Darsda o'quvchilar o'quv faoliyatini tashkil etish zamonaviy shakllarining turlari. Turli dars tuzilmalaridan yanada samaraliroq foydalanish yo'llarini izlashda darsda o'quvchilar o'quv faoliyatlarini tashkil etish shakllari alohida ahamiyatga ega bo'lmoqda. Pedagogik adabiyotlar va maktab amaliyotida asosan uchta shunday shakllari qabul qilingan — ommaviy, guruhli va individual. Ta'limning ommaviy shakli sinfdagi jami o'quvchilarning o'qituvchi rahbarligi ostida birgalikda harakatlarini ko'zda tutadi. Guruhli shaklida esa o'quvchilar 3—6 kishidan iborat guruhlar yoki juftliklarda ish olib boradilar. Guruhlar uchun topshiriqlar bir xil yoki turlicha bo'lishi mumkin. Individual shakli har bir o'quvchining alohida mustaqil ishlashini ko'zda tutadi.
O'qitish frontal shaklida, o'qituvchi bir vazifa ustida ishlayotgan butun sinf o'quv faoliyatini boshqarib boradi. U o'quvchilarning hamkorliklarini ta'minlaydi va hamma uchun bir bo'lgan ish sur'atini belgilaydi. Frontal ishlashning pedagogik samaraliligi ko'p jihatdan o'qituvchining butun sinfni nazorat qila bilishiga va shu bilan bir vaqtda har bir o'quvchining ishini ko'zdan qochirmasligiga bog'liq bo'ladi. Agarda o'qituvchi ijodiy jamoali ishlash muhitini yarata olsa, o'quvchilar diqqatini va faolliklarini ta'minlab tura olsa samarasi yana oshadi. Ammo frontal ishlash individual farqlarni hisobga olmaydi, u o'rta o'quvchiga mo'ljallangan. Shuning uchun ba'zi o'quvchilar berilgan ish sur'atidan ortda qoladilar, boshqalari esa zerikib, qiynalib ketadilar. O'qish guruhli shaklida o'qituvchi sinf o'quvchilari guruhlari o'quv-o'rganish faoliyatilarini boshqaradi. O'quvchilarni zvenoli, brigadali, birlashtirish-guruhli va differensiyalangan guruhlarga taqsimlash mumkin. O'qish zvenoli shakli o'quvchilar doimiy guruhi o'quv faoliyatini tashkil etishni ko'zda tutadi.
Birlashtirish-guruhli shaklida sinfni odatda katta umumiy topshiriqni har biri faqatgina bir qismini bajaradigan guruhlarga ajratishni ko'zda tutadi.
Differensatsiyalashgan-guruhli ta'lim shakli doimiy guruhlar bilan ham, bir xildagi o'quv imkoniyatlariga ega va o'quv ko'nikmalari bir xil darajada shakllangan o'quvchilarni birlashtirishini ko'zda tutadi. Guruhli shakllariga o'quvchilarning juft bo'lib ishlashlarini ham kiritiladi. O'quv guruhlari faoliyatlarini o'qituvchi o'zi bevosita hamda o'z yordamchilari — o'quvchilar fikriga qarab tayinlangan zvenolar va brigadalar orqali boshqaradi.
Individual ta'lim o'quvchilarning boshqa o'quvchilar bilan bevosita aloqalarini ko'zda tutmaydi. O'z mohiyatiga ko'ra sinf jamoasi yoki muayyan guruhlar bilan ishlashdan tubdan farq qilmasada, biroq o'quvchi o'zining shaxsiy imkoniyatlariga muvofiq o'qituvchi tomonidan berilgan topshiriqni mustaqil bajaradi. Bu maqsad yo'lida maxsus tayyorlangan kartochkalardan foydalanish mumkin.
Darsda o'qituvchining e'tibori bir necha o'quvchiga qaratilsa, bu vaqtda qolgan o'quvchilar mustaqil ishlasalar ta'limning bunday shakli individual-guruhli shakl deb ataladi.
