1-mavzu. Kirish.“O’zbekistonning eng yangi tarixi” O’quv fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy- metodologik tamoyillari (2 soat)



Yüklə 151,14 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə1/2
tarix07.01.2024
ölçüsü151,14 Kb.
#202187
  1   2




1-MAVZU. KIRISH.“O’ZBEKISTONNING ENG YANGI TARIXI” 
O’QUV FANINING PREDMETI, MAQSADI VA VAZIFALARI, NAZARIY-
METODOLOGIK TAMOYILLARI (2 SOAT). 
Reja:
1. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining fan sifatida tutgan o‘rni. Uning 
o‘rganish obʼyekti va predmeti.
2. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik, ilmiy-nazariy 
asoslari, usullari va tamoyillari.
3. O‘zbekistonning eng yangi tarixini davrlashtirish.
4. O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishning ahamiyati.
Tayanch so‘zlar. 
Fanning predmeti va obʼyekti, o‘quv jarayoni, O‘zbekiston, tarix, eng yangi 
tarix, mustaqillik, ijtimoiy fanlar, inson omili, millat o‘tmishi, tarixiy makon, 
voqea-hodisalar, inson va tabiat, tarix falsafasi, mentalitet, metodologiya, ilmiy-
nazariy asoslar, usullar, tamoyillar, ijtimoiy zaruriyat, nazariya, sivilizatsion 
yondashuv, metodologiya tamoyillari, davrlashtirish, yordamchi fanlar, madaniy 
meros, fanning ahamiyati va vazifalari. 
1. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining fan sifatida tutgan o‘rni. Uning 
o‘rganish obʼyekti va predmeti.
Tarix fani ijtimoiy taraqqiyot va o‘tmishga oid turli xil voqelik hamda 
hodisalarning izchil rivojlanishi, ularning qachon, qayerda, qanday holatda yuz 
bergani, insoniyatning paydo bo‘lishi va uning tadrijiy-evolyutsion rivojlanishi, 
ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlar hamda madaniy-maʼnaviy hayot jabhasi va 
boshqalarni o‘rganadi. Shuningdek, O‘zbekiston tarixi umumjahon-insoniyat 
tarixining ajralmas qismi hisoblanib, o‘z navbatida, ahamiyatga molik voqeliklarga 
juda boydir. O‘zbekiston tarixi fani mana shu voqeliklarni boshidan kechirgan 
qadim va yaqin ajdodlarimizning hayoti qanday bo‘lganini, jahon tarixi 
taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissalarini xolisona va haqqoniy tarzda o‘rganadi.


iqtisodiy hayot, madaniy-maʼrifiy yangilanishlar masalasini o‘rganish – o‘sib 
kelayotgan avlod, yuksak maʼnaviyatli shaxsni tarbiyalashda, shubhasiz, katta 
ahamiyat kasb etadi.
Masala mohiyatining dolzarbligini hisobga olib, 2020-2021 o‘quv yilidan 
boshlab respublika Oliy o‘quv yurtlarida O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanini 
o‘qitish jarayoni boshlandi. Shubhasiz yaqin o‘tmish tarixini xolisona va ilmiy 
jihatdan o‘rganish tarixchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Tarixiy 
haqiqatning to‘la ro‘yobga chiqishi, haqqoniy tarix yozilishida tarix fanining 
predmeti va obʼyektining to‘g‘ri belgilanishi muhim ahamiyatga egadir. Chunki 
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani uchun ham boshqa barcha fanlar qatori 
predmet va obʼyekt masalasi asosiy masala bo‘lib hisoblanadi. Zero, fanning 
o‘rganish predmeti va obʼyekti aniq bo‘lmasa, uning oldidagi vazifa noaniq bo‘lib, 
maqsadga erishish mushkul bo‘ladi. Bunday holat o‘quv jarayoni samaradorligiga 
ham salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani boshqa ijtimoiy va tabiat fanlaridan 
farqli o‘laroq mustaqil fan hisoblanadi. Shuningdek, u barcha fanlar orasida 
alohida o‘z o‘rni va mavqeyiga ega. U barcha fanlar tarixini ham o‘z ichiga olgan 
holda ularning rivojiga katta taʼsir etadi. Bu uning o‘rganish predmeti va obʼyekti 
hamda vazifasida to‘la namoyon bo‘lmog‘i kerak. Tarix fani o‘z xususiyatiga 
ko‘ra, birinchidan, o‘zining butun diqqat eʼtiborini faqat yaqin o‘tmishga qaratadi, 
undan saboq beradi, xulosa chiqaradi, o‘tgan davrning hayot tarzi, ijtimoiy-siyosiy, 
madaniy-maʼrifiy, iqtisodiy jarayonlarini o‘rganadi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani boshqa ijtimoiy fanlarga 
nisbatan ancha aniq fandir. U matematika usulidan ham keng foydalanadi. Tarixiy 
voqea va hodisalar qatʼiy aniqlikda, davriy ketma-ketlik – xronologik asosda 
o‘rganiladi. Shuningdek, tarixiy voqea va hodisalar, hujjat va dalillarning haqiqiy 
va haqiqiy emasligi, ular qachon, qayerda, qanday tarixiy muhit va sharoitlarda 
tarixan voqeʼ bo‘lgani aniqlanadi. Va nihoyat, bo‘lib o‘tgan voqeliklarning aniq 
sabab va oqibatlari, shu bilan birga, ularning aniq shakl-shamoyillari va holati 
aniqlanadi.


Uchinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani mamlakatimiz yaqin 
o‘tmishidagi siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy hayotining ahvoli, holatini o‘rganadi, 
ulardan kelajak uchun saboq va xulosa chiqaradi. Mustaqillikka erishishidagi 
murakkab siyosiy ahvol tahlil etilgan holda istiqlolning qanchalik ulug‘ neʼmat 
ekanligi ko‘rsatib beriladi. Bu esa kelajak avlod uchun dasturilamal sifatida xizmat 
qiladi.
To‘rtinchidan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani ko‘p qirralik va xilma-
xillik xususiyatiga ega. U jamiyat taraqqiyotining va inqirozlarining faqat bir 
tomoninigina emas, balki jamiyatning hamma tomonlarini uzviy, o‘zaro 
bog‘liqlikda, bir butunlikda o‘rganadi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani 
mamlakatning yaqin o‘tmishdagi voqeliklari, insoniyat hayoti, jamiyat 
taraqqiyotini tahlil qiladi. Uning o‘rganish predmetiga esa mana shu makondagi 
jamiki voqelik va jarayonlar, ulardagi umumiy aloqadorlik va yaxlit birlik hamda 
qonuniyatlar hodisasi va jarayonlar, umuman, xalq va insonning yaratuvchanlik 
faoliyati kiradi.
Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, butun bir xalqlar, elatlar, millatlar va 
davlatlarga taalluqli bo‘lgan murakkab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy 
jarayonlar tarixda o‘z aksini topadi. Tadqiqotchilarning eʼtirof etishlaricha, inson 
har qanday tarixning predmeti hisoblanadi. Har bir voqea, hodisa inson (yoki uning 
bir guruhi – xalq) xatti-harakati, uning ko‘zlagan maʼlum maqsadga intilishi 
jarayonida sodir bo‘ladi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining o‘rganish 
makoni – obʼyekti mamlakatning eng yangi tarixi davri hisoblanadi. Mazkur davr 
respublika mustaqillikka erishganidan to shu bugungi kunga qadar bo‘lgan hayot 
tarzini qamrab oladi. Tarixiy obʼyekt (makon)ga nisbatan O‘zbekistonning eng 
yangi tarixi fanining maqsadi, vazifasi, yo‘nalishi va harakat (faoliyat) doirasi yoki 
chegarasi belgilanadi. Maʼlum bir maʼnoda obʼyekt bilan predmet bir-biriga juda 
yaqin tushuncha bo‘lsa-da, ular tarix fanida tutgan o‘rni va vazifasi bilan 
farqlanadi.
Obʼyekt aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik mintaqaviy 
chegaralar, maʼlum bir xalq, millat, mamlakat tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, maʼlum 


