Nazorat savollari: Taraqqiyot va uning mohiyati haqida gapirib bering.
Bolaning psixik taraqqiyotini vujudga keltiruvchi qara- ma-qarshiliklar nimalardan iborat?
Psixik taraqqiyot qonuniyatlari nimalardan iborat?
Bolaning psixik jihatdan taraqqiy etishida biologik va ijtimoiy muhitning ta’siri nimada ko‘rinadi?
Ta’lim-tarbiya bilan psixik taraqqiyot o‘rtasidagi muno- sabat masalasi qanday?
4-mavzu:Psixologiya fanining metodlari Reja: 1.Kuzatish va eksperiment metodi - bola psixik rivojlanishini o’rganishning asosiy metodi sifatida.
2.Empirik metodlar - suhbat, test, biografiya metodlari - bola taraqqiyotini ilmiy-psixologik jihatdan o’rganishning yordamchi metodlari mazmuni, mohiyati, qo’llash usullari.
Tayanch tushunchalar: Empirik metodlar, Kuzatish va eksperiment metodi, tashkiliy metod
Aniq izlanish predmetiga ega bo‘lgan har qanday fan o‘sha predmetning mohiyatini yoritish va ma’lumotlar to‘plash uchun maxsus usullar va vositalardan foydalanadi. Ular fanning metodlari deb ataladi. Fanning obro‘si ham birinchi navbatda shu metodlar yordamida to‘plangan ma’lumotlarning ishonchliligiga bog‘liqdir. Psixologiyaning har bir tarmog‘i o‘z vazifalarini yechish, ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun ko‘plab metodlarni sinovdan o‘tkazib, eng ishonchli va mukammallarini saqlab qol- gan.
B.G. Ananev psixikani o‘rganish metodlarini to‘rt guruhga ajratadi:
tashkiliy metod;
empirik (amaliy);
natijalarni qayta ishlash;
genetik va donalash metodlari.
Birinchi tashkiliy guruh o‘z ichiga qiyoslash, longityud (uzluksiz), kompleks (ko‘p qirrali) deb atalgan turlarini oladi. Qiyoslash turi umumiy psixologiyada, sotsial psixologiyada, tibbiyot, sport, yuridik psixologiyada keng qo‘llaniladi. Longi- tyud metodi bir holatni uzoq vaqt kuzatish, birdaniga bir necha sinaluvchini tekshirish, qiyoslash maqsadida qo‘llaniladi. Nemis olimi V. Shtern, fransuz olimi R. Zazzo, rus olimlari N.A. Menchinskaya, A.N. Gvozdev, N.S. Leytis, V.S. Muxina va boshqalar bu usuldan keng foydalandilar. Bu usulda kuza- tish «Ona kundaligi» singari nomda ham atalishi mumkin.
Psixologik tadqiqotlar ilmiyligini oshirishda bir necha fan- lar hamkorligiga suyanib kompleks metodlar qo‘llaniladi. Hozir muhandislik psixologiyasi, psixofiziologiya, kosmik psixologiya, tibbiyot psixologiyasidagi ko‘pgina kashfiyotlar shu usullar bilan ochilmoqda.
Ikkinchi guruh — empirik metodlarga kuzatish, eksperiment, test, so‘rov, sotsiometriya, faoliyat jarayoni va uning mahsulini tadqiq qilish, tarjimayi hol kabilar kiradi va ular sinash, tek- shirish, diagnostika va prognozlash vazifalarini bajaradi.
Uchinchi guruh metodlari natijalarni qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, ular statistik (miqdoriy) va psixologik (sifat) tahlili turlariga bo‘linadi. To‘plangan ma’lumotlarni qayta ishlab chiqishda matematik formulalardan foydalaniladi.
