O`qituvchilarni stimullashtirish: O`quvchilarni stimullashtirish uchun qanchalik ko`p imkoniyatlaringiz borligini ko`rsatib turuvchi ko`rgazmali sxema tayyorlang. (2.2.-chizma.)
2.2.-chizma. “O`yinchoqlar dunyoni boshqaradi!” qoidasiga ko`ra stimullashtirish modeli.
3. Tarbiyasi qiyin va bo`sh o`zlashtiruvchi o`quvchilar o`quv-biluv faoliyati darajalarini tashxislash Tashxis va tashxislashning o`zaro farqini ajratmoqchi bo`lsak, diagnostika bu umumiy yonlashuv bo`lsa, tashhislash bu pedagogik faoliyatning amaliy jarayoni ekanligini anglashimiz lozim bo`ladi. Demak, diagnostika – bu didaktik jarayonlar kechishining barcha shart-sharoitlarini oydinlashtirish va uning natijalarini xatosiz aniqlash demakdir. Tashxislovchi tahlillarsiz didaktik jarayonlar kechishining yuqori samaradorligiga erishib bo`lmaydi.
Tashxislash ikki yo`nalishda olib boriladi: 1) o`zlashtirganlik, ya’ni oqibatlar va erishilgan natijalarni tashhislash; 2) bilish imkoniyatlarini tashhislash. O`zlashtirganlik, shuningdek, tashhislash jarayonida belgilangan maqsadni amalga oshirish darajasi sifatida ham qaraladi. Didaktik tashxislashning maqsadi o`quv jarayonini, uning samaradorligi bilan bog`liq holda, tahlil qilish, baholash va o`z vaqtida aniqlashdir.
Ko`rib turibmizki, o`quvchilar bilim va ko`nikmalarini an’anaviy baholashdan ko`ra diagnostika qilishning mohiyati kengroq. Bilim-malakalarni tekshirish shunchaki natijalarni ko`rsatadi, xolos, ularning kelib chiqish sabablarini ko`rsatmaydi. Tashxislash natijalarni unga erishish yo`llari va vositalari bilan bog`liq holda ko`rib chiqadi, ta’lim mahsuli shakllanishining kechishi va dinamikasini aniqlaydi. Tashxislash o`zida nazorat, tekshirish, baholash, jarayonning kechishi va dinamikasini aniqlash hamda keyingi voqealar rivojini prognoz qilish kabilarni mujassamlashtiradi. Tashxislashda o`quvchilar bilimini nazorat qilish, baholash ushbu jarayonning muhim tarkibiy qism sifatida amalga oshiriladi. Bu pedagogik texnologiyalarning juda qadimiy komponentlari sanaladi. Nazorat va baholash insoniyat taraqqiyotining dastlabki bosqichida paydo bo`lganligi sababli maktablarning yo`ldoshi sifatida uning butun rivojlanish jarayonida hamrohlik qilib kelmoqda. Shunga qaramay hozirgacha bilimlarni baholashning mohiyati va uning texnologiyasi haqida qizg`in bahslar davom etmoqda. Yuz oldin bo`lgani singari hazir ham olimlar baho nimani ko`rsatishi kerak: ta’lim sifatining indikatori bo`lishi kerakmi yoki, aksincha, muayyan ta’lim tizimi kamchiliklari yoki yutuqlarini belgilab beradigan ko`rsatgich bo`lishi kerakmi, degan savollar ustida tortishuvlar olib boryaptilar. Hatto Ya.A.Komenskiy o`zi yashagan davrda maktab bahosining ziddiyatli xususiyatlarini ta’kidlab, o`z hamkasblariga ularga berilgan baholash huquqidan oqilona va taroziga solib ko`rib foydalanishlarini maslahat beradi. Bilimlarni nazorat qilishdagi xolislikni pedagoglarni o`z o`quvchilariga nisbatan insonparvar munosabati bilan bog`langan holda amalga oshirish talab barcha didaktik tizimlarga singdirilgan.
