1.1. O‘zR Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019 yil 8 oktyabrdagi PF-5847 sonli farmoni va Prezidentning turli majlislardagi ma’ruzalarida qo‘yilgan masalalar bo‘yicha fanning maqsadi va vazifalari. 1.2. Logistikaning ob’ekti, sub’ekti va predmeti
1.1. O‘zR Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019 yil 8 oktyabrdagi PF-5847 sonli farmoni va Prezidentning turli majlislardagi ma’ruzalarida qo‘yilgan masalalar bo‘yicha fanning maqsadi va vazifalari.
Ushbu farmon O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida qabul qilindi.
Zamonaviy dunyoda Markaziy Osiyo umum e’tirof etilgan geosiyosiy mintaqa hisoblanib, beshta davlatdan iborat: Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston. Markaziy Osiyo davlatlarining asosiy geografik xususiyati shundaki, ular okeanlarga bevosita chiqish imkoniga ega emaslar. Bu xususiyat mintaqa davlatlari hayotining barcha sohalari - iqtisodiyot, milliy xavfsizlik va tashqi siyosatga ta’sir qiladi.
Bu mintaqaning asosiy davlati O‘zbekiston bo‘lib, u markaziy geostrategik mavqega ega. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyoda iqtisodiyoti rivojlangan davlatlardan biri va eng yirik bozorlardan biri hisoblanadi. Bu ham uning Markaziy Osiyo orqali o‘tadigan savdo oqimlaridagi o‘ta muhim rolini oldindan belgilab beradi.
21-asrda barcha rivojlangan mamlakatlardagi biznes amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, logistika savdo oqimlarini tashkil etishda strategik muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonda bugungi kunda yuk tashish va savdoni logistik qo‘llab-quvvatlashning dastlabki elementlari endigina paydo bo‘lmoqda, respublikada logistikaga zamonaviy usullar va texnik vositalarni joriy etish hali ham ancha sust davom etmoqda. SHuning uchun O‘zbekistonning logistika salohiyatini o‘rganish juda dolzarb mavzudir.
1991-yilgacha O‘zbekistonda shimoliy yo‘nalishdan boshqa barcha yo‘nalishlarda xalqaro transport yo‘laklariga chiqish imkoni bo‘lmagan. Bu holat respublika ichida ham, boshqa davlatlar bilan ham transport aloqasini nihoyatda qiyinlashtirdi. 90-yillarda va shu asrning boshlarida yo‘l-transport infratuzilmasi shakllana boshladi, jahon bozoriga yangi yo‘nalishlar ochildi. Respublikamiz iqtisodiyotini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi yangi temir yo‘llarni qurish va yagona temir yo‘l tarmog‘ini shakllantirishdan iborat.
O‘zbekistonda ayni paytda barcha asosiy transport turlari jadal rivojlanmoqda. Respublika rahbariyati temir yo‘l, avtomobil va havo transportini rivojlantirishga doimiy e’tibor qaratib, butun transport infratuzilmasini rivojlantirishga katta mablag‘ ajratmoqda.
Rivojlangan mamlakatlarning jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, transport-logistika sohasini rivojlantirishda maksimal samaradorlikni bugungi kunda “logistika markazi” va “transport terminali” deb ataladigan maxsus infratuzilma obektlari va xizmatlari komplekslari ta’minlashi mumkin. Ushbu ob’ektlar, qoida tariqasida, mahalliy hududda joylashgan bo‘lib, tovarlar va transport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish, ularni saqlash, qayta yuklash, sug‘urtalash, ekspeditsiya bilan ta’minlash, shuningdek, keyinchalik respublika hududlari bo‘ylab tarqatish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda 2017 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududlarini kompleks rivojlantirish, iqtisodiѐtni liberallashtirish va boshqaruvda davlat aralashuvini kamaytirishga, ishlab chiqarishni modernizatsiya, diversifikatsiya qilishga, investitsiyalarni jalb qilish va investitsion muhitini yaxshilashga, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda fuqarolarning moddiy farovonligining o‘sishiga yunaltirilgan chuqur iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar amalga oshirilmokda. Bu borada O‘zbekiston iqtisodiѐtiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish vositalaridan biri hisoblangan erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalarni tashkil etish, ularning faoliyat samaradorligini oshirish borasida olib borilaѐtgan ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qayd etish kerakki, bugungi kunga kelib, mamlakatimiz hududlarida 21 ta erkin iqtisodiy zona va 130 dan ortiq kichik sanoat zonalari faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Respublikasida 1996 yil 25 aprelda “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida” qonun qabul qilingan bo‘lsada bu qonunni mamlakatimiz iqtisodiyotiga joriy etishda 2016 yilgacha sustkashlikka yo‘l qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan 2008 yilning dekabrida "Navoiy", 2009 yilning ikkinchi yarmida “Angren” erkin iqtisodiy zonalar(EIZ) tashkil etilgan bo‘lsa, tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlaydigan mineral-xom ashyo va qishloq xo‘jaligi resurslarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlarni yaratish, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarining ishlab chiqarish hamda resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanish, shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish hamda aholi daromadlarini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi «URGUT», «G‘IJDUVON», «QO‘QON» va «HAZORASP» erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish to‘g‘risidagi PF-4931-sonli farmoni qabul qilindi.