Tadqiqot metodlarining to‘rtinchi guruhi — genetik va donalash metodlaridan iboratdir. Genetik metodga asoslanib psixik o‘zgarishlar bilan rivojlanish bosqichlarining bevosita bog‘liqligi ildizi aniqlanadi. Uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun yig‘ilgan materiallar maxsus bosqichlarga ajratib sharhlanadi.
Quyida psixologiyada eng ko‘p qo‘llaniladigan tadqiqot metodlarining empirik metodlar guruhini tahliliy ko‘rib chiqamiz:
Kuzatish metodi. Psixologiyada keng qo‘llaniladigan bu metodning mohiyati shundaki, tadqiqotchi mutaxassis boshqa odamning xatti-harakatlarini, xulq-atvorini, psixikasining tashqi ko‘rinishlarini kuzatadi va xulosa chiqaradi. Ilmiy ku- zatishlar jarayonida tadqiqotchi kuzatadigan obyektlarni ni- hoyatda diqqat bilan aniq o‘rganishi, pala-partishliklarga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Psixik holatning tashqi alomatlariga ishongan holda ish ko‘rish har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. Odamning xatti-harakatlarini to‘g‘ri talqin qilish ayniqsa muhimdir. Ba’zida o‘quvchi juda diqqat bilan tinglayotgandek ko‘rinsa ham, tamomila boshqa narsa haqida o‘ylab o‘tirgan bo‘ladi. Binobarin, bolalar holatini bilmoqchi bo‘lsangiz, yolg‘iz ko‘z yugurtirib turishning o‘zi kifoya qilmaydi, bal- ki ularning qanchalik qunt bilan ishlayotganliklarini aniqlash maqsadida boshqa usullardan (mas. savollar tashlash) ham foydalanish mumkin. Uy va turli turmush sharoitlarida bolani kuzatish uning o‘qishga, o‘z-o‘ziga, o‘rtoqlariga, katta kishilarga munosabatini o‘rganishga va shaxsiy fazilatlari haqida xulosa chiqarishga imkon beradi. Bunda kuzatish metodining subyektiv (o‘z-o‘zini kuzatish), obyektiv (tashqaridan kuzatish) usul- laridan keng foydalaniladi. Subyektiv kuzatish, ya’ni o‘z-o‘zini kuzatish metodidan keng foydalanib kelingan bo‘lishiga qaramay, bu metodni ilmiy metod deb bo‘lmaydi. O‘z-o‘zini ku- zatish metodining bir qator salbiy tomonlari bor. Birinchidan, o‘z-o‘zini kuzatish metodidan foydalanilganda har bir odam o‘z manfaati yuzasidan subyektiv xulosa chiqaradi. Ikkinchidan, subyektiv kuzatish metodidan foydalanilganda odam o‘z shaxsiga xos bo‘lgan ayrim salbiy (ya’ni irodasizlik, nomustaqillik, qo‘rqoqlik, qobiliyatsizl ik kabi) xususiyatlarni boshqa odamlarda ham xuddi shunday bo‘ladi, deb o‘ylashi mumkin. Buning natijasida odam o‘z subyektiv kuzatishlaridan noto‘g‘ri xulosa chiqaradi. Bu metoddan ayrim hollarda ehtiyotkorlik bilan tanqidiy tarzda foydalanish mumkin. Bolalar psixologi- yasida subyektiv, ya’ni o‘z-o‘zini kuzatishdan foydalanilmaydi.