hudud doirasidagi voqea va hodisalarning bir butun va yaxlitlikda o‘z ichiga oladi. 
Predmet esa mana shu bir butun obʼyekt ichidagi aniq siyosiy, tarixiy-madaniy, 
ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan iborat bo‘ladi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani fan sifatida ijtimoiy-siyosiy, umuminsoniy 
xarakterdagi fan bo‘lib, inson va millat o‘z o‘tmishini bilishi, o‘zligini anglashi 
hamda kelajagini belgilashida asosiy dasturilamal hisoblanadi. Shu bilan birga, u 
ijtimoiy-siyosiy hayot sohasidagi yagona fan ham emas. Jamiyat, umuman, 
insoniyat o‘tmishini o‘rganuvchi boshqa soha fanlari ham bor. Masalan, 
arxeologiya, etnologiya, geologiya, antropologiya, demografiya, madaniyat, 
iqtisodiyot va boshqa fanlar shular jumlasidandir. Аmmo boshqa fanlarning 
hammasi tabiat, jamiyat ham, avvalo, katta tarixda aks etadi. Soha tarixi fanlari 
ham tarix fanining o‘rganish obʼyekti va predmeti hisoblanadi.
Tarix fani boshqa, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlar bilan mustahkam va uzviy 
aloqa birligida rivojlanadi. Shuning uchun ham tarixchilar falsafa, adabiyot, 
tilshunoslik, dinshunoslik va boshqa fanlarni bilmay turib, haqqoniy tarixni to‘la 
yoritib berolmaydilar.
Shuni ham aytish lozimki, tarix bilan boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning 
o‘rganish obʼyekti bitta, yaʼni jamiyat hisoblanadi. Predmeti esa inson va tabiatdir. 
Shuning uchun ham boshqa fanlar tarix fani taraqqiyotiga, tarixiy haqiqatlarning 
ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. Shuningdek, tarix fani ham boshqa 
soha fanlari rivojiga katta taʼsir etadi. Bundan tashqari tarix boshqa fanlarni, 
shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlarning ham tarixidir. Chunki boshqa fanlarning 
hammasi ham tarix mahsulidir.
Muxtasar qilib aytganda, tarix fani, yaʼni Vatan tarixi – millat va Vatan 
kelajagining ravnaq topishida muhim ahamiyatga ega. Masalaning mohiyati 
shundaki, birinchidan, ijtimoiy-gumanitar fanlarning rivojlanishi har jihatdan tarix 
fanining naqadar haqqoniy bo‘lishiga bog‘liqdir. Chunki ular tarix bilan bevosita 
bog‘liq. Ikkinchidan, tarix falsafasi qanchalik to‘la va ravon tarzda yuzaga chiqsa, 
boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning mazmun va mohiyati hamda taʼsirchanligi 
ham shuncha yuksak darajada bo‘ladi.


Tarix falsafasi deganda, tarix, yaʼni o‘tmish tajribasi va sabog‘idan to‘g‘ri xulosa 
chiqara olish tushuniladi. Boshqacha qilib aytganda, o‘tmish-tarixga qarab, 
kelajakni his etish, ko‘ra bilish va to‘g‘ri belgilay olish ham tarix falsafasini 
anglashni bildiradi.
Tadqiqotchilarning eʼtirof etishlaricha, insonning shaxsiy manfaat va 
ehtiyojlari, qolaversa, uning qobiliyati, isteʼdodi, voqelikni teran idrok etishi tarix 
falsafasini anglab yetishda muhim ahamiyat kasb etadi. Аynan shu nuqtayi 
nazardan olib qaraganda, inson aql-idroki, uning tafakkur darajasi, hayotiy 
falsafasi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lidagi barcha saʼy-harakatlari hamda intilishlari 
maʼlum millat va jamiyat mentalitetini belgilab beradi. Mana shu mentalitet millat 
yoki xalqning umummadaniy-maʼnaviy darajasi, aql-idroki va tafakkur 
maydonining salohiyatiga qarab o‘ziga xos mazmun-mohiyat kasb etadi. Tarix esa 
ana shu murakkab, ziddiyatli, shu bilan birga, qudratli ruhiyat va faoliyat orqali 
xotiraga aylanadi. Bu holat tarix falsafasini o‘zida ifoda etadi.
2. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik, ilmiy-nazariy 
asoslari, usullari va tamoyillari.
Taʼkidlash lozimki, har qanday fan kabi O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani ham 
o‘zining metodologik, ilmiy-nazariy asoslari va tamoyillariga ega fan hisoblanadi. 
Bular O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining asosini tashkil etib, uning 
rivojlanishi, jamiyat va millat manfaati yo‘lidagi nufuzining ortib borishi uchun 
muhim ahamiyat kasb etadi. Muhimi, ilmiy-nazariy tamoyillar eng yangi tarixning 
haqqoniy yozilishi, tarixiy haqiqatni yuzaga chiqishiga xizmat qiladi.
Аgar tarix insoniyat yashab rivojlanishi uchun ijtimoiy zaruriyat va maʼnaviy-
maʼrifiy ehtiyoj bo‘lsa, tarix fani esa bu ehtiyojlarni ro‘yobga chiqishi uchun 
masʼul bo‘lgan yuksak intellektual ilmiy-amaliy faoliyatdir. Buning samarali 
bo‘lishi, yaʼni tarix fani rivojlanishida metodologik ilmiy g‘oya va nazariyalar
usul va uslubiy tamoyillarning ahamiyati benihoya kattadir. Chunki bular tarixning 
mazmun va mohiyati hamda falsafasini chuqurroq ochib berishga, shuningdek, 
tarix fanining maqsad va vazifasini to‘laroq ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam 
beradi. Shuning uchun ham O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik 


