1-мavzu Oliy filologik ta’lim fanining maqsadi va vazifalari Mavzu hikmati: Insonning qiymati emas siym-u zar, Inononing qiymati ilm va hunar


Asosiy atamalar, qisqarmalar va belgilar



Yüklə 35,15 Kb.
səhifə2/4
tarix01.03.2022
ölçüsü35,15 Kb.
#53265
1   2   3   4
1-maruza

Asosiy atamalar, qisqarmalar va belgilar: Mutaxassislik, davlat tili, ona tili, maxsus fanlar, folklor, folklorshunos, folklorshunoslik, sheva, shevashunos, dialektolog, shevashunoslik, filologiya, nazariy filologiya, ta’limiy filologiya, amaliy filologiya, ta’lim, o‘qitish, ilm, bilim, ko‘nikma, malaka, mustaqil o‘qish, kasb, mutaxassis.
1. O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sharoitida mutaxassislik fanlarni o‘qitish metodikasi fanining ahamiyati.
Bugungi tezkor va shiddatli zamonda barcha davlatlar va xalqlar jahon maydonidan mustahkam o‘rin egallash va asrlar davomida erishgan milliy-ma’naviy va moddiy boyliklarini asrab-avaylab qolishga astoydil urinmoqdalar. Bu yo‘lda qo‘rqitish, tengsiz harbiy qudratga ega bo‘lish, boshqalarga tazyiq o‘tkazish orqali obro‘ topib bo‘lmasligiga barchaning aqli yetib qoldi. Dunyoning Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Germaniya, Malayziya, Singapur kabi rivojlangan davlatlaridagi ijobiy yutuqlar ostida ilm-fan, texnika sohalaridagi kashfiyotlar yotganligi hammaga ma’lum. Ilm dunyo tamaddunining asosiga aylandi.

Buyuk bobokalonlarimizdan biri Imom al-Buxoriy tomonidan bundan o‘n ikki asr avval aytilgan “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”, – degan hikmat tom ma’noda zamonaviy dunyoning shioriga aylandi. Zamonlar o‘tishi bilan bu iboraning dolzarbligi ortsa ortdiki, aslo kamaygani yo‘q. Oltinga teng bu aytim aynan bugun uchun, barcha davrlar uchun so‘zlangandek go‘yo. Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davr insonga moddiy ehtiyojlarini qondirishdek birlamchi ehtiyojlar qatoriga suv va havodek zarur – ilmni ham qo‘shdiki, shu tufayli u o‘zligini anglab, taraqqiyot sari dadil qadam qo‘ymoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, ummonlar qa’riga sho‘ng‘ish, koinotni zabt etish ham aynan ilmning mahsuli ekanini bugun hech kim inkor eta olmaydi.

Buni yaxshi anglagan O‘zbekiston davlati o‘z mustaqilligining dastlabki yillaridayoq “Ta’lim to‘g‘isida” Qonun, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturini ishlab chiqib, hayotga tatbiq etdiki, bu ayni zarurat, davr ehtiyoji edi.

Ishlab chiqarishning barcha sohalarini birdek rivojlantirish, yuqorida ta’kidlab o‘tilgan hujjatlardagi ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining istiqbollari, jamiyat ehtiyoji, fan, texnika, texnologiya va madaniyat yutuqlari, kadrlar tayyorlash borasida jahon tendensiyalaridan kelib chiqib, iqtisodiyot sohalarining modernizatsiyalashuv sharoitida kadrlar iste’molchilarining talablarini oliy ta’lim mazmuniga tezkor joriy etilishiga tegishli sharoitlar yaratish, oliy ta’lim davlat ta’lim standartlarini xalqaro amaliyotdagi akademik standartlar bilan uyg‘unlashtirish hamda ularning uzviyligini ta’minlash maqsadida 2001-yilning 16-avgust kuni “Oliy ta’limning davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 343-sonli Qaror qabul qilindi. 2015-yilning 15-yanvar kuni unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida 3-sonli qaror e’lon qilindi. Qarorda ilm-fanni, rivojlantirish, dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni belgilashga alohida ahmiyat qaratildi. Shaxsning intellektual salohiyatini oshirish, ishlab chiqarishga ilm-fan yutuqlarini joriy qilishga ustuvor vazifa sifatida qaraldi.

XX asrning mashhur olimlaridan biri F.Jolio-Kyuri: “Fan xalqqa suv va havodek zarur. Uni taraqqiy ettirmagan mamlakat, shubhasiz, mustamlakaga aylanadi,” – deb yozgan edi.