Psixologiya fanida obyektiv kuzatish, ya’ni tashqi kuzatish metodidan ham keng foydalaniladi. Obyektiv kuzatish metodi har doim ma’lum maqsadga qaratilgan bo‘lib, uning yordamida kishilarning turli psixik jarayonlari (sezgilari, idroklari, xotira va tafakkurlari) hamda shaxsiy psixologik xususiyatlari (qobili- yatlari, layoqatlari, temperamenti, xarakteri) o‘rganiladi. Tashqi kuzatish hamma vaqt ma’lum bir maqsadga qaratilgan bo‘lib aniq bir reja bilan kuzatishni taqozo etadi. Reja bilan kuzatilganda u yoki bu psixik jarayon atroflicha chuqur o‘rganiladi. Lekin shunga qaramay tashqi, ya’ni obyektiv kuzatish metodining salbiy tomonlari ham bordir. Obyektiv kuzatish metodi bilan tekshirishning asos iy xususiyati shundan iboratki, bunda biron-bir psixik jarayon tabiiy sharoitda qanday yuz bersa, xud-di shundayligicha olib tekshiriladi. Bu ma’lum noqulayliklar tug‘diradi, chunki ayni shu psixik jarayonning biron tomonida chuqurroq tabiiy sharoit yuzaga kelishini poylashga to‘g‘ri keladi. Bu esa juda ko‘p vaqt talab qiladi. Obyektiv kuzatish metodi orqali to‘plangan ma’lumotlar maxsus kundaliklarda qayd qilib boriladi va yarim yoki bir yil o‘tgach, to‘plangan ma’lumotlar atroflicha analiz qilinib, ma’lum xulosalarga kelinadi.
Bolalar psixologiyasida obyektiv kuzatish metodi har doim ma’lum maqsadga qaratilgan bo‘ladi. Bunda tarbiyachi va tek- shiruvchi psixolog bolalarning xulq-atvorlari va xatti-harakatlarini ularning turli-tuman faoliyatlarida, tabiiy sharoitda, mavzuli tarzda kuzatadi. Obyektiv kuzatish metodi quyidagi qoidalarga asoslanib tashkil qilinishi kerak:
Kuzatishning aniq maqsadi va rejasi bo‘lishi kerak. Masalan: bolalar diqqatining barqarorligini yoki tafakkur bilan bog‘liq bo‘lgan analiz qila olish qobiliyatini kuzatish.
Bola shaxsining yaxlitligi prinsipiga asoslanib, ya’ni analitik-sintetik nuqtayi nazardan kuzatish.
Bolani jamoada va jamoa a’zosi sifatida o‘rganish.
Kuzatish tabiiy sharoitda olib borilar ekan, bolalar o‘zlarining kuzatilayotganini mutlaqo bilmasliklari kerak.
Kuzatishlardan yaxshi natijalar olish uchun, ularni turli sharoitlarda, shaxs xislatlarining turli xil namoyon bo‘lishini nazarda tutib, izchil tarzda, kun sayin o‘rganish kerak.
Kuzatish metodidan foydalanilganda bolalarning turli o‘yin faoliyatlari, didaktik mashg‘ulotlar, mehnat faoliyatlarida xilma-xil psixik jarayonlarning va individual xususiyatlarining namoyon bo‘lishini o‘rganish mumkin.
Kuzatish metodi uzluksiz yoki faoliyatni tanlab vaqti-vaqti bilan o‘tkazilishi mumkin. Bolalarni uzluksiz kuzatish metodi bilan o‘rganilganda ularning barcha fe’l-atvorlari va xatti-harakatlari kundalik faoliyatlari davomida kompleks holda o‘rganiladi. Uzluksiz kuzatish bir necha kun yoki bir necha oy davom etgandan so‘ng to‘plangan ma’lumotlar tahlil qilinib, bolaga psixologik tavsifnoma tuziladi. Vaqti-vaqti bilan tanlab kuzatilganda bolaning barcha psixikasi emas, balki faqat alohida, diqqati yoki xolirasi bilan bog‘liq bo‘lgan tomonlari o‘rganiladi.