ilmiy-nazariy asoslari, g‘oya va taʼlimotlari nimalardan iborat bo‘lishi muhim 
masala sanaladi.
Mutaxassislarning fikricha, tarix moziyni o‘rganish haqidagi fan bo‘lib, 
ilmiy atama sifatida ikki o‘zaro aloqadorlikdagi tushunchani ifodalaydi. 
Birinchidan, tarix jamiyat taraqqiyoti to‘g‘risidagi fan bo‘lib, uning mavzusi 
kishilik jamiyati o‘tmishining, uning turli-tuman sohalardagi taraqqiyoti va 
o‘zgarib borish jarayonini o‘rganadigan fandir. Ikkinchidan, tarix bu insoniyat 
to‘g‘risidagi fan bo‘lib, jamiyatning o‘tmishini tadqiqot yo‘li bilan aniqlab, 
o‘tmishda inson tomonidan yaratilgan, inson zakovatining natijalari bo‘lgan 
jarayonni tadqiq etish va bizgacha bo‘lgan davrni o‘rganib, kelajak avlodga 
yetkazadigan fandir.
Tarixshunoslikdan maʼlumki, tarixiy jarayonlar undagi qonuniyatlar bilan 
asoslanadi. Tarix fanining asosiy tayanch tushunchasini tarixiy asos va tarixiy 
manba, tarixiy makon va tarixiy zamon tashkil etadi. Soha mutaxassislarining 
eʼtirof etishlaricha, tarix fanini o‘rganishdagi eng dolzarb muammo – bu tarixiy 
voqelik va tarixiy manbalar bo‘lib, mana shu ikki muammoga tom maʼnoda ilmiy 
yondashish tarix fanining nazariyasi va metodologiyasini aniqlashda muhim 
ahamiyat kasb etadi. Chunonchi, har bir fanda bo‘lganidek, tarix, jumladan, 
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining ham o‘zining nazariyasi va 
metodologiyasi mavjud. Nazariya – bu ilmiy bilimlar yig‘indisi va boshqa fanlar 
bilan mavjud bo‘lgan aloqadorlikni bilish jarayonidir.
Tarixchilar, sohada izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar butun 
insoniyat, millat, xalq va o‘rganish obʼyekti evolyutsiyasi, uning mazmun-
mohiyatini to‘g‘ri anglash, tahlil qila olishi lozim. Аgar tarix falsafasi tarixiy 
voqealiklar tahlilidan kelib chiqadigan haqiqat (xulosa)larning so‘zdagi aniq 
ifodasi bo‘lsa, tarix fani metodologiyasi mana shu tarixiy haqiqatlarning ro‘yobga 
chiqishi – tarix haqqoniy tarzda yozilishi uchun birdan-bir to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi 
dasturdir. Yuqoridagi mulohazalarni muxtasar qilib aytganda, metodologiya fanlar 
ichidagi fan hisoblanadi.


Аvvalo, metodologiya haqida to‘xtalsak, metodologiyaning lug‘aviy 
maʼnosi grekcha “Metodos” va “Logos” degan ikki so‘z birikmasidan iborat bo‘lib, 
metod, yaʼni usul – tadqiqot olib borish usuli (yo‘li), nazariya, taʼlimot, logiya esa 
fan deganidir. Demakki, metodologiya, yaʼni uslubiy ilmiy tadqiqot ishini olib 
borish yoki biror bir masalani ilmiy o‘rganishning eng qulay usullari, eng to‘g‘ri va 
mukammal g‘oyasi, nazariyasi va taʼlimotlari majmuidan iborat bir butun fandir. 
Boshqa maʼnoda esa metodologiya ilmiy bilish yoki maʼlum bir ilmiy faoliyatni 
tashkil etish va amalga oshirishda qo‘llaniladigan usullar haqidagi fandir. Demak, 
tarix fani metodologiyasi tarixni o‘rganuvchi va o‘qituvchilarni aniq maqsad sari 
to‘g‘ri yetaklaydi, yaʼni tarix haqqoniy yozilishi va o‘rganilishiga yo‘l-yo‘riq 
ko‘rsatadi.
Har qanday fanning metodologiyasi deganda metod (usul)lar majmui 
tushuniladi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanini o‘qitish metodologiyasi 
deganda bu yo‘nalishdagi ilmiy bilimlarning tuzilishi va rivojlanishi, ularning 
natijalarini asoslash yo‘llarini amaliyotga tadbiq etilishi, mazkur fanga xos bo‘lgan 
ilmiy bilimlar mexanizmining samarali usullari tushuniladi. Tarix fani 
metodologiyasi deb tarix fanlari doirasidagi ilmiy bilimlarning tuzilish 
tamoyillariga, shakli va ilmiy jihatdan O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani 
doirasida qo‘llaniladigan taʼlimotga aytiladi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi 
fanining fan sifatidagi nazariy-metodologik asoslari o‘zida mazkur fanning 
qonuniyatlari va tamoyillarini, faqatgina shu fanga xos bo‘lgan qatʼiy tushunchalar 
majmui va bilish metodlarini o‘z ichiga oladi.
Tarix fanining rivoji, uning metodologiyasi rivojiga bog‘liq bo‘lganidek, 
tarix fani metodologiyasi yuksak darajada takomil topishi tarix fani qay darajada 
ekanligiga ham bog‘liq. Bu holdagi uzviy va ikki tomonlama bog‘liqlik har ikkala 
yo‘nalishning umumiy qonuniyatidir. Mana shu o‘zaro aloqadorlik qonuniyatini, 
mumtoz tarixshunoslik va hozirgi zamon sivilizatsion yondashuvlarga asoslangan 
holda O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani metodologiyasini quyidagi ikki qismga 
bo‘lish tavsiya etiladi:


• O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik ilmiy-nazariy, g‘oyaviy 
va falsafiy asoslari. Bunga quyidagilar kiradi:
• Din bilan dunyoviylik o‘rtasidagi mo‘tadil munosabat;
Tarixning milliy, umuminsoniy, qaytarilmas hodisa hamda qadriyat ekanligi;
• Tarixga hozirgi zamon sivilizatsiyasi nuqtayi nazaridan turib, ilmiy va xolisona 
asnoda yondashish;
• Tarixiy taraqqiyot asosini evolyutsion – tadrijiy yo‘l va islohotchilik tashkil etadi 
deb bilish;
• Tarixga milliy mentalitet nuqtayi nazaridan, o‘zgalar tarixiga hurmat ruhida 
murojaat etish;
• Tarix, jamiyat va tabiat hamda insoniyat (barcha tarixiy voqelik va jarayonlar) 
dialektika hamda sinergetika qonuniyatlari asoslarida rivojlanishini anglash;
• Tarix milliy va umuminsoniy xotira, millat va xalqlarning maʼnaviy o‘zagi, 
tani hamda g‘oyaviy-mafkuraviy muhofaza quroli ekanligini tushunish. 
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining ilmiy usul va tamoyillari quyidagilardan 
iborat:
• Ilmiy xolislik (obʼyektivlik);
• Tarixiy – tahliliylik;
• Mantiqiy – uzviylik;
• Vorislik va xronologik izchillik;
• G‘oyaviylik va vatanparvarlik;
• Qiyoslash, kuzatish va umumlashtirish;
• Bahslashish, munozara yuritish va asoslab berish;
• Matematik hisoblash;
• Shakllantirish va modellashtirish;
• Аyrimlikdan umumiylikka (induktsiya) va umumiylikdan ayrim (juzʼiy)likka 
(deduktsiya);
Maʼlumki, sovet davridagi tarix fani o‘tmishni soxtalashtirdi, din ilmga zid, 
tarixiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiladi degan dahriylikka amal qilindi. Sovet 
davlatida hukmron bo‘lgan kommunistik mafkura tarixiy o‘tmishga nisbatan bir 