K.D.Ushinskiy ham o`zi yashagan davridagi nazorat shakllarni qattiq tanqid qiladi. Ularga ta’rif berar ekan, eng avvalo bu nazorat turlarining o`quvchilar aqliy faoliyatiga bosim o`tkazuvchilik va uni tormozlab qo`yish xususiyatini qoralaydi. Odatda, o`qituvchi bir yoki bir nechta o`quvchidan so`raydi, qolganlari esa bu vaqtda bo`sh qolishadi. Ular vaqtlarini behudaga ketkazib, hayajon bilan o`z navbatlarini kutib turish jarayonida kuchlarini yo`qotishadi. Tabiiyki, bunday sharoitda o`quvchi qiziquvchanlik va tashabbuskorlikni namoyon etish imkoniga ega bo`lmaydi.
Yangi demokratik maktabda soxta nazorat bo`lmasligi kerak. Didaktik nazorat o`ziga xos ta’lim metodi sifatida yorqin ifodalangan ta’limiy va rivojlantiruvchi yo`nalishga ega bo`lishi, o`z-o`zini nazorat qilish bilan birlashtirilishi va eng avvvalo o`quvchining o`zi uchun zarur va foydali bo`lishi kerak.
Maktab nazoratiga yangicha yondashuv borasida o`tmishda amalga oshirilgan barcha urinishlar samarasiz bo`lib qoldi. Chunki ular faqat bir masala – maktablarda baho va nazoratni qoldirish yoki nazoratdan voz kechish muammosi yuzasidan olib borilgan edi. 1918 yilning may oyida Xalq Komssariyati tomonidan “Bahoni bekor qilish to`g`risida”gi qaror qabul qilinib, baho bilan birgalikda imtihonlar ham bekor qlingan, o`quvchilar o`zlashtirishini nazorat qilish va hisobga olishning ancha sodda ko`rinishlari joriy etilgan edi. Shu maqsadga hisobga olib borishda alohida daftarlar yuritilib, a’lochi va bilimi past o`quvchilarning ismi-familiyasi “qizil” va “qora” doskalarga yozib qo`yilar edi, shuningdek, “sotsialistik musobaqa” va shu kabilar joriy etilgan edi. Ammo baholarsiz (deyarli nazoratsiz) ta’lim hech qanday natija bermadi va bera olmas ham edi. Ma’lum bo`ldiki, “bilimlarni o`zlashtirishning quvonchlik istiqboli”, shuningdek, “tabiatan insonga berilgan biliga intilish xususiyati” ham o`quvchining o`quv-biluv faoliyatida asosiy stimul vazifasini bajara olmaydi.
Maktab hayotini demokratlashtirish bilim va ko`nikmalarni nazorat qilish va baholashdan emas, balki baho yordamida o`quvchini o`qishga rag`batlantirishning mashaqqatli shaklidan voz kechishni talab qiladi. O`quvchi o`quv-biluv faoliyatini stimullashtirishning yangi usullarini qidirish, ta’lim va tarbiya jarayonida kuchayib borayotgan shaxsiy manfaatdorlik printsipi boshqacha yondashuvlarni talab etadi. Tashhislash tizimida baho o`quv-biluv faoliyatini stimullashtirish vositasi sifatida yangicha mazmun kasb etadi. Eng avvalo, tashhislash natijalari, unda baho tahlili (ballar) mavjudligi sababli shaxsning o`z imkoniyatlarini anglashiga yordam beradi. Bu esa o`zaro raqobatchilik jamiyati sharoitida muhim rag`batlantiruvchi omil bo`lib hisoblanadi. Ta’limning ixtiyoriylik printsipi bilan muvofiqlashtirilgan holda baho, o`tmishda o`quvchilar yoqtirmaydigan, ularni majburlaydigan narsa bo`lgan bo`lsa, endilikda o`quvchi shaxsiy reytingini belgilaydigan, taraqqiy etgan jamiyatda insonning ahamiyati, qadr-qimmatini belgilaydigan vositaga aylanadi.
O`quvchilar o`zlashtirishini tashxislash va nazorat qilishning muhim printsiplari - ob’ektivlik, tizimlilik va ochiqlik bo`lib hisoblanadi.