Eksperiment metodi psixologiyada keng qo‘llaniladi. Bunda sinaluvchi shaxsda o‘rganish lozim bo‘lgan psixik jarayon oldindan maqsad qilib olinadi. Masalan, matnni tushunish va o‘zlashtirish uchun uni qanday tezlikda o‘qish samarali bo‘lishi aniqlangan. Eksperiment metodida bizni qiziqtiruvchi jarayon qachon paydo bo‘lishi kutib o‘tirilmaydi. Bundan tashqari eksperimentda psixik jarayonning sodir bo‘lish sharoitlarini o‘zgartirib turish va shu yo‘l bilan mazkur jarayon haqida ko‘proq kerakli ma’lumotlar to‘plash mumkin. Maxsus apparatlardan foydalangan holda o‘tkaziladigan eksperiment laboratoriya eksperimenti deb ataladi. Laboratoriya eksperimentida sinaluvchi shaxs bilan g‘ayritabiiy sharoitda ish ko‘riladi. Bu hol eksperimentning nuqsoni hisoblanadi. Odat- da, turmush sharoitida natija birmuncha boshqacharoq chi-qishi mumkin. Tabiiy eksperimentda bunday nuqsonlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Mashg‘ulot paytida bola o‘zini erkin his etadi, uni tekshirishayotganini (yashirin kamera, magnitofon orqali) sezmaydi. Pedagogik-psixologik eksperiment (shakllantiruvchi — tarkib toptiruvchi eksperiment deb ham yuritiladi) ham ta’lim- tarbiya sharoitida o‘tkaziladi. Unda faqat o‘rganibgina qolmay, aktiv ta’sir ko‘rsatiladi. Maxsus usulda o‘qitiladi, tarbiyalanadi. Uzoq vaqt davomida o‘tkazilgan pedagogik-psixologik eksperiment natijasida ta’limning eng ma’qul usullari ishlab chiqilgan.
Bolalar psixologiyasida eksperimentning har ikkala turidan keng foydalaniladi. Biroq bu metodlardan bolalar psixologiyasida foydalanishning o‘ziga xos tomoni shundaki, bog‘cha yoshidagi bolalar laboratoriya sharoitida o‘tkaziladigan eksperi- mentlar bilan tabiiy sharoitda o‘tkaziladigan eksperimentlarning farqiga bormaydilar.
Har ikkala holda ham, tajribalar vazifa tarzida emas, balki o‘yin tarzida o‘tkazilsa yaxshi natija beradi. Eksperiment metodidan guruhlarda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar paytida keng foydalanish mumkin. Masalan: turli yoshdagi bolalar bilan o‘tkaziladigan didaktik mashg‘ulotlarda tabiiy eksperiment metodini qo‘llash mumkin. Bunda bolalarga har xil hayvonlar, parrandalar, mevalar, sabzavotlar tasvirlangan rasmli kartochkalarni aralash holda berib, ularni guruhlarga ajratish topshiriladi. Bolalar bu narsalarni qanday belgilariga qarab guruhlarga ajratishlarida ularning umumlashtirish xususiyatlarini o‘rganish mumkin. Odatda, guruh sharoitida o‘tkaziladigan bunday eksperimentni tabiiy eksperiment deb yuritiladi.
Bolalar psixologiyasida tarkib toptiruvchi eksperiment metodidan ham foydalaniladi.
Bunda bolalarning u yoki bu xususiyati (psixologik xususiyati) tarkib toptiriladi va mustahkamlanadi. Masalan: bog‘cha yoshidagi bolalar ayni bir vaqtning o‘zida butunni va uning tarkibiy qismlarini to‘la idrok qila olmaydilar. Ular o‘z diqqatlarini yoki bir butun narsaning o‘ziga yoki uning bo‘laklariga qarata olmay- dilar. Tarkib toptiruvchi eksperiment orqali bolalarga bir butun narsani uning qismlari bilan bir paytda idrok qilish o‘rgatiladi. Buning uchun bolalarga bir butun narsaning obrazini yarata olish mashq qildiriladi (turli geometrik figuralar — doira, kvadrat, kublardan foydalaniladi).