tomonlama, sinfiy, partiyaviy yondashuvni rasmiy darajaga olib chiqqan edi. 
Tarixni xolisona o‘rganish zamonaviy dunyoda ustuvor darajada bo‘lmog‘i lozim. 
Shuning uchun ham u din bilan muʼtadil, mutanosiblik asosida o‘rganilmog‘i 
hozirgi davrda asosiy maʼnaviy mezonlardan biri bo‘lib turibdi. Bu esa yoshlarni 
turli xil din niqobi aslida dinga aloqasi bo‘lmagan turli noqonuniy guruhlarga 
adashib kirib qolishlarining oldini oladi, shuningdek, tariximizni xolisona 
haqqoniy yoritilishiga imkon beradi. Tarixiy o‘tmishni ilmiy va xolisona o‘rganish 
zamonaviy dunyoning asosiy mezoniga aylanmoqda.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 
tomonidan ilgari surilgan va jahon hamjamiyatining yuksak eʼtirofiga sazovor 
bo‘lgan ijtimoiy hayot bobida “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik” tamoyilini targ‘ib 
etish ulkan ahamiyat kasb etadi.
Qayd etish lozimki, tarixiy-tahliliylik tamoyili tariximizda qadimdan 
muarrixlar tomonidan qo‘llanib kelingan qulay usul hisoblanadi. Bu usul tarixiy 
voqea va hodisalarning nechog‘liq to‘g‘ri hamda noto‘g‘riligini aniqlashga, tarixni 
haqqoniy va to‘g‘ri yozilishiga yaqindan yordam beradi.
Har qanday fan kabi O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani ham o‘zining 
metodologik ilmiy-nazariy asoslari va tamoyillariga ega. Bular O‘zbekistonning 
eng yangi tarixi fanining asosini tashkil etib, uning rivojlanishi, jamiyat va millat 
manfaati yo‘lidagi nufuzining ortib borishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Eng 
muhimi, ilmiy-nazariy tamoyillar Vatan tarixining haqqoniy yozilishi, tarixiy 
haqiqatning yuzaga chiqishiga xizmat qiladilar.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi mazmun-mohiyatiga ko‘ra, ilmiy va amaliy 
ahamiyatga egadir. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 
1996-yil 13-dekabrdagi Farmoniga ko‘ra – O‘zbekistonning yangi tarixini 
tayyorlash va nashr qilish haqida qaror qabul qilindi. Shu asosda mustaqillik davri 
aks etgan qator adabiyotlar yuzaga keldi. 1998-yilda chop etilgan “Tarixiy 
xotirasiz kelajak yo‘q” risolasida tarix fanining qator dolzarb masalalariga eʼtibor 
qaratildi.


Masala mohiyatini dolzarblik jihatidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston 
Respublikasi Prezidentining 2012-yil yanvarida qabul qilgan qaroriga asosan Oliy 
va O‘rta maxsus taʼlim vazirligi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi 
jamoatchilik kengashi tashkil etildi. Mazkur jarayonni yanada takomillashtirish 
maqsadida 2017-yil 30-iyunda Prezident Sh.M.Mirziyoyev imzosi ostida 
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng 
yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashini tuzish to‘g‘risida”gi Qaror qabul 
qilindi.
Keyingi yillarda mamlakat tarixini ilmiy manbalar, arxiv hujjatlari, tarixiy 
adabiyotlar asnosida ilmiy va xolisona tarzda o‘rganish, tadqiq etish, yoshlarni 
tarixiy bilim bilan qurollantirish, ularda yuksak axloqiy, maʼnaviy fazilatlarni 
yuksaltirish borasida qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, Respublika 
Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning qator chiqish va nutqlarida taʼlim va tarbiya 
masalasi bevosita o‘rin egallamoqda. Xususan, 2021-yil 19-yanvardagi maʼnaviy-
maʼrifiy 
masalalarga 
bag‘ishlangan 
yig‘ilishda, 
respublikamizning 
mustaqilligining qutlug‘ 30 yillik tantana tadbirlari, 1-oktabr O‘qituvchi va 
murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tadbirda tarix ilmini chuqur va asosli o‘rganish 
masalasiga alohida urg‘u berildi. Mustaqillik davrida o‘tgan kunlarni alohida 
o‘rganish, tadqiq etish, ilmiy-nazariy xulosalar chiqarishni taqozo etadi. Bu, 
birinchidan, istiqlol yillarida O‘zbekiston dunyo hamjamiyatida o‘ziga xos nufuzga 
ega bo‘ldi. Moddiy resurslari, ishlab chiqarish imkoniyatlari, aqliy va jismoniy 
salohiyatlariga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlar bilan tengma-teng turib, hamkorlik 
qilish imkoniyatlariga ega bo‘ldi; ikkinchidan, mamlakatimiz uchun og‘ir, 
masʼuliyatli paytda respublikamizda ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy barqarorlik 
taʼminlandi. Respublika hukumati mana shunday ziddiyatli holatda vaziyatni tezda 
anglab yetdi va to‘g‘ri siyosat yuritdi. O‘zbekistonning eng yangi tarixini 
o‘rganishda 90-yillarga oid arxiv hujjatlari, kinofoto va ovozli hujjatlar, tegishli 
adabiyotlar katta ahamiyat kasb etdi.
Istiqlol tufayli o‘z tariximizni o‘zimiz yozish va tarix fani metodologiyasini 
ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldik. O‘tgan davr ichida O‘zbekistonning yangi 


tarixi yozildi va tarix fani jadal rivojlanmoqda. Butunlay yangicha ruh va 
mazmundagi ilmiy qarash (konsepsiya)lar paydo bo‘ldi, zamonaviy nazariy-
kontseptual qarashlarni o‘zida aks ettirgan o‘quv qo‘llanma va darsliklar, tarixiy 
asarlar chop etildi. Bu o‘rinda yuqorida taʼkidlangan metodologik yondashuv 
ilmiy-nazariy asosga ega bo‘lib, uning ahamiyati yuqori darajada bo‘ldi.
3. O‘zbekistonning eng yangi tarixini davrlashtirish.
Markaziy Osiyo mintaqasi jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi bo‘lib, 
insoniyat qadimgi tarixi va madaniyati o‘choqlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Uzoq 
yillar mobaynida olib borilgan tadqiqotlar natijasida mintaqaning turli viloyatlarida 
umumiy, bir-biriga o‘xshash, ko‘p hollarda bir-birini takrorlaydigan madaniyatga 
oid yodgorliklar topib o‘rganilgan va ilmiy doiraga tatbiq etilgan. Chunonchi, 
O‘rta Osiyo hududlarida qadimgi davrlarda yuz bergan tarixiy-madaniy, ijtimoiy-
iqtisodiy va siyosiy jarayonlar bir-biriga yaqin bo‘lib, turli migratsion jarayonlarga 
qaramasdan bu hududda yashagan qadimgi qabilalar hamda elatlarni umumiy va 
etnik ildizlar birlashtirib turgan. Shuning uchun ham O‘rta Osiyo xalqlarining 
tarixiy taqdiri qadimgi davrlardan boshlab bir-biriga uzviy bog‘langan bo‘lib, 
qadimgi davrlar haqida so‘zlaganimizda “Markaziy Osiyo tarixi” va “O‘zbekiston 
tarixi” atamalarini yonma-yon ishlatishimizning boisi ham ana shundadir. 
Maʼlumki, nafaqat O‘zbekiston, balki butun insoniyat tarixi uzoq va murakkab 
jarayon bo‘lib, tarixiy-madaniy voqealarga nihoyatda boy hisoblanadi. So‘nggi 
yillarda O‘rta Osiyoning turli hududlarida arxeologiya, antropologiya, etnografiya 
va numizmatikaga oid ko‘plab tadqiqotlar olib borildi hamda tariximizni xolisona 
yoritish uchun xizmat qiladigan muhim maʼlumotlar to‘plandi. Ushbu maʼlumotlar 
va ashyolar o‘lka tarixining turli bosqichlaridagi iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy-
siyosiy jarayonlari haqida yanada to‘laroq tasavvurlar hosil qilish imkonini berib, 
ular eng qadimgi xo‘jaliklar va mehnat qurollari, zamonaviy qiyofadagi odamning 
paydo bo‘lishi, xo‘jalikning ishlab chiqaruvchi shakllariga o‘tilishi, ishlab 
chiqarishda metalning ishlatila boshlanishi, ayirboshlash va savdo-sotiq, ilk 
shaharlar va davlatlarning tashkil topishi kabi ko‘plab tarixiy-madaniy 


jarayonlariga bog‘liq ravishda bo‘ladi. Tarixni davrlashtirishda ushbu jarayonlarga 
asosiy eʼtibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston tarixini zamon talablariga asoslanib 
davrlashtirish masalasida turlicha nuqtayi nazarlar mavjud. Bu masala yuzasidan, 
xususan, eng qadimgi davrlardan bugungi kunga qadar bo‘lgan tariximizni 
davrlashtirishda eʼtibor berilishi lozim bo‘lgan tarixiy-madaniy jarayonlar, 
masalaga sivilizatsion yondashuv, davrlashtirishning metodologik asoslari kabi 
masalalarga A.Asqarov, E.Rtveladze, A.Sagdullayev va boshqa olimlar eʼtibor 
qaratganlar. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan tadqiqotlardan kelib chiqib, 
O‘zbekiston tarixini davrlashtirish masalalariga qisqacha to‘xtalib o‘tish lozim. 
Chunki o‘rganilayotgan tarixni, avvalo, xronologik izchillikda davrlarga bo‘lib, har 
bir davrning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib darslik nuqtayi nazaridan 
maʼruzalar belgilash hamda dars soatlarini taqsimlash maqsadga muvofiqdir. 
Qanchalik sodda ko‘rinmasin, bu jihat ham murakkab masala hisoblangan tarixni 
to‘g‘ri davrlashtirishni talab etadi. Masalaning eng muhim tomoni esa 
yoshlarimizga ilmiy asoslangan davrlashtirish yuzasidan tarix fanidan taʼlim 
berishdir.
Yuqorida taʼkidlanganidek, mustaqillik davriga kelib, haqqoniy tariximizni 
yaratish borasida olib borilgan tadqiqotlar tufayli sovet davri mafkurasiga 
asoslangan besh bosqichli formatsion davrlashtirish inkor etildi. Qadimgi tarixni 
davrlashtirish masalasida tarixiy-madaniy taraqqiyotining ijtimoiy-iqtisodiy 
omillariga asosiy eʼtiborni qaratish g‘oyalari paydo bo‘ldi. Xususan, 
A.Sagdullaevning fikricha, Markaziy Osiyo tarixining eng qadimgi davri bir necha 
yuz ming yillarni o‘z ichiga oladi. Yevropa va Osiyo hududlarida tarixiy va 
madaniy jarayonlar rivojlanishining notekisligi, ayniqsa, turli davrlarda moddiy 
madaniyatdagi o‘zgarishlarning bir-biriga mos kelmasligi tufayli, ayrim 
hududlarga tegishli tarixiy sana va davrlashtirish bir-biridan farqlanadi. 
A.Asqarovning fikricha, O‘zbekiston tarixi jahon tarixining tarkibiy qismidir. Bu 
zaminda yuz bergan tarixiy jarayonlarni jahon tarixidan ajratib o‘rganish mumkin 
emas. Ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik jamiyat taraqqiyoti qonuniyatlarining 


mahsulidir. Har bir xalq yer kurrasining qaysi mintaqasida yashamasin, 
taraqqiyotning barcha bosqichlarini u yoki bu darajada bosib o‘tishi shart. Ammo 
jamiyat rivojlanishi hamma yerda birday kechmagan. Jamiyatning notekis 
rivojlanish qonuniyati esa qadimgi zamonlarda ko‘proq mintaqaning tabiiy-
geografik va ekologik imkoniyatlariga bog‘liq bo‘lgan. Jamiyat hayotida yuz 
beradigan tub ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, Markaziy Osiyo tarixining rivojlanish 
darajasi va ana shu mintaqa tarixi taqozo etgan holatdan kelib chiqib, Markaziy 
Osiyo, xususan, O‘zbekiston tarixini davrlashtirish mumkin. Tarixni davrlashtirish 
masalasi A.Asqarovning “O‘zbek xalqining kelib chiqish tarixi” monografiyasida 
ham keng yoritilgan va unda tarixni davrlashtirishda nimalarga eʼtibor berish 
lozimligi taʼkidlanib, O‘zbekiston tarixini 7 ta davrga bo‘lib o‘rganish maqsadga 
muvofiqligi ilgari surilgan. Unda jamiyatda yuz bergan tub o‘zgarishlar hisobga 
olingan holda, birinchidan, har bir ulkan tarixiy davrda jamiyatning iqtisodiy 
asosini harakatlantiruvchi kuchlari kimlar edi? Ikkinchidan, jamiyatda mulkka 
egalik qilishning xarakteri qanday bo‘lgan? Uchinchidan, jamiyat ijtimoiy 
hayotining maʼnaviy asosini qanday mafkura tashkil etgan? – degan savollar 
qo‘yilib, kishilik jamiyati tarixi davrlashtirilishi kerak, degan fikrni ilgari surgan. 
Shu bilan quyidagi davrlashtirish taklif etilgan:
O‘zbekistonda “Ibtidoiy to‘da davri”. O‘zbekistonda “Ibtidoiy urug‘chilik 
jamoasi va mulk egaligining shakllanish davri”. Bu davrni uch bosqichga bo‘ladi: 
1-bosqich – matriarxat urug‘ jamoasi bosqichi. 2-bosqich – XX asrning ikkinchi 
yarmi davomida jahon fanida Shimoliy-Sharqiy Аfrikaning Olduvay darasida olib 
borilgan arxeologik va antropologik izlanishlarga ko‘ra, odamzodning ilk ajdodlari 
bundan 2,5-3 million yil avval Аfrika qitʼasida yashay boshlagan. “Homo sapiyens, 
sapiyens” (aqlli odam) esa, yer kurrasida mil. avv. II million yildan boshlab yashay 
boshlagan, degan tasavvur paydo bo‘ldi. 3-bosqich urug‘ jamoalarining harbiy 
demokratiya bosqichi. O‘zbekistonda “Ilk o‘rta asrlar davri”. “O‘rta asrlar davri. 
Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston tarixining beshinchi davrini 
“Mustamlakachilik” deb atash mumkin. Uning davriy chegarasi – Rossiya 


imperiyasi bosqinidan to 1917-yil oktabr to‘ntarishiga qadar davom etgan davrni 
o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston tarixining oltinchi davri “Sovetlar hukmronligi davri” bo‘lib, bu 
davr 1917-yildan 1991-yilgacha davom etgan. O‘zbekiston tarixining yettinchi 
davri eng yangi deb nomlanib, bu davr 1991-yil 31-avgustdan to bugungi kungacha 
bo‘lgan davrlarni qamrab oladi. Yuqorida akademik А.Аsqarovning mulohazasi 
bo‘yicha guruhlar maʼlum juzʼiy o‘zgarishlar asosida qabul qilindi.
Mazkur davrlashtirish uslubida ham O‘zbekiston hududining o‘ziga xos 
taraqqiyot yo‘li aks etgan. Shuningdek, biz o‘rganayotgan davr, yaʼni O‘zbekiston 
tarixining yettinchi davri “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” deb atalib, ushbu davr 
ham o‘z ichida bir necha bosqichlardan iboratdir. Xususan, mustaqillik davrida 
mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar, 
respublika aholisining fidokorona mehnati tufayli qo‘lga kiritilgan katta yutuq va 
natijalarni, ularning mohiyati va ahamiyatini hisobga olib mustaqil taraqqiyot 
davrining 3 bosqichga bo‘linishini ko‘rish mumkin. Birinchi bosqich 1991-2000-
yillarni o‘z ichiga olib, bu davrda mustaqillikning poydevori bunyod etilib, 
“o‘zbek modeli” asosida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sari yo‘l tutildi, O‘zbekiston 
jahon hamjamiyati tomonidan tan olindi, milliy istiqlol mafkurasi jamiyat hayotiga 
keng kirib bordi.
2001-2010-yillarni o‘z ichiga olgan ikkinchi bosqich, demokratik 
o‘zgarishlar, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy hayot sohalarini 
izchil isloh qilishni taʼminlash davri bo‘ldi.
Uchinchi bosqich esa 2010-yildan 2017-yilgacha bo‘lgan davr hisoblanib, 
bunda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish, fuqarolik institutlarini 
rivojlantirish, 
bozor 
islohotlarini 
va 
iqtisodiyotni 
liberallashtirish 
– 
chuqurlashtirish davri bo‘lib qoldi. Ushbu davrning boshlanishi mamlakatda 
fuqarolik 
jamiyatini 
shakllantirish 
va 
demokratik 
islohotlarni 
yanada 
chuqurlashtirish konsepsiyasining ishlab chiqarilishi bilan bog‘liqdir.
Shuningdek, O‘zbekistonning eng yangi tarixida yuqoridagi bosqichlarga 
qo‘shimcha ravishda 2017-yildan keyingi davrni ham alohida jarayon sifatida 


qabul qilish lozim. Mazkur davr tarixi 2016-yil dekabr oyida saylangan 
O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning strategik taraqqiyotga asoslangan 
keng ko‘lamli jadal islohotlar davri boshlangani bilan izohlash mumkin. Bu davr 
hozirgi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot davri deb ham nomlanmoqda.
Mustaqillikka erishganimizdan keyingi davrda O‘zbekistonning eng yangi tarixini 
yozish soha xodimlari oldidagi dolzarb masalalardan biri bo‘lib, bu o‘rinda 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshida “O‘zbekistonning 
yangi tarixi markazini tashkil etish” to‘g‘risidagi Farmoyishiga muvofiq hamda 
xalqimizning yangi tarixini o‘rganish va yozish, mamlakatimiz hayotida sodir 
bo‘layotgan katta o‘zgarishlar va uning jahonshumul tarixiy ahamiyatini 
ko‘rsatishni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 16-
dekabrdagi “O‘zbekistonning yangi tarixi”ni tayyorlash va nashr etish to‘g‘risidagi 
qarorining o‘rni ahamiyatli hisoblanadi. Ushbu qarorga ko‘ra, O‘zbekistonning 
yangi tarixi”ni yozishda quyidagi asosiy yo‘nalishlar eʼtiborga olinishi belgilab 
berildi:
– xalqimiz o‘tmishidagi millat taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy jarayonlarni 
chuqur ilmiy tadqiq etish va xolisona yoritish;
– “O‘zbekistonning yangi tarixi”ni yozishda tarix bosqichlari va ijtimoiy-siyosiy 
taraqqiyot uzluksiz jarayon ekanligini nazarda tutish, tarixiylik va vorisiylik 
tamoyillariga amal qilish;
– O‘zbekiston xalqining buyuk tarixiy merosga ega ekanligi va umumbashariyat 
qadriyatlariga munosib hissa qo‘shganligini eʼtirof etgan holda o‘ziga xos davlat 
qurilishi anʼanalari va ularga nisbatan fikrlar, qarashlar xilma-xilligi mavjudligini 
hisobga olish;
– “O‘zbekistonning yangi tarixi”ning har bir qism va bo‘limlarini yozishda 
biryoqlama, subʼyektiv yondashuvlarga yo‘l qo‘ymasdan yagona tadqiqot uslubiga 
amal qilish;
– O‘zbekiston tarixiga oid voqea-hodisalarni yoritishda uning ko‘hna Turonzamin, 
Movaraunnahr, Turkiston tarixining tarkibiy qismi bo‘lganligini yodda tutish;


– O‘zbekiston tarixi dunyoning turli mintaqalarida sodir bo‘lgan ijtimoiy-tarixiy 
voqea-hodisalar hamda jahon taraqqiyoti jarayonlari bilan uzviy bog‘liq ekanligini 
va ularning bir-biriga o‘zaro taʼsirini hisobga olish;
– tadqiqot yaratishda eski kommunistik-bolshevistik mafkura aqidalariga va 
o‘tmishni soxtalashtirishga yo‘l qo‘ymaslik, tarixiy jarayonlarni xolisona baholash;
– yoshlarni milliy istiqlol g‘oyalari, vatanparvarlik va umuminsoniylik ruhida 
tarbiyalashda tarixiy voqea-hodisalarning ahamiyatini eʼtiborga olish.
“O‘zbekiston milliy davlatchiligining vujudga kelishi va taraqqiy topishining 
eng yangi tarixini tadqiq etish va o‘qitish, ilmiy, ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik, 
maʼrifiy adabiyotlarni tayyorlash va chop etish, ilm-fanning taʼlim hamda boshqa 
ijtimoiy sohalar bilan integratsiyasi mexanizmlarini mustahkamlash va 
rivojlantirish borasida ilmiy, madaniy, taʼlim, jamoat muassasalari va tashkilotlari 
faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarining samaradorligini oshirish, yoshlarda, 
avvalambor, umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar 
o‘quvchilarida, oliy o‘quv muassasalari talabalarida mamlakat tarixi haqidagi 
chuqur bilimlarni shakllantirish maqsadida” O‘zbekiston Prezidenti Shavkat 
Mirziyoyevning 2017-yil 30-iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar 
akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik 
kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ham O‘zbekistonning eng 
yangi tarixini yaratishda muhim burilish bo‘lib xizmat qildi. Mazkur qaror bilan 
O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashining quyidagi 
asosiy vazifalari belgilandi:
– demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning “o‘zbek 
modeli” mohiyati va mazmunini, jamiyatda barqarorlikni, millatlararo totuvlik va 
diniy bag‘rikenglikni saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borish, hozirgi 
dunyoda O‘zbekistonning roli va o‘rnini chuqur o‘rganish hamda yaqqol ochib 
berish;
– O‘zbekistonning eng yangi tarixini zamonaviy nazariy-metodologik, fanlararo 
yondashuvlarga, tarixiylik va xolislik tamoyillariga asoslangan holda tizimli 
o‘rganishni tashkil etish, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha dolzarb 


muammolarni ishlab chiqish, shuningdek, buyuk tarixiy-madaniy merosga ega 
bo‘lgan va jahon sivilizatsiyasining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan o‘zbek xalqining 
tarixiy o‘tmishi va bugungi kuniga baho berishda bir yoqlama yondashuvlarga, 
aqidaparastlikka yo‘l qo‘ymaslik ishlarini amalga oshirish;
– ilmiy, o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini tayyorlash va chop 
etish ishlarini muvofiqlashtirish, ularda O‘zbekistonning eng yangi tarixini 
umumjahon va mintaqaviy jarayonlar bilan, shuningdek, hozirgi O‘zbekiston 
hududida shakllangan xalqlar va davlatlar sivilizatsiyasining tarixiy-madaniy 
merosi bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rib chiqishni taʼminlash;
– O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha ilmiy, o‘quv va o‘quv-metodik 
adabiyotlar, o‘quv dasturlari monitoringini shakllantirish;
– sohada ilmiy-tadqiqot, o‘quv-metodik ishlarning sifatini yaxshilash bo‘yicha 
takliflarni ishlab chiqish va joriy etish;
– fuqarolarda tarixiy xotira, milliy o‘zlikni anglash, yuksak maʼnaviyat, xalqning 
tarixiy anʼanalari, madaniy merosiga hurmat, O‘zbekiston mustaqillikka 
erishganligining 
buyuk 
tarixiy 
ahamiyatini 
anglash 
kabi 
fazilatlarni 
shakllantirishga yo‘naltirilgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini, shu 
jumladan, ommaviy axborot vositalari orqali oshirib borishga ko‘maklashish;
– O‘zbekiston tarixi bo‘yicha zamonaviy chet el ilmiy va o‘quv adabiyotlarini 
o‘rganishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish, hozirgi 
O‘zbekistonning tarixiy o‘tmishi, sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishi, 
mamlakatda olib borilayotgan demokratik islohotlar to‘g‘risidagi xolis axborotni 
keng xalqaro jamoatchilikka ilmiy asosda yetkazish.
Qarorda, 
shuningdek, 
ijtimoiy-gumanitar 
fanlarni 
taʼlim 
bilan 
integratsiyalashuvini mustahkamlash va rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Jamoatchilik kengashining ishchi organi sifatida O‘zbekistonning eng yangi 
tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi metodik markaz belgilangan bo‘lib, 
uning asosiy vazifalari sifatida Jamoatchilik kengashi faoliyatini ilmiy-metodik 
taʼminlash, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish bo‘yicha dolzarb 
masalalarni ishlab chiqish, O‘zbekiston Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus 


taʼlim vazirligi bilan birgalikda O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha o‘quv, 
o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish yuzasidan tanlovlar o‘tkazishda ishtirok etish, 
davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida O‘zbekistonning eng yangi tarixi 
tadqiqotlari bo‘yicha ilmiy-texnika loyihalari tanlovlarini vazifalari ro‘yxatiga 
kiritish uchun takliflar ishlab chiqish, O‘zbekistonning eng yangi tarixini 
o‘rganishning 
nazariy-metodologik 
asoslarini 
takomillashtirish 
yuzasidan 
tadqiqotlar olib borish, har yili O‘zbekiston eng yangi tarixining dolzarb masalalari 
bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro va respublika konferensiya hamda seminarlari 
ro‘yxatini amaldagi tartibda ishlab chiqish belgilangan.
Dunyoda, xususan, O‘zbekistonda yuz berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar 
davrida tarix fani ham bir qator masalalarni qayta ko‘rib chiqish va chuqur 
o‘rganish muammosiga duch kelmoqda. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi 
Prezidenti 
Sh.M.Mirziyoyevning 
2018-yil 
18-dekabrdagi 
Oliy 
Majlisga 
Murojaatnomasida “...milliy o‘zligimizni anglash, Vatanimizning qadimiy va boy 
tarixini o‘rganish, bu borada ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, gumanitar soha 
olimlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozim”, degan fikrlari bayon 
qilingan va yuqorida ta’kidlangan masalalr sohaning oldiga ko‘plab ilmiy 
masalalarni ko‘ndalang qo‘yadi.
4. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanini o‘rganishning ahamiyati.
Maʼlumki dunyoda mavjud 3,5 mingdan ziyod xalqlarning faqat 200 tadan ziyodi 
o‘z davlatchiligiga ega. Xalqlarning o‘z mustaqil davlatchiligiga ega bo‘lishi, 
shubhasiz, shu hududda yashovchi barcha aholi uchun keng rivojlanish 
imkoniyatlarini ochib beradi. Mazkur imkoniyatlar o‘zbek xalqi davlatchiligiga 
bevosita taalluqlidir.
Taraqqiy etgan millatlarning o‘z tarixini yaxshi bilishi, tarixiy yodgorlik va 
obidalarini eʼzozlashi, ularni ko‘z qorachig‘idek asrashining ko‘pgina sabablari 
bor. Bu, eng avvalo, tarix insoniyat paydo bo‘lganidan to hozirgacha davom etib 
kelayotgan ijtimoiy jarayon oynasi ekanligi bilan bog‘liqdir. Ikkinchidan esa, 
butun insoniyat shu tarixga qarab, o‘z o‘tmishi va borligini anglaydi, kelajak 
rejalarini belgilaydi. Boshqacha bir maʼnoda tarix buyuk faylasuf va 


donishmanddir. Uning mana shu dono falsafasini to‘g‘ri anglagandagina, xalqlar 
o‘z kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratadi. Xristianlik falsafasi asoschisi 
А.Аvgustian (354-430 yy.) hozirgi eramiz boshidayoq, yaʼni bundan bir ming olti 
yuz yil oldin tarixning xalq va millatning taqdirida tutajak o‘rnini ko‘rsatib, 
shunday degan edi: “G‘aflatda yotgan xalqni uyg‘otish uchun, avvalo, uning 
tarixini uyg‘ot”. Qadimgi Rimda esa “Tarix – hayotning muallimidir” degan yozuv 
shior sifatida shahardagi peshtoqlardan biriga yozib qo‘yilgan edi. XIII asr Sharq 
tarixchisi Shahobiddin Muhammad an-Nasaviy ham bu fikrni o‘zining quyidagi 
to‘rtligida yanada teran maʼnoda mana bunday bayon etadi:
Kimki tutmas qalbida tarixini,
U inson ham emas, olim ham emas.
Biroq kimki uqsa o‘tmishini,
Ko‘p boyitar o‘z turmushini.
XXI asrga rivojlanishning zamonaviy taraqqiyot yo‘li bilan kirib kelgan, boy 
madaniyati va bebaho maʼnaviyatiga ega bo‘lgan o‘zbek xalqi o‘zining ming 
yilliklar qaʼriga kirib borgan tarixiy o‘tmishi bilan alohida o‘rin egallaydi. Hozirgi 
O‘zbekiston Respublikasi hududlarida bo‘lib o‘tgan tarixiy-madaniy jarayonlar, 
ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishlar, turli davrlarda xalq farovonligi va taraqqiyotini 
ko‘zlab o‘tkazilgan ko‘plab islohotlar, shuningdek, yuksalish va inqiroz holatlari, 
chet el bosqinchilariga qarshi ozodlik kurashlari yurtimizning serqirra va rang- 
barang tarixidan dalolat beradi. Shu bois ham bu tarix eng qadimgi davrdan 
boshlab ko‘p ming yillar davomida ajdodlarimiz va xalqimiz tarixi sifatida nafaqat 
o‘zbekistonlik, balki xorij olimlari tomonidan ham tan olinib o‘rganildi, tadqiq 
etildi va ayni paytda ham shu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlar izchillik bilan davom 
etmoqda.
O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgach, sovet davridagi tarixga 
munosabatdan farqli o‘laroq o‘tmish tarixiga munosabat tubdan o‘zgardi. 
Haqqoniy tarixni tadqiq etish boshlanib, avvalo, tarixni davrlashtirishdagi besh 
formatsiyali noilmiy “izm”lardan voz kechildi. Zero, tarix ijtimoiy-iqtisodiy 
formatsiyalar almashinuvi bo‘lmasdan, balki bir-birini almashtirib va to‘ldirib 


turuvchi, maʼlum xalqlar va elatlar, etnik guruhlar tomonidan yaratilgan 
sivilizatsiyalar hosilasi hamda zanjiri ekanligi respublika olimlari tomonidan 
yakdillik bilan eʼtirof etildi.
Tarixning yaratuvchisi va ijodkori xalqdir. Bo‘lib o‘tgan tarixiy-madaniy 
jarayonlar, voqea va hodisalar, islohotlarni xalqsiz va tarixiy shaxslarsiz tasavvur 
etish aslo mumkin emas. Tarix – xalqning fikr hamda tafakkurining hosilasidir. 
Аynan shuning uchun ham tarix – ibrat maktabi bo‘lib, o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan 
nuqsonlarni anglash va ulardan tegishli saboq chiqarish, hushyorlik va ogohlikka, 
buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi turishga undovchi, milliy birlik, hamkorlik va 
bag‘rikenglikka chaqiruvchi beqiyos ahamiyatli maktabdir. Shundan kelib chiqib 
taʼkidlash lozimki, qadim o‘tmish bilan bugungi kunning, o‘tmish ajdodlarimiz 
bilan bugungi avlodlarimiz o‘rtasidagi bog‘liqlikni unutmasdan yanada 
mustahkamlash milliy taraqqiyotning asosiy kafolati hisoblanadi. Bunday 
bog‘lanishda esa tarix asosiy ko‘prik vazifasini bajaradi.
Haqqoniy yozilgan Vatan tarixini o‘rganish va o‘qitish u soxta tarixiy 
tushuncha va tarixiy xotirasizlikka barham beradi, milliy g‘oya va mafkuraning 
takomillashuvini tezlashtiradi. Xalqimiz undan ruhiy quvvat olib, dushmanga bosh 
egmaslik, mustamlaka ilkiga tushmaslik, boshqalarga bo‘ysunmaslik, begona 
g‘oya va mafkura hamda zug‘umlar taʼsiriga berilmaslik maʼnaviyatiga ega 
bo‘ladi. Shuning uchun ham tarixni o‘rganish va o‘qitish zarur. Tarixni mukammal 
bilish, uning mazmun va mohiyati, falsafasini teran anglash millat uchun yuksak 
fazilat hisoblanadi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani oldida turgan asosiy vazifa 
quyidagilardan iboratdir: birinchidan, yoshlarga va bo‘lajak mutaxassis kadrlarga 
chuqur milliy va umuminsoniy tarixiy, g‘oyaviy-siyosiy, ilmiy-nazariy 
dunyoqarashni singdirish; ikkinchidan, yoshlarda milliy tafakkur, g‘urur va 
o‘zlikni, milliy vijdon va umuminsoniy barkomollikni tarbiyalash; uchinchidan, 
yoshlarda otashin vatanparvarlik va milliy jasoratni, millat va Vatanga sadoqatni 
rivojlantirish; to‘rtinchidan, yoshlarga milliy va tarixiy qadriyatlarni eʼzozlash, 
asrab-avaylash ruhini singdirish, ularda yuksak axloqiy fazilatlar (halollik, poklik, 


odillik, rostgo‘ylik, mehnatsevarlik, kamtarinlik, imon va eʼtiqodlik)ni tarbiyalash; 
beshinchidan, yoshlarni Vatan va xalq, millat, ota-ona, farzand, tabiat va jamiyat 
oldidagi muqaddas burchlarini chuqur his etish va ularga sadoqatlik ruhida kamol 
toptirish.
2017-yildan boshlab O‘zbekiston milliy tiklanishdan – milliy yuksalish 
tomon yo‘l oldi. Bunda Respublikamiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 
ilgari surilgan, mamlakatni zamonaviy asnoda rivojlantirishga qaratilgan 
Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar katta ahamiyat kasb 
etmoqda. 2021-yil oxirlaridan bu strategiya – Taraqqiyot strategiyasi nomini oldi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani uzviy ravishda yuqoridagilar va bulardan 
boshqa o‘zining xilma-xil imkoniyatlaridan kelib chiqib, komil insonni 
tarbiyalashga katta hissa qo‘shadi. Vatan tarixining davlat boshqaruvi va 
qurilishida, jamiyat va insoniyat taraqqiyotida, millat va xalq hayotida tutgan o‘rni 
hamda ahamiyati benihoya katta ekanligi qadim-qadimdan eʼtirof etib kelinmoqda. 
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, tarixning bu ajoyib xislati va tarbiyaviy 
ahamiyati, kuch-qudratini barchamiz teran his etishimiz va anglab yetmog‘imiz 
lozimdir.

Yüklə 151,14 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin