahamiyati kattadir.
Shunga ko’ra, mehnatni ilmiy tashkil qilishni doimo shakllanib, o’zgarib turadigan jarayon deb qarash kerak. Uning muammolari tadqiqotlarni beto’xtov davom ettirishni taqozo qiladi.
Mehnatni ilmiy tashkil qilishning yo’nalishlari, vazifalari, uni ishlab chiqarishni tashkil qilish unsurlari bilan bog’liqligi quyidagi 1.2-rasmda ko’rsatilgan.
Mehnatni tashkil qilish yo’nalishlari quyidagilardan iborat:
- mehnat taqsimoti va kooperatsiyaning oqilona turlarini tuzish va ishlab chiqarishga joriy etish;
- xodimlarni joy-joyiga qo’yish, ular o’rtasida oqilona ishlab chiqarish aloqalarini o’rnatish, xodimlarni birgalikdagi harakat tizimini yaratish; kadrlarni tanlash, tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- mehnat jarayonini oqilonalashtirish, mehnatni ilg’or uslub va usullarini qo’llash, ish o’rinlarini tashkil qilish, ularni jihozlash, rejalashtirish;
- mehnatni me’yorlashni takomillashtirish;
- mehnatga haq to’lashni takomillashtirish, mehnatga haq to’lashning tizimlarini belgilash;
- mehnat sharoitlarini yaxshilash, sog’lomlashtirish;
- yuqori mehnat intizomini saqlash, xodimlarning mehnat faolligini va ijobiy tashabbusini oshirish.
Mehnatni ilmiy tashkil qilishning ushbu yo’nalishlari mehnatni naqadar murakkab jarayon ekanligini ko’rsatadi, keyingi boblarda bu yo’nalishlarning mohiyati bilan chuqurroq tanishamiz.
Mehnatni ilmiy tashkil qilishning o’ziga xos xususiyatlaridan biri uni quyidagi o’zaro bog’langan vazifalarni echishga qaratilganligidir:
1. Iqtisodiy vazifa.
2. Psixofiziologik vazifa.
3. Ijtimoiy vazifa.
Mehnatni ilmiy tashkil qilishning iqtisodiy masalasi korxonada mavjud bo’lgan hamma resurslardan (moddiy, mehnat, moliyaviy) har tomonlama rejali foydalanishga qaratilgan tashkiliy tadbirlarni qo’llash, ayniqsa mehnat resurslarini tejash asosida ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, mehnat unumdorligini o’stirish, foyda va rentabellikni oshirishdan iborat.
Mehnatni ilmiy tashkil qilishning psixofiziologik masalasi sog’lom va xavfsiz mehnat sharoitini ta’minlab berishdan, xodimlarning ish qobiliyatini saqlab qolish, og’ir jismoniy ishlarni kamaytirish, bir turli ishlar miqdorini kamaytirish, jismoniy ishlarni aqliy ishlar bilan birgalikda olib borishdan iborat.
Mehnatni ilmiy tashkil qilishning ijtimoiy masalasi mehnatni mazmunli ta’minlash, uni ijodiy unsurlar bilan boyitish, kasbning mavqeini oshirib va mehnatni asta-sekin kishining birinchi hayotiy ehtiyojiga aylantirishdan iborat.
Mehnatni ilmiy tashkil qilishning masalalari asosida, uning asosiy vazifalari paydo bo’ladi, mehnatni ilmiy tashkil qilishning masalalarini yorqinlashtiradi, uni ishlab chiqarishga, alohida insonga bo’ladigan ta’sirini o’rgatadi, mehnatni tashkil qilish va ilmiy tashkil qilish iboralari orasidagi farqni tushuntiradi.
Keyingi yillarda olim va mutaxassislar tomonidan “Mehnatni tashkil qilish” va “Mehnatni ilmiy tashkil qilish” bir xil ma’noni bildiradi, tashkil qilish bu ilmiy tashkil qilishdir degan fikrni olg’a surdilar. Lekin mehnatni ilmiy tashkil qilish mehnatni ixtiyoriy, stixiyali, tasodifiy tashkil qilinishiga qarshi chiqqan holda paydo bo’lgan.
“Ilmiy” so’zi bunda mehnatni tashkil qilishni sifatli tasnifini anglatadi.