Pedagogik eksperiment orqali biron ta’lim-tarbiya metodining effektivligi aniqlanadi. Tarkib toptiruvchi eksperiment metodini pedagogik eksperiment metodidan farqlash kerak. Tarkib toptiruvchi eksperiment orqali turli yoshdagi bolalarni u yoki bu narsalarni to‘g‘ri idrok qila olishga o‘rgatilsa, pedagogik eksperiment orqali biron ta’lim-tarbiya metodining afzalligi aniqlanadi. Masalan, biron tadqiqotchi bolalarga ta’limiy mashg‘ulotlarda zamonaviy pedagogik texnologiya metodlarini qo‘llashni tavliya qilsa, uni pedagogik eksperiment metodi orqali sinab ko‘radi. Buning uchun oldindan maktabgacha ta’lim muassasasi ma’muriyati bilan kelishib, bitta eksperimental va bitta sinov guruhi belgilab olinadi. Shundan so‘ng tadqiqotchi eksperimental guruhda pedagogik texnologiya metodi bilan elementar matematik tasavvurlarni o‘stirish mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Kontrol guruhda esa bu mashg‘ulotlar odatdagi an’anaviy metod bilan davom ettiriladi. Bir-ikki oydan so‘ng har ikkala guruhdagi bolalarning o‘zlashtirishi taqqoslab ko‘riladi. Agarda eksperimen- tal guruh bolalarining yangicha metod bilan o‘zlashtirishlari sinov guruhidagi bolalarning o‘zlashtirishlaridan anchagina samarali bo‘lib chiqsa, bu metod boshqa hamma maktabgacha ta’lim muassasalariga ham tarqatiladi. Agar natija kontrol guruhdagi bolalarning o‘zlashtirishidan yomon, ya’ni past bo‘lib chiqsa, yangicha metod bilan mashg‘ulot o‘tish darhol to‘xtatiladi.
Kuzatish va eksperiment metodlari bolalar psixologiyasining asosiy metodlari hisoblanadi, lekin bulardan tashqari bir qator yordamchi metodlar ham mavjud.
So‘rov metodi ham psixologiyaning barcha tarmoqlarida bir- lamchi ma’lumotlar to‘plashning an’anaviy usullaridan hisob- lanadi. Unda tekshiriluvchi tomonidan qo‘yilgan qator savollarga javob qaytarish kerak bo‘ladi. So‘roq metodining og‘zaki, yozma (anketa), erkin (suhbat), usullari mavjud. Og‘zaki so‘roq yoki oddiygina qilib suhbat metodini o‘tkazadigan shaxs unga ma’lum darajada tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Agar professional mahorati yoki tajribasi yetarli bo‘lmasa so‘rov natija bermasligi mumkin. Yozma so‘roq yoki anketaning afzalligi shundaki, uning yordamida bir vaqtning o‘zida ko‘pgina odamlar fikrini o‘rganish mumkin bo‘ladi. Unga kiritilgan savollar, ulardan kutiladigan javoblar (yopiq anketa) yoki erkin o‘z fikrini bayon etish imkoniyatini beruvchi (ochiq anketa) so‘rovnomalar aniq va ravon tilda javob beruvchilar tushunish darajasiga mo- nand tuzilgan bo‘lsa, shubhasiz, qimmatli birlamchi materiallar to‘planadi. So‘roqning ham erkin va standartlashtirilgan shakllari mavjud bo‘lib, birinchisida oldindan nimalar so‘ralishi qat’iy belgilab olinmaydi, ikkinchi shaklida esa, hat- toki, kompyuterda dasturi ishlab chiqilib, minglab odamlarda bir xil talablar doirasida so‘roq o‘tkazilishi nazarda tutiladi.
Bolalar psixologiyasida so‘rash-suhbat metodidan ancha cheklangan holda foydalaniladi. Bu metodni bog‘cha yoshidagi bolalarga nisbatan deyarli qo‘llab bo‘lmaydi, chunki bu yoshdagi bolalarda turmush tajribasi juda oz, tafakkurlari hali yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. Shu sababli kichik yoshdagi bolalar kattalarning bergan savollariga o‘ylamay-netmay javob qaytaraveradilar. So‘rash metodidan foydalanilganda odatda juda sodda ishlangan rasmlardan, predmetlardan foydalaniladi.