Darhaqiqat, tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qaysi davlatda ilm ahliga rag‘bat ko‘rsatilib, tafakkurga keng yo‘l ochilgan bo‘lsa, mamlakat rahbarlari adolat bilan ish yuritib, o‘z xalqini o‘ylagan bo‘lsa, shu yurtda yutuqlar ketidan yutuqlar kelavergan, elidan qut-baraka ko‘tarilmagan.

Ona Vatanimiz O‘zbekiston insoniyatning qadim madaniyat maskanlaridan biri sifatida 3000 yillik tarixi davomida hamisha ezgulikning, ilm-ma’rifatning e’tiborli markazlaridan biri bo‘lib kelgan.

Yurtmizdan yetishib chiqqan Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy,

“Fan yo‘lida qilinadigan xizmatlarning eng buyugi unga yangi g‘oyalarni kiritishdir”, – deb aytgan edi J.Tomson.

O‘zbekiston ilm-fani orasida filologiya fanlarining ham alohida o‘rni bor. O‘tmishda yashab o‘tgan ulug‘ allomalarimizning barchasi filologiya fanlaridan mukammal ma’ulmotlarga ega bo‘lishgan. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan yaratuvchanlik va bunyodkorlik ishlarining ostida dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shgan o‘sha buyuk bobokalonlarimizning ezgu niyatlari, orzu-maqsadlari yotibdi desak, aslo yanglishmaymiz. Ayniqsa, Mustaqillik yillarida yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi va ona tilimiz ravnaqi uchun amalga oshirilgan olamshumul ishlarni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Muhimi, qo‘lga kiritilgan yutuqlarimiz natijasida biz o‘zligimizni anglab yetdik, millatimiz ongida tozarish, yangilanish jarayonlari muvaffaqiyatli kechdi. Bu jarayonda boshqa voqea-hodisalar qatori bebaho boyligimiz, milliy qadriyatlarimizning yorqin ifodasi, ulkan ma’naviy xazina sanalgan ONA TILIMIZGA davlat tili maqomining berilishi muhim ahamiyat kasb etdi. Bundan o‘ttiz bir yil muqaddam – sobiq mustabid tuzum hali o‘z taraqqiyotining eng yuqori cho‘qqilarida turib dunyoga ega bo‘lishga da’vogarlik qilib yotgan bir sharoitda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi buyuk ma’naviy jasorat, xalqimizning mustaqilligi yo‘lida qo‘yilgan dadil qadam edi. 

Ona tili bu – xalq ruhi va o‘zligining asosi demakdir. Til va millat tushunchasi egiz tushunchalardir. Millat bo‘lmasa til bo‘lmaydi, til bo‘lmasa millat yashamaydi. Shu bois, istiqlolning dastlabki yillaridayoq ona tilimizning huquqiy maqomini tiklash va ta’minlash, ona tilimizga nisbatan ko‘rsatilgan kamsitish va asoratlariga barham berish, o‘zbek tilini keng iste’molga kiritish vazifasi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qator qonun va qarorlarda ona tilining jamiyatimiz taraqqiyoti va insonlar hayotidagi betakror o‘rni belgilab berildi.

1991-yilning Alisher Navoiy yili deb e’lon qilinishi, 1993-yilda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun, 1995-yili “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahriri, 1996-yili ushbu qonunni amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori va boshqa hujjatlar qabul qilingani ona tilimiz rivoji uchun beqiyos imkoniyatlar yaratdi. 

2016-yilning 13-may kuni “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmon bu boradagi olamshumul ishlarning zarvarag‘i, qaymog‘i bo‘ldi. Farmonni ona tili va adabiyotimizning ravnaqida tub burilish yasaydigan tarixiy hujjat sifatida qabul qilsak arziydi.

Shu o‘rinda yana bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Dunyodagi bironta til boshqa tillardan ayricha yashay olmaydi. Tillar bir-birlariga muntazam ravishda ta’sir o‘tkazib turadi, bir-biridan so‘z oladi. bir-birini boyitadi. Albatta, bu ta’sir ijobiy ko‘rinishda bo‘lgan taqdirdagina shunday bo‘ladi.