Shu sababli mehnatni ilmiy tashkil qilishning vazifalari korxonada mehnatni ilmiy tashkil qilishni baholash uchun mezon sifatida ishlatiladi.
Mehnatni ilmiy tashkil qilishni insonga va ishlab chiqarishga bo’ladigan ta’sirini hisobga olgan holda, uning quyidagi vazifalari belgilangan:
- resurslarni jamlash yoki mehnat resurslaridan oqilona foydalanish vazifasi: u ish vaqtini iqtisod qilishga, xom ashyo, material, energiya, yoqilg’i va boshqalardan tejamli foydalanishga, har xil foydasiz mehnatni yo’qotishga qaratilgan. Bu korxonalarda mehnatning oqilona taqsimoti va kooperatsiya asosida, ilg’or ish usullari va harakatlarini qo’llash, ish o’rnini aniq tashkil qilish, unga xizmat ko’rsatishni yaxshi yo’lga qo’yilgan tizimlarini qo’llash asosida amalga oshiriladi. Resurslardan tejamli foydalanish mahsulot sifatini oshirishdagi asosiy omildir: yuqori sifat ko’p sonli mahsulot qiymatiga mos keladi. Resurslarni iqtisod qilib foydalanish ishlab chiqarishni samarali jadallashtirishdagi asosiy (richag) bo’lib hisoblanadi. Hozirda sanoat korxonalarida yoqilg’i, energiya, metallarga bo’lgan talabni o’sishining 75-80% ulardan tejamli foydalanish hisobiga amalga oshirilishi kerak. Bular faqat ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish hisobiga emas, balki mehnatni oqilona tashkil qilinishiga ham asoslanadi. Demak u mehnatni ilmiy tashkil qilishning asosiy mezoni bo’lib, mehnat xarajatlari, moddiy va moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish va tejamkorlikni ta’minlashga qaratilganligi bilan asoslanadi[6].
Mehnatni ilmiy tashkil qilishning optimallashtirish vazifasi mehnatni tashkil qilish darajasini ishlab chiqarishning texnik jihozlanganligining ilg’or darajasiga to’liq mos kelishini ta’minlashdan iboratdir.
Mehnatni optimallashtirish hozirgi kunda ko’plab iqtisodiy masalalarni echish yo’llarini izlashdagi markaziy yo’nalish bo’lib hisoblanadi, bunday masalalar mehnatni tashkil qilishda ham mavjud bo’lib, mehnatni ilmiy tashkil qilish ushbu masalalarni echishning optimal variantini topish uchun xizmat qiladi.
Samarali xodimni shakllantirish vazifasi - bu ilmiy asosda mutaxassislikka yondoshish, xodimlarni tanlash, ularni o’qitish va muntazam ravishda ularning malakasini oshirishdan iborat.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida xodimlarni tanlash sifatiga, ularning kasbiy mahoratiga bo’lgan talab oshib bormoqda.
Qo’llanilayotgan texnikaning murakkablashuvi xodimlarning javobgarligining oshishini, ulardan o’z vaqtida to’g’ri qarorlar qabul qilishni, texnologik operatsiyalarni maqsadga muvofiq harakatlar bilan bajarishni taqozo qiladi. Shunga ko’ra, kadrlarni shakllantirish, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakalarining oshishidagi ilmiy yondoshuv - mehnatni oqilona tashkil qilishning asosiy vazifalaridan bo’lib bormoqda.
Mehnatni engillashtirish vazifasi bu sog’lom, xavfsiz va qiziqarli mehnat sharoitlarini yaratish, oqilona ishlash va dam olish jadvallarini tuzish, ish vaqtining egiluvchan jadvalidan foydalanish, og’ir jismoniy mehnatni normal kattalikkacha yengillashtirishdan iboratdir. Har bir inson uchun uning sog’lig’idan katta boylik yo’q, uni muhofaza qilish - eng muhim vazifalardan biridir. Kishilarning salomatligini saqlash muammosi asosan ishlab chiqarish sharoitlari bilan bog’liqdir. Shu sababli mehnatni ilmiy tashkil qilishning yana asosiy vazifalaridan bo’lib - ishlab chiqarishda mehnatkashlarning sog’lig’ini yaxshilashga qaratilgandir.