Zamonaviy ta'lim amaliyotida ko'proq ikki tashkiliy shakl:: ommaviy va individual shakllardan foydalaniladi. Ayni vaqtda guruhli va juftli o'qish shaklidan amaliyotda ancha keng foydalaniladi.
Ta'limning ommaviy shakli ham, guruhli shakli ham jamoaviy hisoblanmasada, lekin ayrim pedagoglar ularni ommaviy ta'lim deb ko'rsatishga harakat qiladilar.
Jamoaviy ishlash faqatgina differensatsiyalashgan guruhli ishlar asosidagina tashkil etiladi. O'quv ishlarini tashkil etishning jamoaviy shakli o'qituvchi va o'quvchilarning dinamik yoki o'zgaruvchan tartibli juftliklarida kechayotgan munosabatlaridir.
Ta'lim maqsadlari va foydalanshning qulayligi nuqtayi nazaridan ta'lim shakllari quyidagicha darajalanadi:asosiy, qo'shimcha va yordamchi ta'lim. Dars — ta'limni tashkil elish asosiy shakli. Dars ta'lim jarayonining yaxlitligi nuqtayi nazaridan ta'limning asosiy tashkiliy usuli hisoblanadi. Unda sinf-dars tiziinining xususiyatlari aks etadi, unda o'quvchilarni ommaviy qamrab olish, tashkiliy tartib va o'quv ishlarining muntazamligi ta'minlanadi. Dars iqtisodiy jihatdan foydalidir. O'quvchilar hamda sinf jamoasining individual xususiyatlarini bilishi o'qituvchi uchun har bir o'quvchi faoliyatiga rag'batlantiruvchi ta'sir ko'rsatishga imkon beradi. Dars doirasida ommaviy, guruhli va individual ta'lim shakllarini birlashtirish imkoniyati uning rad etib bo'lmaydigan ustunligi hisoblanadi.
Dars bevosita o'qituvchi rahbarligida aniq belgilangan vaqt davomida muayyan o'quvchilar guruhi bilan olib boriladigan ta'lim jarayonining asosiy shakli sanaladi. Darsda har bir o'quvchi xususiyatlarini hisobga olish, barcha o'quvchilarning mashg'ulot jarayonida o'rganilayotgan fan asoslarini egallab olishlari, ularning idrok etish qobiliyatlari va ma'naviy-axloqiy sifatlarini tarbiyalash hamda rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratiladi.
Dars ta'limning boshqa shakllaridan farq qiluvchi o'ziga xos belgilarga ega, chunonchi: o'quvchilarning doimiy guruhi, o'quvchilar faoliyatiga ularning har biri xususiyatlarini hisobga olish bilan rahbarlik qilish, o'rganilayotgan fan asoslarini bevosita darsda egallab olish (bu belgilari darsning faqat mazmunini emas, balki o'z xususiyatini ham aks ettiradi).
Darsning tuzilishi oddiy va ancha murakkab bo'lishi mumkin. Bu o'quv materialining mazmuni, darsning didaktik maqsadi, o'quvchilar va jamoa sifatida sinfning xususiyatlariga bog'liq.
Zamonaviy didaktikada darsning quyidagi turlari ajratib ko'rsatilgan:
aralash darslar;
yangi ma'lumotlar, aniq hodisalar bilan tanishish bo'yicha yoki umumlashtirishlarni anglab yetish va o'zlashtirish maqsadiga ega darslar;
bilimlarini mustahkamlash va takrorlash darslari;
o'rganilganlarni umumlashtirish va tizimlashtirish asosiy maqsadiga ega darslar;
malaka va ko'nikmalarni ishlab chiqish va mustahkamlash darslari;
bilimlarni tekshirish va tekshirish ishlarini o'rganish darsi;
o'z tuzilishi bo'yicha oddiy bo'lgan, ya'ni bitta asosiy didaktik maqsadga ega bo'lgan dars turlari (o'rta va katta sinflarda qo'llash uchun mos keladi).