Farmon o‘z mohiyati bilan konseptual ahamiyatga ega. Dunyo tillari orasida o‘zbek tilining o‘rnini belgilash, ona tili va adabiyoti sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini jahon andozalariga olib chiqish, o‘zbek tili va adabiyotini yangi axborot va pedagogik texnologiyalar asosida o‘qitishni tashkil etish, o‘zbek tilini kompyuter tiliga aylantirish, boy va ko‘hna adabiy merosimizni boshqa tillarga tarjima qilish kabi mas’uliyatli vazifalar yuklangan. Albatta, shular qatorida o‘zbek tilining rivojiga munosib hissasini qo‘shgan sharq tillari, jumladan, arab, fors tillarini o‘rganish, adabiy aloqalarni kuchaytirish masalasi kun tartibida turgan eng dolzarb masalalardan biri sanaladi.

Farmon o‘zining mazmun-mohiyatiga ko‘ra betakror va konseptual ahamiyatga ega. Biz ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitish, nufuzini oshirishni o‘zimiz uchun eng ustuvor, uzviy davom etadigan yuksak maqsad deb bilishimiz zarur. Eng avvalo, fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o‘ta muhim tarmoqlarda o‘zbek tili o‘zining haqiqiy o‘rnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug‘atlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish kabi muhim vazifalarni bajarishimiz shart.

Ta’kidlash lozimki, Mustaqillik yillarida biz o‘zligimizga qaytdik, milliy qadriyatlarimiz qaytadan tiklandi. Bu olamshumul ishlar xalqimizning boy tarixi, tilimiz va adabiyotimizning qadimiy an’analari bilan bog‘liq ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz.

Dunyo ilm-fani, texnikasi bugun jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Tilshunoslik faniga ham texnika kirib kelmoqda. Ayrim rivojlangan mamlakatlarda tilshunoslikning so‘nggi yutuqlari asosida o‘sha xalq tilining mashinaviy holati kashf etilmoqda, bir nechta tilda gaplasha oladigan tarjimon-robotlar ixtiro qilinmoqda. Biz bu borada orqada qoldikmi? Yo‘q! Faqat intilishimiz, izlanishimiz, ota-bobolarimizning fazilatlaridan ibrat olishimiz kerak. Bizning vujudimizda ularning qoni oqmoqda. Axir, biz bir paytlari jahondagi boshqa til vakillari uchun betakror lug‘atlar, qo‘llanmalar yaratib bergan Mahmud az-Zamaxshariy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Farobiy singari ulug‘ insonlarning avlodlarimiz. Ularning nomlari bilan faxrlanish, g‘ururlanish barobarida mentalingvistika, psixolingvistika, kompyuter lingvistikasi, sotsiolingvistika, areal lingvistika, ekolingvistika kabi zamonaviy yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishimiz va axborot texnologiyalari sohasida jahonning yetakchi tillari qatoridan joy olishimiz zarur. Buning uchun mamlakatimizda barcha sharoitlar yetarli.

Farmon bu jarayonlarni jadallashtirish uchun odinga tashlangan yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida o‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganishimiz, bu borada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish zarur. Bizdan ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning hamda ushbu soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirishimiz; ona tilimizning Internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlashimiz, uning kompyuter uslubini, o‘zbek tili va dunyodagi yetakchi xorijiy tillar asosida tarjima dasturlari va lug‘atlar, elektron darsliklar yaratish bilan bog‘liq ilmiy-metodik ishlanmalar, amaliy tavsiyalar tayyorlashimiz va bu borada erishilgan natijalarni amaliyotga keng tatbiq etishimiz talab etilmoqda.

Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimiga nisbatan bo‘layotgan e’tibor dunyoning boshqa bironta davlatida yo‘q. “Ta’lim to‘g‘risida” Qonun, “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi” da aytilganidek, ma’nan yuksak va jismonan barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish barchamizning oliy maqsadimiz sanaladi. Bunday sharafli vazifani bajarishda til va adabiyot ta’limining alohida o‘rni bor.

Bo‘lg‘usi mutaxassislar uchun 2019-yilning 29-noyabr kuni qabul qilingan 46 moddadan iborat “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonun mohiyatini bilish muhim ahamiyatga ega.

Qonunning quyidagi bandlari bevosita mutaxassisliklar uchun muhimdir.

3-modda. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy prinsiplari

Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy prinsiplari:

ilmiy ijod va axborot erkinligi;

samaradorlik va ijodiy raqobat;

manfaatdorlik va rag‘batlantirish;

ilmiy ekspertizaning xolisligi;

inson hayoti va salomatligi, atrof tabiiy muhitga zarar yetkazmaslikdan iboratdir.