Mehnatni bir tartibga solish vazifasi bu jismoniy va aqliy mehnatni moslashtirishga yo’naltirilgan bo’lib, mehnatni bir tomonlamaligini, bir xildaligini oldini olish, ishlab chiqarishda kishini har tomonlama rivojlanishi uchun to’la sharoit yaratishdan iborat.
Mehnatni yuksaklikka ko’tarish vazifasi - mehnatni tashkil qilishning asosiy vazifalaridan bo’lib hisoblanadi. Sarflangan mehnat qanchalik tejamli bo’lmasin, agar unda kishining ijtimoiy talablari, yuqori mazmunli, mavqeli mehnat qilishga intilishlari hisobga olinmasa, mehnatni ilmiy tashkil qilish haqida gapirmasa ham bo’ladi. Mehnat turlarini ko’paytirish, uning mazmun mohiyati va qiziqarliligini oshirishi, juda oddiy mehnat harakatlarini kamaytirishi, mehnat turlarini almashtirib turish asosida mehnatni yuksaklikka ko’tarish mumkin.
Ishlab chiqarish madaniyatini oshirish vazifasi - korxonalarda ishlab chiqarish muhitini estetik jihatdan tashkil qilish, mehnatning yoqimliligini oshirish, oqilona ish o’rinlarini tashkil qilish, odamlarni boshqarishda demokratik uslublardan foydalanish va boshqalardan iboratdir.
Mehnatni tashkil qilishning tarbiyaviy va faollashtirish vazifasi mehnat intizomini mustahkamlashga, mehnat faolligini, ijodiy tashabbuskorlikni o’stirishga qaratilgan bo’lib, u yuqori darajali mehnatni tashkil qilish asosida xodimlarda ushbu sifatlarning shakllanishiga ta’sir ko’rsatadi, xodimlarda bu sifatlar qanchalik yuqori bo’lsa, korxonaning samaradorligi ham shunchalik yuqori bo’ladi.
Mehnatni ilmiy tashkil qilish vazifalarini anglash - bu korxonada mehnatni tashkil qilish bo’yicha muammolarni echishda har tomonlama yondoshishga, xodimlarga mehnatni ilmiy tashkil qilish mexanizmining ta’sirini aniq tasavvur qilishga yordam beradi.
Mehnatni ilmiy tashkil qilishning vazifalari bu sifatlarni ishlab chiqarishdagi ahamiyatini, uning o’rnini aniq belgilab beradi.
Mehnatni ilmiy tashkil qilishda yuqoridagi hamma vazifalar mavjud bo’lib, ularni birgalikda echish asosida, ishlab chiqarishni tashkil qilish masalalari, texnika va texnologiyaning taraqqiyoti bilan bog’langan holda olib borish bilan yuqori samaraga erishish mumkin.
Mehnatni ilmiy tashkil qilishning rivojlanish va shakllanish asoslari ilm-fan, texnika va ishlab chiqarishning ilg’or tajribalari hisoblanadi. Bular asosida kishilarning mehnat faoliyatini oqilona tashkil etishni ta’minlash bo’yicha tekshirish va amaliy ishlar olib boriladi.
Mehnatni ilmiy tashkil qilishning ijtimoiy-iqtisodiy asoslari iqtisodiy qonunlar va kategoriyalarga tayanib, aniq tadbirlar amalga oshirilishi natijasida vaqtni iqtisod qiladi, ishchilarning mehnatini o’zgartiradi, rag’batlantiradi, turmush va mehnat qulay sharoitlarini ta’minlaydi.
Mehnatning texnik-texnologik asoslari - yangi texnika va texnologiyani joriy etishga, yangi mehnat qurollari va yangi texnologiyalarni mehnatni ilmiy tashkil qilish talablari asosida joriy qiladi.
Huquqiy asoslari - mehnat masalalarini yo’naltiruvchi davlat qonunlari, huquqiy me’yorlar va qoidalar yig’indisi. Bularga: davlat konstitutsiyasi, mehnat kodeksi, sanitar qonun qoidalar, mehnat xavfsizligi bo’yicha standartlar va boshqalar kiradi.
Psixofiziologik asoslari - har bir mehnatni ilmiy tashkil qilish chora-tadbirlari odam organizmiga qanday ta’sir qiladi degan nuqtai nazarga asoslanadi, uni sog’lig’ini saqlashga, hayotiy faoliyatini oshirishga qanday darajada ta’sir qilishini ko’rsatadi.