Bu metodni 5—6 yoshli bolalarga nisbatan qo‘llash mum- kin. Bunda bolalarga turli mavzularga doir savollar beriladi va ulardan og‘zaki suhbatning mavzusi va suhbat paytida bolalarga beriladigan savollar oldindan yaxshilab o‘ylab olinadi. Suhbat jarayonida javoblarni yozib olib, keyinchalik javoblarni tahlil qilish mumkin. Suhbat metodini o‘tkazishda quyi- dagilarga rioya qilish talab etiladi:
suhbatning mavzusi va mazmuni bolalarning taraqqiyot darajalariga va yosh xususiyatlariga mos bo‘lishi kerak;
savollar rejali va maqsad asosida tuzilishi kerak;
suhbat paytida «ha» yoki «yo‘q» demay, to‘liq javob olish kerak;
suhbatni haddan tashqari cho‘zib yubormaslik kerak;
suhbat orqali bolalarning bilishlari, narsa va hodisalar haqida tasavvurlari, qiziqishlari va odamlar bilan bo‘lgan mu- nosabatlarini o‘rganish mumkin.
Testlar hozirgi vaqtda keng qo‘llanilayotgan tekshiruv metodlaridan biridir. Test inglizcha so‘z bo‘lib sinash, tekshirish demakdir. Shaxsning aqliy o‘sishini, qobiliyatini irodaviy sifatlari va boshqa psixik xususiyatlarini tekshirishda qo‘llaniladi. Testlar, ayniqsa, odamning qanday kasbni egallashi mum- kinligini, kasbga yaroqliligi yoki yaroqsizligini, iste’dodli yoki iste’dodli emasligini, aqliy darajasini aniqlashda, kishilar- ni saralashda keng qo‘llaniladi. Hozirgi davrdagi mashhur psixologlardan biri E.I. Rogov o‘zining «Nastolьnaya kniga prakticheskogo psixologa» kitobida (Moskva VLADOS nashriyoti, 1999-yil. 1-tom) «Shaxs tipologik xususiyatlarini aniqlash», «O‘qituvchi o‘quvchi munosabatlari darajasini aniqlash», «Pedagogik tajovuzkorlikni (so‘zini o‘tkaza olishni) baholash» singari test namunalari berilgan.
Test-topshiriq o‘quvchi bilimini tekshirish va baholashda qo‘llanilib, o‘quv materialining asosiy qismini aniq va to‘liq bilishlarini aniqlashga qaratilgandir. Unda savol va 3—4 ta javob beriladi, shulardan javobning eng to‘g‘risini topish talab qilina- di. Javoblarga ballar berilishi yoki berilmasligi ham mumkin.
Proyektiv testlarda testning asl maqsadi tekshiriluvchiga sir bo‘ladi. Ya’ni shunday topshiriq beriladiki, tekshiriluvchi top- shiriqni bajarayotib nimani aniqlashi mumkinligini bilmaydi. Masalan, mashhur Rorshaxning «Siyoh dog‘lari» testi, tugallanmagan hikoyalar kabi testlarda bir narsaning proeksiyasidan go‘yoki ikkinchi bir narsaning mohiyati aniqlanadi. 1921-yilda kashf etilgan «Siyoh dog‘lari» va ularga qarab tekshiriluvchining nimalarni eslayotganligi, dog‘lar nimalarga o‘xshayotganligiga qarab, uning shaxs sifatidagi yo‘nalishlari, hayotiy tamoyillari, qadriyatlarga munosabati, ishni bajarish paytidagi emotsional holatlari aniqlanadi. Bu testlar juda noyob, qimmatli, lekin uni faqat professional psixologgina qo‘llashi va natijalarni mohirona tahlil qilishi talab qilinadi.