4-modda. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yo‘nalishlari

Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yo‘nalishlari:

ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi hamda samaradorligiga erishish;

ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va resurslarni maqsadli yoʻnaltirish;

davlat ilmiy dasturlarini ishlab chiqish, asoslantirilgan tashabbus va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida davlat-xususiy sheriklikni qoʻllab-quvvatlash;

ilm-fanga intilish va uning jozibadorlik muhitini shakllantirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish, yosh isteʼdod egalarini tayyorlab borish;

intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilish;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirishni oqilona oshirib borish;

ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishning uzviy bogʻliqligini taʼminlash hamda undan manfaatdorlikni oshirish;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining axborot makoni bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash;

ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan iboratdir.

11-modda. Yoshlarni ilm-fan va ilmiy faoliyatga jalb etish

Yoshlarni ilm-fan va ilmiy faoliyatga jalb etish:

tegishli davlat dasturlarini ishlab chiqish;

taʼlim tashkilotida isteʼdodlarni aniqlash, tanlash, tarbiyalash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar olib borish;

tegishli yoʻnalishlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan maktablar, maktab-internatlar, maxsus sinflar, markazlar va oʻquv kurslari tashkil etish;

taʼlim jarayonida egallangan bilimlarni kundalik turmush va kasbiy faoliyatda samarali qoʻllay olishga qaratish;

taʼlim oluvchilar oʻrtasida turli tanlovlar uyushtirib borish 
va ragʻbatlantirish;

chet el yetakchi ilmiy tashkilotlari va taʼlim muassasalariga magistratura va doktorantura dasturlarini oʻtash, malaka oshirish, tajriba orttirishga yuborish orqali va boshqa shakllarda amalga oshiriladi.

Yosh olimlarning ilmiy tashkilotlar va taʼlim muassasalari, ishlab chiqarish va boshqa tarmoqlardagi ilmiy uyushmalari davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.

Ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalarida yosh olimlar 


va talabalarning ilmiy faoliyat yuritishi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilishi lozim.

Mamlakatimizda qabul qilingan barcha huquqiy-meyoriy hujjatlarda maxsus fanlarni o‘qitishga alohida e’tibor qaratilgan.

Ayniqsa, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini oshrish borasida 2019-yilning 29-noyabr kuni qabul qilingan “Innovatsion vazirlik faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5264-sonli Farmon alohida ahamiyatga ega.

Qonunda ko‘rsatilgan “O‘zgaruvchan jahon konyunkturasini hisobga olgan holda iqtisodiyotning jadal rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha strategik va oldindan rejalashtirish sohasida belgilagan vazifalar” bevosita shevashunoslik hamda folklorshunoslik mutaxassiclariga ham tegishli.

Ko‘rinadiki, barcha hujjatlarda boshqa fanlar qatori filologiya fanlariga ham alohida e’tibor qaratilgan Zamonaviy jamiyatning hayot tarzini ta’minlashda turli darajadagi filolog mutaxassislar muhim o‘rin egallaydi. Jumladan, soha magistraturasi uzluksiz ta’limning bo‘linmas bir qismi hisoblanib, eng muhim vazifani bajaradi: insonni aniq filologik faoliyatga tayyorlaydi.

2016-yil 13-maydagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-4797-sonli hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabr kungi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-sonli Farmonlarda qadim va boy o‘zbek tili va adabiyotining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, filologiya sohasida chuqur ilmiy izlanishlar olib borish, mamlakatda o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qitilishini tubdan yaxshilash maqsadida tor doirada mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi. Kompyuter lingvistikasi, matnshunoslik, manbashunoslik, til tarixi, turkiy tillar kabi sohalarda magistratrualar ochish belgilab berildi.

5A120105 – Folklorshunoslik va dialektologiya bo‘yicha ochilgan magistratura mutaxassisligi shular jumlasidandir.

Maxsus fanlarni o‘qitish metodikasining asosiy maqsadi o‘quv jarayonining zamonaviy vazifalaridan kelib chiqib, pedagogik jarayonni boshqarishning umumiy tushuncha va elementlarini qo‘llashni talabalarga o‘rgatish, o‘quv jarayonining asosiy shakllarida (ma’ruzalar, seminarlar, mustaqil ishlar, bilimlarni tekshirish) talabalarning fikrlash faoliyatini uslubiy yo‘llar yordamida faollashtirish, talabalarga o‘quv mashg‘ulotlarining uslubiy ishlanmalarni tayyorlashga yordam berishdan iborat.



Yüklə 35,15 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin