1-mavzu. Pedagogik texnologiya pedagogikaning mustaqil sohasi si
Pedagogik texnologiyalar fanining metodologik asoslari. Insonning inson ekanligini anglatuvchi eng muhim jihatlaridan biri – oldiga ma’lum bir maqsad qo‘yib, unga tomon harakat qilishidadir. Kishi maqsad sari qiladigan harakati (faoliyati) jarayonida muayyan tabiiy va sun’iy to‘siqlarni yengib o‘tadi. Bu to‘siqlarni yengib o‘tish uchun u bir qator tadbir va choralardan foydalanadi.
Maqsadga yetishda muayyan to‘siqni yengib o‘tish uchun qo‘llaniladigan tadbir va choralar majmui usul deyiladi. Maqsadga yetishda bir necha ba’zan, o‘nlab-yuzlab to‘siqlarni yengishga to‘g‘ri keladi. Bu to‘siqlarni yengish uchun tegishli usullar tegishli ma’lum bir tizimda qo‘llaniladi.
Maqsadga yetishda qo‘llaniladigan usullar tizimi uslub deyiladi. Usullarni ma’lum bir uslubda qo‘llanish jarayonida har bir harakat maqomi muayyan maqsad ko‘rsatkichlariga bo‘ysundiriladi. Undan tashqari, kishi maqsadga yetish jarayonida bir qator qonuniyatlarga ham tamoyil sifatida amal qiladi.
Kishi maqsad sari qilgan harakatida uning uchun tamoyil vazifasini bajaruvchi, maqsad ko‘rsatkichlari bilan harakati davomida amal qilinishi shart bo‘lgan qonuniyatlar majmuiga metodologiya deyiladi.
Har bir shaxsni, ijtimoiy guruhni va butun jamiyatni eng umumiy va xususiy maqsadlari bo‘ladi, shu bilan birga umumiy va xususiy metodologik asoslari mavjud.
Jamiyat oldiga qo‘ygan umumiy maqsad ko‘rsatkichlari, falsafaning umumiy qonuniyatlari hamma uchun eng umumiy metodologik asosdir.
Har bir sohada mavjud maqsad ko‘rsatkichlari bilan faqat shu sohada hukm suruvchi qonuniyatlar, shu sohada faoliyat ko‘rsatuvchilar uchun umumiy metodologik asos hisoblanadi.
Muayyan faoliyatning umumiy maqsad ko‘rsatkichlari va qonuniyatlari bilan birga shu faoliyatning ichida qisqa muddatli maqsad ko‘rsatkichlari va tarmoq qonuniyatlari ham bo‘ladi. Ularga amal qilish xususiy metodologiya deyiladi.
Kishilar tomonidan o‘z faoliyatlarini amalga oshirish jarayonida eng umumiy, umumiy va xususiy metodologiyalardan birday kelib chiqqan holda amalga oshiradilar. Aks holda qilgan harakatlari natijasiz bo‘ladi.
Metodologiya tushunchasi – faoliyatda qo‘llaniladigan ma’lum usullar tizimi (fanda, siyosatda, san’atda va h.k) va tizim haqidagi ta’limot yoki metod nazariyasi sifatida amal qiladi.
Hozirgi davrda metodologiya faqat ilmiy bilish sohasi bilan cheklanishi mumkin emasligi ayon bo‘ldi va albatta, bilish chegarasidan chiqishi, o‘z sohasida amaliyotda ham qo‘llanishi zarur. Bunda bilish va amaliyotning uzviy aloqadorligiga e’tibor qaratmoq kerak.
Metodologiya faqat metodlarni emas, balki tadqiqotni ta’minlovchi boshqa vositalarni ham o‘rganadi. Tamoyil, qoida va ko‘rsatmalar, shuningdek, kategoriya hamda tushunchalar mana shunday vositalar jumlasiga kiradi.
Fan metodologiyasi uning tuzilishi, taraqqiyoti, ilmiy tadqiqot vositalari va usullari, uning natijalarini asoslash yo‘llari, bilimni tajribaga tatbiq qilish mexanizmlari va shakllarini o‘rganadi. Shuningdek, metodologiya metodlar yig‘indisi va faoliyat turi haqidagi ta’limotdir.
Metod u yoki bu shaklda ma’lum qoida, tartib, usul, harakat va bilim mezonlarining yig‘indisi hamdir. U tamoyillar, talablar tizimi bo‘lib, subyektni aniq vazifani bajarishga, faoliyatning shu sohasida ma’lum natijalarga erishish sari yo‘naltiradi. U haqiqatni izlashda vaqt, kuchni tejaydi, maqsadga eng yaqin va oson yo‘l bilan yetishishga yordam beradi.
Metodning asosiy vazifasi faoliyatning bilish va boshqa shakllarini boshqaruvidan iborat. Biroq:
birinchidan, metod va metodologik muammolarning rolini inkor qilish yoki to‘g‘ri baholamaslik (metodologik negavizm);
ikkinchidan, metodning ahamiyatini bo‘rttirish, mutlaqlashtirish, uni barcha masalalarning kaliti, ilmiy yangiliklarni yaratishning eng qulay vositasi (metodologik eyforiya) deb tushunish noto‘g‘ridir.
Har qanday metod muayyan nazariya asosida yaratiladi va tadqiqotning zaruriy sharti sifatida namoyon bo‘ladi. Har bir metodning samaradorligi uning chuqur mazmun va mohiyatga egaligi, nazariyaning fundamentalligi bilan asoslanadi. O‘z navbatida, metod mazmuni kengayib boradi, ya’ni bilimning chuqurlashishi va kengayishi, tajribaga tatbiq etilishi bilan metodning ko‘lami ham o‘zgaradi.
Metod subyekt bilan chambarchas bog‘liqdir. Boshqacha qilib aytganda, “inson umum metodologiyaning markazidir” (Feyerbax)3. Ikkinchidan, har qanday metod u yoki bu darajada boshqaruv quroli vazifasini bajaradi.
Metod subyekt va obyektning murakkab dialektikasi asosida rivojlanadi va bunda oxirgisi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu ma’noda, har qanday metod, eng avvalo, obyektiv, mazmunli va konkret bo‘lsa-da, ayni paytda, subyektiv hamdir. Biroq, u faqat mavjud qoidalar tizimi emas, balki obyektiv ilmiylikning davomi sifatida namoyon bo‘ladi.
Metod metodikani aniqlashtiradi. Metodika daliliy materiallarni yig‘ish va saralash vositasi, aniq faoliyat turidir. U metodologik tamoyillardan farq qilsa-da, ularga asoslanadi.
Yuqorida bayon etilgan fikrga qo‘shimcha sifatida zamonaviy sharoitda pedagogik jarayonda atamalarni to‘g‘ri qo‘llash maqsadida quyida ularning aniq ta’rifini keltirib o‘tamiz4:
Metod so‘zi yunoncha tadqiqot, maqsadga erishish yo‘li, usuli deganidir. Uning etimologiyasi (kelib chiqishi) ilmiy kategoriya sifatidagi talqinida ham aks etgan. Metod – umumiy ma’noda maqsadga erishish yo‘li, ma’lum tarzda tartibga solingan faoliyat.