Boshlang'ich sinflarda o'quvchilar yoshlarini hisobga olib o'quv ishlari turli xillaridan foydalanishga, yangi bilimlarni berishni avval ilgari o'rganilganni mustahkamlash, takrorlash bilan birga olib borishga to'g'ri keladi. Hatto tekshirish darslari ham bu yerda ko'pincha ishlar boshqa turlarini o'z ichiga oladi: materialni og'zaki yetkazish, qiziqarli hikoyani o'qish. Darsning aynan mana shu turi aralash (kombinatsiyalashgan), yoki murakkab tuzilishli deb ataladi. Kombinatsiyalashgan darsning taxminiy tuzilishi: uv vazifalarini tekshirish va o'quvchilar bilan savol-javob. yangi materialni o'rganish. o'zlashtirishini dastlabki tekshirish. mashq misollari davomida vangi bilimlarini mustahkamlash. ilgari o'rganilganlarni suhbat ko'rinishida takrorlash. o'quvchilar bilimlarini tekshirish va baholash uvga vazifa berish. O'quvchilarning yangi materiallar bilan tanishish darsi yoki yangi bilimlarni berish (o'rganish) darsi nisbatan keng doiradagi savollarni o'z ichiga olgan va uni o'rganishga ko'p vaqtini talab qiluvchi, o'quvchilarga tanish bo'lmagan yangi material uning mazmuni bo'lgan ta'lim jarayoni. Bunday darslarda uning mazmuni, aniq maqsadi va o'quvchilarning mustaqil ish bajarishga tayyorgarliklariga qarab, ba'zi hollarda yangi materialni o'zi bayon etadi. Boshqa hollarda esa — o'qituvchi rahbarligi ostida o'quvchilarning mustaqil ishlari olib boriladi, uchinchi holda — unisi ham bunisidan ham foydalaniladi. Yangi material bilan tanishish darsining tuzilishi: yangi materialni o'rganish uchun asos bo'lgan avvalgi materialni takrorlash. O'qituvchining yangi materialni va darslik bilan ishlashni tushuntirishi, bilimlarni tushunishlarini tekshirish va dastlabki mustahkamlash, uyga vazifa berish.
Bilimlarni mustahkamlash darslarida o'quv ishining asosiy mazmuni ilgari o'zlashtirilgan bilimlarni mustahkam o'zlashtirish maqsadida ularni ikkinchi bor tushunib olish hisoblanadi.
O'quvchilar o'z bilimlarini yangi manbalar bo'yicha anglab oladilar va chuqurlashtiradilar yoki ularga ma'lum bo'lgan qoida asosida yangi masalalar yechadilar, ilgari olgan bilimlarini og'zaki va yozma takrorlaydilar yoki ilgari o'rganganlarini yanada chuqurroq va mustahkam o'zlashtirish maqsadida ulardan alohida masalalar bo'yicha axborot beradilar. Tuzilishi bo'yicha bunday darslar quyidagi bosqichlardan o'tishni ko'zda tutadi: uy vazifasini tekshirish, og'zaki va yozma mashqlarni bajarish, topshiriqni bajarishni tekshirish, uyga vazifa berish.
Ko'nikma va malakalarni ishlab chiqish va mustahkamlash darslari bilimlarni mustahkamlash darslari bilan bog'liqdir. Bu jarayon bir necha maxsus darslar jarayonida amalga oshiriladi. Boshqa darslarda yangi mavzularni o'rganishda davom ettiriladi. Shu bilan birga avvaliga mashqni bajarish ishlari bolalar tomonidan o'qituvchi yordamida va ular topshiriqni qanday tushunganlarini dastlab jiddiy tekshirish bilan bajarilsa, keyinchalik esa qayerda qanday qoida qo'llanilishini o'quvchilarning o'zlari belgilaydilar. Ular turli vaziyatlarda malaka va ko'nikmalarini qo'llash, shu jumladan, hayotiy amaliyotida qo'llashni o'zlashtirib olishlari kerak.
Umumlashtiruvchi darslar (bilimlarini umumlashtirish va tizimlashtirishlar) ilgari o'tilgan materialdan eng muhim savollari qayta takrorlanadigan va tizimlashtiriladigan, o'quvchilar bilimlarida mavjud kamchiliklari to'ldiriladigan va o'rganilayotgan kursning muhim g'oyalari ochib beriladigan darslar hisoblanadi. Umumlashtiruvchi darslar mavzu, bo’lim va o'quv kurslarining yakunida o'tkaziladi. Kirish va yakunlash darsning tarkibiy elementi hisoblanadi. Takrorlash va umumlashtirishning o'zi hikoya, qisqacha xabarlar, darslikni o'qib berish yoki o'qituvchining o'quvchilar bilan suhbatlashishi shaklida o'tkazilishi mumkin.
Tekshirish (nazorat) darslari o'qituvchiga o'quvchilarning ma'lum sohadagi bilim, malaka va ko'nikmalari shakllanganlik darajasi, o'quv materialini egallashdagi kamchiliklarni aniqlash, shuningdek, navbatdagi topshiriqlarning bajarish yo’llarini belgilab olishga yordam beradi. Tekshirish darslari o'quvchidan ushbu mavzu bo'yicha uning hamma bilim, ko'nikma va malakalarini qo'llashini talab etadi. Tekshirish og'zaki hamda yozma shaklda ham amalga oshirilishi mumkin.
Yuqorida ifodalangan hamma darslarning majburiy elementi tashkiliy va yakuniy bosqich hisoblanadi. Tashkiliy bosqich maqsadlarni qo'yish va ularni o'quvchilar tomonidan qabul qilish sharoitlarini ta'minlash, ish sharoitini yaratish, o'quv faoliyati motivlarini dolzarblashtirish va materialni idrok etish, anglash, eslab qolish yuzasidan beriladigan ko'rsatmalarni shakllantirishni ko'zda tutadi. Darsga yakun yasash bosqichida maqsadlarga erishish qayd etiladi, ularga erishishda barcha yoki yakka o'quvchilarning alohida ishtiroki belgilanadi, ishlari baholanadi va istiqbollari belgilanadi.
Ta'limning tashkiliy shakli sifatida dars dinamik hodisadir. U pedagogik jarayonning yaxlitligini ta'minlaydi va ta'limiy-tarbiyaviy-rivojlantirish vazifalarini ijobiy yechimini topishga imkon beradi.
Dars rivojlanishining asosiy tendensiyalari darsga bo'lgan talablarda o'zining aniq ifodasini topadi. Zamonaviy darslar quyidagi talablarga javob bera olishi lozim:
fanning ilg'or yutuqlari, pedagogik texnologiyalardan foydalanish,
darsni o'quv-tarbiyaviy jarayon qonuniyatlari asosida tashkil etish;
darsda barcha didaktik tamoyil va qoidalarning optimal
nisbatlarini ta'minlash;
o'quvchilarning qiziqishlari, layoqati va talablarini hisobga olish asosida ular tomonidan bilimlarning puxta o'zlashtirilishi uchun zarur sharoitlami yaratish;
o'quvchilar anglab yetadigan fanlararo bog'liqliklarni o'rnatish;
ilgari o'rganilgan bilim va malakalari, shuningdek, o'quvchilarning rivojlanish darajasiga tayanish;
shaxsning har tomonlama rivojlantirishni motivatsiyalash va faollashtirish;
o'quv-tarbiyaviy faoliyat barcha bosqichlarining mantiqiyligi va emotsionalligi;
pedagogik vositalardan samarali foydalanish;
zarur bilim, ko'nikma va malakalar, fikrlash va faoliyat ratsional usullarini shakllantirish;
mavjud bilimlarni doimo boyitib borish ehtiyojini yuzaga keltirish;
har bir darsni puxta loyihalashtirish, rejalashtirish, tashxis va taxmin qilish.