Quyidagilar «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» EIZning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:
tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan va importning o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb etish;
Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarining ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash;
meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, to‘qimachilik, gilam to‘qish, poyabzal va charm-galantereya, ekologik jihatdan xavfsiz kimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa yo‘nalishlarda yangi zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish;
mahalliy xom ashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish hamda erkin iqtisodiy zonalar korxonalari o‘rtasida va umuman respublikada sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va markirovka qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq ilmiy-ishlab chiqarish markazlari tashkil etish va ularning qarorlari xalqaro darajada e’tirof etilishini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish.
Ayni paytda butun Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston orqali o‘tuvchi, Rossiya va Evropa Ittifoqi davlatlarini Janubi-SHarqiy Osiyo davlatlari, Xitoy va YAponiya bilan bog‘laydigan savdo-transport va iqtisodiy ko‘prikni yaratish va mustahkamlash jarayoni davom etmoqda.
SHu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning noyob geostrategik joylashuvi zamonaviy ombor majmualari va logistika markazlari tarmog‘ini rivojlantirishning eng muhim jihati va rag‘batidir. YAratilayotgan terminallar turli yuklarni etkazib berish uchun logistika xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. O‘zbekiston uchun respublika hududi orqali o‘tuvchi yuklarning tranziti uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va xalqaro tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirishga ko‘maklashish masalasi tobora ortib bormoqda. O‘zbekistondagi eng muhim logistika markazlariga quyidagilar kiradi.
Navoiy xalqaro intermodal logistika markazi (hab) 2008 yilda Navoiy aeroportida ochilgan. Bu markaz Markaziy Osiyoning “yuragi”da joylashgan va xalqaro tashishlar uchun ideal mintaqaviy markaz hisoblanadi. Bu Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan birinchi shunday loyihadir. Bugungi kunga kelib Navoiy logistika markazi Markaziy Osiyodagi eng yirik havo yuk terminali bo‘lib, yiliga 100 ming tonna yukni qabul qila oladi. Ayni paytda yuk terminalining qayta ishlash quvvati kuniga 300 tonnagacha etgan bo‘lsa, kunlik yuk oborotni 1000 tonnagacha etkazish rejalashtirilgan.
Aeroportni boshqarish, shuningdek, tarif siyosati, logistika va yo‘nalishlarni, shu jumladan avtomobil va temir yo‘llarni birlashtirish masalalarini hal etish Koreyaning “Korean Aer” aviatashuvchisi tomonidan amalga oshiriladi. “Navoiy” aeroporti orqali Janubiy Koreya va Xitoydan Evropaning Myunxen va Bryussel shaharlariga muntazam havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. Navoiydan Dehli, Mumbay, Bangkok, Frankfurt shaharlariga yuk tashish ham muntazam amalga oshirilmoqda. Dakka va Frankfurtga yuklarni tashish bo‘yicha charter dasturi muvaffaqiyatli ishlamoqda va rivojlanmoqda. Kelgusida Evropa va Osiyoga yangi reyslar ochiladi.
Toshkent viloyatida joylashgan “Angren” xalqaro logistika markazi 2009-yil o‘rtalarida tashkil etilgan. Uning vazifasi Farg‘ona vodiysi va O‘zbekistonning boshqa hududlari o‘rtasida yil davomida kafolatlangan transport oqimini ta’minlashdan iborat. Ushbu logistika markazining asosiy yuk oqimi JM Uzbekistan tomonidan ishlab chiqarilgan engil avtomobillar, avtomobil butlovchi qismlar, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi neft mahsulotlari va boshqa tovarlardir. Angren logistika markazining quvvati yiliga 4 million tonnagacha yuk tashish imkonini beradi. Umumiy maydoni 184 ming m2 bo‘lgan ushbu "quruq port" tovarlarni qayta ishlash, saqlash, tashish va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha eng keng turdagi xizmatlarni taqdim etadi.
YAngi tashkil etilgan “Interlogistiks” MCHJ kompaniyasi negizida 2017-yilning mart oyida Toshkent xalqaro logistika markazi – United Sargo Center(UCC) ochilgan edi. Majmua tovarlarni qabul qilish, saqlash, bojxona rasmiylashtiruvi va jo‘natish bilan bog‘liq to‘liq logistika xizmatlarini taqdim etadi. U asosiy mintaqaviy va xalqaro transport yo‘nalishlarida joylashgan. UCC tarkibiga umumiy maydoni 18 000 m2 bo‘lgan yopiq omborlar, umumiy maydoni 800 m2 bo‘lgan muzxona va sovuqxonalar, umumiy maydoni 20 000 m2 bo‘lgan omborxonalar, umumiy maydoni 22 000 m2 bo‘lgan konteyner platformalari kiradi.
«URGUT», «G‘IJDUVON», «QO‘QON» va «HAZORASP» EIZ ishtirokchilarining xom ashyo, moddiy resurslar ta’minoti va ular tomonidan ishlab chiqrilgan tayyor mahsulot taqsimoti samaradorligini oshirish uchun ushbu hududlarda ham logistika markazlari va transport terminallarini tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
SHunday qilib, O‘zbekistonda transport-logistika markazlarining bosqichma bosqich etarlicha keng tarmog‘i vujudga keltiriladi. Afsuski, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan logistika markazlari va terminallar zamonaviy talablarga javob bermaydi. Bugungi bozor voqeligi savdo va transport infratuzilmasini doimiy ravishda takomillashtirish zarurligini taqozo etmoqda. SHu bois O‘zbekistonda eksport-import yuklarini saqlash, qayta ishlash, saqlash va tarqatish bo‘yicha zamonaviy ombor majmualarini yaratish bo‘yicha izchil jarayonlar davom etmoqda. YAngi ombor terminallari barcha ichki yuk oqimlariga, shuningdek, respublika orqali tranzit orqali o‘tadigan yuklarga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Bunda “quruq port” funksiyalariga ega yaratilgan xalqaro transport-logistika markazlari xalqaro transport oqimlarini optimallashtirishda hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda mamlakatimizda logistikani zamonaviy konsepsiyalar asosida shakllantirishga xizmat qiladigan quruqlik va havo transport yo‘laklari mavjud bo‘lib, ular quyidagilar:
1-yo‘lak – Qozog‘iston va Rossiya orqali Boltiqbo‘yi mamlakatlari – Tallinn (Estoniya), Klaypeda (Litva), Riga, Liepaja, Ventspils (Latviya) portlariga tranzit orqali.
2-yo‘lak – Qozog‘iston, Rossiya, Ukraina yoki Belarus orqali Evropa Ittifoqi mamlakatlariga Brest (Belarus) va CHop (Ukraina) chegara o‘tish joylariga tranzitda orqali.
3- yo‘lak - Qozog‘iston, Rossiya va Ukraina orqali Qora dengizdagi Ilichevsk portiga (Ukraina) tranzit orqali.
4- yo‘lak (TRASEKA) - Turkmaniston, Qozog‘iston va Ozarbayjon orqali Qora dengiz portlariga tranzit orqali.
5- yo‘lak - Turkmaniston va eron orqali Fors ko‘rfazi sohilida joylashgan Bandar Abbos portiga tranzit orqali.
6-yo‘lak - Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya orqali tranzit, Qozog‘iston-Xitoy chegara o‘tish punkti (Do‘stik/Alashankou) orqali Xitoyning sharqiy portlari va Rossiyaning Uzoq SHarqidagi Naxodka, Vladivostok va boshqa portlariga.
7- yo‘lak - Qirg‘iziston va Xitoy orqali Xitoyning Sariq, SHarqiy Xitoy va Janubiy Xitoy dengizlari portlariga tranzit orqali.
8- yo‘lak – Afg‘oniston orqali Eronning Bandar Abbos, CHaxbahor va Pokistonning Gvadar va Karachi portlariga tranzit orqali.